Bolaligimni qo‘msayveraman, qo‘msayveraman… Ichikib-ichikib sog‘inaman…
Vaholanki, u zamonlarda hayot yengil bo‘lmagan. Uylar polsiz, qishda pechka topilsa, ko‘mir topilmaydi. O‘tin yoqsang, bir lovullab isitadi-yu, yana tafti so‘nadi. Sandalning ahvoli ham shu. Qor yoki yomg‘ir yog‘sa, tomdan chaqqa o‘tgani-o‘tgan, suv tomchilayotgan joylarga terib qo‘yilgan turli idishlardan taralgan “chak-chuk”, “tiring-tiring”larga ko‘rinmas ajinalar o‘yin tushayotgandek.
Iloji boricha kunduzi dars tayyorlashga urinardim. Qorong‘iga qolsang, kerosin isi anqib turadigan lampa-chiroq ko‘zlaringni toliqtirgandan toliqtirib tashlaydi. Endigina paydo bo‘lgan elektr chiroqlari oyida uch-to‘rt yiltillagan bo‘ladi, shundayam shamdan xira. Bu yetmagandek, umumiy qilib solingan ko‘rpada qatorlashib yotgan opa-ukalaring: “Chiroqni o‘chir, uxla”, deb tixirlik qila boshlashadi.
Ikkinchi jahon urushi uqubatlaridan endigina qutulgan xonadonlarning ko‘pchiligi ancha qashshoq edi. Mahallada yoppasiga tuproqtom uylar, ko‘pining hatto ayvoni ham yo‘q. Falonchi tomiga shifer yopganmish deyishsa, odamlar ataylab ko‘rgani borishardi. Ko‘chalardan dam ikkala g‘ildiragi devor bo‘yi keladigan qo‘qonarava, dam o‘rislar “brichka” deb ataydigan to‘rt g‘ildirakli ko‘takarava o‘tib qoladi. Keyinroq qo‘sh otli “haptakach”lar ko‘paya bordi. Bir sakrab, keng yukshotining chetiga osilib olsang, ana mazza, mana mazza. Kolxozimizdagi ikkita “polato‘rka” yuk mashinasidan biri yoki xususiy mototsikllar haftada bir-ikki bor ko‘zga chalinib turardi, qiy-chuv ko‘tarib, ortidan chopqillashga tushardik. Yengil mashina uchrab qolsa-ku, bayram bo‘lib ketardi. Lekin qandaydir “sirli kattalar”ni olib yuradigan bu mashinalarga osilish tugul, yugurib quvlashga ham haddimiz sig‘masdi.
Oilamiz o‘ziga to‘qqina edi. Ammo, ko‘pchilik qo‘shnilarnikiga kirganimda, dasturxonlarida choy-non, turshak-qoqilardan bo‘lak narsa yo‘qligini ko‘rib, g‘alati bo‘lib ketardim. Bunday xonadonlarda yashovchi o‘rtoqlarimning bir unisini, bir bunisini uyimizga tez-tez boshlab kirardim, birga ovqatlanardim, dasturxonga qand ham qo‘yishlarini talab qilib turib olardim. Sen qandni har kuni yeysanmi, deya havas bilan so‘rab qo‘yardi bolalar. Xohlasam, kuniga o‘n marta yeyishim mumkin bo‘lsa-da, negadir yolg‘on gapirib, onda-sonda berishadi xolos, deb g‘ariblanar edim. Oq qandni-ku mendan ayashmas edi, biroq guldor qog‘ozchalarga o‘ralgan popukli qandlarni qutichada qulflab saqlashar, goh qulfbuzarlik qilishga majbur bo‘lib, boshimga balo orttirardim. Mehmonlar kelganda, oldilariga tovoqchalardagi shirinliklarni terib tashlashsa, katta bo‘lib mehmonga borsam, nahotki mening oldimga ham popukli qandlarni tovoqchasi bilan ishonib qo‘yib qo‘yishsa, deb o‘ylardim. Bilaman, yeging kelib turibdi, oliftalanmasdan lunjingga tiqavermaysanmi, degan xayolda mehmonga xitlanib boqardim
* * *
Qo‘shni mahalladagi machit binosi o‘rtasiga duvol urilgan tarzda ikkita sinf xonasiga moslashtirilgan bo‘lib, bittasida beshinchi sinfgacha biz o‘qiganmiz. Birinchi o‘qituvchimiz Ahmadali Obidiyni “mulla aka” deb chaqirardik. U zot birortamizni turtkilash u yoqda tursin, qattiq chaqchayganini ham eslolmayman. Achchig‘ini keltirsak, o‘zini qattiq hafa bo‘lgandek, astoydil arazlagandek tutib, oqsoqlanganicha deraza yoniga borar, ma’yus qiyofada jim turib qolar, sochiga oq oralagan, hech kimga ozor berishni istamaydigan domlamiz bilan tezroq yarashib olishga tirishardik.
Boshlang‘ichda o‘qiyotgan chog‘larimda Zahraxon degan singlim, Homitjon degan ukam qattiq shamollashdan birin-ketin vafot etishgan. Ular qayta-qayta tushimga kiraverardi…
Chamasi, bolaligimni hadeb qo‘msayverishimning asosiy sababi ham shu – o‘sha davrlarga qaytsam-u, Zahraxon bilan Homitjon yonimda dikonglab yurishsa, hamma ishni yig‘ishtirib qo‘yib, ularni o‘ynataversam, o‘ynataversam. Ular vafot etadigan payt yaqinlashgach, hayotim yana yangitdan boshlanaversa.
* * *
Bobomiz Bahrom ota eshon bo‘lgan ekanlar. Uyida maktab ochib, bolalarga dars berib ham turarkan. U kishi olamdan o‘tganlarida, Obidjon dadam o‘n yoshda, Shafoat ammam besh yoshda bo‘lishgan ekan.
Sarviniso buvimizni eshon otaning ayoli sifatida hurmatlashib, ko‘plar ziyoratga kelib turishar, otin oyilar tez-tez yig‘ilib, kitobxonlik qilishardi. Hali maktabga bormagan bola bir chetda yonboshlab olib, devona Mashrab, Abo Muslim, bobo Ravshan kabilar haqidagi rivoyatlarni berilib tinglardim.
Dadam eskicha ilmdan xabardor bo‘lsalar-da, dindorlar, ayniqsa taniqli dindorlarning farzandlari ham qattiq kuzatuv ostida bo‘lgan mahallarda ulg‘aygani uchun zamonga mos turmush tarzini tanlagan edilar. Siyosatga qiziqqanlarini bilmayman. Esimni taniganimdan to ilk o‘smirlik davrimgacha paxta qabul qilish punktida tovarshunos bo‘lib ishlagan. U kishi o‘z ishining o‘ta bilimdoni ekanligi, boshqa joylardagi kasbdoshlari maslahat olishga kelib turishlari to‘g‘risida ko‘p gapirishardi.
Onamiz Munis aya hozir birkam to‘qsondalar. Yoshligida dalaga yalangoyoq qatnab, kolxozning bitta noni, bir kosa yovg‘onsho‘rvasi evaziga sahardan kechgacha ishlaganini bot-bot eslab turishadi. Bizning nazarimizda ayamiz hamon kiyimimizni yuvib, oldimizga ovqat qo‘yib, bir tergab, bir erkalatib yurguvchi o‘sha-o‘sha uy bekasi.
Buvimizga uka bo‘lmish Usmon tog‘amiz sal duvonaxonligi bois uylanmasdan, biznikida yashab o‘tdilar. Birin-ketin ko‘tarib katta qilgani uchun u kishini hammamiz juda-juda yaxshi ko‘rardik. Tog‘ajonimiz vafot etganida o‘smir edim, nimaga yig‘layapsiz, deb ayamga dag‘dag‘a qilganim yodimda.
Dadam 1969 yilda harbiydan qaytishim bilanoq meni uylantirib, uch oydan so‘ng olamdan o‘tdilar. U kishidan sakkiz farzand qolgan, uch opam, to‘rt ukam bor. Opalarim allaqachon dadamning yoshidan o‘tib ketishdi. Shuni bilaman, ishongim kelmaydi.
* * *
She’r yozishga boshlang‘ich sinflardayoq ruju qo‘yganman. Dastlabki she’rlarim o‘sha otin oyilardan eshitgan Mashrab g‘azallari radiflariga taqlidan bitganman. “G‘uncha” jurnalining muxlisiga aylanganimdan so‘ng bolalarga tinimsiz yozishga tushdim. Shu jurnalda ishlovchi Miraziz A’zam domla meni qulog‘imdan tortqilab shoir qilgan, yo‘qsa, bu havasdan o‘shandayoq ko‘nglim sovib, boshqa yoqqa chalg‘ib ketishim hech gap emasdi.
O‘smirligimda dadamning ishlari sal orqaga ketib, oilamizga yetishmovchiliklar oralab qoldi. Ayamiz yaxshigina chevar edilar, yozda kitel, qishda paxtali kamzul tikib sotib, ro‘zg‘orning kamini yopib yurishdi. Menda ham tirikchilik tashvishi ertaroq boshlandi, olti-ettinchi sinflarda mahallalar aholisiga tekin xizmat ko‘rsatuvchi sayyor kinochiga shogird tushdim, keyinroq kechki maktabda o‘qib, paxta zavodida traktor mindim. Maktabni bitirgach, qo‘rg‘oshin konida burg‘ilovchi, qishloq kutubxonachisi bo‘ldim, Samarqand Moliya texnikumini tugatib, askarlikka ketdim. Uch yillik xizmatdan qaytganimdan so‘ng, to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lganim uchun, otasiz oilaning boshlig‘iga aylandim. Kolxozda tabelchi bo‘lib ish boshladim.
Shunday xilma-xil hayot, shuncha tashvishning ichida yurib, she’r yozishdan baribir ko‘nglim sovimadi. Daftarlarim ketma-ket to‘laverdi. Tuman gazetasiga muxbirlikka o‘tganimdan keyin hozirgi Milliy universitetning jurnalistika fakultetiga sirtdan o‘qishga kirdim-u, nihoyat o‘zim ko‘pdan orzulab yurgan yo‘lning boshiga chiqib oldim. Bolalarga atalgan “Ona Yer” nomli birinchi kitobim baxtimga endi “Yosh gvardiya” nashriyotida ishlayotgan Miraziz A’zam domlaning saxovati bilan 1974 yilda bosilib chiqdi.
Tuman gazetasida olti yilcha ishlab, biron-bir gazeta-jurnal yoki nashriyotga o‘rnashib olish umidida boshkentga keldim, loaqal oldin musahhihlikka ham loyiq ko‘rishmagach, Toshkent yog‘-moy kombinatiga bog‘bon bo‘lib joylashdim. Toshkentga quruq hoyu havasga ergashib emas, puxta hozirlik bilan kelish lozimligini anglab, yana qishloqqa qaytdim. Farg‘ona radiosidan ish berishdi. 1980 yilda “Yosh gvardiya”da “Bahromning hikoyalari” degan ikkinchi kitobim bosilgach, shu yerda bosh muharrir bo‘lib ishlovchi ustoz Erkin Vohidov huzuriga chaqirib, kitobingizni o‘qib xursand bo‘ldim, bizga ishga kelmaysizmi, deb qoldilar. Yoshim o‘ttiz to‘rtda ekanligi, beshta farzandim borligiga qaramay, 1981 yilning yozida nashriyotga kelib ish boshladim. Nasib ekan, keyinchalik “Yosh kuch”, “Mushtum” jurnallarida, Cho‘lpon nomidagi nashriyot, O‘zteleradiokompaniya tarmog‘ida ham ishladim.
Hozirgacha o‘ttizga yaqin kitobim chop etildi, bir necha pesalarim sahnalashtirildi, ayrim asarlarim asosida bolalar uchun kinolar yaratildi…
Hayotimning bu yoqdagi qismi haqida ko‘p gaplar aytilgan, yozilgan, cho‘zg‘ilashning xojati yo‘q deb o‘ylayman. Eng muhimi, yurtimning erkini ko‘rdim, eng katta armondan xalos bo‘ldim.
Boshimdan nimalar kechgan bo‘lmasin, baribir yaxshi yashadim. Nimaiki ko‘rsatgan bo‘lsa, Yaratgandan ming marta roziman. Imkon qadar sabrli bo‘lishga, boriga shukrona aytishga urinib keldim. To‘g‘risi ham shu ekan.
Hayot davom etayapti. Fe’lim esa, o‘sha-o‘sha – bolaligimni qo‘msab-qo‘msab turaman. Bu menga ichki kuch ato etaveradi.
ShOIR HAQIDA
Anvar Obidjon 1947 yil 8 yanvarda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan.
Qishlog‘idagi 13-maktabda o‘qib yurgan davrlarida “G‘uncha” jurnalida dastlabki she’rlari e’lon qilingan. Maktabni bitirgach, Samarqand Moliya texnikumida tahsil oldi, harbiy xizmatda bo‘ldi, kolxozda ishladi, tuman gazetasiga muxbir bo‘lib o‘tdi, hozirgi Milliy universitetning jurnalistika fakultetini sirtdan tugalladi.
Toshkentdagi faoliyatini “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida ishlashdan boshladi. So‘ng “Yosh kuch”, “Mushtum” jurnallari, Cho‘lpon nomidagi nashriyot, respublika teleradiokompaniyasida ishladi.
Shu paytgacha shoirning “Ona Yer”, “Bahromning hikoyalari”, “Ey, yorug‘ dunyo”, “Olovjon va uning do‘stlari”, “Masxaraboz bola”, “Ketmagil”, “Bezgakshamol”, “Juda qiziq voqea”, “Akang qarag‘ay Gulmat”, “Erliklar”, “Dahshatli Meshpolvon”, “Oltin yurakli Avtobola”, “Alamazon va Gulmat”, “Bulbulning cho‘pchaklari”, “Alisher ila Husayn yoki uch dono va o‘g‘ri”, “O‘q o‘tmas bolakay”, “Tanlangan she’rlar”, “O‘g‘irlangan pahlavon” singari o‘ttizga yaqin kitobi chop etildi. Shuningdek, “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi”, “O‘g‘irlangan pahlavon”, “Qorinbotir”, “To‘tiqul”, “Navro‘z va Boychechak”, “Alamazon va uning piyodalari” kabi pesalari sahnalashtirilgan. Asarlari asosida “Tilsimoy” va “Meshvolpon” filmlari suratga olingan.
Anvar Obidjon 1998 yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoniga sazovor bo‘lgan.
“Yoshlik” jurnali. 2010 yil, 11 (240)-son