Murod Abdullayev. “Paxta ishi” anatomiyasi

Nomingni qaro degan – paxtaginam, senmisan,
Lo‘ppi deya yutganim – laxtaginam, senmisan,
Avaxtada bosh urgan taxtaginam, senmisan?!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Abdulla ORIPOV

Mustaqillik uchun kurash tarixi istibdod zamonining eng qora kunlaridan boshlanib, XX asrning to‘qsoninchi yillari boshiga qadar davom etdi. Istiqlol davrida bu ulug‘ ne’matni anglash, qadriga yetish va jahon uzra tarixan boy o‘tmishga ega o‘zbek davlatchiligi qaddini tiklash jarayoni “inson ongidayu zamon qa’rida” buyuk evrilishlar bilan davom etayotir.
Bu ulug‘ yo‘lning saboqlari ko‘p! Quyida hikoya qilinayotgan bir sulola qissasi yaqin o‘tmishimizning eng qora kunlari bo‘lmish so‘nggi qatag‘on davri voqealariga bag‘ishlangan. Shuhrat Boboyorov, uning otasi va bobosi boshiga tushgan kulfatlar, sitam va iztiroblar erksizlik zamonida har bir o‘zbek oilasi tortgan azob-uqubatlardan farq qilmaydi. Uch oylik raisning taqdiri unga taqdirdosh xalqning achchiq qismati va nihoyat, yorug‘ kunlar shukronasi bilan bevosita bog‘liq.

* * *

– Men kim – Shuhrat Boboyorov, bor-yo‘g‘i uch oygina raislik qilib, g‘araz niyatda to‘qib chiqarilgan siyosatning dahshatli changaliga tushganlardan biri edim, – deb boshlagandi u vafotidan bir yil avval Qarshi shahridagi choqqina qahvaxonada bo‘lib o‘tgan suhbatimizda. – Avvalambor, bu “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” deb atalgan siyosiy o‘yinlar qanday maqsadda amalga oshirilgani to‘g‘risida so‘zlasam.
Xo‘sh, o‘zi nima uchun kerak edi olti million tonna paxta yetishtirish? Javob shuki, sobiq ittifoq barcha sohalarda dunyoda birinchi bo‘lishga da’vogar edi. Kosmonavtikami, mashinasozlikmi, qishloq xo‘jaligimi, san’atmi, adabiyotmi, madaniyatmi, qat’iy nazar, u eng yuqori ko‘rsatkichga erishmoqqa jahd qilgandi. O‘shanda paxta tolasi bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqish uchun Moskvaga “9 million tonna” degan raqam kerak bo‘lib qoldi. Shu to‘qqiz millionning olti millioni O‘zbekiston chekiga tushdi.

* * *

Sobiq mahkum biroz sukutga cho‘mib, so‘zida davom etdi:
– Men 1983 yil avgust oyining ham yarmi o‘tib xo‘jalikka rahbar etib tayinlandim, hujjatlarda saylandi, deb yozilgan. Asli rais oilasida tug‘ilganman. Otam ham shu kolxozda uzluksiz yigirma yilga yaqin rahbarlik qilgan. 1974 yili 51 yoshida vafot etgan.
Niyatim otamning nomiga munosib bo‘lib ishlash edi. Xo‘jaligimiz viloyatdagi yagona ordenli xo‘jalik. Otam uch marta O‘zbekiston Oliy Soveti deputati bo‘lgan, ko‘p mukofotlar olgan. Vafotlaridan to‘qqiz yil so‘ng meni shu ishga qo‘yishdi.
O‘shanda paxta hosili yetishtirib bo‘lingan edi. 15 avgustdan so‘ng qancha parvarish qilinsa ham hosilga hosil qo‘shib bo‘lmagan. Buni mutaxassis sifatida yaxshi bilaman. Oradan ikki hafta o‘tib yig‘im-terim boshlandi. Yanglishmasam, 2-3 sentyabr – o‘sha vaqt Usmonxo‘jayev kelib, Qashqadaryoning yuqori rayonlari rahbarlarini yig‘ib majlis qildi. Majlis “Gulis­ton” kolxozi bog‘ida bo‘ldi. Masala bitta: qachon paxta tayyorlash rejasi bajariladi? Navbat Shahrisabz tumaniga keldi. Xo‘jalik rahbarlari minbarga chaqarilib, o‘z og‘izlari bilan va’da berishyapti. Navbat menga yetgach, 25 sentyabrlardan gapirishga to‘g‘ri kelyapti. Shunga qaramasdan, o‘z fikrimni aytdim. Kattalarning ko‘ziga yomon ko‘rinmaslik uchun, ham o‘zimni himoya qilib, xo‘jaligimiz tog‘ oldi zonasida joylashgani, hamma vaqt terimga boshqalardan besh-o‘n kun kechroq tushishimizni aytib – o‘sha vaqtlar 7 noyabr eng katta bayram hisoblanardi – bayram kunlari bajaramiz, demoqchi bo‘lganimda Usmonxo‘jayev: “To‘xta, to‘xta, sen nima deyapsan?” dedi. Men: “7 noyabr atrofida bajarishga harakat qilamiz”, dedim. Ming‘irlabroq gapirardi Usmonxo‘jayev: “Sening noyabrda bajaradigan planing – to‘rtinchi sort paxtang kimga kerak?” dedi. O‘sha vaqtda viloyat rahbari G‘oyipov edi. “Qayoqdan topgansizlar buni? Noyabr deyapti-ku, bu”, deganda G‘oyipov vaziyatni yumshatish uchun: “Yo‘q, adashdi, adashdi, 7 oktyabr deyman deb, 7 noyabr deb yubordi”, dedi. Usmonxo‘jayev mendan qayta so‘radi: “7 oktyabrmi, noyabrmi?” Men o‘z so‘zimda turdim: “Noyabr! 7-10larda bajaramiz”…
U birdaniga tutaqib, “Tush, tribunadan. Chiq. Ket. Bo‘shatinglar buni”, deb meni majlisdan haydadi. Chiqib ketayotgandim, ijroqo‘m raisi Mavlon aka Muhammadiyev orqamdan yetib keldi: “To‘xta, Shuhrat. Sen nega unaqa deding. Majlisning royishiga qarab gapirmaysanmi? To‘xtab tur, menimcha, majlisdan keyin sen bilan suhbatlashishsa kerak”, dedi. Majlis tugab, meni chaqirishdi. Rahbarlar choyga kirishayotgan ekan. Ro‘zmat G‘oyipov meni Usmonxo‘jayevning oldiga oborib: “Bu yosh yigit, ishlaydi. Muddatni adashtirib yubordi. Ruxsat bering, ishlayversin”, dedi. Usmonxo‘jayev “ha” ham, “yo‘q” ham demasdan ichkari xonaga kirib ketdi.
Men ham shu bilan ketdim. Barcha topshiriqlarni bajarib boraverdik. Hatto ikki o‘n kunlikda xo‘jaligimiz grafikni yaxshi bajargani uchun rag‘batlantirildi. Ilg‘or brigadalarga mashina berildi. Bir oy yoki qirq kun o‘tib birinchi terim tugadi. O‘sha vaqtda bizning xo‘jalik 5,8 ming, majburiyati bilan 6 ming tonna; tuman 62,5 ming, viloyat – 600 ming, res­publika 6 million tonna paxta topshirishi kerak ekan. Yuqoridan turib, teppa-teng taqsimlanganga o‘xshaydi. Kulgili nisbat…
Bu – har gektar yerdan 38 tsentnerdan konditsion hosil olinganda ham bajarish qiyin bo‘lgan reja edi. Xullas, birinchi terim tugagandan ke­yin kunlik topshiriqni bajarish og‘irlashib boraverdi. O‘sha yili iyul oyida Shahrisabz tumaniga avval viloyat prokurori bo‘lib ishlagan Halil aka Xoliqov birinchi kotib bo‘lib kelgandi. U doim “qo‘shib yozishga yo‘l qo‘ymaymiz, bu yaxshilikka olib kelmaydi”, deb majlis o‘tkazardi. Bizlar: birinchi kotib shu fikrida tursa, hammamiz tinch bo‘lamiz, deb juda xursand edik. Lekin bu odam ahdida bir oydan ziyodroqqina turib berdi, xolos. Viloyatdan yuborilayotgan vakillar ketma-ket almashaverdi… 20 oktyabrda Shahrisabzga obkomning ikkinchi kotibi Ivan Golovachyov keldi. Hamma ishning buzilishi shundan boshlandi. “Qo‘shib yozishga yo‘l qo‘ymaymiz”, deb yurgan Xoliqov ham bu gapni aytmaydigan bo‘ldi, uning kayfiyati kun sayin tushib ketaverdi. Biz: “Mahkam turing”, deb ko‘p aytganmiz. Biroq Golovachyov kelganda birinchi terim tugagan, yuqoridan qo‘yilayotgan rejani bajarishga mutlaqo imkon qolmagandi.
Paxta tozalash zavodidagi shtabda har kuni Golovachyov yarim kechgacha o‘tiradi. U o‘zbek tilida yaxshi gapirardi. O‘sha “razbor” degani kech soat 10-11larda boshlansa, 2-3 gacha davom etardi. Ivan Iosipovich odamlarni yuzing-ko‘zing demay rosa haqorat qilardi. Unga yolg‘ondan bo‘lsa ham kunlik topshiriqni “bajarish”ing kerak edi. “Bajarmagan”ni haqorat qilardi. Oktyabr oyi oxirlarida 80 tonna, cho‘ldagi Shahrisabz massivi hisobidan 20-30 tonna, jami 100-110 tonna paxta topshirib kelayotgandik.
20 oktyabrlardan keyin, bir kun navbatim kelganda “razbor”ga kirsam, Golovachyov, Xoliqov, paxta zavodi direktori Suyun Jo‘rayev o‘tirishgan ekan. Golovachyov birdaniga paxta qancha bo‘ldi, deb so‘radi. Men: “Xo‘jalikdan 80 tonna, hali cho‘lnikini xabarini olganim yo‘q”, endi aytishadi deganimda, “E, massivingni bilmayman. Seniki bugunning o‘zida 130 tonna bo‘lgan”, dedi. “Qanaqasiga 130 tonna?! Hozir paxta punktidan kelayapman: 80 tonna topshirdik”, deganimda u “Sen ilon, chayon, 130 tonna paxtani joyiga qo‘yasan. Chiq, ket!” dedi. Shtabga telefon qildim: “Biz 80 tonna paxta topshirdik-ku?!” Shtabda o‘tiradigan Bozor Mardonov “Yo‘q, Shuhrat, sen 130 tonna paxta bergansan”, dedi. “Qanaqasiga?” desam, “O‘zing tushunib olasan”, deb javob qildi…
Qo‘shib yozishga majburlash shu tarzda boshlandi. Shunday bo‘lsa ham to‘g‘ri ma’lumot berib boraverdik. 80 tonna yuqori zonadan, Shahrisabz massividan 20-30 tonna paxta terilayapti. Biroq besh-olti kun ichida haqiqiy terim bilan paxta shtabi ma’lumoti o‘rtasida 300 tonnaga yaqin farq paydo bo‘ldi. Ya’ni qo‘shib yozilgan soxta ma’lumot…
Shu orada Sharof Rashidov vafot etdi. U kishi “paxta fronti jangchisi” edi, shu “front”da halok bo‘ldi. Butun respublikada motam… Olti million tonna degan raqam Pomiru Everestdek qo‘l yetmas bo‘lib turaverdi. Shunday bo‘lsa ham, o‘ylayman: balki tumanimizga Golovachyov obkomning zo‘ravon vakili bo‘lib kelmaganida, bu tashvishlar boshimizga tushmasmidi?! Noyabr oyi boshlandi. Terim oxirlayapti. Ayni shu kezda Golovachyov yana majlis qilib hammani — o‘qituvchimi, xo‘jalik rahbarimi, erkak yo ayolmi, farqi yo‘q, qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlay boshladi. Bir kuni men: “Ishlamayman”, deb majlisdan chiqib ketdim. O‘shanda plan to‘lmayotgani uchun xo‘jaliklarda zarbdor brigadalar tuzilgan edi. Chorvami, bolalar bog‘chasimi, maktabmi – hamma joyda zarbdor brigada tashkil qilingan.
Belimga fartuk taqib dalaga chiqib ketdim. “Razbor”larga bormadim. O‘sha vaqtlar ratsiya bo‘lardi. “Tez yetib kel”, deyishsa ham bormadim. Ertasi kuni “Raykomga chaqirishyapti”, deb mashina yuborishdi. Imkon topib, Xoliqovga uchradim. “Xalil aka, noto‘g‘ri ishlar bo‘lyapti. O‘zingiz qanaqa va’dalar qiluvdingiz”, deganimda, u: “Shuhrat, sen nimani bilasan? Bu Golovachyov bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. U – Moskvaning odami. Sen kabi raisnigina emas, menday raykom kotibini ham yo‘q qilib yuboradi”, dedi. Qisqasi, ish tazyiq ostida davom etaverdi.
Yana bir kuni, 3-4 noyabrlarda “Guliston” xo‘jaligida katta majlis bo‘ldi. Uni Xudoyberdiyev o‘tkazdi. Yana: “Paxta tayyorlash planini bajarasizlar”, degan gap. Men 15 daqiqa kechikibroq keldim, sekin borib raislar safiga kirdim. Golovachyov, ayniqsa, menga qattiq yopishgandi. O‘zbekcha, ruscha so‘zlarni qo‘shib, aralashtirib, “Tы slыshkom umnыy, slыshkom gramotnыy”, deb zahrini sochaverdi. Fursatdan foydalanib, meni Xudoyberdiyevga so‘ktirmoqchi bo‘ldi. Raislar safida turganimda qo‘limdan ushlab Xudoyberdiyevning oldiga olib chiqdi: “Mana, ketib qolgan rais…”
Men salom berdim. U kishi otamni yaxshi bilarkan. “Sizning rais bo‘lganingizni eshitib, xursand bo‘ldik. Sizga ishonamiz. Hamma topshiriqni bajarasiz. Ertaga yana kelaman, xo‘jaligingizga boraman. Albatta, uydagilarga, G‘ani akaning nabiralari, bolalariga salom ayting”, dedi. Shundan so‘ng Golovachyov hech narsa deyolmay qoldi…
Ayni o‘sha vaqtlar Andropov Markazqo‘mning Bosh sekretari edi. Keyin eshitsam, u Rashidovga nisbatan beg‘araz, xolis munosabatda bo‘lmagan. Qandaydir o‘chi bor ekan. Shuning uchun O‘zbekistonga desant tashladi. Qatag‘on boshlandi: tekshir-tekshir, qama-qama. Hamma vahimada, yurak hovuchlab yuradi. “Bugun falonchini qamabdi”, ertaga yana: “Falonchi qamalibdi. Falonchi vafot etibdi”, “Falonchi o‘z joniga qasd qilibdi”… Bunday gaplar juda ko‘payib ketdi.
1984 yilning ko‘klami. Chigit ekib bo‘lingan, besh-oltita chinbarg ham chiqqan. Kechagiday esimda: 26 aprel kuni tumandagi majlisdan qaytayotgandik. Shahrisabzda quyosh charaqlab turibdi. Biroq xo‘jaligimiz ustida bir parcha qop-qora bulut. Bahor havosi emasmi – bir kilometr joyda yomg‘ir yog‘ib, ikkinchi kilometrda yog‘may ham turadi. Yetib borsam, qattiq do‘l va jala yog‘ayotgan ekan. Sel kelishi aniq edi. Men sel yig‘ilib, to‘planib oqadigan bir joyni bilardim. Haydovchiga: avval o‘sha yerga hayda, dedim. Borsam, dalaning ichidan loyqa suv otilib chiqyapti. Suvning “shashti”dan bildimki, ekkan paxtamizning 60-70 foizi jala va do‘l ostida qolgan…
Qorong‘i tusha boshlaganda idoraga keldim. Odamlar tashvish-tahlikada. “Nima gap?” desam, “Tergovchilar kelishdi. Buxgalteriyaning barcha hujjatlari, kassani qulflab, Sizni kutishyapti”, deyishdi. Ichkariga kirdim. Orqamdan kelishib, o‘zlarini tanishtirishdi. “Hujjatlarni olayapmiz”, deyishdi. “Mayli, olinglar”, dedim. Shu tariqa bizning xo‘jalikdayam tergov va taftish boshlandi.
Endi o‘ylab qarasam, 83 yil hisobidan uch oy, 84 yilda uch oy – jami olti oy ishlaganman. Odam bolasini mensimaslik, haqoratlash, oyoqosti qilish – ana o‘sha tergovdan boshlandi. U yog‘ini gapirish juda og‘ir: bugun prokuraturaga, ertaga militsiyaga, keyin Toshkentga – MVD, Prokuraturaga… Viloyat prokuraturasi bir kun tinch qo‘ymaydi.
Alam qiladigan og‘ir gaplar, 84-yil may oyidan boshlandi. Prokuraturaga chaqirishib, “Falon xonaga kiring”, deyishdi. Hozir millatini ham bilmayman: yo Kartashyan, yo Kartashov edi (Gdlyan guruhi a’zosi va uning yurtdoshi Albert Kartashyan). Yosh. Mensimasdan ism-familiyamni so‘rab, protokolni oldimga qo‘ydi. Kalondimog‘lik bilan muomala qilib, qo‘rqitishga o‘tyapti: “Hoziroq seni qamoqqa olaman”, deydi. Men o‘z haq-huquqimni ozroq bilardim: “Prokuror sanktsiyasisiz qandoq qamoqqa olasiz? Bu ishda bizlarning biror manfaat ko‘rgan joyimiz bormi?” dedim. “Senga sanktsiya kerakmi? Mening o‘zim sanktsiya!” dedi. So‘ng papkasidan bir pachka qog‘oz olib: “Qancha sanktsiya kerak sanga?” deb oldimga tashladi. Qarasam, haqiqatdan familiya, ism qo‘yilmagan, pechatlangan, prokuror imzolagan sanktsiya. “Men istagan odamimni qamoqqa olaman”, dedi.
Shu zaylda odamning g‘ururini toptaydigan bosim bilan so‘roq davom etaverdi. Bu yoqda taftish ketayapti. Orada chigitni qayta ekdik. Bir amallab ko‘chatlarni undirib oldik. Xo‘jalikning ko‘rsatkichlari yaxshi edi. Mavsum o‘rtasida viloyat rahbari Turopov kelib, daladagi ishlardan xursand bo‘ldi. “Bahorda seldan ko‘p talafot ko‘rgandingiz. Mana, chigitni qayta ekib-ko‘kartirib olibsiz, hosil yaxshi”, dedi. Shunda raykom sekretari Yanvar Inoyatov meni chetga tortib: “Shuhrat, dardingni ayt, hozir. Kayfiyati yaxshi ekan”, dedi. Men ikkilanib turganimda Yanvar Po‘latovichning o‘zi gap boshlab qoldi: “Normo‘min Turopovich, raisning bir dardi bor, aytmayapti”. “Nima gap rais, ayting”, deb so‘radi viloyat rahbari. Men: “Normo‘min Turopovich, bu tergov bilan taftish bizlarni rosa charchatdi. Shu vaqtgacha guvohsan, gumondorsan, deb so‘roq qilishayotuvdi. Endi ayb­lanuvchi deb protokol tuzishyapti. Qachongacha davom etadi bu?”, deganimda Turopov shimining kissasini ko‘rsatib: “Cho‘ntakka hech narsa tushmaganmi?” dedi. Men: “Yo‘q. Agar o‘z manfaatimizga biror so‘m o‘zlashtirgan bo‘lsak, oliy jazo berishsa ham roziman. Buni taftishdayam, tergovdayam isbot qilib beraman”, dedim. “Unda qo‘rqmang, kayfiyatni buzmay ishlayvering. Qattiq ishlang”, dedi.
Ular ketishgach, o‘zimni ancha bosib oldim. Shunchaki, tekshirish ekan-da, deb o‘yladim. Yo‘q, aksincha tergov avjga chiqdi. Qanday ishlayotganimizni ham bilmaymiz. Hamma xo‘jalik rahbarlari tushkun ahvolda. Nima qilishni bilmaydi… Orada 84-yilning dekabri ham keldi. “Cho‘ntagingizga kirmagan bo‘lsa – qo‘rqmang, ko‘ngilni buzmasdan ishlayvering”, degan Turopov katta bir majlisda: “Bularning hammasini bo‘shating”, deb topshiriq berdi. Bor-yo‘g‘i olti oy ishlab bunaqa “tavqi la’nat”ga duchor bo‘laman deb, o‘ylamagandim. Juda uyat bo‘ldi. O‘zimdan ham ko‘ra, ajdod-avlodlarim sha’niga nuqsi urmasaydi, deb ichimni it tatalaydi. Nima degan odam bo‘ldim?.. Boshimni ko‘tara olmayman. Yuragimga qil ham sig‘maydi. Lekin men singari beayb baloga qolgan xo‘jalik rahbarlari ko‘p edi. Ular bilan yig‘ilishib turamiz. Keyinroq barcha xo‘jalik rahbarlari vazifadan olib tashlandi.
Mayli edi ishdan ozod qilib, tinch qo‘yishsa. Yo‘q, tinimsiz so‘roq-qistov: Toshkentda, IIV yerto‘lasida va hokazo… Xullas, so‘roq berish 86-yilning apreligacha davom etdi. Umrimizning ikki yili tergovda, taftishda o‘tib ketdi. Boshimizni urmagan joy qolmadi. Keyinchalik bildikki, huquq organlari ishi to‘lig‘icha desantchilar qo‘liga o‘tgan ekan. Buturlin, Usatov, Gaydanov, Didorenko… Eshitib yuribmiz: ana shu – Didorenko degani xo‘jayin. IIVga so‘roqqa boramiz. Hamma zir titraydi.
Bir marta, esimda, Shahrisabz va Kitob tumanlari rahbarlari Markazqo‘mga bordik. Ma’muriy bo‘limda alohida qabul qilishdi. Gaydanov va Didorenko o‘tiribdi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rahimov o‘zbekcha so‘zladi. Bir ko‘rishdan bildim: yaxshi inson ekan. Arzga kelgan barcha xo‘jalik rahbarlari dardini ruscha aytib berdi. So‘ng raislarga: “Talablaringni rus tilida aytinglar, sizlarda gunoh yo‘qligini tushunib turibman. Hamma ish bularning qo‘lida”, deb Gaydanov va Buturlinni ko‘rsatdi. Hamma xo‘jalik rahbarlari ham fikrini ruscha bayon qilolmadi. Men o‘tirgan joyimdan o‘zimcha ikki og‘iz tilmochlik qilgandim, yaqinroqqa chaqirib olishdi. Xullas, o‘sha yerda yigirma uch kishi o‘z “dardi”ni o‘zbek tilida aytishdi, men rus tilida tushuntirib bordim. Oxirida Gaydanov mendan so‘radi: “O‘zing kimsan, bu yerda nima qilib o‘tiribsan?” Men: “Shahrisabz tumanidagi Lenin nomidagi kolxoz raisiman. O‘zimning ham dardim shu, shuning uchun kelganman”, dedim. Qo‘lida ro‘yxat bor ekan. Unga qarab: “Sen hali ham ochiqda yuribsanmi? Biz seni nega qamoqqa olmadik?” dedi.
Keyin tushunsam, arzgo‘ylarning dodini ruscha tushuntirib berganim yoqmagan ekan ularga. Biror natijasiz chiqib ketaverdik. Yana o‘sha xo‘rlash, yana o‘sha tahqir. Tajribasi katta raislar: “Endi faqat Moskvadan najot topamiz, degan xulosaga kelishdi. “Sen yoshroqsan”, deb meni tanlashdi. To‘rt kishi – Shahrisabzdan, besh kishi – Kitobdan Moskvaga jo‘nadik. Markazqo‘mga bir emas, ko‘p murojaat qildik. Arzimiz, muddaomizni aytdik. Ma’sul xodim dardimizni eshitib bo‘lgach: “Shu gaplaring uchun javob bera olasizlarmi? Haqiqatan shunaqa bo‘lganmi?” deb ovozimizni yozib oldi. Biz: “Har bir so‘zimiz, arizadagi har bir harf uchun javob beramiz. Bor gap – shu”, deganimizdan keyin: “Men rahbariyatga arzlaringizni yetkazaman”, deb telefon nomerini berdi. “Ikki-uch yo to‘rt kundan so‘ng xabarlashinglar”, dedi. Bir hafta kutsak ham javob bo‘lmadi. Qo‘ng‘iroq qilganimizda: “Hali javob ololganim yo‘q”, deydi. Axiyri: “Qaytaveringlar. Qanaqa qarorga kelsak, xatni O‘zbekistonga jo‘natamiz”, dedi.
Moskvaga borib qanoatlanmasdan qaytdik. Bir marta “Tegishli organlarga jo‘natdik”, degan mazmunda xat keldi. Respublika ommaviy axborot vositalaridan birontasi bu ishga qo‘l urishiga ko‘zimiz yetmadi.
Bu maqola yo yozilmadi yoki yozilsa ham “LG”da e’lon qilinmadi…
Bu ishlar boshlanganidan so‘ng bir yarim-ikki yil o‘tdi. Ish shu qadar keng quloch yoydiki, respublikaning qayeriga, qaysi viloyat, qaysi tumanga bormaylik, “falonchi qamalibdi” degan gap. Tanish-bilishlar: “Bizlarda ham shu ahvol”, deyishadi. Birga o‘qigan, birga ishlagan, rahbar bo‘lgan do‘stlarimiz bor. Boshqa tumanlardagi tanish-bilishlar bilan uchrashamiz, telefonlashamiz, “Nima bo‘layapti?”, deb so‘raymiz. Men-ku, Moskvadan qaytgandan so‘ng “qo‘limni yuvib, qo‘ltiqqa urib”, bo‘ldi endi, foydasi yo‘q ekan, degan xulosaga kelgandim. Baribir, biror kun yaxshi gap eshitamizmi, degan ilinj ham yo‘q emas. Sal fursat o‘tib, Ichki ishlar vazirligi chaqirdi. “Advokat bilan kelinglar. Ayblov fikrini qo‘llaringizga beramiz”, deyishdi. Advokat bilan borib, to‘rtta modda qo‘yilgan “Ayblov fikri”ni olib qaytdik. “Endi sud bo‘lishini kutasizlar”, deyishdi.
Xullas, so‘roq boshlandi. Ayblov fikrini o‘qib, sudya ham o‘zini shunaqangi tutdiki… “Uyushgan jinoiy guruhga boshchilik qilib, yuqori tashkilotlarning noqonuniy topshiriqlarini bajarib, jamoat va davlat mulkini talon-toroj qilgan…”. Bu gaplarga “ilon ham po‘st tashlaydi”.
Taftishda ham, tergovda ham xo‘jalikning biror a’zosi o‘z manfaati uchun biror so‘m mablag‘ o‘zlashtirmagani aniq ko‘rinib turgan bo‘lsa! Biz umumiy mulkni talon-taroj qilmagan, o‘z manfaatimizga bir so‘mni ham o‘zlashtirmagan bo‘lsak, axir, qanday qilib bunday ayb qo‘yiladi? Huquq posbonlarining qonunga zid xatti-harakati mana shu joyda yaqqol ko‘rinib qoldi. Keyin huquqshunoslar bilan maslahatlashsak, bu “ayblovni noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilish”ga kirar ekan… Xullas, sud ikki oydan ko‘proqqa cho‘zildi. O‘shangacha Toshkentga borsak ham, Moskvaga borsak ham –“ish bilan borib-keldik”, deb yuribmiz. Baribir onaning ko‘ngli sezarkan. Aka-ukalarimga “sudga onamni olib kelmanglar”, deb aytaman… Xullas, oradagi tanaffus vaqtlari protokolsiz ham suhbatlar bo‘lib qoladi.
Bizga majburlab “topshiriq” berganlarning ko‘pi qamoqda edi. Lekin ochiqda yurganlar ham bor. Paxta shtabi boshlig‘i, boshqa vazifadagi odamlar, ayniqsa, Golovachyov! U obkom kotibligidan olingani bilan ochiqda yurgandi. Alam qiladigan joyi shundaki, “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” deb juda ko‘p odamlar qamaldi. Ularning qanchadan-qanchasi o‘z joniga qasd qildi. Yana qanchasi qamoqda, o‘lib ketishdi. Qanchadan-qancha oilalar boquvchisiz qoldi, bolalar yetimlik azobini tortdi. Nahotki, bunday haqsizlik faqat bir millat uchun o‘ylab topilgan bo‘lsa?
Biz suddan Golovachyovni guvoh sifatida chaqirishni so‘radik. “Bizga qanday tazyiq o‘tkazgani, “qo‘shib yozish usuli” qanday sharoitda amalga oshirilganini aytib bersin”, dedik.
Golovachyov kelasolib men bilan quchoqlashib ko‘rishmoqchi bo‘ldi. O‘zi sud bo‘lib yotibmiz. Qo‘limniyam cho‘zmadim. “Kirib guvohlik bering, bor gapni ayting. Keyin ko‘rishaveramiz”, deb sud binosiga qarab ketdim. Sudlanuvchilarning hammasi bosh aybdorlarning bittasi shu ekanini yaxshi bilardi. Hamma tishini g‘ijirlatayapti, kimdir so‘kayapti, “Hamma baloni shu boshladi”, deb barmog‘i bilan ko‘rsatayapti.
Sud birinchi bo‘lib mendan: “Guvohga savolingiz bormi?” deb so‘radi. Men: “Nima bo‘lganini o‘zi aytib bersin. Kechasi soat uchgacha odamlarni haqoratlab, paxtaning svodkasini qalam bilan yozib berardi: bu xo‘jalik shuncha, bu brigada buncha deb”, dedim. U sudyaga qarab riyokorlik qildi: “Men o‘zbek tilini yaxshi bilmayman. Bular nima deyayotganini tushunmayapman”, dedi. Holbuki, o‘zbek tilini juda yaxshi bilardi. Sudlanuvchilarning hammasi Golovachyovning “qo‘shib yozish usuli”ni aytib berishdi. O‘shanda sudning ehtiyot chorasini o‘zgartirib, uni gumondor sifatida sud zalining o‘zidayoq qamoqqa olishga huquqi bor edi. “Alohida ajrim chiqaramiz Golovachyov qismi bo‘yicha”, deb unga javob berib yuborishdi…
Baribir ko‘pning qarg‘ishi tegar ekan… Golovachyov o‘sha ishlardan keyin O‘zbekistondan ko‘chib ketdi. Oradan ancha yillar o‘tib eshitsak, u Minsk shahrida, o‘g‘lining uyida yashagan ekan. O‘g‘li xizmat safariga ketib, uyda bir o‘zi qolib ketadi. Hech kim yo‘g‘ida o‘ladi. Uyda it bo‘lgan. It ovqat topa olmay ancha vaqt och qolib, uning murdasini yegan, deyishadi. Mana shu-da, ko‘pchilikning qarg‘ishi urgani. Xudoning o‘zi jazosini beribdi!..
Xullas, qamoq jazosi boshlandi. O‘n bir yil aytishga oson. Hayotdan butunlay umidimizni uzdik. Bizlarni – dalada yurgan oddiy dehqon odamlarni dini yo‘q, millatining tayini yo‘q, kallakesar, g‘irt jinoyatchilar ichiga olib borib tiqishdi. 1440 kishiga mo‘ljallangan qamoqqa ikki ming kishi tashlangan. Kamerani-ku, aytmay qo‘ya qolaylik, o‘n kishiga mo‘ljallangan joyga 45-50 kishini tiqib tashlashgan. “Paxta ishi” bilan qamalgan odamlar shu yerda ham xokisor: bir-birimizni himoya qilolmaymiz. Bizlar borgan zonada Xudodan qaytgan kazzoblar ko‘p edi. Qamoqxona ma’muriyati ularga “g‘ing” demaydi. Mening yo‘qotadigan hech narsam qolmagan. Bor-yo‘g‘i olti oy ishlab, nohaqlik azobini bo‘yinga ilganman. Jonim ko‘zga ko‘rinmaydi. Ey, kelib-kelib shularga bo‘ysunamanmi, deyman. Xullas, o‘shalar bilan mening o‘rtamda nizo kun sayin kuchayib boraverdi…
Qamoqqa tushganimizga olti-etti oy bo‘lganda qisqa muddatli uchrashuv berildi. O‘zim qiynalsam ham onamni ko‘proq o‘yladim. “Bu nima qilganim bo‘ldi? Onamni tamom qildim-ku”, deb iztirob chekdim. O‘sha uchrashuvda onam bilan, oyna ortidan turib telefon orqali gaplashayapmiz. Xudoga shukur, onam bardam va tetik ko‘rindi. “O‘g‘lim, yaxshimisan?”, – dedi. Shundan sal oldin onam rahmatli, rahmatli akam viloyat rahbariga uchrashishgan ekan. Shu sabab onam ozroq o‘zlarini tutib olib, meni xursand qilgisi kelgan ekanlar: “O‘g‘lim, viloyatning yangi rahbari bilan uchrashdik. U kishi yaxshi muomala qildi. “Men o‘rganib chiqdim, viloyatda bitta sizning o‘g‘lingiz emas, juda ko‘p kishi nohaq qamalgan. Endi ozroq sabr qilinglar. “Paxta ishi”ni jiddiy o‘rganayapmiz. Bolalaringizni bag‘ringizga qaytaramiz, deb va’da berdi u kishi”, dedi.
Bu gapga u qadar ishonmagan bo‘lsam-da, onamga dalda bo‘lsin deb, o‘zimni xursand qilib ko‘rsatdim: “Mana, ko‘rdingizmi ona, haqiqat baribir yuzaga chiqadi. Siz o‘zingizni ehtiyot qiling. Men yaqinda boraman. Hammasi o‘tib ketadi”, deb ular bilan xayrlashdim. Ikki-uch kun, hafta ichida boshqa mahbuslardan ham shunday gaplarni eshita boshladik. Lekin bu mish-mish gap: qanchalik to‘g‘ri, qanchalik noto‘g‘ri – buni ichkarida turib bilmaymiz. Buning ustiga ko‘p joydan haqiqat izlab, yordam so‘rab, hech bir natija bo‘lmagani uchun ishona olmaymiz ham.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay: “Qashqadaryo viloyati rahbari respublika rahbarligiga o‘tdi”, degan xabarni radio orqali eshitdik. Men o‘shanda odamlarning birinchi marta xursand bo‘lganini ko‘rganman. Ana endi bu tavqi la’natu azoblardan qutulamiz. Islom Abdug‘aniyevich Markazqo‘mning birinchi sekretari bo‘libdi”, degan gaplar. Hammaning ko‘zida quvonch, bir-birini tabriklagan. Haqiqatdan ham ko‘p vaqt o‘tmasdan…
To‘g‘ri, boshida bizni hech kim “Bor ketaver”, deb qamoqdan ozod qilib yubormagan. “Shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilinsin”, degan moddalar bo‘lardi. Shu tariqa uch yilu o‘n oyda – 1990 yilning 19 fevralida uyga qaytdim… Qamoqdan ozod bo‘lganimizga shukur qilib, Yaratganga rahmat aytib yuribmiz. Yana ko‘p vaqt o‘tmasdan: “Endi to‘liq oqlanasizlar”, degan gaplar eshitilib qoldi. Bizni Toshkentga chaqirishdi. Borsak, respub­lika Oliy sudida paxta ishlari bo‘yicha nohaq jabrlanganlar ishini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tuzilgan ekan. Uning raisligiga Ismoil Jo‘rabekov tayinlangan. Muovini – Abdusamat Polvonzoda. Bu komissiya nohaq jabrlanganlar ishini sinchiklab o‘rganib, adolatni qaror toptira boshlagan kezlar edi. O‘shanda viloyatlar bo‘yicha ham nohaq jabrlanganlar ishini ko‘rib chiqish uchun kerakli hujjatlarni tayyorlash jarayoniga huquqshunos mutaxassislar jalb etilgan ekan…
Abdusamat aka bilan Oliy sudning qaysidir qavatida uchrashib, liftda birga pastga tushdik. U kishi meni komissiya ish olib boradigan xonaga boshlab kirdi. Shu ish bo‘yicha shug‘ullanayotgan Tursunov degan yigit bilan salomlashdim. U meni tanigani uchun: “Shuhrat aka, mana, sizlarning ishingiz bo‘yicha shug‘ullanayapmiz. Yaqin kunlarda “harakatlarida jinoyat alomati yo‘qligi uchun oqlandi, degan hujjatni olasiz”, deb meni xursand qilmoqchi bo‘ldi. Biroq qamoqda jabr chekkan safdoshlarim esdan chiqmadi: Ziyodullayev degan raisimiz qamoqdan chiqib kelib, bir oydan so‘ng vafot etdi. Qosim Toshev degan rais buvamiz bo‘lardi, u kishi esa qamoqxonaning o‘zida vafot etgan. Men Tursunovdan: “Birinchi bo‘lib Ziyodullayev bilan Qosim Toshevning hujjatlarini hal qilib beringlar”, dedim. Tursunov mening nima deyayotganimni tushunmadi-da: “E, Shuhrat aka, avval o‘zingiznikini hal qilib beraylik”, dedi. Birdan ichimda dard qo‘zg‘alib, Tursunovga: “E, og‘ayni seni oqlandi degan qog‘ozlaringni endi ularga keragiyam yo‘q. Ular o‘lib ketdi. Bola-chaqasi xursand bo‘lsin”, dedim.
Abdusamat aka xonadan ketmagan – orqamda turgan ekan. Kelib yelkamga qo‘lini tashlab, Tursunovga shunday dedi: “Ko‘rdingmi, qanday odamlarni qamab qo‘yganmiz. Shu yerda ham o‘zini emas, vafot etganlarning hujjatini tezroq qilib beringlar, deyapti. Bu kishi aytgan odamlarning hujjatini tez topinglar”, dedi-da: “Men bilan bu yoqqa yuring”, deb xonasiga olib bordi. Shunda ham to‘liq oqlanishga u qadar ishonmayman, Abdusamad akaning iliq muomalasi sabab botinib so‘radim: “O‘zi yugurib yuribmiz-u, biroq oqlanamizmi, yo‘qmi?”. U kishi: “Ey, Shuhrat, – dedi menga, – orqangizda kim turganini bilasizmi?”. “Yo‘q, bilmayman”, dedim. Abdusamad aka stoli tortmasini ochib: “Buni bir o‘qib ko‘ring”, dedi. Ko‘rsam, SSSR Oliy sudi raisidan Yurtboshimiz nomiga kelgan xat. Unda V.Terebilov: “Siz huquq organlari ishiga qo‘pol ravishda aralashib, jinoyatchilarni ozod qilib yuborayapsiz. Bunday qilish mumkin emas”, degan mazmunda dag‘dag‘a qilgan. Islom Karimov esa o‘sha xatning ustiga: “Arxivga. Tarix uchun!”, deb yozib qo‘ygan ekan. Abdusamat aka shuni ko‘rsatib: “Ko‘rdingizmi, kim turibdi ortingizda!” – dedi.
– Bizlar bu xatni u kishiga olib borganimizda, otib yuborib: “Tashla buni arxivga. Begunohlarning hammasini oqlaymiz!” deganlar.
– Shu voqeadan, ya’ni respublika Oliy sudidagi ushbu muloqotdan so‘ng fikrim tiniqlashdi, – deb davom ettirdi gurungimizni Shuhrat Boboyorov. – Islom Abdug‘aniyevichning bu qadar katta qat’iyat bilan qanchalar og‘ir yukni yelkasiga olib ishga kirishganini to‘liq idrok eta boshladim. Bizlar-ku, o‘zimizning boshimizga tushgan tashvishdan shuncha ezilganmiz. Lekin bu odam shuncha kishining, butun bir xalqning yukini yelkasiga olishga o‘zida qanday kuch topa oldi ekan? U kishining bir o‘zi bo‘lsa – butun bir Moskva, butun bir SSSRning siyosatiga qarshi borish uchun odamda filning yuragi bo‘lishi kerak emasmi! Men Islom Abdug‘aniyevich qanday qilib bu ishga jazm etdi, deb ming marta o‘ylagandirman. U kishi Qashqadaryoda ishlab yurgan vaqtlari juda ko‘plab oilalar hayotini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Tumanlar, butun voha odamlari bilan muloqotda bo‘lgan. Ulardan eshitgan gaplar yuragida dard bo‘lib yig‘ilavergan: “Xo‘p, bittasi, ikkitasi aybi uchun, qonunga zid nomaqbul ishi uchun qamalgan bo‘lsin. Lekin birdaniga shuncha odam jinoyatchi bo‘lishi mumkinmi? Ikkinchidan, bular jinoyatchi bo‘lsa, ularning yashash sharoitini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman-ku. Uyiga borsang, turmushi nochor odamlar ahvoliga boqib, yuraging titilib ketadi. Bolalar, ayollarning yuzida qon yo‘q. Shunday odamlar ham o‘g‘ri bo‘ladimi? Yo‘q!”. Bunday iztirobli o‘ylar u kishiga tinchlik bermagan. Qamalganlarning ko‘plari usta paxtakor, xalq ichida obro‘yi katta insonlar bo‘lishgan. “Shunday odamlar-a. Yo‘q, bu ishga xotirjam qarab bo‘lmaydi”, degan qat’iyat o‘sha vaqtlardayoq yuragiga o‘rnashgan. Qamoqdan chiqib kelganimdan so‘ng rahmatli onam bir gapni aytib berdi. Islom aka: “Aybsiz bo‘laturib javobgarlikka tortilgan odamlar oilasidan xabar olib turinglar. Uyiga borsang yoqishga o‘tini yo‘q, yeyishga… Ro‘zg‘ori arang o‘tib turgan odamlar ham shunaqa jazo oladimi?” degan.
Albatta, Islom akaning bunday katta yukni zimmasiga olishiga o‘sha paytlar Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov singari mashhur adiblarning markaziy matbuotda, Kremlning s’ezdlar saroyidagi chiqishlari – “paxtaning bexosiyat ne’matga aylangani” haqida kuyunib so‘zlaganlari, atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning “Million egatlarga sochilgan o‘zbek”, “Ushoq chigitni ham etmay deb uvol, Million egatlarga egilgan xalqim!” singari tagdor misralari katta turtki bo‘lgan bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman…

* * *

Xohlasam, xohlamasam – o‘sha “antiqa sud” jarayonidagi epizodlar qayta-qayta yodga kelaveradi. U yerda aytilgan gaplarning barchasi deyarli yod bo‘lib ketgan. Bizning tilimizni tushunmaydigan prokuror Durdimetov menga savol berayapti. Xo‘jaligimizning bosh hisobchisi rahmatli Avloqul bobo Qodirov ayblanuvchi sifatida javob beryapti. U 1923 yilda tug‘ilgan, otamning qadrdon do‘sti, ikkalasi bir kunda urushga ketishgan. 1945 yilda Berlinda partiyaga o‘tgan. Agar tarjimai holini aytib bersa, sobiq kommunistik tuzumga u kishidan ko‘ra sodiq odam Moskvaning o‘zida ham topilmaydi. Avloqul bobo nafaqat ikkinchi jahon urushi qatnashchisi sifatida, balki undan keyin – tinchlik yillari olgan mukofotlari bilan ham aqlingizni shoshirib qo‘yardi. Adashmasam, qirqqa yaqin orden-medallari bo‘lardi. U kishi urushdan so‘ng GDRni tuzishda qatnashib, 47-yili qishlog‘iga qaytib kelgan. Mening raislik davrimda ham ishlab turgandi. Durdimetovning so‘roqlariga: “Men bu katta kuchga qarshi chiqolmaganman”, deb javob berdi. Avloqul bobo rus tilini juda yaxshi bilardi, hatto urushdan so‘ng olmonlar orasida yurib, nemis tilini ham o‘rganib ketgan ekan. Durdimetov: “Sudlanuvchi Qodirov! Siz urush vaqti fashistlardan qo‘rqmay, Stalingraddan Berlingacha boribsiz. Nima uchun tinch davrda “pripiska qilasan” deganlarga qarshi chiqolmadim, qo‘rqdim, deyapsiz?” desa bo‘ladimi? Avloqul bobo, yoshi katta bo‘lishiga qaramasdan, gapga usta, hozirjavob odam emasdi. Juda kamtarin, hokisor inson edi. Nima deyishni bilmay to‘xtab qoldi…
Men chidab turolmadim! “Mumkinmi, men javob bersam”, deb ruxsat so‘rab, fikrimni aytdim. Qo‘ldan kelgancha rus tilida gapirdim. “Urush yillari boboy kimga qarshi kurashish kerakligini yaxshi bilgan”, dedim.
Yana bir ayanchli, odamni kulib turib yig‘latadigan voqea bizlar qamalib ketganimizdan keyin bo‘lgan ekan. Shahrisabzning tog‘ zonasida paxta o‘smaydi. Shodi Mo‘minov degan yaqin og‘aynim bo‘lardi. U Buxoroning Qorovulbozoriga yaqin – bizdan 300 kilometr uzoq Shahrisabz massivida paxta ekdi. U yashaydigan joydagi odamlar faqat kartoshka ekishgan, chorva, bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Shu ham uch yuz chaqirim joyga majburan borib, jazirama sahroda paxta yetishtirgani uchun sud bo‘lib qamaldi. Uni “soxta hujjat tayyorlab, 75 ming so‘mlik qo‘shib yozishga yo‘l qo‘ygan” degan ayblov bilan sudga chaqirishdan oldin o‘sha xo‘jalik a’zolari: “Raisimizni, buxgalterimizni, odamlarimizni qamamanglar – mayli biz shu 75 ming so‘mni to‘lab beramiz”, deb haqiqatan o‘shancha pulni to‘lashgan. Sudga pul to‘langani haqida hujjat taqdim etilgan. O‘ylashimcha, ularni sud qilgan sudyalar ham bechora oddiy dehqonlarning begunoh ekanini tushunib turishgan. Bo‘lmasa, Shodi Mo‘minov olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinganidan so‘ng, o‘sha yerning o‘zida qamoqqa olinishi kerak edi. Har qalay Gdlyan va Ivanovning sheriklari – Toshkentga kelib joylashgan desantchilar Moskvaning nomidan “Shunaqa qilasan, “shuncha srok berasan”, deb turishgandan keyin sudyalarda ham qat’iyatsizlik bo‘lgan.
Bu kulgili voqeaning davomini aytsam, sud tugagandan so‘ng hukmni Shodi Mo‘minovning qo‘liga berib: “Rais bobo, qamoqqa o‘zingiz bora qoling”, deyishgan. Soddalik ham shunchalik bo‘lar-da. Qarshidagi qamoqxonaga qo‘lida hukm bilan o‘zi borgan. “Mana mening hukmim – qamoqqa olinishim kerak. O‘zim keldim”, degan. Shodi Mo‘minov bilan birga bir joyda muddatni o‘tadik.

* * *

20-30-yillarda besh-olti qop bug‘doyi, ikki-uchta sigiri, bitta oti bo‘lgan odamni quloq qilib yuboraverishgan. Shuning uchun Sibirda, Ukrainada hozirgacha ham yashab kelayotgan ajdodlarimizning avlodlari bor ekan…
Beixtiyor, o‘z ajdodlarim esga tushadi. Sho‘ro zamonida oilaviy sulolamizning uch avlodi qatag‘on jabrini chekdi. Birinchisi, mening bobom — Boboyor amin. Tug‘ilgan yiliniyam bilmaymiz. Qachon vafot etganini ham. To‘g‘rirog‘i, qayerda, qachon otilgani ham noma’lum. U kishi amin bo‘lgan ekanlar. Biz buni elning og‘zidan eshitganmiz. Otamdan so‘ng tug‘ilgan Sami amakim ham vafot etib ketdi. Bir paytlar bizning joylarimiz Buxoro amirligiga qaragan. O‘sha vaqtda o‘n bitta qishloqning boshlig‘ini “amin” deyishgan. Amirlikning yer solig‘i va boshqa to‘lovlari shu amin orqali undirilgan. Boboyor bobomiz 17-18 yoshida otasining yonida yer haydab yurgan. Orada uch-to‘rtta amin ishni eplamaganidan so‘ng amirlik va beklikdan kelishib, “Aminlikka kimni qo‘yamiz, ish yurmayapti”, deganda qishloq oqsoqollari yig‘ilishib, “Yosh bo‘lsayam shu Boboyorni aminlikka qo‘yinglar, biz shunga bo‘ysunamiz”, deyishadi. Shunday qilib, u kishi 18-19 yoshlarida aminlikka ko‘tarilgan. Bu 1917-1918 yillarga to‘g‘ri keladi. Petrogradda davlat to‘ntarishi bo‘lib, qizillar hukumat boshiga chiqqanidan so‘ng ham – hatto o‘tgan asr 30-33-yillarigacha yer egalari, mulkdorlar bo‘lgan, kollektivlashtirish keyin boshlangan. 1927-1928 yillargacha bobomiz Shahrisabzda boobro‘ aminlar darajasiga yetishgan. “Qizillar erta bir kun ketadi-da”, deb aminligini qilib yuravergan. Men, bobomni ko‘rib qolgan odamlardan ko‘p eshitganman: u kishi qarasaki, qizillar ketmayapti. Sal qarshi chiqqanni yo‘q qilib yuborayapti. Mayli, hech bo‘lmasa, bola-chaqaning boshiga o‘zimizni saqlab qolaylik, deb yer-suvini bergan. O‘ziga tegishli mol-mulk, otlarigacha topshirgan. Juda oriyatli, jismonan baquvvat, polvon odam bo‘lgan ekanlar. Kurash, ko‘pkarini gullatgan. O‘ziga xos o‘jarligi ham bo‘lgan. Yer-suvini topshirganidan keyin ham tinch qo‘yishmaydi. Ochlik, qiyinchilik davri. Tinimsiz tahdidu tazyiqdan keyin, yer-suvini, mol-mulkini topshirib ham qutula olmagan odamlar qizillarga qarshi qo‘liga qurol olishga majbur bo‘lishgan. Eshitgan gaplarimizga qaraganda, 30-yillardayam bobomiz uyiga goh kelib, goh kelmay, tog‘u toshlarda o‘zicha qizillar hukumatini tan olmay yurgan. Yaqin-yaqinlargacha ham “o‘shanda bobong tog‘u toshlarda qochib yurgan”, deb ko‘p gapirishardi. So‘ng bobomni ushlab qamashgan. Ba’zi mish-mishlar bo‘yicha otib yuborishgan. Tojikis­tonda Dang‘ara suv omborida ishlatib-ishlatib, o‘sha yerda o‘ldirib yuborishgan, degan gaplarni ham eshitganmiz.
Qishlog‘imizda bir temirchi usta bo‘lardi – Shodmonovning otasi, yaqinda 106 yoshga kirib vafot etdi. Nihoyatda sog‘lom, baquvvat odam edi. Shu kishi bilan ko‘p suhbat qilganman, “Bobom – bosmachi bo‘lganmi?”, deb so‘raganman. “E, qanaqasiga bosmachi! Yer-suvi bor, ozroq badavlat edi, xolos. O‘shandayam, odamlarga urug‘lik berardi. Kambag‘al, beva-bechoralar boshini silardi. Kimni uylantirgan, kimni ishlatgan. O‘ziyam tinmay ishlardi. Hech qanaqa bosmachi emasdi!” deb javob qilgandi savolimga. Endi tushunsak, bizga “bosmachi” deyishgan odamlar – milliy ozodlik kurashchilari ekan. Biroq “bobong – bosmachi” degan gapning tavqi la’nati juda yoshligidan otam bilan amakilarim boshiga tushgan. “Boyning bolasisan”, deb maktabdan haydasharkan ularni. Rahmatli otam bilan amakim ko‘p eslashardi: “Maktabga ham qo‘yishmasdi. Bizlarning kunimiz mashoq terib o‘tardi. Bug‘doyni xomligicha chaynardik”.
Otam 18 yoshida urushga ko‘ngilli bo‘lib ketgan. 1944 yili kontuziya ahvolda urushdan qaytgan. Urushdan yarador ahvolda qaytib kelgan shu odamni “harbiy bileting qalbaki”, deb qamashgan. Qarshidagi qamoqdan chiqib kelgach, otam rahmatli Tojikistonga qochgan. 50-yillarga kelib, bu yoqdan: “Anglashilmovchilik bo‘lgan”, deb xat borgandan keyin qishloqqa qaytgan. Shunday nohaqliklar azobini tortgan otam 51 yoshida vafot etdi. Elning boshida turib, 18 yil xo‘jalik rahbari bo‘lishga ham ulgurdi.
O‘zimning taqdirim ham xuddi bobom va otamniki singari bo‘ldi. O‘zi bu mustabid tuzum, deyarli har yigirma yilda xalqni qiyratib turardi. 1917-1920 yillarda Lenin shu siyosatni olib bordi. Stalin hokimiyatga kelgach, uzluksiz qatag‘onlar bo‘ldi. Ayniqsa, 1937-1940, 1950-yillarda nohaqlik avj olgan. 60-yillarda Xrushchevning “Amerikani quvib o‘tib, undan o‘zib ketamiz” degan siyosati sabab, “bir yilda uch yillik go‘sht planini bajarish” uchun uylaridagi qo‘y-echkilar davlat hisobiga olib qo‘yilishidan tashqari ozmuncha odam qamalganmi?
80-yillarga kelib, “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” o‘ylab topildi. Sanasak, to‘rt marta – har yigirma yilda bir martadan qatag‘on siyosati amalga oshirilgan. Lekin bu juda yashirincha, har jihatdan xaspo‘shlangan siyosat edi. Judayam oddiy odamlarga balki tegishmagandir, lekin el ichida obro‘si bor, boshqalarga yetakchilik qilish qobiliyati bo‘lgan millatning gullari terib qatag‘on qilingan. Chunki mustabid tuzumga nima desa “xo‘p” deya bo‘ynini egib turadigan qullar kerak edi. Odamlarning ma’lumoti, qobiliyati ularni qiziqtirmagan. Faqat mut’e, bo‘yni egilgan, qora ishni qiladigan avom kerak bo‘lgan. Shuning o‘zi qatag‘on emas, genotsidga ham to‘g‘ri kelmaydimi?! Aniq bir maqsadni ko‘zlab, bir millatning ikkinchi millat tomonidan tahqirlanishi, bu – borib turgan genotsid emasmi!

* * *

Tarix bir narsaning bahosini haligacha to‘g‘ri qo‘ya olgani yo‘q. Usmonxo‘jayevning o‘rniga Rafiq Nishonov qo‘yildi… Mesxeti turklari bilan o‘zbeklar o‘rtasida janjal chiqarish qayerdadir emas, DXQ (KGB) tayyorlagan, juda chuqur o‘ylangan fitna edi. Qasddan shunday fitna chiqarilib, Farg‘ona vodiysiyu Toshkent viloyatida olomon ko‘tarilganda uni bostirish uchun tashlangan kuchlar odamlarni qo‘rqitib qo‘yishni maqsad qilishgan edi. Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, bu sekin portlaydigan mina edi. Rahbariyat shu fitnani bozorda bir kilogramm qulupnay ustida chiqqan janjal deb talqin qildi.
Ha, tarix hamma narsaga o‘z bahosini berib boryapti…
Muxbir izohi: shu o‘rinda sobiq mahbusning so‘nggi gaplariga biroz e’tiroz bildirish zarurati bor. Tarix bo‘lib o‘tgan hamma voqealarga ertami-kech haqqoniy bahosini beradi. Biroq butun bir millatning sha’niga tuhmatu bo‘htonlar yog‘dirgan, 70 ming kishining hibsga olinishi, 600 minga yaqin kishining jinoiy javobgarlikka tortilishi, ulardan ayrimlarining otilishi, o‘z joniga qasd qilishi, qamoqda orttirgan azob-uqubatlar bois hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lganlar, kanchadan-qancha odamlarni talagan, yulg‘ichlik qilgan, nohaq qamoq jazosiga tortganlar hali ayshini surib yuribdi. Golovachyovning murdasini o‘zi boqqan it yeb qo‘ygan bo‘lsa-da, u singari odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirganlar qutqusi bilan “oqni qora” degan Gdlyan va Ivanovlar narigi dunyoda emas – shu dunyoning o‘zida qonuniy jazosini olishi kerak!
Shuhrat Boboyorovning hikoyasini tinglay turib banogoh o‘ylab qolasiz: uning o‘zi va otasi, bobosi boshiga tushgan ko‘rguliklar milliy ozodlik uchun kurashning to‘qsoninchi yillar boshiga qadar davom etgan muayyan bir davrini qamrab oladi…
U qamoqdan chiqib kelganidan so‘ng ancha yillar o‘tib Qashqadaryoda ­Islom Karimov bilan uchrashgani haqida aytib o‘tdi. Islom Abdug‘aniyevich so‘nggi qatag‘on davrini eslab, o‘sha azob-uqubatlar bois “ajalidan besh kun avval” vafot etganlarni eslab nutq so‘zlaganda, “ularning xotirasini unutmaylik, tarix uchun bitib qo‘yaylik” deganda Yurtboshiga o‘sha yillardagi mardligi va jasorati uchun – o‘zining va o‘zi kabi ming-minglab aybsiz aybdor bo‘lib qamalgan va so‘ng “oqlanganlar”ning minnatdorligini, dil izhorlarini bildirishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu suhbat ham ayni o‘sha kunlarda diktofonga tushirilgan. O‘shanda u endigina 58 yoshga kirgandi. Biroq “so‘nggi qatag‘on” davrida olgan mudhish azoblari yuragida o‘z izini, ma’naviy jarohatini qoldirgan edi. U ana shu azoblar bilan yashardi. Har kuni shu haqda o‘ylardi va shu azobni qaytadan boshdan kechirgandek bo‘lardi. Yurtimiz ozodlikka chiqqani uchun qalbida shukronasi bisyor edi.
Oradan ikki yil o‘tib, u o‘zining oltmish yoshini nishonlamoqchi bo‘ldi. Butun viloyatdan, mamlakatning turli burchaklaridan do‘stlari qutlagani kelishdi. Oltmish yillik tavallud sanasi chinakam to‘yga aylanib ketgandi. Axir, ne-ne azoblardan so‘ng bunday dorilamon kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Sevinchi cheksiz edi. Biroq… fojia yuz berdi. To‘y oxiriga yetmay azaga aylandi. Sho‘ro zamonining shuncha azob­lari, ma’naviy qiynoqlari, milliy g‘ururni yerga uruvchi tahqirlariga dosh bergan yuragi bu qadar xursandchilikni ko‘tara olmadi. Unga shifokorlar o‘zingizni ortiqcha hayajonlardan tiying, yuragingizni asrang, deb maslahat berishgandi. Biroq yurak qurg‘ur maslahatga quloq solmas, shifokorlar amri bilan tepmas ekan-da… Shuhrat Boboyorovning oltmish yillik tavallud ayyomiga kelgan birodarlari uni ko‘zda yosh, qalblarida katta iztirob bilan tuproqqa qo‘yishdi.
Bu Behbudiyu Fitrat, Cho‘lponu Abdulla Qodiriylar boshlab bergan milliy ozodlik uchun – xalqimiz erki va Vatanimiz mustaqilligi uchun kurash tarixining so‘nggi saboqlari bo‘lib qoldi.

Murod ABDULLAEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 12-son