Husan Maqsudov. So‘zchi holin boqma, boq so‘z holina

Biz kunda minglab so‘zlarni ishlatamiz, gohida turli maqol va topishmoqlar aytamiz. Ammo ko‘pchiligimiz doim ishlatib yuradigan so‘zlarimiz ma’nosini bilmaymiz, ehtimol, bilishga intilmaymiz. Quyida kunda-kunora iste’foda qilinadigan ayrim so‘zlarning etimologiyasi (kelib chiqishi) xususida so‘z yuritamiz.

Anor va qozon

Jahon Otin Uvaysiyning anor haqidagi “Ul na gumbazdur eshigi, tuynigidin yo‘q nishon”, deb boshlanuvchi chistoni borligini yaxshi bilasiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, anorning dumaloqligi gumbazga o‘xshatilmoqda. Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi ekanligimizda ustozimiz juda ko‘p topishmoqlarni yodlatgan. Ular orasida:  “Kichkinagina dekcha, ichi to‘la mixcha”, degan topishmoq ham bor edi. Javobi anorligini hamma bilardi. Lekin “dekcha” nima ekanligini na ustozimiz aytgan, na o‘zimiz so‘raganmiz…

Tojiklar qozonni “deg” deb atashadi. -cha kichraytirish ma’nosidagi o‘zimizning qo‘shimcha. Dekcha – qozoncha degani. So‘z o‘zagidagi g tovushi jarangsiz ch tovushi ta’sirida k ga o‘zgargan. Demak, anorning dumaloqligi kichkina qozonni esga solganligi uchun dekcha deyilgan ekan.

Kundoshning kuni qursin

10–12 yoshlarda edim.  “O‘tkan kunlar” kinofilmini oilaviy ko‘rayotgan edik. Kumush va Zaynabning taqdiriga achinibmi, buvim: “Kundoshning kuni qursin”, – dedilar. Bu gaplarini yana bir-ikki marta eshitganim ham esimda. Keyinchalik ayrim so‘zlarning etimologiyasiga qiziqish uyg‘ona boshlagan payt­larda “kundosh” so‘zini ustozlardan so‘rab ko‘rdim. Ayrimlari oddiygina: “Bir erkakning ikkitadan ko‘p xotini bo‘lsa, o‘shalar kundosh bo‘ladi”, – deyishgan bo‘lsa, ayrimlari istehzoli kulib qo‘yishdi…

Sinfda birga o‘qiydiganlar sinfdosh, bir-birining sirini biladiganlar sirdosh, bitta mahallada yashaydiganlar mahalladosh deyilishini ona tilidan o‘qigan menday o‘spirin kundosh so‘zi ham kun so‘zi va -dosh qo‘shimchalaridan yasalgan bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Rostdan ham, kuni bir uyda o‘tgandan keyin kundosh bo‘ladi-da!..

Taxminni bir chetga surib, endi manbalarga murojaat qilaylik. Qadimgi turkiy tilda kun so‘zi “qizg‘an”, “g‘ayirlik qil” kabi ma’nolarni anglatgan fe’l hisoblanadi. Bu ma’lumot mashhur tilshunos olim Sevortyanning to‘rt tomlik “Etimologicheskiy slovar tyurkskix yazыkov” kitobida qayd etilgan. Kun so‘ziga -i qo‘shimchasi qo‘shilib ot yasalgan. Keyin yana -da qo‘shimchasi qo‘shilib fe’l hosil qilingan. Kunida so‘zi oxirida -sh qo‘shimchasini olib, qizg‘anadigan odam ma’nosida qo‘llanilgan. Kunidash talaffuzda o‘zgarishga uchrab, bugungi kunda kundosh holiga kelib qolgan.

Qiziq. Taxminim ham, ilmiy asos ham mohiyat e’ti­bori bilan bir nuqtaga kelib birlasharkan: erini bir-biridan qizg‘anib, kunlari bir uyda, bir ko‘yda o‘tayotganlar kundosh ekan-da…

Tog‘amiz o‘zbek, ammamiz arabmi?

Ayrim chet tillarida ota yoki onaning aka-ukasi yoxud opa-singlisiga nisbatan bitta so‘z ishlatiladi. Masalan, xola yo ammani inglizlar aunt deydi. Ruslar ham bu so‘zlar uchun bitta leksema qo‘llaydi – tyotya. Yoki bo‘lmasa, tog‘a va amaki tushunchasi ingliz tilida birgina uncle so‘zi bilan ifodalanadi. Rus tilida ham shunday: tog‘aga ham, amakiga ham ruslar dyadya deb murojaat qiladi. Lekin bizda otamizning og‘a-inilari amaki-amma, onamizning jigarlari tog‘a-xola deyiladi. Shundan ko‘rinib turibdiki, tilimizda har bir tushuncha uchun alohida so‘z bor. Tog‘a so‘zining o‘zagi bizda aynan ona tomon qarindoshi ekanligini o‘zida aks ettiradi. Qanday deysizmi?..

Qadimgi turkiy tilda ona ma’nosida tay so‘zi iste’molda bo‘lgan. Ushbu so‘zga aka ma’nosida keluvchi ag‘a so‘zi qo‘shilgan – tayag‘a. Bora-bora talaffuzda o‘zgarishlar yuz bergan – y tovushi talaffuz qilinmay qo‘yilgan. Keyinchalik bu so‘z quyidagi ko‘rinishlarda talaffuz qilingan (ikki nuqta cho‘ziqlikni bildiradi) tayag‘a – ta:ag‘a – ta:g‘a – tag‘a – tog‘a. Ammo bu so‘z “Devonu lug‘atit – turk”da tag‘ay deb ko‘rsatilgan va amaki deb tarjima qilingan. Taniqli tilshunos olim Sh. Rahmatullayev Koshg‘ariyning shu fikrini nazarda tutib tag‘ay so‘zining amaki deb ifodalanganligini xatolik bo‘lsa kerak, deb ta’kidlaydi. Chunki amaki so‘zi otaning aka-ukalarini ifodalaydi.

Arab tilida jins kategoriyasi mavjud bo‘lib, so‘z oxiri -un qo‘shimchasi bilan tugagan so‘zlar mujskiy roddagi, -atun qo‘shimchasi bilan tugagan so‘zlar jenskiy roddagi so‘z hisoblanadi. Bizning tilimizga kirgan ayrim arabiy so‘zlarning oxiridagi ushbu qo‘shimchalar tilimizga ko‘chgach, tushib qolgan. Masalan, kitob (aslida kitabun), jamiyat (aslida ja’mi’atun). Amma so‘zi ham aynan shu – a’mm(un) so‘zi bilan bog‘liq: a’mm(atun) – otaning opasi yoki singlisi.

Demak, tog‘a sof turkiy so‘z, amma so‘zi arabiy negizga ega bo‘lib chiqyapti.

Miyig‘ida kulmoq

Kulmoq so‘zining tabassum qilmoq, qiqirlamoq, tirjaymoq, ishshaymoq, xoxolamoq, qahqah otmoq kabi ma’nodosh­lari bor. Shu ma’nodoshlar orasida miyig‘ida kulmoq degan ibora ham bor. Xo‘sh, miyiqda kulish nima degani?

Miyiq so‘zi sof turkiy so‘z bo‘lib, mo‘ylov degan ma’noni bildiradi. Ushbu so‘z aslida bыzыq tarzida talaffuz qilingan. Xuddi qaddimizni tik tutib turadigan tana a’zomiz avvalboshda odoq, keyinroq ozoq, oxiri oyoq bo‘lgani kabi, bыzыqdagi z fonemasi y tovushiga aylangan: bыyыq. Ushbu so‘z ham yana taroshlanib, alaloqibat miyiq shakliga kelgan…

E’tibor berganmisiz, mo‘ylovi bor odam (ustiga-­ustak u uncha-munchaga kulmaydigan jiddiy bo‘lsa) kulganida uning oppoq tishlariga darrov ko‘zingiz tushadi, shu paytgacha shunday oppoq tishlarini ko‘rmaganman deb o‘ylaysiz ham. Sababi, yuqori labining ustida doim qop-qora mo‘y (tuk) ko‘rganingiz uchun, uning sadafday tish­lari e’tiboringizni tortadi. Jiddiy odam deyarli kulmaydi. Kulganda ham istehzoli holatda yoki nomiga miyig‘ini (mo‘ylovini) ko‘tarib qo‘yadi. Miyig‘ida kulish degan ibora shunday holatlar oqibatida paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas.

«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 1-son