Halima Ahmedova. Xudbinlikka qurbim yetmaydi (2012)

Shu kunlarda bolalikka har kuni xayolan o‘n marta qaytaman desam, ishonavering. Bu shaffof davrning o‘z ehsonlari bor. Men bolaligimdan shuning uchun ham minnatdormanki, u menga eng chiroyli xayollarni berdi, tabiatdan sir terishni o‘rgatdi.
Bir paytlar katta bir shoira opamiz biznikiga borganda, “Kichkina qishloqchada yashar ekan”, degan ekan. Ammo mening ko‘zimga hanuz qishlog‘imiz juda bepoyon va katta ko‘rinadi. Ayniqsa, hovlimiz ortidagi bog‘ – mening eng katta darsxonam edi. Balki menga adabiyotni shu bog‘dagi daraxtlar o‘rgatgandir, ajriqlaru pechakgullar o‘rgatgandir. Har holda shuncha yoshga kirib hali hech qayerdan o‘sha mo‘jaz bog‘imizdan topgan tuyg‘ular shu’lasini topolganim yo‘q.
Ko‘p she’rlarimda daraxt obrazi uchrashi ham shu bog‘ bilan bog‘liq menimcha. Juda xayolparast bo‘lganman, bu esa juda ko‘p kitob o‘qiganimning ta’siridan deb o‘ylayman. Aslida barcha ijodkorlarning adabiyotga kirib kelish yo‘li qaysi ma’nodadir bir-biriga o‘xshaydi. Aytaylik, bolaligida ko‘p kitob o‘qiydi, jindak xayolparast va juda rahmdil bo‘ladi.
Xudo rahmatiga olgan bo‘lsin, bobom nihoyatda savodli odam edi. Har kuni meni yonlariga chaqirib, Bedil, Mashrab, Yassaviy, Navoiy va mavlono Rumiyni o‘qib berardilar. Menga o‘shanda g‘azallarning mazmunidan ko‘ra ohangi ko‘proq yoqardi. Chunki, mazmuniga tishim o‘tmasdi.
Qachonlardir kitob shaydosi bo‘lganim rost. Dadam menga juda ko‘p kitob olib kelardilar. Menga ajratilgan kichkina xona kitobga to‘la bo‘lardi. Negadir xonamga hech kimning kirishini istamas edim. Ba’zan ota-onamdan yoki ustozlarimdan dakki eshitgan vaqtlarim yaxshi ko‘rgan asarlarimning ichiga kirib berkingim kelardi.
Bobom o‘qigan g‘azallar ohangi meni nimadir yozishga undardi. Ilk she’rimni o‘n bir yoshimda yozganman. Va uni apil-tapil tuman gazetasiga jo‘natganman. Eng qizig‘i, mashqim o‘sha gazetada bosilgan. “Onajon” deb atalgan shu ilk she’rim bilan maktabda ancha vaqt mashhur bo‘lib yurganman…
Ilk kitobim “Tungi marvaridgullar” (nomini sevimli shoirim Shavkat Rahmon tanlagan) men Moskva shahridagi kasalxonada yotganimda chop etilgan. O‘shanda hayot bilan o‘limning orasida edim. Shuning uchunmi ilk kitob menga uncha tatimagan. Keyinchalik, sog‘ayib ketganimdan so‘ng “Tungi marvaridgullar” haqida o‘quvchilardan iliq gaplar eshitib quvonganman.
Eng katta va ulug‘ ustozim – o‘qigan kitoblarim deb o‘ylayman. Ular menga ko‘p narsani o‘rgatdi. Odamlarni yaxshi ko‘rishni, ishonishni, hech kimga hasad qilmay yashashni ulardan o‘rgandim.
Hayotim davomida ishonuvchanligim ortidan ko‘p xatolar qildim. Ammo hasad qilmay yashash, haqiqatni sevish oldida bu xatolar hech narsa emas.
Ba’zida manfaat topish uchun xudbin va beshafqat bo‘lgim keladi. Ammo qurbim yetmaydi. Zotan, kitoblar yuqtirgan mehribonlik, haqiqatparastlik bunga yo‘l qo‘ymaydi…
Yaxshimi, yomonmi sakkizta kitobim chop etildi. Menda g‘alati bir odat bor. She’rni bir nafasda yozaman-da qaytib o‘qib ko‘raman. O‘zimga yoqqanday bo‘ladi. Kitob bo‘lib chiqqandan so‘ng mutlaqo begonadek ko‘rinadi. Keyin yozgan she’rimning ustidan ishlasam soxta chiqib qoladigandek tuyulaveradi. Ko‘ngil to‘lmasligi ham yaxshi narsa shekilli, bo‘lmasa shuncha dard yetmaganidek, (hozir urchib ketgan) o‘zimga mahliyolik kasalini orttirib olarmidim…
Adabiyot olamiga kirgan inson borki, menimcha bu dunyodan yaxshilik izlab yashaydi. Aslida men barcha ijodkorlarni (xom xayol deb o‘ylamang) ezgulik elchilari deb bilaman. Ular qaysidir ma’noda tili, millati, mansabidan qat’i nazar bir-biriga qarindoshdek tuyuladi menga. Shuning uchunmi, ijodkorlar bilan o‘z og‘aynimdek ochilib-sochilib gaplashaman.
Ummonlarda suvni filtrlaydigan baliqlar yashar ekan. Ta’bir joiz bo‘lsa adabiyot ahlini men shu baliqlarga o‘xshatgan bo‘lar edim. Zero, jamiyatdagi har qanday ezgulikda, qalb tozaligida, adabiyotning, chinakam ijodkorlarning mehnatini ko‘rganday bo‘laman.
So‘zda Haqning jamoli bor, deyishadi. Shundanmi, so‘z ishqiga tushgan shoiru yozuvchini Yaratgan ayovsiz sinaydi. Goh dard beradi, goh qayg‘u beradi, goh hayotning ko‘chalarida sarson tentiratadi. Shularning barchasiga chidasang, mana ol, deb mastona devonaligini beradi. Bu devonalikka “shukr” so‘zini oshiq eta olgan ijodkorgagina ijodning betimsol vasli nasib etadi.
Konfutsiyning: “Dushmaningni faqat maqtagin, toki u maqtovdan shishib yorilsin”, degan gapi bor. Qolaversa xalqimiz ichida ham “Dushmanni shakarda o‘ldir”, degan naql yuradi. Men buni bekorga keltirmadim. Zo‘r shoir va yozuvchiga maqtovning keragi yo‘q. Shuningsiz ham qalb uning asarlarini yaxshi ko‘rib o‘qiydi.
Adabiyot maydoniga sof tuyg‘ulariyu orzulari bilan kirgan, kirayotgan ijodkorlarning bitta kitobi chiqar-chiqmas uch-to‘rt betlab maqtovnoma-taqrizlarning chiqayotganini (ayniqsa chiroyli ijodkor qizlarga) qaysidir ma’noda ularning ijodiga suiqasd deb o‘ylayman. Adabiy tanqidchiligimiz bugun ko‘zini kattaroq ochsa yaxshi bo‘lardi. Nazarimda o‘quvchilar ham, ijodkorlar ham, olovli, toza bahslarni, haqiqatdan suv ichgan taqrizlarni juda sog‘inishgan…
Bilmadim, mavridimi yoki yo‘qmi, ichimda necha yildan buyon maddalab yotgan bir gapni aytgim kelayapti. Ancha yillar oldin murg‘ak bolam bilan ijarama-ijara yurgan kezlarimda xushxabar eshitdim. Yozuvchilar uyushmasining uysiz-joysiz a’zolariga uy ajratilibdi. Do‘ppimni osmonga otib, xursand bo‘ldim: haqiqat bor ekan-ku! Darrov Yozuvchilar uyushmasining o‘sha paytlardagi mas’ullaridan birining qabuliga kirdim. U meni sovuq qarshi olib: “Hamma uyning o‘z egasi bor, sen esa bu yerda izg‘ib yurmasdan qishlog‘ingga ket, adabiyotga nima ham qilib berarding”, dedi. Karaxt tortdim. Ruhim yer bilan bitta bo‘ldi. Afsus, shunga o‘xshash iddaolarni yana ko‘p eshitdim.
O‘sha kunlar mening adabiyotdan topgan haqiqatim chil-chil singandek bo‘ldi. Qanchadan-qancha iste’dodli yoshlar o‘shanday undovli gaplarni eshitib, o‘z qishloqlariga qaytishdi. Shu-shu hech qayerda ko‘rinmay ketishdi. O‘zingiz o‘ylang, bu endigina porlayotgan iste’dodning ustiga loqaydlik bilan tuproq tortish degani emasmi?!
Hammasi ortda qoldi. Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ijodkorlarga, ayniqsa yosh ijodkorlarga ko‘rsatayotgan muruvvatidan ko‘nglim yayraydi. Ana shu muruvvatni qadrlab zo‘r asarlar yaratish payti keldi nazarimda.
Adabiyotimiz dengiziga bugun yangi-yangi to‘lqinlar kirib kelayapti. Ko‘ngilga yangi havo olib kirayotgan yoshlarimizni qutlamoq va asramoq lozim, deb o‘ylayman. Ijodkorlar bir-birining ijodiga hasad bilan emas, havas bilan qarasa bu qanchadan-qancha yuksalishga yo‘l ochgan bo‘lardi. O‘zingiz o‘ylang, qachondir “xalq dushmani” deb otilgan, aslida esa xalqning chinakam do‘stlari bo‘lgan Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Qodiriy, Fitratlarning umriga zavol bo‘lgan hasad emasmidi! Yaratgan bir-birini qo‘llaganni qo‘llaydi… Dunyoga ko‘z-ko‘z qilsa arzigulik adabiyotimiz boru, ammo haligacha nimagadir shu yo‘lda oqsayapmiz. To‘g‘ri, Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima markazi bu borada ish olib borayapti. Bu tarjima markaziga kuchli adabiy tarjimonlar kerak. Bir yig‘ilishda hurmatli shoirlarimizdan biri: “Yoshlarni ramkaga tortish kerak” degan gapni aytdilar. Aksincha, yoshlarga ijodiy kenglik berish kerak emasmi?!
Biz Hazrat Navoiy, Bobur Mirzolar ekib ketgan daraxtlarning mevasini yegan xalqmiz. Nasib bo‘lsa, adabiyotimiz dunyoni zabt etishiga ishonaman.
O‘zimga kelsak: “Adabiyot uchun nimadir qila oldimmi?” degan savolga haligacha javob topganim yo‘q. Bir paytlar ko‘nglimdagi tuyg‘ular shavqidan mastu mag‘rur edim. Ammo yillar tuyg‘ularingni beshafqat duradgordek randalab boraverar ekan. Kimningdir oldiga qarz so‘rab borganimda yoki o‘g‘limning qilgan aybi uchun bosh egib uzr so‘rayotganimda o‘sha randaning og‘riqli azobidan qiynalgan g‘ururimning chinqirig‘ini eshitganday bo‘laman.
Ammo Yaratganning menga bergan tuyg‘ulari uchun doimo shukr qilaman. O‘jar va o‘z bilganidan qolmaydigan yolg‘iz o‘g‘lim bor. Qanchalik sho‘r bo‘lmasin, tuz ovqatni totli qilganidek, o‘g‘limning, she’rimning borligi hayotimni to‘ldirib, huzur bag‘ishlab turadi.

ADIB HAQIDA

Halima Ahmedova – 1960 yil 1 oktyabrda Buxoro viloyati (hozirgi Navoiy viloyati) Qiziltepa tumanidagi Po‘lot qilog‘ida tavallud topgan. 1983 yilda ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan. Shoiraning ilk kitobi 1986 yili “Ko‘zimning tili” nomi bilan chop etilgan. Keyinchalik 1987 yili “Tungi marvaridgullar”, 1996 yili “Erk darichasi”. 2005 yili “Tiyramoh”, 2007 yili “Afsun”, 2008 yili “Umid soyasi”, 2011 yili “Nigoh qiblasi”, 2012 yili “Shafaq ibodati” singari kitoblari nashr etilgan.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 9-sonidan olindi.