Shafoat Rahmatullo Termiziy. Do‘mbira mening ilk ustozim (2011)

Onam bechoraning aytishicha ilon yilida tug‘ilgan ekanman. Urush, qahatchilik. Ikki akam frontga ketishgan. Non aziz pallalar edi. Chorvadorning qora o‘tovida qo‘zilar bilan ko‘kanlashib ulg‘aya bordik. Sinfdan-sinfga yuqorilagan sari kitobxonlik kasaliga yo‘liqib qoldim. Hatto dalaga paxta terishga borganda ham iloji bo‘lsa bir qissa yo romanni hech kimga ko‘rsatmay etakka solib ketishga harakat qilardim. Zehnim o‘tkir edi. Bir-ikki o‘qigan she’rni yodlab qolar edim. Uncha-muncha ijodiy mashqlar qilganman. Ammo ularning bari jo‘qiy she’rlar edi. Kelajakda nazm ilmi bilan muntazam shug‘ullanaman, degan niyat mening xayolimga ham kelmagan o‘sha paytlar. Endi esa o‘sha maktabda olgan adabiy-badiiy jozibalar, uydagi baxshiyona urf-udumlar ko‘nglimga jindak ijod tuyg‘usini joylagan taqdir-bitik ekanmi deb o‘ylab qolaman.

Oilamizda baxshilikka qiziqish zo‘r edi. Rahmatli katta akam Boboqul Rahmatulla o‘g‘li ham o‘smirlik paytlari baxshichilik qilib, do‘mbirani maromiga yetkazib, katta mahorat bilan chalar edi. U kishining biron voqeani hikoya qilib berish mahorati hammani qoyil qoldirardi. Ayniqsa, o‘zi boshidan oxirigacha bo‘lgan ikkinchi jahon urushida ko‘rgan-kechirgan voqealarini gapirib, butun bir davrani lol qoldirib turgan onlarining juda ko‘p guvohi bo‘lganman. Akam juda erta vafot etib ketdi.

Kichik akam Chorsham baxshi Rahmatullo o‘g‘li ham mushtdayligidan terma qo‘shiq to‘qib, do‘mbiradan ajralmay qolgan edi. U baxshichilikni betinim mashq qilib, katta baxshilarning og‘ziga tushib, tezda tanilib ketdi. Ayniqsa Sherobodlik mashhur Mardonaqul Avliyoqul o‘g‘lidan yo‘l-yo‘riqlar olib, viloyatning yetakchi, chechan baxshilaridan biriga aylandi.

Chorsham baxshining juda ko‘p o‘zi to‘qigan termalari va she’rlari bor. U kishi qirqdan ziyod xalq dos­tonlarini mahorat bilan ijro qilar edi. Uning o‘zi ijod qilgan “Toshbosar” dostoni men bilgan o‘zbek zamonaviy dostonlari orasida chinakam teran syujet va betakror mazmunli xalq romanidir. Chorsham baxshining “Alpomish” shajarasidagi bir necha chuqur ma’no-mazmunli yangi dostonlari surxondaryolik olimlar tomonidan yozib olingan va ayrimlari nashr ham qilingan. Baxshining o‘zi to‘qib aytgan va mahalliy matbuotlarda chiqqan she’rlarini to‘plasa ham bir kitob bo‘ladi. Ana shunday yuksak iste’dod sohibi o‘n yilcha burun olamdan o‘tdi. Bu katta so‘z xazinasining bor bisotini xalqqa, kelajak avlodlarga yetkazish borasida hali ko‘p tadqiqotlar bo‘lishiga umid qilaman.

Mening she’riyatga, so‘z sehriga qiziqishimga ma­na shunday oila muhiti sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak, hoynahoy. Aytishim mumkinki, do‘mbira mening ilk us­tozim.

Matbuotda ilk bor chiqqan vaqtimni men 1968 yil deb belgilaganman. Adashmasam, o‘sha vaqtdan boshlab she’riyat bilan jiddiyroq shug‘ullana boshlaganman.

Birinchi kitobim “Janub shamoli” 1981 yilda G‘.G‘ulom nashriyotida chop etilgan. Kitob chiqarishga ju­da kech uringanman. Vaholanki, shu kitobga kirgan she’rlar va “Ohu” dostonim 1971 yildayoq vaqtli matbuotda e’lon qilingan edi.

Mening doimiy beminnat ustozim – kitob! Men adabiyot darsini mustaqil mutolaa qilib baholi qud­rat o‘rganganman. Chunki men adabiyot yo‘nalishi bo‘­yi­cha ta’lim ololmadim. Toshkentda zilzila bo‘lgan yil Toshkent Davlat universitetiga talabgorlardan Samarqand shahrida hujjatlar qabul qilishdi. O‘shanda Samarqand opera va balet teatrida ishlardim. Tavakkal qilib jurnalistikaning sirtqi bo‘­li­miga hujjat topshirdim. Va talaba bo‘ldim. Bir semestr Toshkentga borib o‘qib keldim. Keyin harbiy xizmatga ketdim. Askarlikdan keyin o‘qishni yana borib tiklash va davom ettirishga bo‘ynim yor bermadi, qolib ketdi. Shunday qilib menga katta shoir-yozuvchilar va adabiyotshunoslarning kitoblari ustozlik qilishgan, xolos.

Harbiy xizmat davrida ham she’rlar qoralab turdim. Bunga armiya hayotining o‘ziga xos qiyinchiliklari, go‘zal teatr turmushini sog‘inish, do‘stlar davrasini qo‘msash kabi tuyg‘ular turtki bo‘ldi. Armiyadan qalin bir daftarni qoralab qaytdim. Surxondaryo viloyat xalq ijodi uyiga yo‘riqchilik vazifasiga olishdi. Bu yerda juda ko‘p san’atkorlar bilan tanishdim.

Shu orada boysunlik bir qizga bag‘ishlab “Boysunning sho‘x dilbari” degan she’r yozib, unga o‘zim musiqa bastalab o‘zim ijro etib yurdim. Bu she’r viloyat gazetasida bosilib ham chiqdi. Shundan keyin menda yana jasorat paydo bo‘ldi. Endi muntazam mashq qila boshladim. Bir kuni yozganlarim – o‘zimga ma’qul she’r­larimni olib, yuz istihola bilan tahririyatga kirib bordim. O‘sha paytlari Tesha Saydaliyevni sirtdan tanir edim. Buni qarangki, Tesha aka ham meni sirtdan tanir ekan. U kishining yonlarida burgut siymo bir zot o‘tirardi. “Mengziyo, bu yigit Shafoat Rahmatullayev bo‘ladi, yaxshi she’rlar yozayapti” deb tanishtirdilar Tesha aka. Mengziyo aka bilan aka-uka, do‘st bo‘lib ketdik. U kishiga she’rlarim juda ma’qul bo‘lib qoldi. Ko‘p o‘tmay o‘sha 1968 yilda Mengziyo Safarov menga viloyat gazetasi sahifasida oq yo‘l tiladi. O‘shanda o‘ttiz yoshning ostonasida edim.

Hayotda katta yozuvchi Mengziyo Safarov bilan aka-uka, hammaslak, hamisha, bir-birimizga uzangi-yo‘ldosh edik. Mengziyo aka ham kitob chiqarishga deyarli e’tibor bermasdi. Mengziyo aka mening nazarimda go‘yo abadiy yashaydigan, omadi doim oldinda, hamma narsaga baribir ulguradigan bir siymo bo‘lib tuyulardi. Ammo hech kim va hech narsa boqiy emas ekan.

Shu yillarda Respublika gazeta va jurnallarida muntazam chiqib turdim. “O‘zbekiston madaniyati”, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Saodat” kabi gazeta va jurnallarda she’rlarim bosildi. 1975 yilning bahorida Mengziyo aka bilan Toshkentga bordik. Yozuvchilar uyushmasida ustoz Said Ahmad aka o‘zining qadrdon ukalari Mengziyo Safarov, Ne’mat Aminovlar bilan ichak uzdi qilib hangomalashdi. Ketarda hammamizni uyiga oshga taklif qildilar. Kechqurun ustozning uyiga uchovlon kirib bordik. Ustoz hazil-huzul bilan kutib oldi. Saida opa oldilariga fartuk tutib olgan, oshxonada oshga urinib yuripti. Ne’mat aka mendan she’rlar o‘qib berishimni so‘radilar, bir-ikkita she’r o‘qidim. She’r tugagach, Said Ahmad aka chaqirib qoldilar: “Saidaxon, mana bu sahroi bolaning she’rlarini siz ham eshitib ko‘ring”.

Opa kelgach boyagi she’rlarni yana qayta o‘qidim. She’rlar Saida opaga ham manzur bo‘ldi shekilli, “Shafoat, she’rlaringizdan tashlab keting” dedi. Men she’rlarni Saida opaga qoldirib ketdim. Saida opa 1975 yilning may oyida “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida menga “Oq yo‘l” tiladi. 1976 yilda G‘.G‘ulom nashriyotidan chiqqan “Yoshlik bayozi”da bir turkum she’r­larim bosildi. 1979 yilda “Yoshlik” al’manaxida she’rlarim bo­silgan. 1979 yilda “Sharq yulduzi” kutubxonasi to‘plami “Go‘zallikning tug‘ilishi” to‘p­lamida “Ohu” dostonim to‘liq holda bosildi. Ni­hoyat, 40 yoshning ustida birinchi kitob – 1981 yilda G‘afur G‘ulom nashriyotidan ilk to‘plamim “Janub shamoli” chiqdi. O‘sha yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sarvar Azimov boshchiligida, Zulfiya opa, Erkin Vohidov va boshqa ijodkorlar viloyatimizga kelishib bizlarni Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilishdi. 1988 yilda “Yosh gvardiya” nash­riyotidan ik­kinchi to‘plamim “Umid ostonasi” chiqdi. 1992 yilda “Gulob” nomli to‘plamimni viloyatimizda mavjud bo‘­lgan “Jayhun” nashriyoti chop qildi. 2003 yili “Ozod so‘z” saylanmam “Yangi asr avlodi” nashriyotida nashr qilindi. 2008 yilda birdan ikki mo‘jaz to‘plamim “Ko‘rinmay gulladim” va “Shoh va shoir”ni “Muharrir” nashriyotidan chop qildirdim. Kitoblarim turmush taqozosi bilan kam tirajda chiqqan.

Xullas, qimirlagan qir oshar deb qimirlab yozib turibman. Xudo sabr bersa, she’rlarimning o‘zini bir kitob, dostonlarimni bir kitob, badiiy va ilmiy pub­litsistik maqola va suhbatlarimni bir kitob qilib chiqarish niyatim bor. Imkon bo‘lsa galdagi ana shu rejalarni amalga oshira olsak marra bizniki. Men katta-kichik o‘ndan ortiq dostonlar yozganman.

Mening pedagogik faoliyatim esa 1968 yildan bosh­langan. Shu yili institutga musiqa o‘qituvchisi bo‘­lib ishga kelganman. O‘shanga ham 43 yil bo‘libdi. Hanuz shu dargohdaman. Men ham ozmi-ko‘pmi ta’lim bergan ayrim shogirdlarim hozirda universitetimizning yetakchi olimlari. Ayniqsa, pedagogika fanlari doktori, professor, Termiz davlat universitetining rektori, fidoyi fan va jamoat arbobi Mamat Haydarov bilan faxrlanaman.

Musiqa sohasida ham bir-ikkita ilmiy-uslubiy risolalar yozganman. Bular 1991 yilda chop qilingan “Musiqa uslubiyoti”, 1992 yilda chop qilingan “Musiqa alifbosi” va 2003 yilda chop qilingan “Boshlang‘ich mu­siqa” risolalaridir.

Shu paytgacha jami olti badiiy kitob, uch musiqiy risola chop ettirgan bo‘lsam, ulardan bittasi o‘n ming tirajda, qolganlari kam tirajlarda chiqqan. Hozirgi paytda kitob chiqarishdan ko‘ra uni sotish iztirobi, azobi bor. Shuning uchun kitob chiqarishdan ko‘nglim to‘lmaydi. Keyingi 2008 yilda chiqargan ikki mo‘jaz to‘plamimni shu boisdan uyga bosib qo‘yibman. Uchrashuvlarga borganda o‘quvchilarga, chegarachilarga bitta-ikkitadan sovg‘a qilib ozaytiryapman.

Mening nazarimda, adabiyot millat ma’naviyati va madaniyatining ham poydevori, ham ko‘zgusi. Chunki milliy til ham, milliy teatr ham, milliy kino ham, milliy qo‘shiqchilik ham, kolaversa, milliy folklor ham adabiyotga suyanadi.

Adabiyot katta maydon, hamisha shunday bo‘lib kel­gan. Bugun to‘qqiz yashardan to‘qson yashargacha kitob chiqarib yotibdi. “Ermas oson bu maydon ichra tur­moq…” degan edilar ulug‘ bobomiz. Biz ham “Hayot ru­bob – hamma cholg‘uchi. Har kim o‘z kuyini chaladi. Kim­ning kuyi bir lahzalikdir. Kimning kuyi mangu qoladi” deb ming‘irlagandik bir vaqtlar. Bugungi adabiyotning yutug‘iyu qusuri xususida gapirishga ma’naviy huquqimiz ham yo‘q, quvvatimiz ham yetmaydi. Faqat vaqt hakam deya olamiz. O‘zimizga qarata uni shunday ta’kidlaganmiz:

Sen o‘chsang nima g‘am, porlayveradi,
Yo‘lchirog‘ haqiqat – poklik onasi.
Hammaga zol hukmim borlayveradi,
Temir qonun vaqtning qozixonasi!

Menimcha adabiyotshunosligi kuchli rivojlangan rus va Yevropa mamlakatlari tajribasidan kelib chiqib, o‘zbek adabiyotining ham qadimdan hozirgacha, avvalo, asrlar bo‘yicha izchil davrlashtirish, keyin esa iloji bo‘lsa nashrini ham boshlash kerak. XX asrda amalga oshirilgan noyob nashrlarni yana o‘sha holicha va o‘sha ko‘rinishda qayta nashr qilinsa nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Hozir ular oltinga barobar, topilmaydigan bo‘lib qoldi.

Respublika oliy o‘quv yurtlari axborot resurs mar­kazlari kitob fondlari faqat o‘quv, ilmiy va ij­timoiy-siyosiy adabiyotlardan iborat bo‘lib qol­yapti. Ularning alohida boy badiiy adabiyot fondini zudlik bilan tashkil etish kerak. Yoshlar badiiy adabiyotdan uzilib qolyapti.

Har bir viloyat Yozuvchilar uyushmasi bo‘limlari qoshida “Ijod” fondi yordami bilan alohida boy ba­diiy adabiyot kutubxonasi tashkil etilsa yaxshi bo‘­lardi.

Va nihoyat, oilam haqida gapirsam: turmush o‘r­tog‘im o‘qituvchi Xosiyat Rahmutullayeva bilan sakkiz farzandga ota-ona, o‘n bitta nabiraga bobo-momo bo‘lib ro‘zg‘orni eplab turibmiz.

ADIB HAQIDA

Shafoat RAHMATULLAEV (Shafoat Rahmatullo Termiziy) – 1941 yilda Surxondaryo viloyatida ta­vallud topgan. 1965 yili Toshkent Davlat konservatoriyasini tamomlagan. Uning “Janub shamoli”, “Umid ostonasi”, “Ozod so‘z”, “Ko‘rinmay gulladim”, “Shoh va shoir” singari kitoblari nashr qilingan. Shuningdek, musiqa sohasida “Musiqa uslubiyoti”, “Musiqa alifbosi” va “Boshlang‘ich musiqa” risolalari muallifi hamdir.

Shafoat Rahmatullev 1968 yildan buyon Termiz davlat universitetida dars berib kelmoqda. 1998 yilda “Shuhrat” medali, 2003 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 11/12-son.