2005 yil o‘zbek adabiyotining ikkita katta ustuni bizni tashlab ketdi. Men bu ijodkorlarni «vafot etdi» deyolmayman. Ular bizni tashlab ketishdi. Adabiyotdan, so‘zdan uzoqlashgan o‘z holimizga, o‘zimiz o‘ralashib qolgan mayda tashvishlarimizga, shaqirlab bo‘lsa ham ketib borayotgan o‘z so‘zidan xoli aravamizga tashlab ketishdi. Hayotimizda paydo bo‘lgan, hali nimaligini o‘zimiz ham anglamagan adabiyotsiz qarashlarimizga daxl qilmaslik, adabiyot zavqi, so‘z zavqi allaqachon tark etgan, loqaydlashgan siyratimizga qarab turib boshqa azoblanmaslik uchun bizni tashlab ketishdi. Ularning biz haqimizdagi eng katta xulosalari ham, ehtimol, ana shudir – bizni o‘z holimizga, qanday bo‘lsak, shundayligimizcha, mayda-chuydalarga o‘ralashib yotganimizcha tashlab ketganlaridir?! Bundan ortiq xulosa va bundan ortiq hukm bo‘lmaydi…
Rauf Parfi, Shukur Xolmirzayev… Bular XX asr o‘zbek adabiyotining ikki janrini dunyoning ilg‘or adabiyotlari darajasiga olib chiqqan katta va chin ma’nodagi ijokdorlar edi. Bugun «ijodkor» degan nom ancha siyqalashib qoldi. To‘yga boradigan otarchi ham o‘zini «ijodkor-san’atkor» deb atayapti. Ammo biz bu yerda chinakam ijodkorlik haqida gapiryapmiz. Rauf aka ham, Shukur aka ham katta ma’nodagi va asl ma’nodagi san’atkorlar, asl ma’nodagi ijodkorlar edi. Ular o‘z hayotlaridan ham adabiyotni ustun qo‘yolgan shaxslar edi. Bunday iroda kamdan-kam ijodkorga nasib qiladi. XX asr adabiyotida iste’dodlar yetarli. Bu borada ko‘pam nolimaymiz. Ammo adabiyotni o‘z hayotlaridan va o‘zlaridan ustun qo‘yganlar juda kam. Rauf akaning ham, Shukur akaning ham adabiyotdan boshqa biron ovunchi, boshqa suyanchig‘i yo‘q edi. Men, har qalay, shunday o‘ylayman. Ular ikkalasi ham o‘z hayotlarini adabiyot yo‘liga qurbon qildilar. Men ularni «vafot etdi» deyolmayman. Ular o‘zlari tanlagan yo‘lga o‘zlarini qurbon qildilar. Ularning adabiyotdan boshqa e’tiqodlari yo‘q edi. Bu fikr bir qarashda badbinlik bo‘lib tuyuladi. Boshqa e’tiqodlar-chi? Vatan oldidagi, millat, xalq oldidagi e’tiqodlar-chi? Ular adabiyot deganda Vatanga muhabbatni, xalqqa va millatga muhabbatni, millat va xalq uchun qayg‘urishni adabiyot deb bilardilar. Har ikkisining ham o‘zlari asar deb hisoblagan qaysi asarini olmang, bu yaqqol seziladi. Ular mana shu e’tiqodlarning hammasini, jamini adabiyot deb bilardilar. Ular shuning uchun yaratilgandilar va shu e’tiqodga xiyonat qilmay dunyodan o‘tdilar.
Shukur aka bilan judayam apoq-chapoq bo‘lmaganmiz. Men o‘zimni Shukur akaning shogirdi bo‘lganman, juda ko‘p kunlarimizni falonday o‘tkazganmiz, bunday saboqlar olganman deyolmayman. Bizning munosabatlarda bunday qalinlik bo‘lmagan. Shuningdek, Shukur aka ham menga hech qachon «nasihat qilmagan». Bir suhbatida Nazarga bunday qilmang dedim deganday gapirgandi. Ammo men bunday suhbatni eslolmayman. Shukur akada nasihat qilishning o‘zi yo‘q edi. Yo inkor qilardi, yo yoqtirib, «aylanayin» deb gapga tortardi. Yoqmagan narsasini hech qachon ichiga yutib ketmagan. Biz birinchi uchrashuvdayoq, 1989 yili bo‘lsa kerak, juda oddiy gaplashganmiz. Shukur aka Yozuvchilar uyushmasida uchratib qolib: «Maymun yetaklagan odam»ni siz yozdingizmi?!» – dedi. Men bosh irg‘adim. «Hmmm… Shunday yozsa ham bo‘larkan», – dedi. Bu bilan hikoya yoqdimi, yoqmadimi yo menga tanbeh berdimi, bilolmadim. Burgutqarash qilib, xuddi mening ichimdagini ham uqib olmoqchidek sal dimog‘ bilan tikildi. Mendan o‘sha davrga xos bo‘lgan, o‘zining tili bilan aytganda, «adabiy bodilik»ni izladi. Keyin: «Men judayam sodda qilib yozardim. Aylantirib o‘tirmasdim. Bu choli tushmagur ko‘p qirg‘inlar qilgan. Xalqni qirgan, endi shumshayib o‘tiribdi. O‘g‘lidan kaltak yeb yotibdi, xor bo‘lib, nima uchun kurashdi, shu o‘g‘lidan kaltak yeyish uchunmi deb yozardim» – dedi. O‘shanda kutganimdek nasihat ham qilmadi, tanqidiy fikrlarini ham aytmadi, boshqa bunday yozmang, menga o‘xshab yozing demadi, faqat o‘zining qanday qilib yozishi mumkinligini ta’kidladi. Men o‘sha paytgacha Shukur aka haqida boshqacha fikrda edim. Negadir menga qo‘rs, manman, kibrli bo‘lib ko‘rinardi. O‘sha suhbatdan so‘ng Shukur aka birdan men bilan – endi hikoyalar mashq qilayotgan yosh yigit bilan tenglashdi, bo‘yini, qaddini va obro‘sini barobar qildi. Biz Shukur aka bilan keyin ancha yillargacha yuzma-yuz gaplashmadik. Ammo o‘sha suhbatdan so‘ng men Shukur Xolmirzayev tashqaridan qaraganda tuyuladigan odammasligini, uning ko‘zlariga minib olgan nafratmi, norozilikmi, eng avvalo, o‘ziga nisbatan norozilik ekanini sezdim. Sh.Xolmirzayev o‘ziga talabchan yozuvchi edi, yozganlaridan hech qachon birdan qoniqqan emas. Uning XX asr hikoyachiligining sara namunalari bo‘lgan hikoyalaridan ham o‘zi qoniqmagani sezilib turadi. Bir marta Shukur akaga: «Nega eng zo‘r hikoyalaringizda birdan davriy chekinish qilib, publitsistik izohga berilasiz, bular menga ortiqcha tuyuladi, agar shularni olib tashlasangiz, juda zo‘r hikoyalar»,– dedim. Men «To‘p o‘yin», «Ozodlik» kabi bir qancha hikoyalaridagi adibning voqeaga ataylab aralashgan va izoh bergan joylarini aytgan edim. «Aylanayin, shu hikoyalar o‘sha gaplar bilan tug‘ilganda ularni qanday olib tashlay, ularsiz hikoya to‘kis bo‘lmaydi»,– dedi. Shukur aka mening fikrimdan ranjigani yoki o‘ziga olgani yo‘q. O‘shanda ham men o‘zi fikrimda qolganman. Shukur aka fikrimni o‘zgartirishga urinmagandi. Keyinchalik «Vatan» gazeatsida «Zulmat saltanatiga sayohat» nomli hikoyam bosilib chiqdi. Hikoyadagi yakunni, o‘sha paytlari, gazetada adabiyot bo‘limida ishlardi, chog‘i, Shukur aka o‘zgartirgandi. Hikoya «Yo‘q, maqola yozilmaydi» deb tugardi. Shukur aka esa «Maqola deganim hikoya bo‘lib chiqdi» deb o‘zgartirgandi. Uning yakuni menga yoqmadi va buni telefon qilib aytdim. Men kutgandek jerkib yoki g‘azab qilishning o‘rniga «Mening qo‘limga berishgandan keyin nimadir qilay dedim-da, bo‘lmasa, ishlaganimni qanday bildiraman?» – dedi hazilga olib. O‘shanda Shukur akaning ijod masalasida birovga hech qachon o‘zining fikrini majburan o‘tkazishga urinmasligini, aksincha, har qanday masalada o‘zining fikriga esa bo‘lganlarni yoqtirishini sezdim. Biz bir necha marta Joys, Kafka, Kamyu, Bekket, hatto maqolasiga sarlavha qilgan Alexo Korpenter haqida gaplashganmiz. Shukur aka bu yozuvchilarni tushunmasdi, ular dunyosidan yiroq ham emasdi. Faqat bu nomlar ostida adabiy bodilik qiladiganlarni yoqtirmasdi. Tilidagi zaharxandalik, qo‘rsligi – hammasi ijod qilayotgan iste’dodning injiqliklari, o‘zidan qoniqmasligi oqibatida paydo bo‘lgan kechinmalar edi. Ammo adabiyotda biron iste’dodni sezsa, garchi o‘zini xuddi bexabardek tutsa ham, lekin ichida va o‘sha yozuvchiga bo‘lgan hurmatini saqlab yurar, baribir bir kuni bu munosabatini «gullab» qo‘yardi. Bir marta Shukur akaga gap orasida: «Yoshlik» jurnalida Shodiqulning yaxshi qissasi chiqibdi», – dedim. Shukur aka ko‘zlarini qisdi, xuddi eslashga urinayotganday tutdi o‘zini: «Shodiqul? Hmmm… Shunaqa yozuvchi yigit bormi?! Qarang, adabiyotdan ancha orqada qolibman» – dedi. Men esa ajablandim. U Yozuvchilar uyushmasiga kelganda hamisha Shodiqulning xonasiga bir marta kirib ketardi. Bu piching edimi yoki e’tirof? Buni bilish qiyin. Men, har qalay, tushuntirish berishga urindim, biz yangi asarlar, obrazlar, timsollar haqida gaplashdik. Shunda saldan keyin birdan uning ko‘l haqidagi fikrlarini (Shodiqulning qissasi ko‘l haqida edi) eshita turib u qissani ham o‘qiganini sezdim. Bilmadim, Shukur aka o‘zini go‘yo bilmaganday tutishini bildirish orqali bizga bir narsa demoqchi edimi yoki adabiyotdagi yangi yo‘nalishlardan norozimidi, har qalay, aksar hollarda o‘zini shunday tutardi. Bu haqda turli xil gaplar yuradi. Ba’zi shoirlar: «Shukur aka shu paytda kichik-mayda narsalarga vaqti yo‘qligini ko‘rsatgisi kelgan, adabiyotga kirib kelayotgan mayda-chuyda iste’dodlar bilan o‘ralashishga vaqti yo‘qligini bildirish uchun atayin shunday qilardi» – deyishadi. Ammo Shukur aka o‘sha davrda adabiyotga kirib kelgan har bir o‘qishga arzirli hikoyani o‘qirdi. Men buni ko‘p marta sezganman. Hatto bir marta bor-yo‘g‘i ikki varaq bo‘lgan Xayrulla Ubaydullayevning hikoyasi haqida ham fikr bildirib qoldi. To‘g‘ri, u hikoyani hazm qilolmagandi. Ammo adabiyotning ertangi kuni qanday bo‘ladi degan kuyinchaklik bilan, o‘zini qanday tutishda qat’i nazar, har bir yangi nomni o‘qib borishini bilardim. O‘tgan yili «Adabiyot o‘ladimi?» degan maqolasini o‘qirkanman (men bir marta Shukur aka bilan shu nomda ko‘rsatuv ham qilganman), Shukur aka o‘zining kasalliklaridan ham ko‘ra adabiyotdagi kasalliklar haqida ko‘proq qayg‘urgani va tashvishga tushgani haqida o‘yladim. Adabiyot go‘yo o‘zining tanasiday edi – unga otilgan har bir tosh Shukur akaga tegardi. Undagi har bir og‘riq Shukur akani qaqshatib yuborardi. Tashqaridan qaragan odamga, Shukur aka juda manman, kibrli odam bo‘lib tuyulardi. Biroq bu odam ichidan kamtar va o‘ta oddiy odam ekaniga ko‘p marta guvoh bo‘lganman. U ana shu oddiyligini o‘zining tund va jahldor niqobi ostiga yashirib yurardi. Uning oddiy chaylada yashashga urinishi, oddiy tabiat qo‘yniga qochib ketishi-hammasi odamlardan bezgani uchunmas, balki o‘zining adabiy-estetik qarashlari kabi oddiylikdan buyuklik izlashini anglatadi. U buyuklikni ana shu oddiylikda deb bilardi. U hayotdan oddiy, kamtar ma’no izlab o‘tdi. Uning betinim goh Boysunga, goh dashtni eslatadigan, hech qanday sharoiti yo‘q Do‘rmondagi bog‘iga qochib ketishi barining orqasida oddiylik va samimiylik, tabiiylikni qo‘msashi va ana shu istak yotadi. Hikoyalarida ham bu seziladi. Shukur akaning hikoyalari oddiy dardning ulug‘vor ko‘rinishlaridir. Shukur akaning aksar qahramonlari oddiy kun kechirayotgan, bir qarashda, Vatanga, millatga, umuminsoniyatga daxli yo‘q odamlardir. Ammo yozuvchining nigohi shu darajada o‘tkirki, u ana shu daxlsizlik ortida yotgan millatga, Vatanga, bani basharga daxldor dardlarni ko‘ra biladi, tasvirlay oladi, ko‘rsatib bera oladi. Davr va zamon qancha jimjimalarga o‘ramasin, uni qanchalik moddiylashtirmasin, «rabotlashtirmasin», Shukur Xolmirzayev nigohi uni – do‘zaxiy jim-jimalar, ohanjamalar ichidagi insonni, uning dardini ko‘roldi, bu dardni Abdulla Qahhor uslubidan farqli ravishda ko‘rsatib beroldi. Abdulla Qahhor hikoyachilik maktabida Chexovning uslubi va ta’siri seziladi. Bu bilan ba’zi adabiyotshunoslar kabi «Abdulla Qahhor maktabi yo‘q» deyish nafaqat katta yozuvchini inkor qilish, balki o‘zbek hikoyachiligining zamonaviy janr sifatidagi debochasini – muqaddimasini, yorqin katta ustunini ham inkor qilish bilan barobardir. Shukur Xolmirzayev maktabida esa hayotni, muhitni fosh qilishdan ko‘ra insonning shu muhitda tutgan o‘rni va og‘rig‘ini ko‘rsatish muhim o‘rin tutadi. Muhit o‘zining barcha kirdikorlarini, butun fojiasini inson ko‘ngliga qamab tashlagan, inson ko‘ngli shu muhitning aksidir. Kimki muhitning o‘zini aks ettirishga kirishsa, jimjimalarga aldanib qoladi, muhitning tasvirchisiga aylanadi. Inson ko‘nglidagi dardni topolgan odam muhitni fosh qilgan odamdir. Chunki har qanday muhit o‘zini inson ko‘nglida fosh qilib qo‘yadi. Shukur akaning, shubhasiz, XX asr o‘zbek adabiyotining ulkan yutuqlari deb aytishga va bu hikoyalarni janr imkoniyatlarini kengaytirgan maktab deyishga arziydigan asarlari yozuvchini o‘tgan asrning emas, kechagi kunning emas, barcha davrlarning o‘ziga xos katta yozuvchisi deyishga arziydigan shohsupaga chiqarib qo‘yadi.
Shukur aka hayotini adabiyotsiz tasavvur qilolmasdi. Adabiyotsiz hayot uning uchun yovvoyilik bo‘lib tuyulardi. Adabiyot o‘qimagan odamni odam deb tan olmasdi, adabiyotdan yiroq jamiyat bilan murosa qilgisi kelmasdi. Shuning uchun Shukur akani sho‘ro tuzumi ko‘pam xushlamagandi. Adabiyot Shukur aka uchun ko‘zgu edi. Adabiyot xalqning sha’ni, dardi, hasrati, ko‘ngli, ruhi edi. Shu sababli ham adabiyotga xiyonat qilgisi kelmasdi. O‘z fikriga, o‘z qarashiga, o‘z o‘lchamiga ega edi. Shuning uchun boshqalar yasab bergan o‘lchamlarga amal qilmasdi, hammaga o‘xshab fikrlagisi, yozgisi, yashagisi, yalingisi, maqtagisi, turlangisi kelmasdi. Bir so‘z bilan aytganda, Shukur Xolmirzayev shaxs edi. Adabiyotda, hayotda shaxs edi. Adabiyotda iste’dodlar talaygina bo‘ladi. Iste’dodlarini turli yo‘llarga sarflaydi. Ammo ham hayotda, ham ijodda shaxslar kamdan-kam tug‘iladi. Bu ikkisi uyg‘un kelganda adabiyotda Rauf Parfilar va Shukur Xolmirzayevlar tug‘iladi. Adabiyotning fojiasi iste’dodlar yo‘qligidan emas, adabiy shaxslar yo‘qligi tufaylidir. Adabiy shaxslari bo‘lmagan adabiyot yaltoqona adabiyot bo‘lib kelgan. Shu ma’noda Shukur aka adabiy shaxs edi.
Xalq og‘zaki ijodi Shukur akaning jonu dili edi. Biz 1999 yili Do‘rmondagi chaylasida «Alpomish» dostoni haqida suhbatlashganmiz. O‘shanda Shukur akaning asar haqida to‘lib-toshib gapirganini ko‘rganman va o‘shandayoq bu yozuvchi o‘ziga va asarlariga kuchni aynan ana shu sarchashmalardan – xalqning azaliy quvvatlaridan olayotganini, shu sababli ham yozganlari albatta o‘zbek hikoyachiligi durdonalari bo‘lib qolishini sezgandim. Ehtimol, shuning uchun ham «Ona qizim Sayyoraga!» xatida birdan o‘zining katta yozuvchiligini bildirib qo‘ygisi kelgandir? Bu xat manmanlik yoki o‘ziga ortiqcha baho berishmas, o‘zining haqiqiy o‘rnini bizga eslatib qo‘yishdir. Shukur akani bu xatida nokamtarlik qildi deb bo‘lmaydi. Aslida ham Shukur aka o‘ziga o‘zi bildirgan e’tirofni o‘zbek adabiyotshunosligi bildirishi kerak edi. Shukur aka adabiyotga bo‘lgan sadoqati va xizmati evaziga na unvon, na orden, na katta qalam haqi kutgani yo‘q. Bor-yo‘g‘i ana shu e’tirofni kutgandi. Afsusuki, bu marta ham biz – uning muxlislari kechikdik. E’tirofni ham yozuvchining o‘zi bildirib qo‘ydi.
Darvoqe, yozuvchi bu safar ham haq. XX asrning 70-yillaridan boshlab o‘zbek hikoyachiligida Shukur Xolmirzayev badiiy nigohi alohida ajralib turadi. Bu nigoh o‘z davri kishisining ichini, dunyosini, hislarini ko‘rib turadi, uni badiiy detallarga aylantiradi, keyin uni xuddi Boysundagi qizlar kirlarini osgandek turli asarlar toriga osib qo‘yib, bizga ko‘z-ko‘z qiladi.. To‘p, cho‘zilgan quloq, oqsoq turna, chillak, bodom guli, dasht odami, o‘zbekcha xarakter va boshqa detallar o‘zbek nasrining zamonaviy jahon adabiyotiga ulush bo‘lib qo‘shiladigan badiiy va puxta detallaridir. Bu detallardagi og‘riq yana ko‘p zamonlar faqat adabiyotshunoslarnmas, keng ommani o‘ziga jalb qilib, Shukur aka ardoqlagan Inson va Qalb haqida, Shukur aka alqagan inson g‘ururi va sha’ni haqida hikoya qilib turadi. Bu asarlar, aslida, Shukur Xolmirzayevning qalbi va dardining turli ko‘rinishlari edi. Agar yana ellik yillar o‘tib: «Sh.Xolmirzayev qanday odam edi?» – deb so‘rashsa, bu savolga, shubhasiz, asarlari to‘liq javob bera oladi. Bunga shubha yo‘q.
Ijodkorlik nima o‘zi? U boshqa faoliyat turlaridan nimasi bilan farq qiladi? Ijod degani o‘zi nima?
Bir qarashda ancha jo‘n savol tuyuladi. Hatto savol aqlliroq odamlarning g‘ashini ham keltiradi. Ammo rostdanam ijod nima o‘zi? Bugungi to‘yni mo‘ljal qilib yozilgan biron qo‘shiq eshitsangiz, darrov bu yerda ijod yo‘q deb o‘ylaysiz. Hamma narsa bor. Kuy, ohang, so‘z, lekin ijodkorlik yo‘q. Gazetalarimizni to‘ldirib tashlagan bugungi cho‘pchak «asarlar»ni o‘qiganingizda ham shunday deb o‘ylaysiz: bu yerda ijod yo‘q. O‘sha «ijod» o‘zi nima? Agar biron hofizga qo‘shig‘ingizda ijod yo‘q desangiz, u sizni savodsizga yoki zamondan orqada qolganga chiqaradi. Ijoddan asar ham yo‘q «asar» yozgan cho‘pchakboz esa sizni hasadgo‘y sanaydi. Xullas, ijoddan, ijod zavqidan uzoq odamlarga ijod haqida gapirishning o‘zi befoyda. Yana o‘sha savol. Ijod o‘zi nima? Ijodkorlik nima? Nega azal-azaldan ijod va ijodkorlik yuksak qadrlangan, ijod namunasi bo‘lgan, u binomi, suratmi, haykalmi, o‘ymakorlikmi, badiiy asarmi, ijod namunasi bo‘lsa, barchani hayratga solib, odamlarga ruh, quvvat, zavq bag‘ishlab kelgan? Qurilgan, yaralgan va yaratilgan, yaratilayotgan har bir narsada, hatto u oddiygina bo‘lsa ham ijodkorlik bo‘lmasa, oddiy bir buyum – ro‘zg‘or buyumi bo‘lib qoladi. Undan zavq olishdan ko‘ra uni ishlatish birinchi o‘rinda turadi. U kishiga zavq ham, kuch ham bermaydi. Shuning uchun ijod zavqi va ijod qudrati bilan yaratilgan har bir narsada ilohiy zavq va quvvat mujassam bo‘ladi. Unga tikilgan yoki uni ko‘rgan zahotingiz sizning ichingizda ham kuch-quvvat va zavq uyg‘ona boshlaydi. Ana shu kuch faqat zavq emas, bu quvvat hamdir, ilohiy, go‘zal tuyg‘ularni anglash hissi.
Adabiyot baribir bevosita ham, bilvosita ham insonni «tarbiyalay»di. Uning didini, dunyoqarashini, saviyasini, insonga, millatga, dunyoga, ezgulik va yovuzlikka munosabatini tarbiyalaydi. Adabiyot millat ko‘nglidir. U ana shu katta ko‘ngilda yuz berayotgan o‘zgarishlarni bilishi, anglashi, og‘rishi, zavqlanishi, kuyinishi, talvasaga tushishi shart. Men adabiyot inson dardi va orzusi bilan yashashi kerak deb bilaman. Uning bosh qahramoni ham qayg‘urayotgan, orzu qilayotgan, alam chekayotgan, kulayotgan, o‘ylanayotgan, izlanayotgan, iztirob chekayotgan, yo‘l axtarayotgan INSONdir. Yozuvchi faqat o‘sha insonni zamon taloto‘plari ichidan topa olishi kerak. Zamon qahramoni ham o‘sha INSONdir! Biz u insonni topdikmi? Menimcha, yo‘q. Insonni hech qaysi fan adabiyotchalik aks ettirolmaydi, hech qaysi san’at turi adabiyotchalik chuqur va keng tasvirlay bilmaydi, hech qaysi vosita inson ruhi va xayoliga adabiyotchalik erk berolmaydi. Demak, hech bir vosita adabiyotchalik ezgulikni himoya qilolmaydi. Adabiy vijdon ana shu buyuk tuyg‘uga xiyonat qilmaslikdir.
Bugun davr ijodkordan chinakam ijodkor bo‘lishni, ko‘ngil go‘zalligi va sofligi, inson va uning didi go‘zalligi haqida ko‘proq qayg‘urish va tarannum etishni talab qilayapti. Bu vazifani yurtboshimiz yana bir marta eslatdi. Faqat eslatdigina emas, ana shu ijodkorlikka katta va ulkan ehtiyoj borligini, bu ehtiyojni ijodkorlar qondirolmayotganini ta’kidladi. Menimcha, endi faqat yozish kerak. Qalb uchun, go‘zallik uchun, inson va uning qalbini saqlab qolish uchun yozish kerak. Bugungi talabni men shunday tushunyapman.