Afg‘onistonlik mutaxassislar Zahiriddin Muhammad Boburning boy merosini, xususan, “Boburnoma”ni o‘rganish, ommalashtirishda katta ishlarni amalga oshirganlar. Jumladan, doktor Abdulhay Habibiy “Boburnoma” bo‘yicha jiddiy tadqiqotlar olib borgan. 1980 yili Bobur tavalludining 500 yilligi munosabati bilan YuNESKO nashr etgan «Boburnoma»da frantsuz sharqshunos olimi Lui Bazen, o‘zbekistonlik Sabohat Azimjonova, hindistonlik Muhibul Hasan bilan birgalikda Abdulhay Habibiy ham qatnashgan. Bundan tashqari, doktor Habibiyning “boburiy xat”ni aniqlashda ham xizmatlari bor.
Doktor Shafiqa Yorqin boburshunoslikka katta hissa qo‘shgan olimadir. U, avvalo, Bobur devonini arab alifbosida tayyorlab, 1982 yili Kobulda nashr ettirgan. Ilm ahli orasida mazkur nashr “Kobul nashri”, deb yuritiladi. Bundan tashqari, Bobur devoniga kirmay qolgan she’rlarni jamlab, 2004 yili chop qildirdi (Kobul nashriga takmila. Nashrga tayyorlovchi: Sh.Yorqin. T., “Sharq”). Olima yaqinda “Boburnoma”ning Afg‘oniston qismini arab alifbosiga o‘girib, nashr ettirdi. Keyin shu qismni dariy tiliga tarjima qilib, turli ko‘rsatkichlar va sharhlar bilan uni ham alohida kitob shaklida bostirib chiqardi. Endi “Boburnoma”ning qolgan qismlarini dariy tiliga o‘girib, nashr ettirish niyatida. U kishining umr yo‘ldoshi Muhammad Halim ham bu sohada faoliyat olib bormoqda — “Boburiy xat” bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasi ustida ishlamoqda. Xullas, afg‘onistonlik olimlar boburshunoslikda jiddiy ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.
Yaqinda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori professor A. Mannonovga afg‘onistonlik olimlardan bir tuhfa keldi: u “Boburnoma”ning arab alifbosidagi to‘liq nashri edi (“Boburnoma”. Nashrga tayyorlovchi: Po‘hniyor Hidoyatullo Hidoyat. Mozori Sharif, hijriy 1387 yil (arab alifbosida). 550 sahifadan iborat bu kitob matbaa nuqtai nazaridan bekamu ko‘st nashr qilingan. Quyida mana shu kitob to‘g‘risidagi ayrim fikr-mulohazalarimizni bayon etmoqchimiz.
Kitob doktor Vohidiy va doktor Shafiqa Yorqinning alohida-alohida so‘zboshisi bilan boshlanadi. Sh.Yorqin “Boburnomaning yangi nashri turk eli va tili uchun yangi yutuq”, deb nomlangan so‘zboshida Bobur merosi xususida mana bunday deb yozadi: “Boburning she’r devoni har qanday she’r va adabiyotga chanqoq insonlarni tiniq va chuchuk bulog‘iga yo‘llab, chanqog‘ini qondirsa, “Volidiyya” risolasining tarjimasi irfon va tasavvuf soliklariga haqiqat va haqqa yetib borish bosqichlari va yo‘llarini ko‘rsatsa, “Boburnoma” yo “Vaqoye’” butun dunyoning turli bilim sohalari olimlarini o‘ziga maftun etgan qomusiy asar sifatida yarqirab turgan bebaho, o‘lmas hisoblanadi”.
Shafiqa xonim nashrning yutuq va kamchiliklari xususida so‘z yuritadi. Mana shunday nashrga ehtiyoj borligini izohlab doktor Yorqin “Boburnoma”ning to‘liq matnini Porso Shamsiyev (T., 1960) va 2002 yili bir guruh olimlar yaratgani, biroq mazkur nashrlar kirill alifbosida bo‘lganligi sababli Afg‘onistonda kirillchani bilmaydiganlar ushbu kitoblarni o‘qiy olmasliklarini, yaponiyalik professor Eyji Mano‘ yaratgan tanqidiy matn (arab yozuvida) esa, Afg‘onistonda 1-2 donadan ortiq emasligini aytadi. U mazkur nashr mashaqqatli mehnat natijasi ekanligini ta’kidlab, “afg‘onistonlik turk eli, ayniqsa, o‘zbeklar uchun yuksak baholi sovg‘a va quvonarli adabiy voqeadir”, deb yozadi.
Ushbu nashrda dastlab ko‘zga tashlanadigan kamchilik — imlodir.
“Boburnoma”ning tanqidiy matnini arab yozuvida tayyorlagan yapon boburshunosi professor E. Mano‘ imlo masalasiga katta ahamiyat bergan. Eski o‘zbek alifbosida imlo qoidasi ishlab chiqilmagan, binobarin, imlo qat’iy bo‘lmagan. Buni “Zafarnoma”ning 1519 yili, ya’ni “Boburnoma” bilan deyarli bir davrda yaratilgan o‘zbekcha tarjimasi matnida ham ko‘rish mumkin. Tarjimon “…shoh va shohzoda” so‘zlarini “shin”dan so‘ng “alif” bilan ham, “alif”siz ham yozadi…. ko‘prik va fil degan so‘zlarni u bir betning o‘zida ko‘fruk va pil shakllarida keltiradi” (Ahmad A., Bobobekov H.So‘zboshi/ Zafarnoma. T., Sharq, 1997, 7-bet).) Lekin shuni qayd etish lozimki, p va b, ch hamda j, k va g harflari badiiy adabiyotda aralash yozilavergan bo‘lsa, lug‘atlarda talaffuzni ko‘rsatish uchun farq qilingan.
Xuddi shuningdek, “Boburnoma” qo‘lyozmalaridagi imloda ham harxillik kuzatiladi. Masalan, yapon olimi professor E.Mano‘ning yozishicha, tanqidiy matnga asos sifatida olingan birgina Haydarobod nusxasining o‘zida “ulug‘” so‘zi to‘rt xil yozilgan. Ba’zi so‘zlar bir yerda ajratib yozilsa, boshqa yerda qo‘shib yozilgan. “j” harfi “ch” va “j” harfini bildiradi, “k” harfi, odatda, “g”ni bildiradi. Haydarobod nusxasida “g” harfi ishlatilmagan. Cho‘ziq “a” va qisqa “a” bir-birining o‘rniga ishlatilishi mumkin. Bu yerda shuni ta’kidlash kerakki, Alisher Navoiy asarlaridagi imlo ham xuddi shunday.
Afg‘onistonda nashr etilgan “Boburnoma”da ham imlo shunaqa: “Elining lafzi qalam bila rosttur”, degan jumladagi rosttur so‘zi tanqidiy matnda rost+tur shaklida alohida bitilgan, afg‘on nashrida esa qo‘shib yozilgan; Alisher so‘zi tanqidiy matnda Ali+sher shaklida alohida yozilgan, afg‘on nashrida esa, qo‘shib; tanqidiy matnda fazilatida so‘zi alohida, afg‘on nashrida qo‘shib yozilgan. Tanqidiy matnda oqar so‘zidagi uchinchi harf cho‘ziq “a” (alif) harfi bilan yozilgan bo‘lsa, afg‘on nashrida qisqa “a” (zabar) bilan berilgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bu hodisa faqat eski o‘zbek yozuvigagina taalluqli emas, arab alifbosiga asoslangan boshqa tillarda ham shunday holatlar kuzatiladi. Taniqli eronshunos olim Yu.Rubinchik hanuz forscha so‘z tarkibidagi mustaqil ma’noli va yordamchi morfemalar yozilishining aniq qoidalari ishlab chiqilmagan, bir betning o‘zida bitta so‘z ham qo‘shilib yozilgan bo‘lishi mumkin, ham alohida, deb qayd etadi. Urdu tilida ham shunaqa hodisa mavjud.
Afg‘oniston nashrida yanglish yozilgan so‘zlar ham uchraydi. “Tanqidiy matn”ga taqriz yozgan A. Abdug‘afurov va A. O‘rinboyev yapon olimining ishidagi bir qancha fazilatlarini sanab o‘tib, kamchiliklarini ham qayd etadilar. Kotib yo matbaa aybi bilan so‘zlarning imlosidagi har xillikni shunday kamchiliklardan, deb ko‘rsatadilar va quyidagi misollarni keltiradilar: sorik gul — soriq gul, osh — ash, keyin — kin va hokazo.
E. Mano‘ “Boburnoma”dagi imloni unifikatsiya qilishga urinmagan, chunki uning fikricha, o‘zbekcha imlodagi mana shu har xillikning o‘zi tadqiq etishga arzigulik ish. Shu sababdan so‘zlar imlosi qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldirilgan. E. Mano‘ning masalaga bunday yondashuvi “Ko‘rsatkichlar” jildiga yozilgan“ Tushuntirish” (“Explanation”)ida batafsil izohlangan va «Ko‘rsatkichlar»da o‘zbek olimlarining mazkur taqrizida keltirilgan so‘zlarga yo barobar (=) alomati qo‘yilgan yoki har bir imlo alohida-alohida, o‘z o‘rnida keltirilgan.
“Boburnoma”ning 2002 yilgi nashri 1960 yil nashri va tanqidiy matn asosida tayyorlandi. Unda imlo masalalariga alohida ahamiyat berildi, mutaxassislar bilan ishlash jarayonida ushbu nashr matniga 600 dan ortiq tuzatishlar kiritildi. Bu haqda professor Saidbek Hasanov shunday yozadi: “Boburnoma”ning o‘zbek tilidagi mavjud nashrlarida Afg‘oniston va Hindistonga oid nomlarning joriy alifbomizdagi matnida farqlar ko‘p uchraydiki, biz imkon doirasida ularning aniqroq ifodasini berishga harakat qildik”.
Bizning fikrimizcha, “Boburnoma”ning Afg‘oniston nashrida imloni tanqidiy matnda qanday bo‘lsa, shunday qoldirish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki tanqidiy matn “Boburnoma”ning eng ishonchli, asliyatga eng yaqin deb tan olingan Haydarobod nusxasiga asoslangan. Manbadagi imloda har xillikka yo‘l qo‘yish turli chalkashliklarga, xususan, leksika sohasidagi tadqiqotlarda chalkashliklarga olib kelishi mumkin.
Nashrda bironta ham ko‘rsatkich, izoh va sharh berilmagani, bizningcha, Afg‘onistonda chop etilgan “Boburnoma”ning kamchiligidir. Vaholanki, P.Shamsiyev, professor E. Mano‘ va mana shu ikkala nashr asosida tayyorlangan 2002 yilgi yangi nashrda ko‘plab ko‘rsatkichlar, izoh va sharhlar keltirilgan. Agar shunday yo‘l tutilganda, nashrning qimmati oshar, kitobxonga qo‘shimcha ma’lumotlar berar va tadqiqotchilarning undan foydalanishi oson bo‘lardi.
Nashrning bir qancha e’tiborli tomonlari ham bor. Ma’lumki, “Boburnoma”dagi voqealar bayoni xronologik tartibda berilgan, Haydarobod nusxasi Farg‘ona, Afg‘oniston, Hindiston bo‘limlariga ajratilmagan. Asarni bo‘limlarga ajratish keyinchalik yuz bergan — foydalanish qulay bo‘lishi uchun tarjimonlar shunday qilganlar. Lekin afg‘on noshirlari asliyatda berilgani kabi ish tutganlar, asarni uch qismga ajratmaganlar, ya’ni mazkur nashr shaklan, tuzilishi jihatidan asliyatga yaqindir. Nashrning yana bir diqqatga sazovor tomoni — unga noma’lum kotibning Boburshoh haqida yozganlari kiritilmagan. Tanqidiy matnda ham shunday yo‘l tutilgan. Darhaqiqat, “Boburnoma”ning ayrim nashrlarida ilova tarzida berilgan noma’lum kotib yozgan matn aslida “Boburnoma”ning bo‘lagi emas.
Xullas, ba’zi kamchiliklariga qaramay, afg‘onistonlik mutaxassislarning katta va sermashaqqat mehnat mahsuli bo‘lgan “Boburnoma” nashri asliyat alifbosi — arab yozuvida tayyorlangan birinchi ommaviy nashr ekanligi bilan va boburshunoslikka qo‘shilgan ulush sifatida qadrlidir. Ayrim sahv-xatolar keyingi nashrda inobatga olinadi hamda ushbu nashr Afg‘onistonda boburshunoslikning yanada rivojlanishiga turtki bo‘ladi, deb umid bildiramiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 7-sonidan olindi.