Ming to‘qqiz yuz oltmish sakkizinchi yilning aprel oyi edi. O‘sh viloyat gazetasida xizmat qilardim. Odatdagi ish kunlarining birida muharririmiz kaminani yo‘qlatib qoldi. Xonaga kirsam, divanda Odil aka o‘tirardi. Unga qadar ustozning qator hikoyalarini o‘qigan, Toshkentda bir necha marta ko‘rgan bo‘lishimga qaramay, shaxsan tanish emasdim. Halimjon aka Hamidjonov men haqimda mehmonga qisqacha ma’lumot bergach, muddaoga ko‘chdi:
– Odiljon “Literaturnaya gazeta”ning topshiririg‘i bilan kelibdi. Shahar bilan tanishtirib, ko‘maklashing. Mashina xizmatlaringda bo‘ladi.
Tashqariga chiqqanimizdan keyin, Odil aka: – Narimonov nomli maktab yaqinmi? – deb so‘rab qoldi.
– Shahardan biroz tashqarida, Qorasuv tumaniga qaraydi.
– Ana shu maktabning o‘qituvchilaridan ikki-uchtasi “xo‘jalar bilan qorachalar” o‘rtasidagi kelishmovchiliklar haqida, quda-andachilik to‘g‘risida gazetaga muammoli maqola yozishibdi. Shuni tekshirib, masalaga aniqlik kiritishim kerak.
Ustoz bilan maslahatga maxsi kiydirib, dastlab tuman xalq ta’limi bo‘limining mudiri bilan birgalikda Odil aka maqola mualliflari bilan uchrashib, masalaga nuqta qo‘yib, tomonlarni murosaga keltirdi. Uchinchi kuni mashhur geolog olim Ibrohim Hamroboyevning kindik qoni to‘kilgan O‘zgan shahrini tomosha qildik.
Xalqimizning ulug‘ yozuvchisi Odil Yoqubov bilan dastlabki tanishuvim shunday kechgan edi. Ustoz bilan ikkinchi muloqotimiz u kishi G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda nasr bo‘limini boshqarayotgan paytda yuz berdi. Tarjima bo‘limining mudiri Hasan To‘rabekov:
– Sizni ustoz yo‘qlayapti, menimcha, “Singan qilich” bo‘yicha ba’zi mulohazalari borga o‘xshaydi, – deb qoldi.
Odil aka bilan yo‘lakda uchrashdik.
– Tursunboy, bormisan, yur, xonaga kiraylik. To‘laganning kitobini ruscha variantda o‘qiganman, tarjima qilayotganingni eshitib quvondim. Bu – masalaning bir tomoni. Asar yaxshi, ammo Qo‘qon xonligi haqida Qosimbekovdan ancha avval yozilgan kitoblardagi eski gaplarni To‘lagan ham qaytarib, ayrim o‘rinlarni suyultirib yuborgan. Ayniqsa “qorachoponlar”ga oshiqcha bo‘yoq va urg‘u bergan. Bu esa masalaning muhim tomoni. Shuni hisobga ol. Muallif bilan uchrashib, qisqaradigan qismlari bo‘yicha undan yozma tilxat olib Hasanga topshirib qo‘y. Omad tilayman.
Ustozning xonasidan chiqib, Hasan aka bilan kitobdagi takror va oshiqcha o‘rinlarni aniqlab oldik. Oradan ko‘p o‘tmay T.Qosimbekovning tilxatini Hasan akaga topshirib, tarjimani Do‘rmonda davom ettirdim.
Bir yil o‘tib, “Singan qilich” romani katta nusxada chop etildi. Asarga aks-sado yaxshi bo‘ldi. Taniqli olimlar Haydarbek Bobobekov va Muxtor Jo‘rayevlar ijobiy taqrizlar yozishdi. O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron “Singan qilich”ni o‘qib… deb nomlangan she’r bag‘ishladi. Tarjimaning bosilishi munosabati bilan (Pushkin bog‘ida) hozirgi Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ning choyxonasida shinam dasturxon yozdim. O‘sha kuni oqshom Odil akaning uyida qo‘noqda bo‘ldim. Shu tarzda ustoz bilan suhbatlarimiz qovushib, bordi-keldi odat tusiga kirdi.
Bu orada meni “Cho‘lpon” nashriyotiga xizmatga chaqirib qolishdi. So‘zida sobit taniqli adib do‘stimiz Zohir A’lam xizmat o‘rnini kaminaga bo‘shatib berdi. Odil aka Yozuvchilar uyushmasini boshqarayotgan kezlar edi. Kunlarning birida ustozning huzuriga bordim. Qabulxonada pataki-paytava bo‘layotganlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, kotiba mening kirishimga izn berdi.
– Kel-kel, bormisan, – deb Odil aka o‘tirishga taklif qildi va hol-ahvolimni so‘radi. – Xabarim bor. Kechikib bo‘lsa ham Toshkentga kelganing yaxshi bo‘pti. Endi adabiy davraning markazidasan. Ayrim do‘stlaringni ham sinovdan o‘tkazib olasan. Xizmatda xolis bo‘l, turli toifa-guruhlardan olisroq yur. Tarafkashlik ham o‘ta zararli illat. Hay, mayli, propiska masalasi nima bo‘ldi?
– Mahmudjon Sattorov degan olim do‘stimiz ko‘maklashdi…
– Madaniyat institutidagi yigitmi?
– Ha, o‘sha og‘aynimiz.
– U diyonatli olimlarimizdan. Uyushma bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, tortinma. Aytganday, ertaga ulkan inson Ibrohim Hamroboyevning tug‘ilgan kuni, soat oltilarda kelsang, qutlab qaytamiz.
Odil akaning huzuridan xuddi parvozga shaylangan qushday xursand chiqdim. So‘ngra do‘stim Safar Barnoyev bilan tushlikka otlandik.
1990 yilning saratonida O‘sh va O‘zganda yuz bergan fojiali kunlarda viloyat hokimining o‘rinbosari, marhum Sanobar Vahobova, jurnalist Yoqubjon Xo‘jamberdiyev bilan birgalikda shahar aeroportida Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirovlarni kutib oldik. Kun tartibida belgilanganidek, dastlab viloyat kasalxonasida davolanayotgan yaradorlarning ahvoli bilan tanishdik. Keyin Modi qishlog‘i bilan O‘sh shahrini bog‘lab turgan, qabohatli kunlarda jiddiy zarar ko‘rgan Furqat mahallasidagi xonadonlarni ko‘zdan kechirdik. Asablar tarang. Ortiqcha gap ko‘ngilga sig‘maydi. Odil aka ham ko‘z yoshlarini tiyolmadi. Hovlidagi gullar payhon qilingan, idish-tovoqlar sindirilgan, gilamlar boltalab tashlangan. Iyun, avji pishiqchilik bo‘lganligi bois kallakesarlar g‘arq pishgan giloslarning mevali shoxlarini arralab, mevasini o‘rtaga qo‘yib yegan, Qur’oni Karimning varaqlariga qo‘llarini artgan. Shu mahal Xudo rahmat qilgur Pirimqul Qodirov:
– Odil, bu nimasi? Daraxtga narvonni suyab gilosni terib yesa bo‘lmasmidi? – deb qoldi.
Odil aka odatdagiday keskin, lo‘nda javob qaytardi.
– Pirimqul, mentalitet deganlari shu bo‘ladi.
Chingiz aka so‘kindi. Sanobar Vahobova yig‘lardi. O‘sha oqshom O‘sh televideniyesi orqali Ch. Aytmatov tomonidan oloylik qotillarga nisbatan aytilgan keskin so‘zlar hamon ko‘pchilikning yodida. Prezidentimizning uddaburonligi va tashabbusi tufayli, Chingiz og‘a yetakchilik qilgan ustozlarning amaliy ko‘magi bilan qonli fojialarga barham berildi.
1994 yilning aprelida turkistonlik shoir Ernazar Ro‘zmatovning yubileyi munosabati bilan yo‘lga otlandik. Odil aka har galgiday guruhimiz boshlig‘i. Chimkentdan Turkiston shahriga qadar katta trassaning ikki tarafi qalin ihotazor. Biroq yam-yashil daraxtlarning orasidagi ba’zi qurib qolganlari teng yarmisidan arralangan atlasga sholchadan yamoq solingandek beo‘xshov ko‘rinardi.
– Shuni tagidan arralab, o‘tin qilsa barakali bo‘lardi, – dedim.
Odil aka miyig‘ida kulib:
– Tursunboy ukam, bu qozoqcha mentalitet. Arrakash o‘zini ortiqcha tashvishga qo‘yib o‘tirarmidi?..
Shu mahal O‘shning Furqat mahallasidagi giloslar xayolimdan o‘tdi. Qisqasi, Odil aka, Nosir Fozilov og‘alarim yetakchiligidagi navbatdagi safarimiz ham mazmunli bo‘ldi. Ustozning jalolobodlik kitobxonlari bilan munosabatlari havas qilgulik edi. 1998 yilning bahorida tadbirkor do‘stimiz Qodirjon mahalliy yigit-qizlarning kelajagini o‘ylab, universitet qurib, mazkur oliydargohning ochilishiga Odil Yoqubov boshchiligida bir necha kishi mehmonga borgandik. Rasmiy tadbirlardan so‘ng, Arslonbobda dam oldik. Bu go‘zal go‘shada ikki ulug‘ inson – Odil aka bilan kosmonavt Solijon Sharipovning uchrashuvlari bayramga aylanib ketdi. S.Sharipov ustozning “Ulug‘bek xazinasi” asarini rus tilidagi tarjimasini asliyat bilan qiyoslab o‘qib chiqqani uchun suhbat o‘ta zavqli bo‘ldi. Atoqli adib o‘z navbatida fazogirga yaxshi fikr va mulohazalari uchun rahmat aytib, omadlar tiladi.
1997 yilning 14 aprelida Bishkekdagi T.Sotilg‘anov nomidagi teatrda taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonov bilan Chingiz Aytmatov hamkorlikda yozgan dramaning ko‘rigiga borishimizga to‘g‘ri keldi. Odil aka bilan T.Qayipbergenov bir hafta avval jo‘nab ketishdi. Asar premerasiga bir kun qolganda Yoqubjon Xo‘jamberdiyev ikkimiz yetib bordik. Ustozlar Chingiz og‘aning dala hovlisida ekan. Odil akaning shashti pastroq edi.
– Valine’matlarim, bormisizlar? – dedi bizni bag‘riga bosarkan.
– Zerikmadinglarmi? – so‘radi Yoqubjon.
– Yo‘q, faqat bu atrofdagi do‘konlarda bizning valyutaga sharob sotmas ekan-da, – dedi To‘lepbergen aka o‘pkalab.
– Qirg‘izcha rusumga ko‘ra, Chingiz og‘aga aytmadinglarmi? – dedim.
– Tortindik…
Ikki elning ulkan adiblari arzimagan narsani Chingiz Aytmatovdan so‘ray olmaganligi o‘zbekona iymanishdan bo‘lsa kerak. Ustozlarning ko‘nglini ovlash niyatida dasturxonni butladik.
1997 yilning oxirlarida ijodkor ukalarim Nabijon Boqiy va Yoqubjon Xo‘jamberdiyevlar Chingiz og‘a bilan M.Shoxonovning qalamiga mansub “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu-zori” deb nomlangan keng ko‘lamli publitsistik asarning tarjimasini poyoniga yetkazgach, “Sharq” nashriyoti mazkur kitobga muharrirlikni kaminaga topshirdi. Muxtor do‘stimizning iltimosiga binoan unga kirgan she’rlarni asliyatga chog‘ishtirib chiqishimga to‘g‘ri keldi. Ushbu asar 1998 yilda nashr etilib, tez orada tugab ketdi.
Odil aka tug‘ma tabiatiga ko‘ra, gapning indallosini aytish bo‘yicha fe’li-amoliga bir umr sobit qoldi. Biroq bachkana hazillarni uncha xush ko‘rmagan bo‘lishiga qaramay, vaqti kelganda ustoz Said Ahmadni ham, Nosir Fozilovni ham kutilmagan lutflar bilan mot qilganligining guvohi bo‘lganman. Qardosh Qirg‘izistonning poytaxti Bishkekda ro‘y bergan quyidagi voqea fikrimning isbotidir. Qirg‘iz adiblarining anjumanidan so‘ng, respublika davlat kutubxonasining ochilishi munosabati bilan o‘tgan yig‘indan keyin, davra suhbatida Sotqin Sassiqboyev degan o‘rtamiyona publitsist H.H.Niyoziy to‘g‘risida quyushqonga sig‘magan fikrni aytib qoldi. Mening g‘ashim kelib, mezbonga javob qaytarmoqchi bo‘lganimni sezib qolgan Odil aka yelkamga qo‘lini qo‘yib, o‘ziga xos ohangda:
– Tursunboy, xafa bo‘lma, bu do‘stimizning ismi-jismiga monand Sotqin, familiyasi Sassiqboyev bo‘lgach, undan shirin gap chiqarmidi… – dedi.
Ustozning topib aytgan gapidan izza bo‘lgan mezbon uzr-ma’zur so‘ray boshladi. Qirg‘iz adabiyotining Suyunboy Eraliyev bilan Sovranboy Jasuyevday oqsoqollari esa Sotqindan “o‘solning qadog‘i necha pul bo‘ldi?” deb so‘rab, davraga zavq-shavq ulashdi.
1998 yilning 26 mayida Chingiz Aytmatovning 70 yoshga to‘lganligi har jihatdan yuksak darajada nishonlandi. 29 mayda ortimizga qaytib, yo‘l-yo‘lakay qadim Avliyootani, hozirgi Taroz shahrini tomosha qildik. Chimkentni ortda qoldirib, G‘ishtko‘prikda bir yarim soatcha turib qoldik. Mashinadan tushib turnaqator navbatda turganlarga quloqqoqti qildim. Toshkentga kirishimiz uchun har birimiz ming so‘mdan postda turgan azamatlarga berishimiz shart ekan. Bo‘lgan gapni Odil akaga aytdim. Ustozning qoshlari chimirildi:
– Qani yur-chi, boshlig‘iga kiraylik-chi…
Qabulxonadagi mallasoch qiz:
– Boshliq zarur ishlar bilan band, – dedi.
Odil aka kotibani rus tilida nordon so‘zlar bilan siylab, ro‘paradagi hashamatli xonaga kirib bordi. Boshliq orom-kursida qahva ichib o‘tirgan ekan. Ustoz o‘zini tanishtirib, nima sababdan uning huzuriga kirganligimizni aytib, chaparastasiga tuzlay ketdi. U so‘rashmoqchi bo‘lib qo‘l uzatganida, Odil aka siltab tashladi. Tashqariga chiqqach butunlay boshqacha manzaraning guvohi bo‘ldik. Qo‘shimcha yo‘laklar ochilib, yo‘lovchilar emin-erkin chegaradan o‘tishardi…
* * *
Yoshing bir joyga yetgan sari oqibatli do‘stingni, dilga yaqin suhbatdoshingni qo‘msab qolar ekansan. Oxirgi o‘n yillar davomida Odil aka Qozoqboy Yo‘ldoshev ikkimizni yo‘qlab, “Hoy qirg‘iz ukam, ertaga Qozoqboy birodaring bilan kelinglar, yangalaring xamir soladi” deb telefon qilishi odatga aylangandi. Beixtiyor xayolga tolaman. Odil Yoqubovday ulkan adibga biror nafim tegmagan bo‘lsa… Shunday ulug‘ insonning nazariga tushganimning sabablarini izlayman… Savolimga javob topmay, kaminadan tez-tez hol-ahvol so‘rab turadigan Nosir og‘a Fozilov, Tohir Malik, Erkin Malik, Omon Muxtor, Anvar Obidjon, Yo‘ldosh Solijonov, Sobirjon Otajonov kabi oqibatli qadrdonlarimni, o‘nlab shogirdlarimni eslab, shukrona qilaman. Odil akaday tug‘ma, benazir adib yana adabiyotimizning peshonasiga bitarmikin, deb Tangridan tilayman.
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 11-12-sonidan olindi.