Mohira Otaboyeva. Internet ko‘chirmachilik manbai emas (2013)

Internetda kerak, nokerak axborotlar shu qadar ko‘pki, misoli tig‘iz o‘rmon. Aniq maqsadi – qo‘lida “kompasi” bo‘lmagan kishining adashib qolishi tayin. Avvalo, internet axborot tarqatish, uzatuvchi, qabul qiluvchi vosita va cheksiz mavzulardagi turfa ma’lumotlarni o‘zida jamlagan manba. Oniy lahzalarda istalgan ma’lumotingizni muhayyo etuvchi bu qulay tizim imkoniyatlari borasida ko‘p gapirish mumkin. Zero, uning hayotimizga kirib kelib, o‘z o‘rnini mustahkam egallaganligi ayni haqiqat.

Umuman, internetdagi ilmiy, badiiy, turli sohaga oid materiallar og‘irimizni yengil qilishi, ovoragarchilikni kamaytirishi ham bor gap. Undagi elektron kutubxonalar, turli mavzularga oid tadqiqotlar, maqolalar, adabiyotlar jamlangani bizga qo‘l keladi. “O‘rgimchak to‘ri”ning sharofati bilan bilim izlash, zarur ma’lumotni topish masofa, chegara bilmay qoldi. O‘tirgan joyimizda dunyoning narigi burchagidagi olim yo ijodkor yaratgan asarlardan boxabar bo‘lishimiz, tahlil etib, munosabat ham bildirishimiz mumkin. Biroq mana shunday ulkan ma’lumotlar “ombori”ning “qulf-kalitsiz”ligi ba’zan kishini xavotirga soladi. Aynan mualliflik huquqlarining buzilishiga ham internet bevosita yoki bilvosita sabab bo‘layotir. Mualliflik huquqlarining buzilishi, boshqacha aytganda, plagiatlik, ayniqsa, kiber makonda nisbatan kengroq. Ehtimol, bu internetda nazorat yo‘qligi bilan izohlanar. Biroq plagiatlikning kengayib ketishida uning ulushi salmoqliligini inkor etib bo‘lmaydi. Ayrim tadqiqotchilarning, hatto jurnalistlardan tortib, o‘quvchi va talabalarning ijodiy, ilmiy maqolalarigacha bunday qusurdan xoli emasligi ko‘pchilikka ma’lum.

— Talaba bo‘lganimdan beri vaqt yonimdan yugurgilab o‘tayotgandek. Topshiriqlar, vazifalar bisyor. Xayriyatki, baxtimga internet bor. Kitob qidirib, titkilab sarson bo‘lishimga hojat yo‘q. Kamiga mustaqil ish, referatlarimni tayyorlashda eng beminnat dasyor shu. Zumda kerakli ma’lumotni topib, ko‘chirib olib u yer-bu yerini tuzatsam, olam guliston. Qarabsizki, referatim ham tap-tayyor…

O‘tgan yili talaba bo‘lgan qo‘shni qizning bu gapi bir qarashda odatdagidek tuyuladi. Lekin chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, bu oshkora, beorlarcha qilinayotgan o‘g‘rilik emasmi? Bugun internetdan muallifning kimligiga ham e’tibor bermay ma’lumotni yutoqib ko‘chirayotgan bola bu ishi bilan nafaqat o‘zini, balki o‘qituvchisi, maktabidagilarni aldayotganini anglayaptimikan? Hozircha maktab dorasidagi bunday ko‘chirmakashlikning oldi olinmasa, kun kelib bu ko‘zbo‘yamachilik jamiyatni aldashga, chalasavod kadrlar ko‘payishiga sabab bo‘lmaydi, deb kim kafolat beradi. Bugun “sichqoncha”ning tugmasini bosib shundoqqina matnni ko‘chirib olib, o‘zicha vaqtdan yutgan o‘smirga achinasan kishi. U izlanish, puxta bilim olish uchun “igna bilan quduq qazish” zavqidan o‘zini benasib etib “zombi”ga aylanib qolayotgandek. Bundaylar fikrlashdan bebahra, mulohaza qilishdan yiroq, tahlil etishning ko‘chasiga ham kirmaydi. Tafakkur qilishdek oliy baxtdan quruq qolgan bunday insonning bir qop puch yong‘oqdan nima faqri bor?!

Qolaversa, yoshligidan maqsadiga yengil yo‘l bilan, jonini koyitmay, eng yomoni, birovlarning mehnati evaziga erishayotgan o‘smir yoki talaba kelajakda ana shunday “ilmiy izlanish” tarziga o‘rganib qolmaydi, deb aytish qiyin. Izlanish, mehnat qilishdan qochib, yengil yo‘l bilan “ishi”ni bitirayotgan o‘quvchidan kelgusida yaxshi natijalarni kutib bo‘ladimi? Mustaqil izlanish mashaqqatini chekmay diplom olgan oliy ma’lumotli xodim erta bir kun boshqalar mehnatining qadriga ham yetmasligi tayin.

Maktab, litsey, kollejlarda dars rejalariga mustaqil ta’limning kiritilishidan ko‘zlangan maqsadlar bor. Ular o‘quvchida o‘z ustida ishlash ko‘nikmasini shakllantirish, mustaqil tarzda ma’lum bir mavzu bo‘yicha kichik tadqiqot olib borishni o‘rgatish uchun ishlab chiqiladi. Bundan tash­qari, ma’lum bir mavzu yuzasidan izlanish qo‘shimcha adabiyotlarga murojaat etish zaruratini taqozo qilishini inobatga olsak, bu o‘quvchining bilimi, dunyoqarashini o‘stirishda ayni muddao.

Mustaqil ish, referatlarni internetdan o‘g‘rincha olayotganlar qilmishlarining huquqiy tomoni ham borligini ko‘pincha tushunavermaydilar. Buning oqibati partadoshidan yoki a’lochi o‘quvchidan vazifani ko‘chirib olishdan-da xunukroq. Chunki plagiat beixtiyor o‘zganing mualliflik huqu­qiga daxl qiladi. Bu esa qonunbuzarlikka olib keladi.

Xo‘sh, mazkur muammoni hal etishning biror imkoni bormi? Mutaxassislar aynan internetda plagiatdan himoyalanish uchun ayrim dasturlarni taklif etishmoqda. Bunday dasturlar, avvalo, matn mualliflari uchun ishlab chiqilgan. Ular yordamida saytdan avtomatik tarzda nusxa ko‘chirishga to‘sqinlik qilish mumkin. Qaysidir ma’noda internetda ko‘chirmakashlikni kamaytirishga qaratilgan yana bir necha usullar borki, ularning bari matn muallifi tomonidan olib borilishi lozim. Biroq bularning bari qaysidir ma’noda sub’ektiv yechim. Muammoning nisbatan tezroq oldi olinishi esa, bizning ustozlarimizga ham bog‘liqdek, nazarimda. O‘qituvchi mavzu yuzasidan ham kitobdagi, ham internetdagi mavjud ma’lumotlardan boxabar bo‘lishi zarur. Muammo qanchalik erta aniqlansa, chorasini topish ham shuncha osonlashadi. Qolaversa, o‘quvchi, talabalarga buning salbiy oqibatlarini tushuntirishi, teran izohlab berishi kerak. Bizda bolalikdanoq birovning narsasiga ko‘z olaytirish gunohligi uqtiriladi. Mana shu ezgu aqidani ta’sirchan yo‘llar bilan eslatib, internetdagi ma’lumotlarni so‘roqsiz olish, kamiga uni o‘z nomidan chop etish ham aslida o‘g‘rilik ekanini uqtirish joizdir, ehtimol. Bu borada jonkuyar o‘qituvchilarimiz yanada e’tiborliroq bo‘lishsa, muammodan ko‘z yummay bolaga qilayotgan ishi noto‘g‘­ri ekanini tushuntirishsa, mavjud muammoning oldi olinarmidi?

Internetdan to‘g‘ri foydalanish bot-bot yozilayotgan, ta’bir joiz bo‘lsa, yozg‘irilayotgan mavzu. Lekin bugun internetsiz hayotimiz bir qadar kemtik bo‘lib qolishini inobatga olsak, ushbu masalaga shunchaki gap, deb qarab bo‘lmasligi ayonlashadi. Imkoniyatlari aniq o‘lchanmayotgan, ba’zan cheksiz deya ta’riflanayotgan internetdan nafaqat o‘rinli, balki vijdon amri bilan halol foydalanish o‘zaro muomala madaniyati bilan teng turadigan qadriyat darajasiga ko‘tarilmog‘i lozim. Aksincha, undan ko‘r-ko‘rona yoki “og‘i­rimizni yengil qilish” niyatida foydalanish esa, shubhasiz, avvalo o‘zimizning boshimizga bir kun kelib “ur to‘qmoq” bo‘lib qaytishi mumkinligini unutmasak bo‘lgani.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2013).