Olim Toshboyev. Davlat tili: tug‘ilish azobi

Ona tili haqida gap ketsa, xayolimga eng avval Abdulla Oripovning 60-yillar boshida yozgan “Ona tilimga” she’ri keladi. Unda:

“Ona tilim sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman”,

 – degan satrlar bor edi. Bu she’r ming-minglab muxlislar qalbida ona tiliga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otganiga sirayam shubha qilmaymiz. Yillar o‘tib, shoir bejiz bezovta bo‘lmaganini hayotning o‘zi tasdiqladi. Yaqin o‘tmishga xayolan sayr etib, har bir avlod eslashi va bilishi shart bo‘lgan voqealarni yodga olsak.

“Yoshlik” jurnalining 1986 yilgi 10-sonida Chingiz Aytmatovning “Literaturnaya gazeta”ning o‘sha yilgi 33-sonida berilgan suhbati tarjimasini o‘qish mumkin. “Yo hayot, yo mamot” deb sarlavha qo‘yilgan musohabada millat ma’naviyati, milliylik mavzusida bahs yuritilib, yozuvchi o‘sha davrdagi amalparast demagoglar mahmadonaligi sabab milliy til kamsitilayotganini tanqid qiladi. Ch.Aytmatovga ko‘ra, “Toki til mavjud ekan – xalqning umri boqiydir. Har bir til muayyan xalq uchun aziz hisoblanadi. Har birimiz bizni voyaga yetkazgan, bizga eng bebaho boyligini – tilini hadya etgan xalq oldida qarzdormiz: tilimizning sofligi uchun, boyishi uchun jon kuydirsak, farzandlik burchini ado etgan bo‘lamiz”.

Mustabid tuzum davrida milliy til muammosini bu tarzda dangal muhokama qilish uchun Chingiz Aytmatov bo‘lish kerak edi. KPSS siyosatiga mos tushmaydigan har qanday fikrni ta’qib qilgan sovet tsenzurasining Ch.Aytmatovni qaychilashga qo‘li kaltalik qilgan. Turkiy xalqlar iftixorlaridan bo‘lgan adib SSSR xalq deputatlarining birinchi s’ezdida ham xuddi mana shu ohangda so‘zlaydi. Adib-arbob ittifoqdosh respublikalarda milliy tilga davlat tili maqomini berish masalasida kechayotgan qizg‘in jarayonni qo‘llab-quvvatlaydi va qat’iy qilib, mahalliy xalqlarning tillari davlat tili bo‘lishi kerak, deydi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftanomasi 1987 yil sentyabrining 25-kunida “Kuyunchak gazetxonlardan xatlar” ruknida g‘allaorollik Tovboy Xo‘jamberdiyev “Yaqindan boshlab G‘allaorol partiya komitetining plenumlari faqat rus tilida olib boriladigan bo‘ldi. Holbuki, G‘allaorol qishloq rayoni hisoblanadi. Qishloq aholisining rus tilini qanday bilishi esa hammaga ma’lum. Plenumlar qatnashchilari orasida rus tilini yaxshi biladiganlar bilan bir qatorda yaxshi tushunmaydiganlar ham uchraydi. Bas, shunday ekan, ular majlisdan nima oladilar?

Yana bir muammo – o‘zbek tilini bilmaydigan rahbarlar haqida ham o‘ylab ko‘rish lozim. Hech qaysi rahbar dala va fermalarda mehnat qilayotgan oddiy xalqning tilini bilmay turib ularni o‘z ortidan ergashtirolmaydi.

Ona tilini sevmagan odamda o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminga, ajdodlarimiz ming yillar davomida yaratgan buyuk madaniy merosga, ota-onaga, urf-odatlarimizga muhabbat bo‘larmikan?” deb yozadi.
Bu maktub birgina muallifning emas, minglab, millionlab odamlarning dardu armoni edi. Lekin bu holni aksariyat yurtdoshlarimiz majlis va mashvaratlarda ochiq aytolmas, bordi-yu, tish yorgan vaqtda ham boshi tuhmatdan chiqmasdi. Choyxonayu to‘yxona gurunglari, gap-gashtaklardagi muhokamalar sekin-asta gazeta-jurnal sahifalariga ham ko‘chadi. “Yoshlik” jurnalining 1988 yilgi 1-sonida qo‘shrabotlik T.O‘rozov fikrlari berilgan.

Ko‘chirma:

“Yoshlik” jurnalining 1987 yil 9-sonida bosilgan Abdulla Qahhorning “Til haqida nutq” maqolasini o‘qib ushbu xatni yozyapman.

Avvalo, maqolada o‘z ona tilimiz – o‘zbek tili haqida ko‘tarilgan muammolarni juda-juda to‘g‘ri deb o‘ylayman. Haqiqatan, tilimiz juda boy, lekin unga nopisand qarayotgan ham, kambag‘allashishiga “hissa qo‘shayotgan” ham o‘zimiz va faqat o‘zimizdir.

Hozir qayerga qaramang, o‘zbekcha yozuvlar kamayib ketmoqda. Ko‘chalarning nomlari deysizmi, magazinlar peshtoqidagi yozuvlar deysizmi, shiorlar deysizmi – deyarli hamma yozuvlar rus tilida. Meni to‘g‘ri tushuninglar: ko‘nglimda o‘z ona tilimizga kuyunchaklikdan boshqa hech qanday niyat yo‘q. Faqat, aytmoqchimanki, shu yozuvlar o‘zbek tilida ham yozilsa hamma birday o‘qiydi, aniqrog‘i, mohiyatiga, mazmuniga hamma tushunadi”.

Kattagina dard, ammo bir hovuch hadik bilan bitilgan maktublarga rasmiylar hech qanday javob bermaydi. Chunki bu Markazqo‘m uchun muammo emas – G‘allaorolu Qo‘shrabotning muammosi!

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1988 yil 22 yanvar sonida Mirza Kenjaboyevning “Dildoshlik” maqolasi “Tilga e’tibor – elga e’tibor” ruknida bosilib chiqadi. Xalq tarixi – til tarixi, degan tamoyilni esga olgan shoir bir tilni oyoq osti qilish evaziga ikkinchi tilni ulug‘lash yoki bir tilni ulug‘lash uchun ikkinchi tilni oyoq osti etishni siyosiy johillik deb hisoblaydi. M.Kenjaboyev o‘zbek tilining lug‘at boyligi nimaning hisobiga boyib borayotganini tahlil qilar ekan, til buzilishi ikki xil sababga ko‘ra, birinchisi, chet so‘zlar o‘rinli-o‘rinsiz ishlatilayotgani, ikkinchisi o‘zbek tilining qadimiy sarfu nahvi, ya’ni grammatikasiga qo‘pol hurmatsizlik qilinayotgani tufayli sodir bo‘layotganini aytib o‘tadi. Shoir jiddiy muammoni yechish, xatoni tuzatish yo‘li Toshkent, Samarqand dorilfununlarida, respublikaning pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarida eski o‘zbek tili (imlosi) fakultetlarini ochish hamda tahrir ilmini qat’iy joriy qilishda deb biladi.

Mana, o‘shandan beri uchta o‘n yil o‘tdi. Muallifning eng oxirgi taklifi – tahrir masalasi bugun jon talvasasida turibdi. Ahvol shunday davom etsa, erta-indin bu so‘zning o‘zi ham ishlatilmasligi mumkin.

“Bizga o‘zbek tili nimaga kerak?..”

“Yosh leninchi” gazetasining 1989 yilgi 10-sonida V.Hamroyevning “Bu yog‘i nima bo‘ladi? Til haqida va faqat til haqida emas” maqolasi bosilgan. Aslida, bu maqola “Tashkentskaya pravda” gazetasidan o‘zbekchalashtiriladi. Maqolada yozilishicha, 1988 yil 3 dekabrda Talabalar shaharchasida talaba-yoshlar tashabbusi bilan “O‘zbek tili bayrami” o‘tkaziladi. Yotoqxonalar oralig‘idagi qarovsiz futbol maydonida bir necha yuz talaba-yosh va mehmonlar davra quradi. Aslida, talabalar imkon yo‘qligidan bu joyga yig‘iladi. Chunki tuman ijroiya qo‘mitasi tadbirni universitet saroyi yoki maydonida o‘tkazishga ruxsat bermaydi. Lekin bayram tadbirini Toshkent shahar va viloyat qo‘mitalaridan kelgan rasmiy vakillar bir chetda kuzatib turadi. Ayrimlari davraga yaqin borib, gapirilayotgan gaplarga quloq ham soladi.

Bayramga kelgan talabalar “Ona tilimiz yanada serjilo bo‘lsin!”, “Tilimiz va merosimiz qabristonga aylanmasin!”, “Yo‘qolsin turg‘unlik davri illatlari!”degan rang-barang shiorlarni ko‘tarib olgan. O‘rtaga shoirlar, yoshlar vakillari chiqib, ona yurt, xalq, til haqida she’rlar o‘qiydi, tilni asrash haqidagi fikrlarini aytadi. Qo‘shiqlar yangraydi. Tadbir yakunida boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham o‘zbek tili bayramlarini o‘tkazish, Alisher Navoiy tug‘ilgan kunni O‘zbekistonda ona tili kuni sifatida nishonlash, texnika va tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridagi o‘zbek guruhlarida darslarni o‘zbek tilida olib borish taklifi o‘rtaga tashlanib, barcha ona tilining sofligi uchun kurashishga da’vat etiladi. Anjumanda Markazqo‘mga murojaat qabul qilinib, o‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qilish so‘raladi. Bu tilni asrash, uning maqomini ko‘tarish, o‘zbek tiliga hurmatni uyg‘otishning boshlanishi edi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Yosh leninchi”, “Yoshlik”, “Fan va turmush” kabi gazeta-jurnallarda kuyunchak ziyolilarimizning maqolalari birin-ketin bosila boshlaydi. Tilning inqiroz yoqasiga kelib qolgani shunchalik bo‘lganki, o‘zbek tilining Fanlar akademiyasida ham qo‘llanilmay qo‘ygani u yoqda tursin, hatto, ilmiy va ijodiy ziyolilarning aksariyati o‘zaro muomalada ham o‘zbek tilini ishlatmay qo‘yadi. E’lon qilingan maqolalarda bitta fikr ustuvor edi. U ham bo‘lsa, buzilgan milliy siyosatni o‘nglash, g‘arib bo‘lib qolgan tilimizning qaddini ko‘tarish uchun unga davlat tili maqomini berish shart degan g‘oya. Faqat shu yo‘l bilan xalqning o‘zligini, ma’naviyati va adabiyotini tanazzuldan saqlab qolish, chin ziyolilarni yetishtirish, jamoatchilikdagi loqaydlikka barham berish mumkinligi uqtirilgan. Chunki o‘sha davrda “Bizga o‘zbek tili nimaga kerak, shu tilni bilmasak ham kunimiz o‘tadi”, qabilidagi gaplarni har qadamda eshitish mumkin edi.

Bir kun tuz yegan joyga qirq kun salom

Diniy va milliy qadriyatlari o‘zga yurtdoshlarimiz orasida o‘zbek tiliga mehr qo‘ygan, ardoqlaganlar ham ko‘p edi. Ana shunday insonlardan biri, Sovet Ittifoqi Qahramoni, asosan urush mavzusida asarlar yozgan adib Vladimir Karpovdir. V.Karpov urushgacha O‘zbekistonda yashagan. Ulug‘larimizning aytishicha, u kishining o‘zbek tilidagi og‘zaki va yozma nutqi juda chiroyli bo‘lgan. Yozuvchi 1981 yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan adabiyot kunlariga “Novыy mir” jurnali bosh muharririning birinchi o‘rinbosari sifatida keladi. O‘shanda u “O‘zbekiston – mening vatanim, o‘zbek tili – mening ikkinchi ona tilimdir. Men o‘zimni shayxontovurlik yigit deb hisoblayman”, degan edi.

Rus adibi tuz yegan eliga keyingi tashrifi yakunida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1989 yilgi 11-sonida “Til – xalq ruhi” nomli maqolani e’lon qiladi. Jangchi yozuvchi til har bir xalqning madaniyatini tayin etishini, asrlar osha xalq tomonidan sayqal topib borishini ta’kidlab, “til millatning qiyofasini belgilovchi ma’naviy boylik. Va o‘zbek adiblari bugungi kunda o‘zbek tili hayotimizda bosh, yetakchi o‘rinni egallashi kerak deb hisoblayotgan ekanlar, men shaxsan bu istakda hech qanday millatchilik harakatlarini ko‘rmayman. Bu tabiiy hol, tabiiy istak, til qadri va boyligi haqidagi g‘amxo‘rlikdir”, deydi. Bu juda katta gap edi. Chunki til mavzusini ko‘tarib chiqayotganlarga “shovinist”, “millatchi” yorlig‘i yopishtirilgan murakkab bir sharoitda, kimsan, taniqli rus adibi, buning ustiga SSSR Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi tomonidan vaziyatning ijobiy baholanishi ijodkorlarga katta suyanch bo‘ladi.

1989 yilning 19 mart kuni O‘zkompartiya Markaziy qo‘mitasining Ideologiya komissiyasi til muammolarini o‘rganish va xalq bayramlari hamda marosimlarini tiklash muammolari yuzasidan ishchi guruhlari tuziladi. O‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qilishga urinish, bu yo‘ldagi jiddiy va dadil qadamlar, izchil intilishlar poytaxt va markaziy shaharlardagi ziyolilarni, bir so‘z bilan aytganda, afkor qatlamni uyg‘otib yuboradi. Til ruhi millat qalbini sergaklantiradi. Respublikaning ijtimoiy-ma’naviy hayoti aynan til tufayli mutlaqo yangi bir bosqichga ko‘tariladi. Ilgari sira kuzatilmagan va odamlarning es-hushiga kirmagan bu talabchanlikning paydo bo‘lgani rasmiy doiralarni xiyla esankiratib qo‘yadi. Xususan, poytaxtdagi ma’rifiy-mafkuraviy qaynoq muhitni ketma-ket chaqirilayotgan majlis va kengashlar, uchrashuv va munozaralardan ham anglash mumkin edi. 1989 yil aprelning 3 kuni respublika rahbari boshchiligida Ideologiya komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda o‘zbek tilini, milliy til – rus tilini hamda ikki tillilikning boshqa shakllarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. Komissiya majlisida o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, o‘zbek tilidan foydalanish sohasini kengaytirish uchun unga davlat tili maqomini berish maqsadga muvofiq, degan fikr bildiriladi. Qonun loyihasini tayyorlab, umumxalq muhokamasiga qo‘yishga qaror qilinadi.

“On govorit “sevaman…”

Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st “Literaturnaya gazeta”ning 1989 yilgi 6-sonida chop etilgan “Yorliq” talablar” (“Soiskateli “indulgentsiy”) maqolasida o‘zbek tilining himoyaga muhtoj bo‘lib qolgani haqida ham so‘z yuritiladi. Millat kelajagi bilan bog‘liq o‘ta jiddiy muammoning sobiq Ittifoq miqyosida muhokamaga qo‘yilishi fidoyi ziyolilarga dalda bo‘lgandi o‘shanda. “LG” muxbiri ona tilimizning nochor ahvolini o‘zbek tili lug‘atining qashshoqlashib borayotganida, tilimizga ruscha so‘zlarning aynan (kalka) tarjima qilinayotgani-yu, shu yo‘l bilan yasalgan sun’iy so‘z va iboralarning har kuni odamlar qulog‘iga singib, lisoniy va adabiy me’yorga aylanayotganida ko‘radi va dashtda mol boqib yurgan cho‘pon o‘zbek tilini yozuvchidan yaxshiroq bilishi sir emasligini aytib o‘tadi. Maqolada, shuningdek, bu illatning ildizi olis tarixga borib taqalishi, zo‘ravon siyosat tufayli o‘zbek mumtoz adabiy tili va yozuvi qatag‘on qilinib, pirovardida, xorijiy so‘zlar bilan “boyitilgan” ikki tomlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga ega bo‘lganimiz haqidagi achchiq haqiqat ham bayon etilgan.

Tohir Malikning 1989 yilda e’lon qilingan “Poydevor” maqolasidagi quyidagi fikr qaniydi eskirgan bo‘lsa!

“Teatrlarga mashq paytida kirib qolsangiz, boshingizni qaysi devorga urib yorishingizni bilmaysiz. O‘zbek teatrida o‘zbekcha asar sahnalashtirilyapti. Birdan rejissyorning ovozi yangraydi: “Stop, stop! Chto za yerunda! On govorit “sevaman”, ponimayesh Gulichka, “se-va-man!” Znachit lyubit. A, senda ne to. Davay, boshidan, nachali”. O‘zbek aktyoriga o‘zbekcha so‘z shu zaylda tushuntiriladi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, sahnadagi aktyorning gap ohangi o‘zbekcha emas, so‘zlar burab-burab talaffuz qilinadi. Ba’zan sahnada o‘zbeklar emas, o‘zbekchani endi o‘rgangan inglizlar gapirayotganga o‘xshaydi”.

Qayta qurish, oshkoralik davrida ham shaharu qishloqlarda oddiy odamlar turli majlis va yig‘inlarda xijolatdan terga tushib, “O‘zbek tilida gapirsam maylimi?” deya aybdordek yelka qisganini ko‘pchilik esidan chiqargani yo‘q. O‘sha yillarda maktab­larda o‘zbek tilini o‘rganishga berilgan dars soatlari asossiz ravishda qisqartirilib yuborilganini unutmagandirsiz? U yoki bu idoralar o‘rtasidagi aloqa xatlari, majlis-mashvaratlar, oddiy ishchilar bilan muloqot ham o‘zbek tilida olib borilmaganini-chi?

1989 yil mayining 18-kuni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining “O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Tillar to‘g‘risidagi qonuni loyihasi to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilinadi. Butun bir xalq uchun najot farishtasiday ko‘ringan qarorni millionlab odam qo‘llab-quvvatlaydi. Loyihaga munosabat bildirish vatanparvarlik burchi deya hisoblanadi o‘shanda. O‘zbekistonning deyarli barcha qishloq va ovullaridan, hatto qo‘shni respublikalardagi o‘zbeklar yashaydigan tumanlardan ham ming-minglab maktublar bamisoli oq kaptardek qanot qoqib, Toshkentdagi turli gazeta-jurnallar tahririyati tomon uchadi. Oshig‘ich uchib kelgan xatlar takliflarga qo‘shib mustabidlik tamg‘asi tagida ezilib yotgan xalqning asriy armonlariyu dardlarini, nola-afg‘onlarini ham o‘ziga jo qilgan edi. Xalq barcha yaxshiliklar va ezguliklar ramziga aylanib ulgurgan til qiyofasida hurlikni, ozodlikni, erk va o‘zlikni ko‘rar, shu sababli uning butun bo‘lishidan, davlatga aylanishidan juda-juda umidvor edi.

O‘zbek tili himoyasi uchun kurashga otlanganlar qarorgohi hisoblangan respublika Yozuvchilar uyushmasida 19 iyul kuni tillar to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinadi. Keskin tanqid va tortishuv, qizg‘in munozara ruhida o‘tgan bu anjumanda o‘ttizga yaqin ijodkor, ziyoli va ishchi, hukumat vakili va tilchilar so‘zga chiqib, aksariyati til komissiyasi tomonidan tayyorlangan loyiha mutlaqo yaroqsiz ekanini aytib o‘tadi. Eng qizig‘i, O‘zkompartiya ushbu qonun loyihasini nomigagina tayyorlashga ko‘rsatma bergani, shu boisdan ham loyihani tayyorlashga mas’ul guruhni o‘zbek tiliga muhabbati bo‘lmaganlar hisobiga shakllantirgani yig‘ilishda ochiq ta’kidlanadi.

Yig‘ilishda Yozuvchilar uyushmasi tayyorlagan muqobil qonun loyihasi o‘qib eshittiriladi va hukumatga tavsiya qilinadi. Erkin Vohidov “Ruhimiz ehtiyoji” nomli maqolasida “Til haqidagi qonun bizga nima uchun kerak? G‘ururimizni namoyish qilish uchunmi? Izzat-nafsimizni qondirish uchunmi?

Yo‘q. Bizga Til haqidagi qonun o‘zligimizni saqlab qolish uchun, tilimizni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun, o‘zbek degan xalqning yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun kerak”, deb yozadi. Shoir qonunga munosabat bildirar ekan, maqolaning boshidan oxiriga qadar bir nuqtaga – xalq manfaatiga urg‘u beradi. “O‘zbekiston hududida yashab turgan, vazifasiga ko‘ra aholi bilan muomala qilishi lozim bo‘lgan har bir fuqaro o‘zbek tilini bilishi shart. Shu modda kuchga kirgan kuni o‘zbek tili davlat tili bo‘ladi” deya qat’iy uqtiradi.

“O‘qituvchilar gazetasi”ning 1989 yilgi 56-sonida uychilik muallim I.Rasulov “Loyihaning “eski o‘zbek yozuvi to‘g‘risida” degan VI bob 24-moddasi “eski o‘zbek yozuvlari to‘g‘risida” deb nomlanishi, bizningcha, ma’qulroq. Xalqimizning ming yildan ortiq tarixi faqat arab yozuvida emas, boshqa yozuvlarda ham aks etgan. Pedagogika institutlarida va ayrim maktablarda xorazm, so‘g‘d, o‘rxun-enisoy singari yozuvlarini o‘rgatadigan maxsus to‘garaklar va kurslar tashkil qilish lozim” deydi. Namanganlik o‘qituvchi To‘xtaxon Rahimova maktablarning birinchi sinfidanoq arab alifbosini o‘rganish tashkil etilsa, degan taklifni bildiradi. Bundan tashqari, muallima eski, unutilib ketgan qadimiy so‘zlarimizni qayta tiklab, muomalaga kiritish uchun “eski o‘zbek tili lug‘ati”ni to‘plash va chop etish zaruratini bayon qilgan.

Bu gaplar aytilgandan beri qancha suvlar oqib ketdi. Yangi bir avlod dunyoga keldi. Lekin nazarimda masala kun tartibidan tushib qolgani yo‘q. Xo‘sh, bugungi yoshlarning necha foizi o‘zbek yozuvini o‘qiy oladi? Taxi buzilmay turgan qadimiy qo‘lyozmalarni sharillatib tushiradigan, o‘rganib targ‘ib etishga jiddu jahd qilgan yoshlar qayerda? Arab alifbosidagi eski yozuvimizni ko‘rgan bugungi yoshlar uni qandaydir bir naqsh, bezak deb o‘ylashi tayin. Istiqlol arafasida nasta’liqni o‘qiydigan, o‘rgatadigan va o‘rganadiganlar gurillab ko‘paygan edi. Bugun bunday deya olmaymiz. Chunki biz yana Yevropa tillarini o‘rganishga mukka tushdik.

“Tilimizni hakka cho‘qiganmi?”

Go‘ri nurga to‘lsin, mashhur publitsist Ibrohim Rahim “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1989 yilgi sonlaridan birida tonggi radioeshittirishdan to “tuningiz xayrli bo‘lsin”gacha necha-necha bor quloqqa chalinadigan “o‘zbekcha” yasama so‘zlardan, matbuotdagi uydirma so‘z, teskari ibora va tilbuzar gaplardan xunob bo‘lganidan ana shunday fig‘on chekkan edi. Adib xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonni boshqargan ayrim rahbarlar davrida sof, musiqiy, ma­yin va jarangdor o‘zbek tili ta’qibga uchrab, eng sermazmun, boy va go‘zal so‘zlar “diniy isyonkor” deb e’lon qilingan, hatto Lev Tolstoy ham dindorga chiqarilib, uning o‘zbek tiliga ag‘darilgan asarlari kamsitilgan.

1989 yil 20-21 oktyabr kunlari Toshkentda o‘n birinchi chaqiriq O‘zbekis­ton SSR Oliy Sovetining o‘n birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Sessiyada SSSR xalq deputatlari – Odil Yoqubov hamda Abdulla Oripov so‘zga chiqadi.

Ko‘chirma:

O.Yoqubov: – Hurmatli deputatlar!

Biz bugun tarixiy kunda tarixiy qonunni qabul etish uchun to‘plandik. Yana aytaman: “tarixiy” degan so‘zga urg‘u berishim, bu balandparvozlik, dabdaba belgisi emas. Bu kunimizning, anjumanimizning, qabul qilayotgan qonunimizning nechog‘li darajada qonuniy bo‘lishi bizning aql-idrok darajamizga bog‘liq. Bugun qabul qilayotgan qonunimizni, aytaylik, 50 yildan so‘ng avlodlarimiz qanday baholaydilar, minnatdorlik bilan eslaydilarmi yo ta’na-malomatlar bilan tilga oladilarmi? Umuman, bu qonun o‘zgarmas holda yarim asr yashay oladimi yo ko‘p o‘tmay tahrirlar, o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritila boshlanadimi? Biz hammamiz ana shu savollarga javob berishimiz va qabul qilingan qonun uchun mas’ullikni zimmaga olishimiz kerak.

SSSR xalq deputati Abdulla Oripov esa tilimiz ikkinchi va undan keyingi o‘rinlarga tushib qolgani, o‘zbek tilining lug‘at boyligi keskin g‘ariblashganini aytib o‘tadi. Ba’zi odamlarning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga birmuncha hadiksirab qarayotgani zamirida xudbinlik, o‘zini o‘ylash borligini ta’kidlaydi. “Modomiki, men ham ona tilimda she’r yozib, qalam haqi olib yurgan ekanman, kambag‘allashib qolgan onajonimga baholi qudrat yordam berishga burchliman” deydi.

Ko‘chirma:

Abdulla Oripov: – Biz ayni chog‘da muhim tarixiy hujjatni muhokama qilayotirmiz. Chunki masalaning ildizi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ona tilimizning obro‘-e’tibori uchun kurash besh asr muqaddam ham mavjud bo‘lib, u Alisher Navoiyning umr mazmuniga aylangan edi. Xalqimizni yakqalam qilguncha fidoyi shoirimizning sochi oqarib ketmaganmidi? Ona tilimizni g‘oyat ardoqlagan Bobur hatto o‘zi bosib olgan chet o‘lkalarda ham o‘z tilini tiqishtirmadi, balki, tanholikda bo‘lsa-da, o‘zi bilan o‘zi gaplashib, o‘zbek turkiy tilimizning rivojiga asarlari bilan bebaho hissa qo‘shdi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi har kimning o‘z ota-onasi qo‘ygan ismi singari tabiiy bir ko‘rinishdir. Biz jahondagi qadimiy bir tilning taqdiri haqida o‘ylayapmiz. Biz yaqin 10 – 15 yil ichida emas, balki 100 yillardan narida tilimizning holi nima kechadi, avlodlarga biz nimani meros qilib qoldiramiz – shu haqda o‘ylayotibmiz. Bizning ro‘paramizda bamisoli rangpar bir bemor turibdi, uni oyoqqa turg‘aza olamizmi yoki yo‘qmi? Gap ana shu haqida borayotir”.

Xullas, sessiya 30 moddadan iborat “O‘zbekiston SSR Davlat tili haqida”gi Qonunni 21 oktyabr sanasi bilan qabul qiladi. Bu tarixiy voqeaga ham salkam o‘ttiz yil bo‘ldi. 1989 yilda tug‘ilgan yigit-qizlar – yosh ota-onalar bugun farzandini biror-bir xorijiy tilga qo‘yar ekan, milliy uyg‘onishning asl doyasi – o‘zbek tili atrofida kechgan siyosiy-mafkuraviy jarayonlar istiqlolning tamal toshi bo‘lganini bilarmikan?!

Kurashdan ko‘zlangan maqsad qonun edi. Biz unga intiq edik, erishdik. Yillar o‘tgani sari zavqimiz so‘nib, hissiyotlarimiz cho‘g‘i o‘chdi. Chunki ko‘ngil to‘q – qonun bor-da! Ammo qonun bizdan ortda qoldi. Biz yillarga qo‘shilib undan o‘zib ketdik. O‘ttizga kirib o‘tin bo‘lgan qonun bilan bugun kimning nima ishi bor?! Sinchi ziyolilar aytayotganidek, endi o‘zbek tilini nafaqat ruscha so‘z va iboralardan, balki Ovruponing turli tillari tahdididan, xususan, inglizcha ta’sirdan himoyalash vazifasi paydo bo‘ldi. Agar sizda jinday ishtiboh bo‘lsa, ishga yo bozorga borayotganingizda bekatmi yo do‘kon, tamaddixonayu sartaroshxona, mehmonxonayu yana turli “…” xonalar peshtoqiga, ko‘cha-mavzelarimizni bezab turgan reklama va e’lonlar taxtasiga birrov ko‘z tashlasangiz bas.

O‘zbek tili mavqeyi uchun kurash tarixi ana shundan iborat, barcha millatparvarlar “shuytib” murod-maqsadiga yetibdi, deya ertakmonand yakun qilsak ham bo‘lardi. Lekin, o‘zingiz bilgan o‘sha gap: til ham tirik jon ekan, uning erkin nafas olishi uchun kurash aslo to‘xtamaydi. Bu zafarli yurishning so‘nggi bekati, rivoyatlardagidek xotimasi yo‘q. Nega shunday? Til, bir tasavvur qiling, bamisoli minib yurgan mashinangizning oynasi. Siz yomg‘ir-qorda, chang-g‘uborda oynani bir lahza tozalamang-chi! Rahmat, oyog‘ingiz beixtiyor tormozga boradi. Yo‘ldan chetlab ketganingizni sezmay ham qolasiz. Ona tilimiz ham ana shunday: betinim mehr-muhab­batga, qarov-ardoqqa muhtoj.

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 6-son