Jahon banki prezidenti Jim Yon Kimning Amerika Qo‘shma Shtatlarida chop etiladigan nufuzli “Foreign affairs” jurnali saytida e’lon qilingan “Inson kapitalini rivojlantirishdagi uzilishlar” sarlavhali tahliliy hisobot maqolasida keltirilgan mushohadalar, bank ekspertlarining muhim xulosalari, umuman, inson kapitaliga e’tiborni kuchaytirish zarurligi va bunday siyosatning samaralari bilan bog‘liq fakt va raqamlar ushbu mavzuga daxldor kishilarni befarq qoldirmaydi. Bunga maqolaning qiziqarli, noan’anaviy uslubda yozilgani bilan birga, mavzuning hamma zamonlarda, bugun ham, kelajakda ham jahonning jamiki davlatlariga – boyigayu kambag‘aliga istisnosiz taalluqli ekani, milliy taraqqiyot yo‘lidan borayotgan yoki bu yo‘lni orzulayotgan hech bir davlat inson kapitalini rivojlantirishdek muhim vazifani chetlab o‘tishi mumkin emasligi sababchi degim keladi.
Ijtimoy-siyosiy hayotda davlat-jamiyat-shaxs munosabatlari mavjud ekan va bu uchlik safiga yaqin-kelgusida biror o‘zgartirish kiritish, masalan uni qisqartirish yoki boshqa bir tushuncha bilan boyitishning zarurati yo‘qligi bois, inson manfaatlari hech qachon kun tartibidan tushmaydi. Ammo bu tushuncha qaysi bir holatda qaysi bir joyda, mintaqada ma’lum muddat e’tibordan chetda qolishi, mavhum darajali masalaga aylanishi mumkin. Bunda, shubhasiz, milliy taraqqiyot, umumrivojlanish, maqolada aytilganidek, “murakkab uzilishlarga duch keladi”, jamiyat inqirozga yuz tutadi, odamlarning turmush tarzi, xarid quvvati susayadi, davlat-jamiyat-shaxs munosabatlarida o‘nglash qiyin bo‘lgan nomutanosiblik yuzaga keladi.
Bu holatga tushishning ayanchli oqibatlarini sobiq tuzumning so‘nggi yillarida ittifoqdosh respublikalar hayotida yuz bergan ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy tanglik, insoniy fojealar, oziq-ovqat taqchilligi misolida yaqqol ko‘rish mumkin bo‘ldi.
Iqtisodchi, moliyachi mutaxassislar ilmiy muloqot tilida “inson kapitali” iborasini ishlatishadi. Oddiy tilda mulohaza yuritish uchun “inson manfaatlari” iborasidan bemalol foydalanish mumkin, zero, bunday oddiylik bu ikki iboraning bir-biridan farq qiluvchi ayrim jihatlarini inkor etmaydi. Shunday ekan, fikrimizni oddiy mushohada tilida bayon qilishga harakat qilamiz.
Bu yorug‘ olamda inson hayoti paydo bo‘lganidan beri odamlar yaxshi, tinch yashashni orzu qiladi. Buning uchun ko‘p narsa kerak emas: tirikchilik sharoiti, tinch uy-joy, bolalari hayotining xavfsizligi bo‘lsa, bas. Dunyo dunyo bo‘lganidan beri, yer yuzining qaysi bir puchmog‘ida bo‘lmasin, yuzaga kelgan jamiyatlar ham, aslida, shu uch niyatni o‘zining bosh maqsadi deb bilgan. Insoniyatning butun tarixi davomida davlat tepasiga kelgan hukmdorlarning hammasi odamlar hayotini yaxshilashga intilishgan, harakat qilishgan, turli-tuman islohotlarni amalga oshirishgan (Bundan yovuz niyatli buzg‘unchilar, vayronkor kimsalar, qonxo‘r zolimlar, istisno, albatta). Ammo birgina niyatning o‘zi bilan ish bitmagan. Chunki, bunday islohotlarda hukmdorlar bilan jamiyat a’zolarining manfaatlari o‘zaro uyg‘unlashmagan, aniqrog‘i, ikki taraf xohish-istaklarining mos kelishini rahbar doiralar xohlashmagan.
Sobiq sovet tuzumida aynan shunday nomaqbul yo‘l tutilgani bugun endi hech kimga sir emas. Sho‘rolar saltanati o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan paytlarga doir hujjatlarni varaqlar ekansiz, “insonning kamoloti, baxt-saodati, qadr-qimmati, faxr-iftixori, sovet oilasining mustahkamligi” to‘g‘risida shu qadar ko‘p gapirilgani, bu haqda butun dunyoga jar solingani, jamiki rasmiy hujjatlar, uzundan-uzoq ma’ruzalar, “buyuk istiqbol rejalari” ayni shu so‘zlar bilan to‘lib-toshganiga guvoh bo‘lasiz. Aslida esa, rasmiy siyosat tamomila boshqa – odamlarning ong-tafakkurini jilovlash, fikr erkinligi yo‘liga to‘siq qo‘yish, jamiyatni karaxt holatda tutib turish, milliy uyg‘onish, o‘zlikni anglashga izn bermaslik yo‘lidan bordi.
Birgina misol. Sho‘ro tuzumi dunyo mamlakatlarining hech birida qo‘llanilmagan, aqlli-hushli odamning hatto tushiga ham kirmagan g‘ayriinsoniy siyosatni amalga oshirdi – mamlakatda tadbirkorlik, ishbilarmonlik rasman taqiqlab qo‘yildi. Bu taqiqni bo‘z yerni ne azob-uqubat bilan o‘zlashtirib, ekin ekkan, kuzda mo‘l hosil kutayotgan dehqonning shu ekinga keladigan suv yo‘lini boshqa birov emas, o‘zi, o‘z qo‘li bilan buzib tashlashiga mengzash mumkin. Boshqacha ifodalash qiyin. Taassufki, bu kaltabin siyosat uzoq vaqt hukm surdi, oqibat natijada tuzumning o‘zini tanazzulga olib keldi.
Bugun dunyo ham, odamlar ham o‘zgardi. Insoniyat yaxshi niyat bilan yangi asrga qadam qo‘ydi. Olamshumul ixtirolarning sanog‘i kun sayin oshib bormoqda. Ammo… muammolar sanog‘i ham shunga yarasha bo‘lmoqdaligi g‘alat. Ilmiy-texnikaviy tafakkur rivoji yangi asr muammolari oldida tang qolayotgan holatlarga ham guvoh bo‘lib turibmiz. Ularni birma-bir sanashga hojat yo‘q, odam savdosi, giyohvandlik, qochoqlar, terrorizm, diniy mutaassiblik kabi balo-ofatlarning o‘zi hammasini aytib turibdi. Bunga ba’zi rasmiy ma’lumotlarni qo‘shaylik: dunyoning rivojlangan o‘n davlatida harbiy-sanoat kompleksi xarajatlari kun sayin emas, soat sayin oshayotgani aniq. Dunyoda insonning yashashi uchun yaratilayotgan jamiki imkoniyatlardan aholining atigi 17 foizi foydalanayotir, qolgan 83 foiz aholiga esa 17 foiz imkoniyat qolmoqda. Bunday “taqsimot” nahotki saqlanib qolaversa?
Jim Yon Kimning maqolasida keltirilishicha, inson kapitaliga investitsiya kiritishdan ko‘ra samarali ish, dono yechim yo‘q. Bu qo‘yilma ta’lim sohasida, ayniqsa, yaxshi samara beradi. Buni ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya tutgan yo‘l ham tasdiqlaydi: chetdan qarz olinmagani, mavjud ichki imkoniyatlar asosan maktab ta’limiga yo‘naltirilgani bois, Yaponiya qisqa muddat ichida o‘zini tiklab oldi. Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar har bir qo‘shimcha ta’lim yili inson daromadini o‘rtacha 10 foizga oshirganini ko‘rsatgan. AQShdagi boshlang‘ich maktabning alohida sinfida ishlayotgan past malakali o‘qituvchini o‘rta darajadagi mutaxassisga almashtirish o‘quvchilarga butun ish faoliyati davomida qo‘shimcha 250 ming dollargacha daromad olish imkonini bergan. 2010 yili Michiganda ta’lim samaradorligini oshirish uchun sarflangan har bir dollar jamiyatga 7-12 dollargacha foyda bo‘lib qaytgan.
Bunday misollarni boshqa manbalardan ham keltirish mumkin. Yuqoridagi to‘rt muammoning urchishi, asosan, ishsizlik, ta’lim-tarbiyaning sustligi, savodxonlik darajasining (ziyolilikning) pastligi bilan bevosita bog‘liq. Sotsiolog Fishmanning fikricha, ona tiliga e’tiborning pastligi ham yoshlar orasida jinoyatchilikning ko‘payishiga olib kelar ekan.
O‘ylab ko‘raylik, dunyoning yetakchi mamlakatlarida o‘tkazilayotgan turfa xil islohotlar, taraqqiyot dasturlari, ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar markazida hamisha ham inson manfaati yotadimi yoki ularda boshqa maqsadlar ham bormi? Masalan, bugun rivojlangan mamlakatlarda og‘ir sanoat sohasida mehnat qilayotgan ishchilarni “sun’iy intellekt” deb nomlangan robotlar bilan almashtirishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Davos shahrida bo‘lib o‘tgan so‘nggi forumda rossiyalik tadbirkorlar bu yo‘nalishda erishgan yutuqlarini zavq bilan namoyish qilishdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin-kelgusida bunday qurilmalar uzoq yillik mehnat stajiga ega, tajribali 250-300 ming kishining o‘rnini egallaydi. Demakki, shuncha kishi ishdan bo‘shatiladi. Xo‘sh, ular oilasining ta’minoti, o‘zining taqdiri nima bo‘ladi? Bunday holatlar bugungi taraqqiyot, daromad ketidan quvish shiddati inson manfaatlarini chetlab ham o‘tmoqda, degan achchiq mushohadaga olib keladi. E’tiroz bildirish qiyin. Chunki, robotlar odamlarga o‘xshab ish haqi talab qilmaydi, ish tashlash holatlari yuz bermaydi, namoyishlar to‘xtaydi, yoshi o‘tganida ularga nafaqa to‘lanmaydi.
Masalaning qisqacha mohiyati shundan iborat. XXI asr erkinligi har bir davlatga o‘zi tanlagan yo‘ldan yurishga izn berdi. Ammo bu yorug‘ dunyoda yo‘l degani shu qadar ko‘pki, ularning hammasi Rimga ham, ko‘zlangan maqsadga ham eltmaydi. Har bir davlat o‘zi uchun maqbul taraqqiyot yo‘lini belgilar ekan, bunda, avvalo, ko‘zlagan maqsadidan kelib chiqadi. O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligi boshida mustaqillikka erishgan respublikalarda aynan shunday bo‘ldi – har kim o‘ziga maqbul taraqqiyot yo‘lini tanladi. O‘zbekiston tashqaridan qarz ko‘tarmaslikka, o‘zining ichki imkoniyatlariga va xalqimizning salohiyati va xohish-irodasiga tayanib ish ko‘rishga qaror qildi. Bu qaror nechog‘li to‘g‘ri bo‘lganini bugun dunyo hamjamiyati e’tirof etib turibdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning keyingi ikki yillik faoliyati, yangi xalqchil ijtimoiy-iqtisodiy siyosati va birinchi yilning “Inson manfaatlari va xalq bilan muloqot yili” deb nomlanishidayoq inson kapitalini rivojlantirish maqsadlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xalq bilan muloqotga kirishish, tanqidiy mushohadalarini tinglash, odamlarning haqli e’tirozlari va amaliy takliflarini o‘rganish, tahlil qilish, o‘rinlilarini qabul qilishning o‘zi son-sanoqsiz muammolarni ijobiy hal qilish imkonini berdi. Bugun ham davom etayotgan bu jarayon mamlakat iqtisodiyotiga qancha samara berganini oddiy raqamlarda aks ettirish qiyin. Bu samara murojaatlari o‘rganib chiqilgan va tegishli chora-tadbirlar belgilangan milliondan ortiq yurtdoshlarimizning turmush tarzida, bugungi faraxli kunlarga yetib kelgani shukronasida o‘z ifodasini topib turibdi. Bundan ortiq samara bo‘lmas.
Ikkinchidan, davlatimiz rahbari jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni rivojlantirish, el-yurtning huquq-tartibot organlari xodimlariga ishonchini mustahkamlash orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish, bu yo‘lga bilib-bilmay kirib qolgan, xatosini tushunib, chin dildan tazarru qilgan yoshlarni (katta yoshlilarni ham) oilaga, mahallaga, faol ijtimoiy hayotga qaytarishni g‘oyat muhim vazifa sifatida belgiladi. Qisqa vaqt ichida ko‘plar oila bag‘riga, farzandlari yoniga, qarindoshlar safiga qo‘shildi, mutasaddilar ularning sog‘lig‘ini tiklash, ishga joylashtirish, oilaviy muammolarini hal etish bilan jiddiy shug‘ullanmoqdalar. Yengil qonunbuzarlik qilgan yoshlarning xulqi ota-onalari, jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama etilib, ular mahalla va yoshlar ittifoqi tomonidan kafillikka olindi. Ishsiz, uyushmagan yoshlarning katta qismi ishga joylashdi, uquvlilariga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoni berildi. Demakki, qanchadan-qancha jinoyatlarning oldi olindi, oilalar but bo‘ldi, ko‘ngli o‘ksik farzandlarning qaddi tiklandi, mushtipar onalarning chehrasi yorishdi. Bu ishlardan kelayotgan mo‘may foydani hatto jahon banki kuzatuvchilari ham aniq hisoblay olmasalar kerak.
Davlatimiz rahbari yaxshi qo‘shnichilik, ahil-inoqlik, o‘zaro hurmat-ehtirom siyosatini yuksak pog‘onaga ko‘tardi. Ham ichkarida, ham tashqarida o‘rinli-o‘rinsiz qo‘yilgan to‘siqlar olib tashlandi, asossiz tekshiruvlarga, shubha-gumonlarga barham berildi. Uzoq yillar bir-biridan uzilib, begonalashayotgan oilalar, bir ota-onaning farzandlari, sulolalar, do‘st-qadrdonlar, kasbdoshlar bugun bir-birlarini bag‘rilariga bosib, Prezidentimizni duo qilmoqdalar. Madaniyat, adabiyot, teatr va kino san’ati namoyandalarining o‘zaro bordi-keldilari, ijodiy haftalik va dekadalar tiklana boshlandi, bugun barchamiz ijodkorlikdagi yangi uyg‘onish fasliga guvoh bo‘lib turibmiz.
O‘sh Davlat Akademik drama teatri ijodkorlari Milliy Akademik drama teatrimiz sahnasida Chingiz Aytmatovning “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” qissasi asosida tayyorlangan spektaklni namoyish etdilar. O‘zbek va qirg‘iz kino ijodkorlari birgalikda “Dilbarim” filmini suratga olmoqdalar. “Jahon adabiyoti” jurnalining bu yilgi to‘rtta soni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ijodkorlariga bag‘ishlanmoqda. “Sharq yulduzi” va Qirg‘izistonda chop etiladigan “Ala-too” adabiy-badiiy jurnali o‘rtasida ijodiy hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Yozuvchilar uyushmasida Ukrainaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan birgalikda otashnafas shoira Lesya Ukrainkaning o‘zbek tiliga o‘girilgan “Marvarid yoshlar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bir guruh o‘zbek ijodkorlari qo‘shni Qozog‘istonda bo‘lib, hamkasblari bilan dildan suhbatlashib, yangi ijodiy rejalar tuzib qaytdilar. Boshqa sohalarda ham quvonarli o‘zgarishlar yuz berayotir. Xalq ko‘ngildagi ko‘tarinkilik, yangi ijod namunalari, yangi kitoblar, tarjimalar, ustoz-shogirdlik an’analari – bulardan kelayotgan foydani kim hisoblaydi? Bularning hammasi inson kapitalini rivojlantirish, inson manfaatlariga xizmat qilish, hazrati Insonni ulug‘lash emasmi?!
Buyuk adib Chingiz Aytmatovning bundan rosa yigirma ikki yil avval Toshkentda so‘zlagan nutqida aytilgan quyidagi so‘zlari beixtiyor yodga tushadi: “Bordi-keldilarimiz deyarli to‘xtab qoldi. Hozir o‘zbek adabiyotida, xususan yosh o‘zbek adiblari ijodida qanday yutuqlar bor, ular qaysi mavzularni qalamga olmoqdalar, qanday yangi yo‘nalishlar mavjud – bundan biz tomondagi tengdoshlaringizning xabari yo‘q. Va, aksincha, bizda nima gap, yozilayotgan, chop etilayotgan asarlarning mazmuni, g‘oyaviy-badiiy saviyasi qanday – buni sizlar bilmaysizlar. Bu ketishda bir-birimizdan uzoqlashib ketamiz. Bora-bora bir-birimizni tanimay qolamiz, bir-birimizga ishonchsizlik, hadik ko‘zi bilan qarash boshlanadi. Men aslo bo‘rttirayotganim yo‘q. Beparvo yuraversak, bir-birimizga intilmasak, shu darajaga tushishimiz aniq. Bora-bora bir-birimizni tarjimon orqali tushunadigan bo‘lib qolamiz. Bu – tuzatish qiyin bo‘lgan katta ma’naviy fojia bo‘ladi…” Ne baxtki, bugun ana shu ma’naviy fojea qirg‘oqlaridan uzoqlashmoqdamiz. Bu jarayon bardavom bo‘lsin.
Keyingi ikki yil ichida mamlakatimizda milliy ta’lim sohasini amalda isloh qilishga, xususan, soha kadrlari malakasini oshirishga alohida e’tibor berildi. Mamlakatda maktabgacha ta’lim sohasi nochor ahvolga tushib qolganini, bu borada beparvo o‘tkazayotgan har kunimiz shundoq ham murakkab muammoni yanada murakkablashtirishi mumkinligini tushunib yetdik, Prezident Farmoniga binoan yangi vazirlik tashkil etildi. Maktabgacha tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Yaqin Sharq mamlakatlaridan birida bolalarni bo‘lajak kasbga yo‘naltirish… bog‘cha tarbiyasidan boshlanadi. Tarbiyachilar (tajribali pedagog va ruhshunoslar) ota-onasi bog‘chaga olib kelgan bolaning qanday o‘yinchoqlar o‘ynashi, boshqa bolalar bilan muomalasiga qarab, ularni ma’lum yo‘nalishli guruhlarga ajratiladi. Bunda ular bolaning tomirlari qaysi sohaga moyilligini bilishga harakat qilishsa kerak. Shunday qilinganda bola yoshligidan o‘zi qiziqqan sohaga yaqinlashadi, uni o‘rganadi va… bog‘chadan keyin maktabda, oliy o‘quv yurtida yaxshi o‘qiydi, fanlarni a’loga o‘zlashtiradi. Bundan keladigan daromadni tasavvur qilasizmi?
Davlatimiz rahbarining oilani mustahkamlash borasidagi Farmon va qarorlarini olaylik. Oila – insoniyat o‘zining butun tarixi davomida ixtiro qilingan eng noyob yacheyka bo‘lsa kerak. Oila tanazzulga yuz tutsa, aytaylik, undagi o‘rtacha uch-to‘rtta bola qarovsiz qolsa, biri jinoyatga, ikkinchisi giyohvandlikka, uchinchisi poraxo‘rlikka, to‘rtinchisi tanballikka moyil bo‘lib voyaga yetsa, jamiyat oldida yangi to‘rtta muammo paydo bo‘ladi, ularni bu kasallikdan forig‘ qilish uchun sarflanadigan mablag‘ning miqdorini kim ayta oladi?
Janob Jim Yon Kimning maqolasida aytilishicha, shu yilning oktyabr oyida Bali orolida bo‘lib o‘tadigan Jahon banki guruhining yillik yig‘ilishida bugun dunyoga keladigan bola 18 yoshga yetganida uning salomatligi qanday bo‘lishi, bu borada qanday muammolarga duch kelishi turli mamlakatlar misolida ko‘rsatib berilar ekan. Boshqa mamlakatlarni bilmadim, ammo O‘zbekistonda bugun dunyoga kelgan chaqaloq 18 yildan keyin qanday hayot kechirishini, salomatligi, ilmi, ong-tafakkuri, xulq-odobi qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas: mamlakatimizda inson kapitaliga sarflanayotgan xarajatlar yillar o‘tgani sayin, besh-o‘n barobar bo‘lib, o‘zimizga, el-yurtimizga, ma’naviy barkamolligimizga qaytadi va jahon banki mutasaddilarining yillik hisobotlarini go‘zal raqamlar bilan bezaydi.
Bank va Xalqaro moliya korporatsiyasining so‘nggi ma’lumotlari bunday umidvorlikka asos bo‘la oladi. Chunonchi, ushbu ikki nufuzli tashkilotning “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekistonning reytingi 2 barobardan ortiq yaxshilanib, jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o‘rindan 2017 yilda 74-o‘ringa ko‘tarilgan, biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhiti, huquqiy kafolot bo‘yicha esa mamlakatimiz birinchi o‘nlikdan joy olgan. Bu natijalar, shubhasiz, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jamiki islohotlar markazida Inson va uning manfaatlari yotishini tasdiqlaydi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 6-son