Mana, bir necha oydirki, “sariq” matbuot olami va bu olamning dunyoda yakkaxon qirollaridan biriga aylangan Merdoklar imperiyasini yangi “uotergeyt” mashmashalari titratib turibdi. Gap biznesmen ota-bolaning ish yuritish, daromad topish usullari ustida bo‘lsa mayli edi, ammo bu galgi janjalga Angliyadek obro‘li mamlakatda chop etilayotgan qator nashrlarning bosh muharrirlari, London politsiyasi amaldorlarining daxldorligi ma’lum bo‘lgach, ko‘plarga ko‘p narsalarda murabbiylik qilishni o‘zlariga ep ko‘radigan inglizlarning kayfiyati chinakamiga buzildi, jamoatchilik oyoqqa qalqdi. Inson huquqlari, odamlarning shaxsiy hayotiga aralashmaslik, fuqarolik manfaatlariga daxl qilmaslik to‘g‘risida to‘xtovsiz bong urib turilgan bir paytda poytaxt Londonda eshitgan kishining eti junjikadigan qonunbuzarliklar sodir etilayotganini qanday baholash mumkin? Bu nima — biznes olamining “taka bo‘lsin — sut bersin” shiorimi yo behisob boylik ta’sirida shayton vasvasasiga uchishmi? Salkam 6 milliard dollar shaxsiy mablag‘ga ega bo‘lgan Merdoklarga yana nima yetishmayotgan ekan-a?
Gap shundaki, bundan bir muddat avval ota va bola Merdoklar bevosita rahbarlik qilayotgan “Nyus-Korporeyshn”ga qarashli “News of the World” gazetasi jurnalistlari nima qilib bo‘lsa-da, shov-shuvli, oldi-qochdi fakt va ma’lumotlarni qo‘lga kiritish uchun minglab vatandoshlarining telefon orqali so‘zlashuvlarini qonunga zid ravishda eshitib, shaxsiy pochtalarini o‘qib, ulardan o‘z manfaatlari yo‘lida surbetlik bilan foydalanib kelganlar. O‘zlarini adolat homiylari deb e’lon qilgan noshirlar bu qabih jinoyatlari bilan jurnalistika nomiga o‘chmas dog‘ tushirganlar.
Dastlabki tergov natijalarida 160 yildan beri uzluksiz chop etib kelinayotgan, gazetxonlarning ishonchini qozongan, inglizlarning bir emas, bir necha avlodi o‘qib, axborotlariga ishonib kelayotgan, adadi million nusxadan oshib ketgan “News of the World” gazetasi reportyorlari 4 mingdan ortiq mobil aloqa vositalarini, 5 mingdan ortiq shahar telefonlarini muntazam ravishda eshitib kelishgan. Keyingi xabarlarda aytilishicha, bu raqamlar yana ikki-uch bor oshishi ham mumkin ekan. Jabrlanganlar orasida qirollik oilasi a’zolari, terrorchilar hujumi natijasida mamlakatda va Afg‘onistondagi urushda halok bo‘lganlarning yaqin qarindoshlari, taniqli kishilar bor.
Britaniya parlamentining maxsus komissiyasi bu mojaroni jiddiy o‘rganishga kirishdi. Dastlabki natijalar kishini hayratga soladi. Skotland-Yardning sobiq boshlig‘i Pol Stivenson (bu mulozim va uning o‘rinbosari Jon Yeyts ushbu ish bois iste’foga chiqishdi), ota va o‘g‘il Rupert va Jeyms Merdoklar parlamentning madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zolarining savollariga javob qaytarishga majbur bo‘ldilar. Ikki soatdan ko‘proq davom etgan savol-javob chog‘i dunyo media bozorida yakka hukmronlik qilayotgan magnatlar oshkor bo‘lgan voqeadan afsuslanib, o‘z vatandoshlaridan, ayniqsa, jabrlanganlardan uzr so‘rashdi, 80 yoshli keksa Rupert Merdok: “Juda afsusdaman, bugun hayotimdagi eng tahqirli kun”, dedi. Ammo aybiga iqror bo‘lmay, gazeta jurnalistlari qonunga xilof ravishda axborot to‘playotganlaridan mutlaqo bexabarligini qayta-qayta takrorladi. Aslida ham shundaymikin?
Mojaro yuzaga qalqib chiqqach, voqealar rivoji juda tezlashib ketdi. Dastlab “News of the World”ning bosh muharriri Rebekka Bruks hibsga olindi. Uning rahbarligida chop etilayotgan gazeta jurnalistlari qotillar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va keyinchalik o‘ldirilgan maktab o‘quvchisi Milli Daulerning ovozli pochtasidagi ba’zi ma’lumotlarni o‘chirib (bunday pastkashlik dunyoda kamdan-kam sodir bo‘ladi), tergov xodimlarini chalg‘itishgan. Politsiya va qizchaning ota-onasi gazeta materiallariga ishonib, Millini tirik deb o‘ylashgan. Bundan tashqari, gazeta reportyorlari London politsiyasi bilan maxfiy til biriktirib, ulardan mansabdor shaxslarning shaxsiy hayotiga doir muhim ma’lumotlarni doimiy ravishda, albatta, ma’lum moddiy manfaatdorlik evaziga olib turishgan va bu bilan o‘z xizmat vazifalarini suiiste’mol qilishgan. Bunday ma’lumotlar “Nyus-Korporeyshn”ga tegishli nashrlarning umumiy tirajiga, demakki, muassislarning cho‘ntagiga tushadigan mo‘may daromadga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Nahotki bu jinoyatlardan bosh muharrir va u bilan gazeta yo‘nalishi xususida maslahatlashib, tegishli ko‘rsatmalar berib turadigan muassis bexabar bo‘lsa? Gazetaning navbatdagi soniga imzo chekayotgan rahbar jurnalistlar topib kelgan shov-shuvli materiallardagi ma’lumotlar qayerdan, qaysi manbadan va qay tarzda olinganiga qiziqishi lozim edi-ku?! Bunday mulohaza tajribali, o‘zi ham bir vaqtlar gazeta nashr etgan ota Merdokning xayoliga kelishi kerak edi-ku?! Bruks xonimning xotirjam: “Men hozir hibsdaman, ba’zi savollarga javob qaytara olmayman, xodimlarimning noqonuniy xatti-harakatlaridan ikki hafta avval xabar topganim rost” degan so‘zlariga ishonish qiyin. Ko‘plarning fikricha, u oshkora tilyog‘lamalik qilmoqda.
Komissiya a’zolari keyingi besh yil ichida London politsiyasi boshlig‘i ser Pol Stivenson “News of the World” gazetasi vakillari bilan 18 marta, gazeta bosh muharriri o‘rinbosari Nil Uollis bilan 7 marta astoydil tushlik qilganini aniqlashdi. “Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur” deganlaridek, Londondek guvillab yotgan shahar politsiyasining boshini qashishga vaqti yo‘q boshlig‘i bekorga shunday qilmagan bo‘lsa kerak!
Komissiya a’zolarida bunday mulohaza bildirishga yetarli asoslar bor. Chunonchi, London politsiyasining jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori Dik Fidorchio parlament a’zolari huzuridagi chiqishida mazkur departamentning 45 nafar xodimidan 10 tasi “News of the World” gazetasining sobiq xodimlari ekanini ma’lum qilgan. Shu gazetaning sobiq muharrirlaridan biri Endi Koulson bir muddat mamlakatning hozirgi bosh vaziri mahkamasida matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. Bosh vazir Devid Kemeron Koulsonni ishonchli do‘st, haqiqiy professional sifatida hurmat qilishini aytgan. Ser Stivenson esa politsiyaning jamoatchilik bilan aloqasi bo‘yicha o‘ziga maslahatchi qilib, go‘yoki mamlakatda boshqa nashr yo‘qday, ayni shu gazeta bosh muharririning o‘rinbosari Nill Uollisni tanlagan. Yana boshqa faktlar ham bor. Ammo shu keltirilganlarning o‘zi komissiya a’zolarida London politsiyasi va “News of the World” o‘rtasida ikki tomonlama kelishuvli aloqa mavjudligi xususida fikr uyg‘otmoqda. Shunga asoslanib, Koulson va yana gazetaning ayrim xodimlari, politsiyachilar, xususiy izquvarlar hibsga olindi. Bundan ancha vaqt ilgari “News of the World” gazetasi reportyorligidan bo‘shagan va hamkasblarining noqonuniy hatti-harakatlari to‘g‘risida birinchi bo‘lib ma’lumot bergan Shon Xorning murdasi Xardfordshir grafligidagi uyidan topilgan. Politsiya marhum o‘z ajali bilan vafot etganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, bu voqeaga daxldor savollar ozayish o‘rniga ko‘paymoqda.
Parlament komissiyasining a’zolari ota-bola Merdoklardan kompaniya xodimlarining odamlarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni titkilash, politsiya bilan jinoiy til biriktirish, huquq-tartibot organlarini chalg‘itish, siyosatdonlarni o‘z tomonlariga og‘dirish kabi jinoiy xatti-harakatlarini izohlab berishni qat’iy talab qilishdi. Savol-javoblar chog‘i parlament vakillari 2008 yilning aprel oyida nima sababdan yoki qaysi asosga ko‘ra Jeyms Merdok Angliya professional futbolistlari assotsiatsiyasi boshlig‘i Gordon Taylor nomiga yozilgan 700 ming funt sterling miqdoridagi chekka imzo qo‘ygani bilan qiziqishdi. Balki bu “gonorar” Taylorning jim turish, ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilmasligi uchun berilgandir? Axir, uning telefoni ham uzoq vaqt kuzatilgan edi-da.
Rupert Merdok bir qarashda juda xotirjamga o‘xshaydi. Yoshi saksondan oshgan, o‘z sohasining betakror bilimdoniga aylangan, tinib-tinchimas bu qariyani savol bilan chalg‘itish qiyinligini parlament komissiyasi a’zolarining biri ikkinchisidan o‘tkir, uncha-muncha kishini dovdiratib qo‘yadigan ikki yuzdan ortiq savollariga qanday javob qaytarganini ko‘rib ishonch hosil qildik (Bu tadbir “Rossiya-24” kanalida to‘la namoyish etildi). Komissiya a’zolaridan biri: “Siz mamlakat bosh vazirlari bilan doimo yaxshi munosabatda bo‘lgansiz, ularni kerak paytlarda qo‘llagansiz, tez-tez uchrashib turgansiz. Ammo, ayting-chi, nega har safar, sizni bosh vazir qarorgohiga taklif qilishganida, old eshikdan emas, orqa eshikdan kirardingiz?” degan savoliga ham xotirjamlik bilan: “Ha, shunday bo‘lardi, sababi menga ma’lum emas”, deb javob berdi-qo‘ydi. Ko‘pchilik savollar uning gazeta muharrirlari bilan qanday ishlashi to‘g‘risida bo‘ldi. Merdok “Muharrirlar bilan ahyon-ahyonda ko‘rishib turaman, ichki ishlariga aralashmayman, ammo ularga ishonardim, afsuski, ba’zilari ishonchimni oqlashmadi. Korporatsiyada 53 ming kishi ishlaydi, hammasini bilish qiyin, “News of the World” yalpi biznesimning atigi bir foizini tashkil qiladi”, deyishdan nariga o‘tmadi.
2003 yili o‘ttiz bir yillik nikohdan so‘ng rafiqasi Anna Torv bilan ajrashib, 31 yoshli Vendi Deng ismli ayolga uylangan Rupert Merdokning hayot yo‘liga bir nazar tashlaylik. U 1931 yili Melburn shahrida tug‘ilgan. Avstraliyada chop etiladigan bir qator gazetalarda ishlab, ma’lum tajribaga ega bo‘lgach, Buyuk Britaniya va AQSh media-bozori tomon yo‘l oladi va birin-ketin shov-shuvga o‘ch “sariq” matbuot nashrlarini sotib ola boshlaydi, o‘zi ham bir necha yangi gazeta-jurnallar tashkil etadi. 1979 yili “Nyus-Korporeyshn”ga asos soladi. 1985 yili AQSh fuqaroligini qabul qilgach, Amerikaning bir necha yirik telekompaniyalari egasiga aylanadi. Keyinroq “Dow Jopes” kompaniyasi ham uning ixtiyoriga o‘tadi.
Keksa Merdokni ba’zilar maqtashadi, ba’zilar ayovsiz tanqid qilishadi. “U juda boy, ammo o‘ta xasis” deguvchilar, “Biron-bir foydali kelishuvdan quruq qolmaslik uchun deyarli uxlamaydi, arzimagan pul uchun erinmay tortishadi, ammo auktsionda boyligini ko‘z-ko‘z qilib, masalan Van Gogning oddiy asari uchun 49 million dollar to‘lashga rozi bo‘ladi”, deya pisanda qiluvchilar ham yo‘q emas.
Merdok, shubhasiz, murakkab shaxs. Dunyoqarashi g‘arb olamining ayovsiz qoidalari, rahmsiz talablari, “Yo sen yanchib o‘tasan, yo seni yanchib o‘tishadi” qabilidagi o‘zgarmas shiorlari asosida shakllanganiga shubha yo‘q. Yo‘liga soya tashlayotganlarni yoqtirmaydi. Buni quyidagi misol bilan isbotlash mumkin. 1994 yili Merdok Milliy futbol ligasiga 1,6 milliard dollar to‘lab, mamlakat stadionlaridagi jamiki futbol o‘yinlarini to‘rt yil davomida translyatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritadi. Translyatsiya bilan keyingi qirq yil ichida muttasil shug‘ullanib kelayotgan va bu borada katta tajribaga ega CBS kompaniyasi esa og‘zini ochib qolaveradi. Chunki janob Merdok savdo bahosini birdaniga uch baravar ko‘tarib yuboradi.
Merdok qaltis vaziyatlardan juda ko‘p hollarda silliqqina chiqib keta olgan. Uning mamlakat rasmiy doiralari, nufuzi baland mulozimlar bilan do‘stona aloqa o‘rnata olish, ularni o‘z ta’siri doirasida tutib turish mahoratini inkor etishning iloji yo‘q. Yirik siyosatdon va tadbirkorlarni qachon va qay holatda qo‘llab-quvvatlashni, kim bilan va qayerda osh-qatiq bo‘lishni, bozorga qachon chiqishni va nima xarid qilishni yaxshi biladi. U 1981 yili dunyodagi eng qimmat savdo belgisi — “The Times” gazetasini xarid qilar ekan, ancha uzoqni ko‘zlagan edi. Kasaba uyushmasi xodimlari, jurnalistlar inglizlarning o‘nlab avlodlari muttasil o‘qib kelayotgan ushbu obro‘li nashrning Merdok qo‘liga o‘tishini ma’qullamay, norozilik namoyishlari o‘tkazishadi. Ammo o‘sha paytdagi bosh vazir Margaret Tetcher kutilmaganda Merdokning yonini oladi. Bunga javoban Merdok gazeta sahifalarida “temir xonim”ning memuarlarini e’lon qilishga kirishadi. Mana buni ishbilarmonlik desa bo‘ladi.
Rupert Merdokning hayoti, media-biznes olamidagi muvaffaqiyatlari bugun ko‘pchilikning e’tiborida. U avval boshdanoq qartani goh ochiq, goh yopiq, ba’zi hollarda esa qoidaga zid ravishda qaltis o‘ynagani ma’lum. Birgina misol. Yosh Rupert 1953 yili o‘z vatanida noshir va muharrir otasidan meros bo‘lib qolgan “The Adelaide News” gazetasiga rahbarlik qilayotganida raqobatchilari undan gazetani arzimas bahoga sotishni talab chiqishadi, rozi bo‘lmasang, senga qarshi til biriktirib, gazetangni kasodga uchratamiz, deya do‘q-po‘pisa qilishadi. Rupert bu taklifga ko‘nmaydi, aksincha, raqobatchilarning xayoliga ham kelmagan ishga qo‘l uradi — gazetaning birinchi sahifasida savdo-sotiqqa doir oshkor qilish mumkin bo‘lmagan bir konfidentsial taklifni e’lon qilib yuboradi va bu bilan bir yo‘la ikki quyonni uradi: raqobatchilar uni tinch qo‘yishadi, gazetaning tiraji esa ikki barobar oshadi.
Merdokning bu o‘yinlari o‘tgan asrda qolib ketgani aniq, ammo uning media-bozoridagi siyosati ko‘pincha ayni shunday qaltis qarorlarga, kutilmagan burilishlarga asoslangani sir emas.
Hozircha tekshiruvlar davom etmoqda. “News of the World” yopildi, jurnalistlar o‘zlariga ish izlamoqdalar. Uning so‘nggi nomeri 3,8 million nusxada chop etildi va juda tez sotildi. Ayni chog‘da Merdoklar asos solgan “Nyus-Korporeyshn”ga qarashli yirik nashrlarning adadi kun sayin tushib bormoqda. Kimga to‘y, kimga aza. Bu holatdan unumli foydalangan raqobatchilar otlarini qamchilab qolishdi. Masalan “Deyli star sandi”ning shu yil 17 iyul kungi soni avvalgisidan uch barobar ko‘p nusxada chiqdi. “Gardian”, “Independent”, “Mirror” kabi kundalik gazetalarning ham nusxalari ko‘paydi. Ayni chog‘da “Nyus-Korporeyshn”ning qimmatli qog‘ozlar bozoridagi bahosi 17,4 foizga yoki 8,3 milliard dollarga arzonlashdi. Merdoklarning shaxsiy mulki 1 milliard dollarga kamaydi. Tajribali milliarder uchun bu yo‘qotish hech gap emas. Ammo parlament tekshirishlari natijasida ota-bola Merdoklarning ushbu jinoiy hatti-harakatlardan xabardorligi aniqlansa, “Nyus-Korporeyshn”day ulkan imperiyaning janozasini o‘qisa ham bo‘laveradi.
Bu mojarodan anglashiladigan xulosa shuki, matbuot o‘z mohiyatiga ko‘ra hamma joyda va hamisha o‘z o‘quvchilari oldida xolis va adolatli bo‘lishi, faqat asosli, tekshirilgan axborotlarni tarqatishi, noo‘rin shov-shuv ko‘tarmasligi, odamlarning shaxsiy hayotiga aralashmasligi, insoniy his-tuyg‘ularini hurmat qilishi, jamiyatdagi ayrim kuch va doiralarning boshqalardan o‘ch olish minbariga aylanib qolmasligi kerak. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida amal qilayotgan xartiya va kodekslarda, xususan, jurnalistlar xalqaro federatsiyasining hujjatlarida va mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qabul qilingan qonunlarda bu talablar aniq-ravshan belgilab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbarining ko‘plab nutq va ma’ruzalarida mustaqillik yillari matbuotining maqsad va vazifalari to‘g‘risida gap borar ekan, bu matbuot, eng avvalo, “inson manfaatlarining himoyachisi, davlat va jamiyat o‘rtasida xolis vositachi sifatida faoliyat yuritishi, faqat shu yo‘l bilan erkin va xolis minbarga aylanishi lozimligi” alohida ta’kidlanadi. “So‘z ham kuchli, ham keskir bir quroldirki, uni ehtiyotkorlik bilan oqilona ishlatmoq zarur. Bu qurolni niyati pok, maqsadi halol… kishilarga topshirish zarur”, deb ta’kidlaydi Yurtboshimiz.
O‘zbekiston bosma axborot vositalari va axborot agentliklari jurnalistlarining axloq-odob kodeksida (2006 yil) quyidagilarni o‘qiymiz: “Jurnalist o‘z vazifasini ado etishda… inson sha’ni va uning shaxsiy hayot kechirishga bo‘lgan huquqini hurmat qilishi, xalqaro huquq va milliy qonunlar talablariga muvofiq inson huquqlari va uning sha’nini haqoratlar, g‘iybatlar, uydirma va ayblovlardan himoyalashi… zarur”.
Afsuski, bu talablarga g‘arb mamlakatlarida hamisha ham to‘la amal qilinmaydi. Foyda ketidan quvib, duch kelgan axborotni, jumladan uydirmaligi, sog‘lom mantiqqa zidligi avvaldan ma’lum g‘arazli mish-mishlarni ham bemalol gazeta sahifasiga olib chiqish, tarqatish ko‘plab nashrlar uchun oddiy bir holga aylanib qolgan.
Sharmandalarcha yopilgan “News of the World” gazetasi bilan bog‘liq mojaro matbuot olami uchun jiddiy saboq bo‘lishi tabiiy. Bu saboqvoqea sifatida jurnalistika sohasiga oid darsliklarga kirishi ham mumkin. Ammo bir narsa aniqki, bu jinoyatning jamiki ishtirokchiyu rahnamolari tegishli jazoga tortilib, Merdoklarning media imperiyasi “sariq” matbuot bozorini butunday tark etganida ham, mamlakat bosh vaziri va’da qilganidek, ota-bolaning aybi isbotlanib, ulardan matbuot ustidan hukmronlik qilish huquqi olib qo‘yilganida ham, bu urinishlar qotillar qo‘lida halok bo‘lgan qizchaning onasi ko‘zidagi bir tomchi yoshga arzimaydi.
Bu voqea g‘arb matbuoti tarixida sharmandali sahifa sifatida uzoq vaqt saqlanib qoladi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 8-son.