Bolaligim, beg‘ubor va begidir yillarim haqida o‘ylasam, shirin entikib ketaman. Rahmatli otam Abdurashid Erkaboy o‘g‘li oddiy dehqon, onam Jo‘raxon Dadaxon qizi tarbiyachi edilar. E’tiborlisi shundaki, bu zotlar ro‘zg‘ordan to‘rt tanga pul ortdi deguncha meni kitob do‘koniga yugurtirardilar. Mening o‘qishimni, ilmli odam bo‘lishimni juda xohlaganlar. Onamning onalari Xalcha otin nomi bilan xalq orasida mashhur bo‘lgan, g‘azallar bitgan. Lekin qo‘lyozmalari yetib kelmagan. 36 yoshlarida xastalanib, barvaqt vafot etganlar. Onam “enangga juda o‘xshaysan, ishqilib umring o‘xshamasin, izini bosgin” deb orzulab, duo qilardilar. Shu duolar ijobatidanmi 5 sinfda o‘qiyotganimda ilk she’rimni yozdim. Keyinchalik she’rlarim “G‘uncha”, “Gulxan” jurnallarida, tumandagi “Paxta uchun” nomli gazetada bosilganida otam bilan onam o‘zlarida yo‘q shodlanishdi. Hatto otamning guzarga mening she’rlarim chiqqan jurnalni ko‘tarib chiqib, yosh boladay quvonib odamlarga ko‘rsatganlari bolalik xotiramga muhrlanib qolgan.
Kitoblar olamiga, adabiyot olamiga sho‘ng‘ishimda bir qo‘shnimizning kutubxonasi ijobiy ta’sir qilganini minnatdorlik bilan eslayman. Dugonam bilan o‘ynab uch-to‘rt eshik naridagi uylardan biriga kirdim-u hayratdan og‘zim ochilib qoldi. Katta xona to‘la, minglab kitoblar javonlarda taxlanib yotardi. Lekin er-xotin tatar o‘qituvchilar birorta kitobga qo‘l tekkizishimga ham ruxsat berishmadi. O‘shanda 11 yoshlar chamasida edim. Endi mening fikru xayolim qanday qilsam, nima yumushlarini bajarsam kitob berishadi, degan o‘yda qolgandi. Bora-bora bu ziyoli oila mening kitobga bo‘lgan mehrimni ko‘rib, kutubxonasidan foydalanishga ruxsat berishdi. Ota-onam men kitob jinnisini qachon axtarishsa shu ziyoxonadan topadigan bo‘ldilar. Hatto onam bir necha marta kitoblaringni tandirda yoqib yuboraman, deb yolg‘ondakam qo‘rqitganlari hanuz yodimdan chiqmaydi.
1972 yili Oltiariq tumanidagi 2-o‘rta maktabni “oltin medal” bilan tamomladim. Otam ammalarimning “Qiz bola o‘qib nima bo‘lardi!” degan e’tirozlariga qaramay “O‘qib olima, shoira bo‘ladi” deya ishonch bilan meni o‘qishga kuzatganlar. Farg‘ona Davlat instituti (hozirgi universitet)ning filologiya fakultetiga hujjatlarimni topshirdim. Birinchi imtihondan insho yozib chiqsam, otam qo‘llarida onam yopgan ikkita bo‘rsildoq non, choy to‘la termos, ostonada ilhaq turibdilar.
Ijod namunalarim ustozlar nazariga tushib, 80-yillarda chop etilgan “Yoshlik” bayozlariga kiritilgan. 1977 yili mart oyida ustoz Zulfiyaxonim uyushtirgan Hamid Olimjon ijod uyida bo‘lib o‘tgan Respublika yosh ijodkor qizlari seminarida e’tirof etilgach, she’rlarimni kitob holida chop etishga tavsiya qilishdi. Ammo shu orada turmushga chiqib, kitobim qo‘lyozma holida qolib ketdi. Birinchi kitobim «Qorako‘z turnalar» 1993 yili viloyatdagi “Yosh ijodkorlar” kengashi homiyligida “Cho‘lpon” nashriyotida ustozim Anvar Obidjon muharrirligida 15 ming nusxada chop etilganda 4 nafar farzandning onasi edim.
Birinchi ustozim o‘zim o‘qigan Oltiariq tumanidagi 2-o‘rta maktabning o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi Jamiyat Sohibova edilar. Kamsuqum, samimiy, qattiqqo‘l va o‘z navbatida mehribon muallima edilar. So‘z ohangi, talaffuzi, xatti-harakatlarigacha taqlid qilardim. Farg‘ona Davlat institutiga hujjat topshirib, har bir imtihondan o‘tganimda muallimam o‘sha kuni ko‘chada meni kutib turar, muvaffaqiyatimdan o‘zida yo‘q quvonardi. Mandat kuni institutga kelib, “mabodo o‘tmay qolsang, appelyatsiyaga beramiz, sen albatta o‘qishing kerak”, deb kechga qadar, tushlikka ham chiqmay natijani kutib o‘tirganlari umrbod yodimdan chiqmaydi. Fidoyilik va bag‘rikenglik haqida gap ketsa hanuzgacha adabiyot muallimam ko‘z oldimga keladi.
9-sinfdan boshlab tumandagi “Paxta uchun” gazetasi qoshida tashkil etilgan “Ijodkor” to‘garagiga qatnasha boshlaganman. Bu to‘garak mashg‘ulotlari meni haqiqiy she’riyat olamiga olib kirgan. O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon o‘sha yillari gazetada ishlar va ijodiy to‘garakni boshqarar edilar. Ular ma’qul bo‘lgan she’rlarimizni nafaqat tuman gazetasi, viloyat, respublika matbuotiga ilinar, tinmay o‘qishimiz, yozishimiz uchun rag‘bat uyg‘otardilar.
“O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”)gazetasining 1977 yili 7 mart sonida adabiyotimizning ulug‘ darg‘asi, ustoz Erkin Vohidov ijodimga “Oq yo‘l” tiladilar. Bu men uchun chinakam taqdir yorlig‘i edi. O‘sha yili respublika radiosida ustozim – O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyeva “Oq yo‘l” berdilar. Alloh taqdirimga ulug‘ ustozlarni bitgan ekan. Lekin men ularning ishonchini oqloldimmi, yo‘qmi, bilmayman. Ular bilan har safar yuz ko‘rishganimda ana shu qarzdorlik hissi iztirobini tuyaman.
Shu paytgacha yozganlarimning hammasidan ham ko‘nglim to‘lmagan. Chunki butun umrim davomida tashkiliy ishlar, turmush tashvishlari bilan bo‘lib, ijodga ko‘nglim buyurganidek vaqt topa olmadim. Eng yaxshi asarimni yaratish orzusi hali armon.
Bilasizmi, donishmandlarning vaqt qilich kabidir, sen uni kesmasang, u seni kesadi, degan so‘zlarida juda teran falsafa mujassam. Bugun zamon shu qadar shiddatli, murakkab va uchqurki, ba’zan qilmoqchi bo‘lgan ishlaring, rejalaring vaqtning quyuniga tushib qolayotganday. Ulgurolmayotgan, ko‘nglingni to‘ldirmayotgan yumushlaringning armoni, iztiroblaring qalbingni qiyma-qiyma qilib tashlayotganday. Nazarimda, zamon bilan hamnafas, hamqadam bo‘lish aql-zakovatnigina emas, ruhiy bedorlik, kurashchanlikni ham talab etadi.
“Adabiyot katta yo‘lga qo‘yilgan ulkan oyina, unda har bir millat o‘zini ko‘rib turadi” deb yozgan edi bir fransuz faylasufi. Darhaqiqat, har bir xalqning qudrati uning adabiyotida aks etadi. Adabiyot vatan kabi muqaddas. Buyuk adib Cho‘lpon aytganidek, adabiyot o‘lsa, millat o‘ladi yoki adabiyot yashasa, millat yashaydi. Chunki buyuk adabiyoti bo‘lmagan xalq yuksak milliy ruh, ruhoniyatga ega bo‘lolmaydi.
Bugun mamlakatimizda barcha sohalarda mislsiz o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Buni butun dunyo tan olib turibdi. Lekin eng buyuk o‘zgarish, yuksalishlar odamlarning ongida, xalq ma’naviyatida, dunyoqarashi va tafakkurida sodir bo‘lmoqda. Bugunning odamlari kechagi o‘zbeklar emas. Endi ularni tanlagan, o‘zlari anglagan haqiqat yo‘lidan hech kim to‘xtata olmaydi. Mana shu juda qisqa davrda ro‘y bergan evrilishlar, yuksalishlarda adabiyotning ulkan xizmati bor. Bu isbot talab etmaydigan haqiqat.
Bu voqeaga ancha yillar bo‘ldi. Bir tadbirga taklif etilgan ijodkorlar birin-ketin minbarga chiqib she’r o‘qiyapmiz. Shu payt zalning oxiridan kimdir “hadeb she’r o‘qiyverasizlarmi, qo‘shiqdan bo‘lsin” dedi. Bu gapni sekin shivirlab emas, baqirib aytdi. Hamma hangu mang bo‘ldi. Kimlardir o‘tirgan joyida e’tiroz bildirdi. Gapning rosti, dilimiz og‘ridi. Ba’zan tadbirlarga o‘zini-o‘zi taklif qilib, so‘z so‘rab, zo‘rma-zo‘raki, yengil-elpi satrlariga gulduros qarsaklar so‘rayotganlarni ko‘rganda ham shunday holatga tushamiz. Lekin qanchalik kuyunmaylik, badiiy didimizning o‘tmaslashib borayotganligiga qaysidir ma’noda ijod ahli ko‘proq aybdor deb o‘ylayman. Chunki toqat qilib bo‘lmas darajada bo‘sh, sayoz, tijorat uchun yozilgan “asarlar” bugun ko‘payib ketdi. Shu “asarlar”ga so‘zboshi yozib, xalqqa taqdim qilayotganlar ustoz ijodkorlar ekanligi esa yana-da qayg‘uli.
2007 yili ustozimiz, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon boshchiligida bir guruh taniqli shoirlar, san’atkorlar viloyatimizga tashrif buyurdilar. Tuman hokimligi tadbirni chekka hududdagi bir mahallada tashkil etibdi. Kechki payt mehmonlar bilan birga tadbirga bordimu nafasim ichimga tushdi. Tadbirga qishloq aholisi deyarli yoppasiga ko‘chib chiqqan. Guzarga yig‘ilgan mingga yaqin odamning yarmi yerga sholcha to‘shab, cho‘kka tushgan. Bolalarning qiy-chuvi, to‘s-to‘polonidan boshingiz aylanadi.
– Shu yerda tadbir o‘tkazib bo‘ladimi? – dedim tadbir tashkilotchisi, tuman ma’naviyat-ma’rifat markazi rahbari Vahob akaga.
– Shu qishloqqa yaqin yillarda biror shoir yoki san’atkor qadam bosib kelgani yo‘q. Shunga… xalqning so‘roviga ko‘ra…
Vahob aka bir shovqin-suron qilayotgan bolalarga, bir mehmonlarga qarab xijolat tortdi. Birov she’r eshitarmikin, mehmonlarning dili og‘rimasa bo‘ldi, degan andisha bilan noiloj tadbirni boshladik. Davrada she’r qo‘shiqqa, qo‘shiq she’rga ulandi. Bir zumda qiy-chuv, shovqin-suron tindi, “tiq” etgan tovush eshitilmaydi. Onalarining quchog‘iga singib ketgan mittigina bolachalar ko‘zidagi hayrat, ruhidagi chaqinni, odamlarning she’riyatga, san’atga muhabbatini ko‘rib gapirgan gaplarimdan xijolat tortdim. Ha, ijod ahlining xalq ichiga yurishi, adabiy uchrashuvlar, bayramlar, ijodiy davralar xalqimiz qalbidagi yangicha tafakkur, ma’naviy sarchashmalarga ruhiy obi hayot beradi. So‘z ilohiy qudratga ega, u yuradi, harakatga keladi. Yaxshi so‘z ham, yengil-elpi, tumtaroqlari ham. Yaxshi so‘z insonni komillikka yetaklasa, ma’naviyatga, ezgulikka xizmat qilmaydigan yengil-elpi kitoblar, kuylar xalqning badiiy didini, dunyoqarashini o‘tmaslashtiradi. Vatanparvarlik tuyg‘ulariga bolta uradi. Insonni tubanlik botqog‘iga botiradi. Ayrim yoshlarimizning yengil-elpi musiqa bangisiga aylanib borayotgani g‘oyat tashvishlanarli hol. Milliy adabiyotimizga soya solayotgan, axloqsizlikni tashviq qilayotgan kitoblarning ko‘payayotgani va qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgani ham jiddiy tashvishlanishga arziydi deb o‘ylayman. Afsuski, bu kabi salbiy holatlar adabiyotshunoslarning ham, jamoatchilikning ham adolatli bahosini olganicha yo‘q.
Mening bu hayotdagi yana bir shukronam shuki, farzandlarimda bolalikdan kitobga muhabbatni tarbiyalay oldim, shu sabab ular hayotda o‘z o‘rinlarini topishdi, deb o‘ylayman. Besh nafar farzandimning to‘rttasi oliy ma’lumotli, katta qizim Nilufarxon olima, pedagogika fanlari nomzodi, Farg‘ona Davlat universiteti pedagogika kafedrasi mudiri. Qizim Feruzaxon huquqshunos, Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining sudyasi. Nigoraxon pedagog-jurnalist. O‘g‘lim Mardonbek ijtimoiy soha mutaxassisi, kenja qizim Mohinur Toshkent jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi. U she’r, hikoyalar yozadi, ingliz, nemis tillaridan tarjimalar qiladi. Turmush o‘rtog‘im me’mor, hozirda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida injener-konstruktor bo‘lib ishlaydi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 3-son.