Boboxon Muhammad Sharif. Bosh muhimmi yoki oyoq?

Taassuf bilan aytish kerakki, keyingi vaqtlarda quloqni batang qiladigan, boshni g‘ovlatadigan rep, rok ohanglariga moyil, “bebbi bumer”larga ko‘r-ko‘rona ergashadigan yoshlar ko‘paymoqda. Holbuki, bunaqa rep, roklar insondagi hayvoniy instinktlarni avj oldirishga mo‘ljallangan. Shuning uchun ham bunaqa ohanglarga “shaytoniy musiqa” deb nom berilgan.

Musiqa nafaqat ruhiyatga, balki tanga ham shifobaxsh ta’sir ko‘rsatadi. Amerikalik psixoterapevt Stiv Smit Texas universiteti talabalarining ikkita guruhida bitta tajriba o‘tkazgan. Birinchi guruhdagi talabalar vazifani sukunat hukmron bo‘lgan xonada, ikkinchi guruhdagilar mumtoz musiqaning sokin sadolari ostida bajarganlar. Natijalar tahlilida ikkinchi guruh talabalari yuqori baholarga loyiq ko‘rilgani aniqlangan. Stiv Smit bu tajribasiga asoslanib, musiqa xotirlash qobiliyatini kuchaytirishi to‘g‘risidagi xulosaga kelgan. Ruminiyaning Yassa shahridagi bolalar tish shifokori professor Mircha Rusi bir necha yil davomida musiqaning xasta bolalarga ta’sirini o‘rgangan va muayyan ohangdagi musiqa xasta bolalarni og‘riqqa yanada chidamli bo‘lishiga, yaralarning tezroq bitishiga ta’sir qilishini aniqlagan.

Bugun esa o‘zlari bo‘g‘zigacha ma’naviy qashshoqlik botqog‘iga botgan “ommaviy madaniyat” ixtirochilari Sharq mamlakatlari ma’naviyati va madaniyatini ichdan buzish niyatidalar. Na so‘zi, na kuyining ma’nosi, mag‘zi bo‘lmagan rep, rok­larning asosiy zarari – ma’naviyatga berayotgan zarbasidir. Bundan tashqari, ular sog‘liqqa ham koni ziyon. Chunki shovqin ma’lum bir daraja(detsibal)dan oshganidan keyin miya va yurak faoliyatini izdan chiqarishini mutaxassislar aniqlagan.

So‘nggi vaqtlarda tuzukkina ijro qobiliyatiga ega, ammo mo‘may daromad yoki qarsak ketidan quvgan ayrim yosh xonandalar mumtoz musiqa muxlisi kam, kontsert zallari to‘lmaydi, degan bahonani ro‘kach qilib, o‘zlarini sershovqin rep, rokka urmoqdalar. Chalamulla boshlovchilar bo‘lsa, shang‘i musiqa ijrochilarini “yulduz” deb yoshlarni chalg‘itmoqda. Bu “yulduzcha”lar shu yo‘llar bilan tezroq jahon miqyosiga chiqaman, deb o‘ylasalar ajabmas. Afsus­ki, rep, rok va hokazolarning eng zo‘r baqiroqlari xorijda tiqilib yotibdi. G‘arbdagi chinakam musiqa ixlosmand­larini faqat benazir, tengi yo‘q milliy san’atimiz bilan qoyil qoldirish mumkin. Turg‘un Alimatov, Munojot Yo‘lchiyeva singari mashhur xonandalarning Yevropa va Amerikadagi kontsertlari buning yorqin dalilidir. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari oxirlarida amerikalik noshir Uilyam Tefft va vengriyalik noshir Gizella Bassa O‘zbekistonga mehmon bo‘lib kelishdi. Tefft musiqa ixlosmandi ekan, qaysi viloyatga bormaylik, o‘zbek musiqalari yozib olingan kassetalarni (u vaqtlari disk, fleshkalar hali chiqmagandi) sotib olardi. U faqat mumtoz kuy-qo‘shiqlarimiz yozilganini maqbul topardi. Shunda estrada yo‘nalishidagi ashulalar yoqmadimi desam, bu xil qo‘shiqlar xalqingizning tiynatini aks ettirmaydi, derdi. Bu bilan men o‘zbek estrada qo‘shiqlarini kamsitmoqchi emas­man, aksincha, bu yo‘ldagi ijrochilarning mohir xonanda Botir Zokirov darajasiga ko‘tarilish­larini orzu qilaman. To‘g‘ri, estrada qo‘shiqlarini milliy ohanglarda, manzur darajada ijro qilayotgan xonandalarimiz ko‘p. Hatto mumtoz ashulalarimizni estrada yo‘nalishida aytishni taj­riba qilayotgan yoshlarimiz bor. Bu tajribalar, balki ijobiy natija berar, buni kelajak ko‘rsatadi. Lekin ishonch bilan aytish mumkinki, estrada qo‘shiqlari mumtoz kuy-qo‘shiqlarimiz bilan bellasha olmaydi, ularning aksariyati vaqt sinovlaridan o‘tishi mushkul.

So‘z tanlash va uni soz bilan uyg‘unlashtirishning o‘zi bir san’at, uni shirali ovoz bilan maromiga yetkazib ijro etish orqali tinglovchi qalbini rom qilish esa, yana bir san’at. Bunday fazilat hammaga nasib qilavermaydi. Jo‘raxon Sultonov, Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Ma’murjon Uzoqov, Orif Alimahsumov, Berta Davidova, Nazira Yusupova, Ro‘zmat Jumaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov, Rahmatjon Qurbonov kabilar ana shunday abadiyatga daxldor san’atkorlardir. Mumtoz musiqamizni boshni ohista chayqagan holda huzurlanib eshitamiz, asablarimiz tinchlanadi, ruhiyatimiz orom oladi. Shuningdek, taniqli xonandalarimiz ijro etgan sho‘x qo‘shiqlar, laparlar, yallalar borki, davralarni qizitadi, raqs tushishni yoqtiradiganlarni jo‘shtiradi.

O‘tmishda Qo‘qon, Buxoro, Xorazm xonliklarida musiqa madaniyatini rivojlantirishga e’tibor berilgan, millatidan qat’i nazar, mumtoz musiqamizning mohir ijrochilarini tarbiyalash borasida g‘amxo‘rlik qilingan. Buxoro amirligi saroyida ijod qilgan mug‘anniylar orasida faoliyat ko‘rsatgan, mohir yahudiy xonandalarning Shashmaqomimizni rivojlantirishga, asrashga qo‘shgan hissalari mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan. Xorazm xonligida fenomen bo‘lgan Feruz maxsus farmon bilan maqomlarni davlat mulki, deb e’lon qilgan. Ularni buzib ijro qilishga hech kimning haqqi bo‘lmagan. Feruz saroyida o‘n yil kotiblik qilgan Bobojon Tarrohning “Xorazm navozandalari” kitobida bular haqida ko‘pgina ma’lumotlar berilgan. Xorazmda mumtoz kuy-qo‘shiqlar ijrosi haqida gap ketganda chiqishni ham, tushishni ham bilish kerak, degan ta’bir aytiladi. Ya’ni xonanda avj pardaga chiqishni ham, undan tushishni ham uddalay olsagina talabchan musiqa shaydolarini qoyil qoldiradi. Holbuki, gohida ba’zi taniqli xonandalar avjni qoyillatgan holda, “tushish”da nuqsonga yo‘l qo‘yadi, bittalab tushish o‘rniga birato‘la tomdan sakrab qo‘ya qoladi. Mumtoz kuy-qo‘shiq ijrochilaridan Munojot Yo‘lchiyeva, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov, Kamoliddin Rahimov, O‘lmas Saidjonov, Ozodbek Nazarbekov, Rahmatjon Qurbonov, G‘afur va G‘ulom Eshchonovlar, Farhod Davletov, Og‘abek Sobirov, Karimboy Rahmonov va boshqa ko‘pgina xonandalar avjga chiqishda ham, tushishda ham mahorat ko‘rsatganlar.

Yana bir gap: so‘nggi vaqtlarda beparda, behayo qo‘shiq aytishni urf qilgan xonandalar, beparda latifalar aytadigan qiziqchilar chiqdi. Ish yuzasidan Xorazmga borganimda Urganch bozoriga yo‘lim tushdi. Disk sotadigan yigitcha mikrofonni varanglatib ashula qo‘yib yotibdi. Tanish xonanda, beixtiyor quloq soldim. So‘zlari aniq esimda qolmagan, lekin mazmuni: “Tezroq eshikni tambala, hech kim ko‘rmasin, ering bilib bizni o‘ldirmasin”, qabilidagi g‘irt behayo qo‘shiq. Bu qanaqasi?! Nimani targ‘ib qilayapmiz? Qo‘shiq aytgan xonanda nafs tuzog‘iga tushib, behayolikni targ‘ib qilayotganini nahotki bilmasa? Bu san’atkor madaniyati, mas’­uliyatiga xilof-ku! Ulug‘ hofizlarimiz ashulalarida oshiq yoriga faqat yaxshilikni, o‘ziga bo‘lsa, barcha jafolarni ravo ko‘rgani kuylangan. Endilikda esa bevafoligini aytib maqtanadigan xonandalar chiqdi. Chunonchi, Yahyobek shirali ovozi, yaxshi ijrosi bilan elga tanilgan xonanda. Ammo uning “Bevafoligim bilmaydi-da” deb ashula aytishi kishini ajablantiradi. Yana bir ayol xonandamiz “Sen bo‘lmasang, boshqasi” deya jar soladi. Bu nima degani? “Sevgililar”ni istagancha almashtiraveraman, deganimi? Vafo, sadoqat tushunchalari eskirib qoldi-yu, biz bexabarmizmi?

Taniqli qiziqchimiz Mirzabek Xolmedov katta iste’dod egasi. Ammo shunday katta iste’dod egasi ham urfga aylanayotgan behayolik to‘riga tushgani kishini juda achintiradi. Mirzabek xususiy telekanal orqali namoyish qilingan bir ko‘rsatuvda tomoshabinlardan olqish olaman deya, beparda latifalar aytdi. Talabchan gazetxon meni kechirsin, gap quruq bo‘lib qolmasligi uchun latifa mazmunini keltiraman. Bir chol kechasi kampirini turtib uyg‘otibdi, “Astag‘furulloh, astag‘furulloh, qimirlayapti, qimirlayapti” debdi. Shunda kampir “Qimirlasa yaxshi-ku, astag‘furulloh demang, alhamdulilloh deng” dermish. Chol bo‘lsa “Ey kampir, yer qimirlayapti, yer!” degan ekan. Mashhur askiyachilarimizning repertuaridan ham bu kabi behayo latifalar o‘rin olayotgani tashvishli holdir. Axir, o‘sha zalda yoki televizor ro‘parasida onalaringiz, singillaringiz, qizlaringiz o‘tiribdi, uyat emasmi? Uyin­gizda farzandingizga shunaqa tarbiya berarmidingiz? Sahna – muqaddas dargoh, dedik. Sahnani ham o‘z uyingizday ko‘ring!

Raqs borasida ham kishini ranjitadigan holatlar ko‘zga chalinib qoladi. Chunonchi, g‘oyat latif, jozibador va mashhur “Lazgi” ijrosida ba’zi raqqosalar olqish olish ilinjida didi past tomoshabinni qitiqlovchi, mast-alastlarni qutirtiruvchi bachkana qiliqlar qiladilar, bo‘lar-bo‘lmasga egilib-bukilib, qiyshanglaydilar. Vaholanki, mohir raqqosalar ijro etgan “Lazgi”larda nafosat bor, noz-istig‘no bor. To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda Madaniyat va turizm vazirligi nazoratni kuchaytirdi. Muz ko‘chgani yaxshi, lekin ayni chog‘da xonandalar aytadigan qo‘shiqlarning matniga ham jiddiy e’tibor qaratilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Ustoz san’atkorlar sahnaga chiqarkan, orasta kiyingan shogirdlaridan ham shuni talab qilgan. Komiljon Otaniyozov 1967 yili Sverdlov nomidagi kontsert zalida kontsert berganida davrining taniqli boshlovchisi, ovozi qo‘ng‘iroqday Zaytuna Tojiboyeva birinchi kuni bachkanaroq ko‘ylak kiyib sahnaga chiqqan edi. Ustoz o‘sha kuni g‘ijingan bo‘lsalar-da, indamagan. Lekin sahna ortida e’tiroz bildirgan bo‘lsalar kerakki, Z.Tojiboyeva ertasiga xonatlas ko‘ylak kiyib chiqdi. Shunda Komiljon aka “Zay­tunaxon, mana, bo‘larkan-ku, kecha “uch qavatli” ko‘ylak kiyib chiquvdingiz”, deya butun zalni kuldirgan edilar. Bugungi kunda sahnada kiyinishiga e’tibor bermaydigan, yoqavayron, ochiq ko‘ylaklar kiyadigan ayol xonandalar, peshonasiga ip bog‘lab chiqadigan, bozorga borganda kiyiladigan libosda ko‘rinadigan erkak ashulachilar, afsuski, uchrab turadi. Yana bir tanilib qolgan ashulachi qiz televideniye orqali namoyish qilingan klipida yotvolib, etik kiygan oyog‘ini ko‘tarib xonish qildi. Etikni ishlab chiqargan firma unga buyurtma berganmi, shu yo‘l bilan pul ishlayaptimi, degan xayolga boradi kishi. San’atkor faqat ijrosi bilangina emas, turish-turmushi, xulqi, hatto kiyinishi bilan ham tomoshabinga o‘rnak bo‘lsin.

Xulosa shuki, millat sifatida bor bo‘lmoqni istasak, G‘arbning “omma­viy madaniyati” mahsuli bo‘lgan bo‘lmag‘ur musiqiy yo‘nalishlarga, musiqiy ekspantsiyaga qarshi turishimiz, azaliy musiqiy qadriyatlarimizni asrab, rivojlantirmog‘imiz darkor. Bu hukumatning ishi deb beparvo, loqayd bo‘lmasligimiz, chetda turmasligimiz, aksincha, bu har birimizning ishimiz, jamiyat va xalq oldidagi burchimiz ekanini teran anglagan holda, o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz kerak.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 14-son