Naim Karimov. Habibiyning habibi yoki unutilgan adib (2006)

Abdulahad Azizov 1900 yilning qish chillasida Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi Xayrobod qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1908 — 1912 yillari eski maktabda xat-savod chiqargandan so‘ng dastlab Andijon madrasasida, so‘ngra Xo‘jand, Qo‘qon va Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rgan. Abdulahad fors va arab tillarini mukammal o‘rganib, o‘zbek va fors adabiyoti namoyandalari asarlaridagi nafosatni teran his etish darajasiga erishgan. U madrasani tugatganidan keyin adabiyotga bo‘lgan ana shu ishqi o‘t olib, qo‘qonqishloqlik shoirlar davrasiga qo‘shildi. Uning baxtiga o‘sha yillari Qo‘qonqishloqda Qori Zokir, Zokirjon Habibiy, Muhammadjon Mahjuriy, Abduvahob Sayfiy singari shoirlar adabiy guruh tashkil etib, aruz sirlarini, mumtoz shoirlarning so‘zdan va she’riy san’atlardan foydalanish mahoratini berilib o‘rganmoqda edilar. Abdulahad Azizov ana shu davraga qo‘shilib, mumtoz shoirlar, ayniqsa, Navoiy ijodini qunt bilan o‘rgandi va 20-yillarning o‘rtalariga kelib Navoiy ijodining bilimdonlaridan biri sifatida tanildi. O‘zi ham ustod shoirga ergashib, «habib», «ulfat», «do‘st» ma’nosini anglatuvchi Anisiy taxallusi bilan she’rlar yoza boshladi.
She’riyat bilan shug‘ullanish Sharqda hunar emas, fazilat hisoblangan. Binobarin, shoirlar tirikchilik uchun o‘z didlariga yaqin yoki otameros hunarlarni egallab, bola-chaqalarini parvarish etib kelganlar. Abdulahad garchand dehqon oilasida tug‘ilgan bo‘lsa ham, ketmondan ko‘ra bolg‘a bilan mehnat qilishga ishtiyoqmand edi. Shuning uchun ham u chok mashina, velosiped singari texnika asbob-anjomlarini tuzatib yurgan.
Chilangarlik bilan ro‘zg‘or tebratayotgan kishining 1938 yili Toshkentga, Navoiy komitetiga ishga taklif etilishi uning keyingi taqdirini keskin o‘zgartirib yubordi. Endi uning fazilati ayni paytda hunari ham bo‘lib qoldi. Anisiy domla Navoiy asarlarining matni ustida ishlab, bu asarlar bo‘yicha izohli lug‘at va kartoteka tuzishga kirishdi. Navoiy lirik merosining dastlabki nashri — 1940 yili chop etilgan «Chor devon»ni nashrga tayyorlashda yaqindan qatnashdi. Afsuski, Ikkinchi jahon urushi boshlanib, Navoiy yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish ishlari dorilomon zamonlarga ko‘chirildi.
Shundan keyin Anisiy domla Andijonga ko‘chib ketib, 1958 yilga qadar Uyg‘ur teatrida adabiy emakdosh va chilangarlik hunarini tark etmagan holda, maktablarda mehnat darsi bo‘yicha mashg‘ulotlar olib bordi. Uning baxtiga shu davrda Andijonda Ulfat, Xurram, Boqir singari shoirlardan iborat adabiy muhit davom etar, Toshkentdan G‘afur G‘ulom, Habibiy, Sobir Abdulla o‘qtin-o‘qtin borib, bu muhitga yangi nafas bag‘ishlab kelardilar. Anisiydagi mumtoz adabiyotga bo‘lgan otashin mehrning so‘nmaganini ko‘rgan va uning bilimidan foydalanib qolish zarurligini sezgan G‘afur G‘ulom 1958 yili uning Toshkentga ko‘chib kelishi hamda yangi tashkil etilgan Badiiy adabiyot nashriyotiga ishga joylashishiga sababchi bo‘ldi.
Anisiy nashriyotning o‘zbek mumtoz adabiyoti bo‘limiga muharrir etib tayinlandi. U shu lavozimda xizmat qilar ekan, Muhammad Qurbon Xiromiyning o‘zbek xalqi o‘rtasida ayniqsa mashhur bo‘lgan asari — «Chor darvesh»ni nashrga tayyorladi. (Bu kitob 1961 yili nashr etiladi.) 1959 yili esa, Anisiy O‘zFA Til va adabiyot institutiga ishga taklif qilinadi.
O‘sha yillari institut ilmiy jamoasi mumtoz o‘zbek adabiyoti namoyandalari ijodini o‘rganish va ular asarlarini chop etishga jiddiy ravishda kirishgan, shu sohada tajriba orttirgan Anisiyning shu dargohga ishga kelishi esa ayni muddao edi. Anisiy kichik ilmiy xodim lavozimida ishlash jarayonida 30dan ziyod kitob va risolalarni tahrir etish, tarjima qilish va nashrga tayyorlashda faol qatnashdi. Uning, ayniqsa, Fuzuliy, Munis, Muhayyir, Nodira singari mumtoz shoirlarning asarlarini nashrga tayyorlashdagi xizmatlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Anisiy domla institut ilmiy hayotida faqat matnshunos va tarjimon sifatida faoliyat olib bormay, mumtoz adabiy merosni o‘rganishga astoydil bel bog‘lagan yoshlarga yaqindan yordam ham berdi. Mahbuba Qodirova va Sodir Erkinov singari fan doktorlarining Nodira va Lutfiy ijodiga, Yoqubjon Ishoqov, Ro‘zi Qodiriy, Valijon Mirzayev, Muhammadjon Mahmudov, To‘lqin Rasulev, Dilbar Rahmatova, Manzura Qodirova singari o‘nlab fan nomzodlarining Navoiy, Ogahiy, Miriy, Mujrim Obid, G‘urbatiy, Roqim, Avaz O‘tar, So‘fizoda ijodlariga bag‘ishlangan tadqiqotlarining maydonga kelishida kamtar olimning ham xizmatlari yo‘q emas.
Anisiy singari zotlar uchun o‘zbek adabiyotining qadimiy ildizlarini paypaslab, nomlari turli sabablarga ko‘ra o‘chib keta boshlagan ijodkorlarni tarix qa’ridan chiqarib olish eng xayrli va savobli ish hisoblangan. U shunday ezgu niyat bilan XIV asrda yashagan Badri Chochiy ijodini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Badri Chochiy Toshkentda tug‘ilgan bo‘lib, 1332 yili Hindistonga borib qolgan, Sulton Muhammad Tug‘liq saroyida xizmat qilgan va 1344 yili shu yerda bandalikni bajo keltirgan. U turli she’riy janrlarda asarlar yaratgan bo‘lsa ham, nomi Sharq adabiyoti tarixiga avvalo qasidalari tufayli oltin harflar bilan yozilgan. Anisiy O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti xazinasida mavjud bo‘lgan, ammo hali biror adabiyotshunos olimning nazariga tushmagan bu ulkan shoirning qasidalar to‘plami bilan tanishgach, uning boshqa asarlarini ham izlashga tushdi. Omadi chopib, Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining kitob fondidan Badri Chochiyning noma’lum bir asarini topdi-da, shoir asarlarining mag‘zini chaqa boshladi.
Gap shundaki, Badri Chochiy ijodida qasidanavislik asosiy yo‘nalishni tashkil etgan bo‘lsa-da, bu qasidalarda podsho va saroy amaldorlariga hamdu sano o‘qish emas, balki ularning kirdikorlarini fosh qilish ustuvor edi. Podsho saroyida xizmat qilgan shoirning saltanat ustunlarini oshkora tanqid etishi mahol edi. Shuning uchun u el-yurt manfaati taqozosi bilan yozilgan bu asarlarida muammo, majoz, chiston, kinoya singari «maxfiy» tasviriy vosita va usullardan samarali foydalangan. Binobarin, uning asl niyatini tushunish Nostradamusning bashoratnomasini tushunishdek murakkab va mashaqqatli ish edi. Mumtoz shoirlarning asarlaridagi so‘z va poetik san’atlarning mag‘zini chaqishdan mislsiz zavq olgan olim uchun bu ayni muddao edi. Xullas, Anisiy Badri Chochiyning haddan ziyod murakkab tilda yozilgan 2800 baytining ma’nosini chaqib, ularni o‘zbek tiliga nasriy tarjima qildi hamda «Sharq adabiyotida qasida janri va Badri Chochiy» degan mavzuda dissertatsiya yoza boshladi.
Kamina 1970 yili Anisiy vafot etgan kunlari mazkur dissertatsiyaning dastlabki sahifalarini «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnaliga tayyorlaganimda olimning Sharq adabiyoti tarixini puxta bilganini ko‘rib, lol qolgan edim.
Olim qasida janrining XIII — XIV asrlardagi taraqqiyot yo‘lini kuzatib, shu davrda mazkur janrning, mazmuniga ko‘ra, quyidagicha guruhlanishi mumkinligini aniqlagan: 1) sof falsafiy mazmundagi qasidalar; 2) keng ijtimoiy mazmundagi qasidalar; 3) ishqiy mazmundagi qasidalar; 4) madhiya mazmunidagi qasidalar; 5) tabiat hodisalari haqidagi qasidalar.
Ko‘ramizki, dastlab sof falsafiy yo‘nalishga ega bo‘lgan qasida janriga sekin-asta tarixiy davrning ijtimoiy muammolari, ishq-muhabbat mavzui, madhiyachilik va boshqa masalalar ham kirib kelgan. Keyinchalik bunday o‘zgarishlar boshqa janrlarning tabiatida ham ro‘y bergan.
Olimning ta’kidlashicha, Badri Chochiy Dehlida yashagan davrida ulug‘ o‘zbek shoiri Xisrav Dehlaviyning ta’siri katta edi. Dehlaviy esa qasidanavislikda Xoqoniy an’analarini davom ettirish yo‘lidan borgan. Dehlaviyga muayyan darajada ergashgan Badri Chochiy ham Xoqoniy izidan borib, o‘z fikrlarini kinoya va qochirimlar bilan bayon qilgan. «Badrining qasidalari, — deb yozadi olim, — aslida maqtov emas, shohlar, amaldorlarning fisqi fujurlarini fosh etish, umuman, o‘zi yashagan davr hayotiga nisbatan Chochiy munosabatining ajoyib ifodasidir».
Afsuski, taniqli matnshunos va tadqiqotchi olimning o‘zbek adabiyotidagi qasidanavislik tarixiga bag‘ishlangan tadqiqoti yakunlanmay qolgan, uning tayyor qismi esa shu vaqtga qadar o‘z tadqiqotchisi va noshirini topmay kelmoqda.
Abdulahad Anisiy o‘ta kamtar, xoksor va kaltaqo‘l kishilardan biri edi. U 1953 yilning qish oylarida Andijonda mushkul bir ahvolda yashagan paytida Solijon ismli hamshaharining 2 tonna ko‘mir tushirib berganidan «qishimiz bahor», G‘afur G‘ulomning uning uyiga elektr chirog‘ini o‘tkazib berganidan esa «kechlarimiz nahor» bo‘ldi, deb bolalardek sevingan va shu haqda Habibiyga xat yozib, o‘zining cheksiz quvonchini bildirgan edi. Olim shunday qiyinchilikda yashaganiga qaramay, Toshkentda istiqomat qilgan do‘stiga mahsi sotib olib, yuborgan va Habibiy bu sovg‘adan boshi ko‘kka yetib, unga samimiy satrlar bilan minnatdorligini izhor qilgan edi.
1964 yilning yoz oylarida Til va adabiyot institutining bir necha xodimlari Leningradga ilmiy safar bilan bormoqchi bo‘lganlar. Ularning qistovi bilan Anisiy ham Neva daryosi bo‘ylariga borib, Saltikov-Shchedrin nomidagi jahonga mashhur kutubxonaning nodir kitoblar bo‘limida ishlagan. Shunday kunlarning birida u, odatiga ko‘ra, Habibiy domlaga bunday xat yozgan:
«Qori aka! Men Leningradga kelishni u qadar ko‘ngildan xohlaganim yo‘q edi, lekin nasib bo‘lsa, xohlar-xohlamas bo‘laverar ekan. Bu yerlarga nasibam qo‘shilganidan o‘zim ham hayron qoldim. Ammo juda xursandman, chunki bu shaharni ko‘rmasak, armonda qolar ekanmiz…
Biz ishlayotgan kutubxonada 4 million nusxa kitob bor ekan, har kun 1000 kishi kirib, o‘n ming kitob olib, o‘qilib, yana joyiga qo‘yilar ekan. Bu ish bahonasi bilan ajoyib nodir asarlarni ko‘zdan kechirmoqdamanki, ularni bu yerda yozib tugatib bo‘lmaydi. Mashhur Qiblat ul-kuttob Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali, Mir Amir va boshqa xattotlarning yozgan asarlari, Navoiy o‘zi ko‘zdan o‘tkazgan devon va xamsalar, ularga berilgan naqsh-nigorlar, g‘oyat ingichka, mavhum chiziqlar bilan ishlangan lavhalar shunday saqlanganki, bu kungacha o‘zining nazokat va latofatini yo‘qotgan emas».
Bunday samimiy va hayratomuz so‘zlarni faqatgina ulug‘ ajdodlarining madaniy merosiga favqulodda ulug‘ hurmat va iftixor tuyg‘usi bilan qaragan, ularni o‘rganishga butun umrini bag‘ishlagan kishilargina yozishlari mumkin.

Naim Karimov,
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 1-sonidan olindi.