Nurilla Chori. Manzilu maslaging ayonmi, ey do‘st?!

Keyingi paytlari turli saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot chet elda ishlab yurgan ayrim yurtdoshlarimizning biror jinoiy ishga aralashib qolgani yoki ularning boshiga tushgan tashvishlar haqidagi xabaru maqolalarni o‘qiyapmiz. Ba’zan hammaning diqqatini tortadigan salbiy hodisa yuz bersa, bu ishning markazida yurtdoshimiz bo‘lmasa-da, millatdoshimiz turganiga urg‘u berilsa, yurakka g‘ulg‘ula, ko‘ngilga hijillik tushadi.

Bunday xabarlarni o‘qiganda, millat sha’niga dog‘ tushirayotgan kimsalarni xayolan malomat qilasiz, ammo o‘nta barmoq ham o‘zingizniki – qaysi birini tishlasangiz ham joningiz og‘riydi. O‘zingiz tanimagan, bilmagan odamlar sababli “Yurgan daryo…” deb safarga ketgan yaqinlaringiz, yaqinlaringiz bo‘lmasa – uzoq qarindoshingiz, qarindoshingiz ham bo‘lmasa – mahalladoshingiz haqida o‘ylaysiz, beixtiyor tilingizda: “Iloyo, safari bexatar bo‘lsin”, degan duoyi kalima aylanadi.

Xo‘sh, o‘zi “Yurgan daryo…” deb safarga chiqayotgan yo‘lovchi kim?

Xayolga kelgan ilk javob shu: o‘z imkoniyatlarini chetda sinab ko‘rib, mo‘may pul topishga bel bog‘lagan va bu orqali orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishni istagan kishi. Albatta, buning yomon joyi yo‘q. Chunki bugun globallashayotgan dunyoda mehnat bozori chegaralari nisbiy bo‘lib boryapti: qaysidir mamlakatda ish o‘rinlari ko‘p-u, aholi o‘sishining pastligi va boshqa omillar tufayli ishchi kuchi yetishmaydi. Bunday paytda o‘z-o‘zidan boshqa davlatlardan jalb qilingan ishchilar mavjud ehtiyojni qondiradi. Dunyoning istalgan qit’asida bunga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Faqat mazkur jarayon ongli, tartibli, madaniy va qonuniy tarzda amalga oshsa bas – hech qanday dilxiralikka, e’tirozga o‘rin qolmaydi. Xo‘sh, bugun ishlayman deb o‘zga yurtlarga yo‘l olayotgan hamyurtlarimizning hammasi ham qonuniy tarzda chegara hatlayaptimi? Yo‘q, albatta. Natija esa ma’lum: o‘zlari ovorayu sarson, bu yoqda qolgan yaqinlari, farzandlarining ko‘zlari giryon – barcha bezovta.

Shu so‘zlarni yozarkanman, qo‘shnimiz Shodi aka bilan bog‘liq holat yodimga tushdi. Akamiz biz maktabda o‘qib yurgan kezlari mayda savdogarlik – attorlik bilan shug‘ullanardi. Qishning qorli-qirovli kunlari maktabda go‘laxlik qilardi. Risoladagidek odam. Turmushi el qatori – birovdan ortiq, birovdan kam. Nima bo‘ldi-yu, yelkasiga yo‘lto‘rvasini osib chet elga ishlagani ketdi. Ro‘zg‘or yangamizning gardaniga tushdi. Jo‘jabirdek jon. Hali u kerak, hali bu. Goho bizning ostonamizda ham bo‘y ko‘rsatib qoladi. Yangamiz ketadi-yu, onamiz tilga kiradi:

– Bolam, Odinaxon kelgandi. Tomarqasiga suv tarab bersang. Ikki jo‘yak sabzi ekkan ekan, bechora.

Yoki otamga yuzlanib:

– Odina kelin kelgan ekan, buzoqchamni sotib bersa-a, deydi.

Bunday vaziyatda nima ham qilardik, men ketmonni yelkalab qo‘shnining tomarqasiga, otam buzoqchaning arqonidan tortib bozorga ketadi.

Shodi akamizning safari uzo-o-oq cho‘zildi. Uning bu ketishi bola xayolimga ertaklardagi “Borsa kelar”, “Borsa xatar”, “Borsa kelmas”larni eslatardi. Men ertak bilan ovunaman. Onam Odinaxon yangamizni erining “erta-indin eshik qoqib kelib qolishi…”ni aytib ovutadi. Shunday ham bo‘ldi. Akamiz yillar o‘tib, o‘z uyining eshigini chertib kirib keldi. Qo‘ni-qo‘shni, yor-birodar, qarindosh-urug‘ ziyoratiga shoshildi. Burnidan tortsang, o‘z oyog‘iga qoqilib yiqilguday bo‘lib turibdi. Ammo tili burro. Ko‘p ishlabdi. Pul ham topibdi. El aytdi: “Shodi u olarmish, bu olarmish”, “Shodi u qilarmish, bu qilarmish”. Qani shular? Ostonada ham, peshonada ham hech narsa ko‘rinmadi.

Bir oqshom qo‘shnimiz yana safarga otlandi. Aytishlaricha, musofirlikda pul to‘plashning o‘zi bo‘lmas ekan. O‘tgan gal biroz uquvsizlik qilibdi. Bu safar yig‘ib-terib kelarmish. Akamiz ketaversin… Bor ishni, tadbirkorlikni yangamizdan ko‘ring! Yangamiz: “Akangiz kelsa…”, “Hali akangiz…” deb boshlaydigan barcha xamirturushi xomxayoldan iborat gaplarni yig‘ishtirdi. Bolalari bilan bir bo‘lib yerga tarmashdi. O‘roqning boshida ham o‘zi turdi, mashoqning boshida ham. Tomorqasini gullatib qo‘ydi. Ko‘rgan ko‘zni quvnatadi. Qo‘li mehnatda qabargan odam borki, yashnab turgan ekinni ko‘rsa dili yayrab ketadi. Ana shunday qoyil qolgan mahalladoshlardan biri yangamiz parvarishlayotgan ziroatga qarab: “Ey, Oshin bo‘lib ket-a”, debdi (yaponlarning teleserialini ko‘rgan bo‘lsa kerak-da!). U ko‘pchilikning tili uchidagi gapni aytganmi, ishqilib, yangamizning ismi el aro “Oshin” bo‘lib ketdi. Shu-shu, biz uchun ham Oshin yanga bo‘lib qoldi.

Odinaxon yangamizni kim Oshinga aylantirdi? Shu o‘zimizning akamiz – Shodi attor… Yangamizning orzusi ko‘p: ayol boshi bilan qiz chiqarmoqchi, o‘g‘il uylamoqchi, omon bo‘lsa attor ham kelib turar ko‘p qatori. U yog‘i endi bizga qorong‘i, ammo ayonidan aytay. Qishloq ham, bolalik xotiralar ham olisda qoldi.

…Talaba edim. Muhabbatdan sarmast edim. Kursimizda tog‘u tosh oshib kelgan bir qiz ham bor edi. Ne tongki, shu qizni ko‘rganimda ko‘ngilda iliqlik, yurakda quvvat, bilakda kuch sezardim. Yurak ochishga har qancha chog‘lanmay, baribir dil izhor etish og‘ir edi. Men o‘zim bilan sirlashib yuraveribman, attang. Bizdan bir kurs yuqorida o‘qiydigan, muhabbat bobida tajribali akalarimizdan biri kursdoshimizning aqlu hushini olib qo‘yibdi.

Ana endi ishq mojarosini ko‘ring. Kursdoshligu yurtdoshlik mehri jo‘shib, saboqxonada ham, ko‘chada ham, yotoqxonada ham Oshiq-raqib bilan mushtlashamiz. Qizga esa bir og‘iz ham gapirmaymiz, gapirolmaymiz. Mayli-da, shunaqa muhabbat ham bo‘ladi-ku! Egasiga izhor etilmaydi, muhofaza qilinadi. Mushtlashuvlarimiz yillab davom etdi. To qiz kelib: “Bu ishingning oti nima, bizni tinch qo‘y”, demaguncha.

Biz o‘qiydigan fakultetda shundoq ham yigitlar kam bo‘lardi. Ikki-uch yil bir eshikdan kirib chiqavergandan so‘ng talaba yigitlar o‘rtasidagi yosh, kurs farqi o‘rtadan ko‘tarilib, qadrdonlik, inoqlik paydo bo‘lib qoladi. Qolaversa, el bekorga: “Qopishmasdan topishmas”, deb aytmasa kerak. Oshiq-raqib bilan endi jo‘rachilik paydo bo‘ldi. Yakshanba kunlari topganimiz o‘rtada bo‘p qoldi. Va nihoyat, talabalik adog‘ida ikki yurak birlashib, Oshiq-raqib xonadonida to‘y bo‘ldi. Vaqti-soati yetib farzand ko‘rishdi. Oradan ko‘p o‘tmasdan yosh kelin-kuyov “Jannat o‘zi qaydadir?” vasvasasiga yo‘liqdi. Oshiq-raqib bir kun yor-birodarlarga grin-kard orqali AQShga ketayotganini aytib qoldi. Bunday paytda atrofdagilar safarga otlangan kishiga imkon boricha yaxshi munosabatda bo‘lishini, ko‘nglini olishga harakat qilishini ana shunda ko‘rdim. Har kim o‘zicha yordam bermoqchi bo‘ladi. “Ha!” degani tuyaga madad-da. Grin-kard ham halvo degan bilan og‘iz chuchimas, deganidek bir gap ekan. Elchixona orqali suhbatu so‘rovlar, so‘rovlardan so‘ng to‘lovlar bo‘ldi. Bu ishlardan ham hech kim o‘zini olib qochmadi. Hatto talabalikdagi qadrdonlar ko‘plashib yarim tunda aeroportga borib, ularni olib uchgan uchoqning ortidan qo‘l silkitib qoldik. “Xo‘sh, shunga nima bo‘pti?” deysizmi?

Internet orqali kunda-shunda gaplashib tursak-da, nima bo‘lganini biz ham rosa bir yildan keyin bildik. O‘zlarini Tohiru Zuhro bilgan oshiqlarning muhabbati Amerikada inqirozga yuz tutdi. Tohir Zuhrodan, Zuhro Tohirdan gina qiladi. Demak, ishqni sinovda o‘tkazmoq uchun o‘rtada Qorabotir bo‘lishi shart emas ekan. Eng achinarlisi, g‘arib muhabbatning mevasi – bir farzand orada sarson. Atlantika sohilidan: “Qizim bugun men bilan”, deb goh ota, goh ona selfi qilsa-da, bolaning ko‘zlari quvonchdan mosuvo.

So‘rasak, bunday misollarni siz ham ko‘plab keltirishingiz mumkin. Ammo yana o‘sha gap: barmoq o‘zimizniki – og‘riydi. Keling, endi badihago‘ylikni yig‘ishtirib, migratsiya masalasida ayrim mulohazalar bilan o‘rtoqlashsak. Negaki, yillar davomida biz aytganimizdek, faqat Shodi attor kabi oilali kishilar emas, o‘zga yurtlarga ishlashga oshiqayotgan yoshlarning ham safi kengayib bordi.

Mavzuni Rossiya Federatsiyasi misolida ko‘rib chiqsak. Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi ijtimoiy tahlil va prognozlash instituti katta ilmiy xodimi, geograf va demograf Yuliya Florinskayaning tahlillariga ko‘ra, bu o‘lkaga ishlash uchun borganlar soni yosharmoqda: agar 2000 yili 18-29 yoshli migrantlarning ulushi chorak qismga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib ular 45 foizni tashkil etmoqda. Migrantlarning aksariyati – erkak. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2015 yili ayollar ulushi 20 foiz atrofida bo‘lgan. Biroq ko‘plab tadqiqotchilar fikricha, noqonuniy migrantlar hisobga olinsa, ularning soni ko‘proq va so‘nggi yillarda 30-35 foizga yetmoqda. Rasmiy statistikaning xotin-qizlarni hisobga olmasligi ularning ishga joylashish xususiyati bilan bog‘liq – ayollar ko‘pincha rasmiy qayddan o‘tmasdan noformal jabhada, masalan, odamlarning uyida ishlaydi. Oilaviy migrantlarning soni ham birmuncha oshgan: masalan, ularning uchdan bir qismi o‘zi bilan eri yoki xotinini ham qo‘shib olib keladi (ayollar o‘rtasida eri bilan birga kelganlar 50 foizdan ko‘proq); farzandlarini ham olib kelgan oilalar 10 foizni tashkil etadi, xolos. Farzandlari bilan kelganlarning aksariyati – 80 foizi to‘liq oilalardir, ular yaxshi ta’minlangan, ta’lim olgan, rus tilini yaxshi biladi va Rossiyada doimiy yashashni maqsad qilgan.

Yuliya Florinskayaning tadqiqotlari faqat o‘zbekistonliklarni emas, Markaziy Osiyodan borgan barcha mehnat migrantlarini qamrab olgan. Ammo har jabhada ildamlab borayotgan yurtimizdan bu mamlakatga ishlash uchun ketayotganlar ham talaygina. Ular duch kelayotgan muammoyu tashvishlar esa bizga ma’lum. Quvonarlisi, yaqinda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida fuqarolarni vaqtinchalik ishga tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish bo‘yicha maxsus bitim kuchga kirgani ma’lum qilindi. Xabarda aytilishicha, ishchilar qayerda ishlashlari, qancha maosh olishlari va qayerda yashashlari haqida ham oldindan ma’lumotga ega bo‘lishadi. O‘zbekistonda ular ta’lim darajasi, sog‘lomligi va shubhali ishlardan xoliligi bo‘yicha saralanadi. Shuningdek, bu bitim mehnat muhojirlarini Rossiyada firibgarlar qo‘liga tushib qolishdan hamda qullikka sotilishdan himoyalaydi.

Shu o‘rinda AQSh va boshqa G‘arb mamlakatlariga ketayotgan hamyurtlarimizga ham bir qur nazar tashlasak. Ularning ko‘pchiligi birinchi galda qator ma’naviy-axloqiy muammolarga duch kelishmoqda. Bunday chigalliklarga asosan oilaviy borganlar to‘qnashadi. Sababi – yurtimizda ming yillardan buyon shakllangan oila ma’naviyatining mezonu tamoyillari ko‘p hollarda G‘arb madaniyati talablariga muvofiq kelmaydi. Alaloqibat, ingliz olimi Timoti J. Uinter (Abdulhakim Murod) aytgandek: “O‘z nafsiga band bo‘lgan taloto‘plar dunyosi uchun o‘tmishdagi hech narsa ulgu bo‘la olmaydi, faqat kelajakkina andoza vazifasini o‘tashi mumkin”.

Demak, xorijga hech qanday reja va kafolatsiz, noqonuniy ishlagani borgan odam ma’naviy-axloqiy, ruhiy, huquqiy-ijtimoiy muammolar qurshovida qoladi. Xoh rasmiy, xoh norasmiy yo‘llar bilan chet elga ketayotgan kishilarga poyezd va samolyot chiptasiga qo‘shib beriladigan “Qullikka rozi bo‘lmang” qabilidagi ogohlantiruvchi qog‘oz bilan birga turli foydali qo‘llanmalar, masalan, jo‘nab ketilayotgan mamlakatdagi elchixona yo vakolatxonalarimizning manzili, ular ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ko‘mak va xizmatlar yozilgan axborotnomalar ham taqdim etilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Nazarimizda, o‘zga yurtga ishlash uchun ketayotgan odam boshqalarning emas, avvalo, o‘z vijdonining so‘roqlariga tayyor bo‘lishlari lozim. Ko‘ngil va aql doirasida kechadigan bu savolnoma, masalan, quyidagicha tuzilishi mumkin:

  1. Qobiliyatimni, salohiyatimni avvalo o‘z yurtimda sinab ko‘rishim kerakmasmi? Buning uchun shu paytgacha nima sa’y-harakat qildim?
  2. Men borayotgan joyda mening ish kuchimga ehtiyoj bormi? O‘zi, umuman, qaysi kasb-hunar qo‘limdan keladi?
  3. O‘zim borayotgan davlatning mehnat va istiqomatga doir qonun-qoidalarini bilamanmi? Agar ularga amal qilmasam, meni qanday jazo kutadi?
  4. O‘zga mamlakatda mening haq-huquqlarimni kim, qanday kafolatlaydi?
  5. Bir yil mobaynida o‘z yurtimda ishlasam qancha pul topaman-u, o‘zga yurtda mehnat qilsam qancha mablag‘ ishlayman – o‘rtada farq bormi va bo‘lsa, o‘sha farq oila a’zolarim, farzandlarim, yurtimdan olisda chekilgan musofirlik mashaqqatlari va yaqinlarimga berilmagan mehr o‘rnini qoplaydimi?
  6. Men yo‘q paytimda oila a’zolarimga – ota-onamga, turmush o‘rtog‘im va farzandlarimga kim qaraydi? Kim ularga mehr berib, holidan xabar oladi?
  7. Ota-ona, er-xotin, o‘g‘il-qiz… ular – oila zanjirining bir-biriga bog‘liq halqalari. Ularning biri uzilsa, barchasiga birday ta’sir qiladi. Demak, men ketsam, olisda turib ham oiladagi o‘rnimni saqlab qola olamanmi?
  8. Men o‘zga yurtga borib, begona muhit ta’siriga tushgach, o‘zligimni – o‘zbekona qiyofamni yo‘qotib qo‘ymaymanmi?
  9. O‘zga yurtda necha yil ishlayman va qachon yurtga qaytaman? Aniq rejam bormi?
  10. Vatanga qaytib kelganimdan so‘ng bu yerda yashalmagan yillar bo‘shlig‘ini, boy berilgan imkoniyatlar o‘rnini ma’nan, ruhan qoplay olamanmi?

Agar chet elga ishga otlangan har bir kishi shu va shunga o‘xshash savollarga aniq javob axtarsa va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sayti (www.mehnat.uz) ning «Mehnat muhojirlariga» bo‘limida berilgan tavsiyalarga amal qilsa, shubhasiz, bu borada yuzaga kelayotgan ko‘p muammolarning oldi olingan bo‘lar edi.

Ha, bugungi kunda mehnat migratsiyasi faqat bizning muammomiz emas. Deyarli rivojlanayotgan respublikalarning barchasi, hatto taraqqiy etgan mamlakatlarda ham bu masala dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib turibdi. Ammo O‘zbekiston kabi mazkur muammolarni yechishda izchil harakat qilayotgan, fuqarolarining shu yerda – shu makonda mehnat qilishiga har tomonlama ko‘maklashayotgan, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, xalqini tadbirkorlik va ishbilarmonlikka o‘rgatayotgan davlat kamdan-kam topilsa kerak. Joriy yilning 24 maydagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham fikrimizning dalilidir.