Baland tepalik ustidamiz.
To‘rt taraf zarang tog‘lar. Tepalik etagidan boshlangan mevazor bog‘ va uzumzorlar o‘sha tog‘larga tutashib ketganday. Ko‘klamni qarshilayotgan dala-bog‘lar, qir-adirlar uzra iliqqina shabada esadi.
Chustlik bog‘bon fermer Dagarboy aka ikkimiz atrofni jimgina kuzatamiz. Hamrohim — andijoncha do‘ppili, mosh-guruch soqoli ixcham kuzalgan, istarali, qizg‘ishtob yuzli, o‘rta bo‘y, pishiq gavdali tetikkina qariya. Uni zimdan kuzatarkanman, suhbatga kalit so‘z qidiraman.
— Dagarboy aka, — dedim nihoyat tomoq qirib olib.
— Labbay, birodar, — dedi u yalt etib qarab.
— Anovi etakdagi terakzor kimniki?
— Kimniki bo‘lardi, brigadaniki-da.
— Brigada?
— Ha, shu … kechirasiz, o‘rganish bo‘p qolgan birgad deb, fermer xo‘jaligimizniki. Teraklar — o‘rtamizdagi mulk. Odamlarim bilan birga ekkanmiz.
— Juda sipta-ya, buyam ekologiyaga bog‘liqmi deyman?
— Topdingiz, birodar. Bizda terak yaxshi o‘sadi. Tog‘ havosi. Yerimiz, suvimiz toza. Shundan bo‘lsa kerak, qurt-purt tushmaydi. E, bu terak jonivor koni foyda, qarang-da, terak do‘ppiday joyda o‘sadi. Narxini bilasiz, falon pul. Bir do‘ppi tilla deyavering. Mehnatiyam yo‘q hisobi. Ostidan suv o‘tib tursa, har zamonda bir butab qo‘ysangiz bas, o‘sib yotaveradi…
Shu bilan bo‘ldi, qahramonimiz suhbat jilovini o‘z qo‘liga oldi.
— Endi birodar, ishni hammayam qilaveradi. Lekin, bundan bu yog‘iga sal o‘ylab, maynani ishlatib (miyani demoqchi), ish qiladigan davrlar keldi. Tadbirkorlik deyishadimi buni?.. Ishning ko‘zini bilish kerak, qisqasi. Ilgari bunga hojat yo‘q edi, tepadan “prikaz” berib, o‘rgatib turishardi. Ekishni boshlang, deyishardi, boshlardik. Hosilini yig‘ib oling, deyishardi, yig‘ib olardik. Prikazsiz bir ish qilib ko‘ring edi, otti qashqasi bo‘p qolardingiz menga o‘xshab… Endi buning tarixi uzun, — dedi cho‘ntagimdan mitti diktofon chiqarganimni ko‘rgan Dagarboy aka, — bemalol o‘tirib gaplashsak. Nima dedingiz?
— Ma’qul…
Yumshoq maysa ustiga yuzma-yuz chordona qurdik.
— Otam rahmatli kamsuxan odam edi, — deya hikoyasini kelgan yeridan davom ettirdi Dagarboy aka. — Ammo, lekin juda bama’ni, donishmand edi. Aytgan gapi tasdig‘ini topmay qolmasdi. Armiyada shopirlik qilganman. Qishloqqa kelib ham kasbimni qilib yurdim. Otamga yoqmadi. Bolam, shu ishingni qo‘y, qanotimga kirib dehqonchilik qil, dedi. Yoshlik qilib, bo‘yin bermay yurdim. Qarasam, xafa qip qo‘yaman. Shopirlikni tashlab, dadamning qavatiga kirdim.
Otam badavlat dehqon bo‘lgan. Kollektivlashtirish degan kampaniya kasofati bilan bor-budidan ayrilgan, shundan kishi bilmas o‘ksib yurarkan. Meni dehqonchilikka undagani esa, otameros mulklarida ishlashimni xohlaganidan ekan, keyin bilsam. Dehqonchilikka qaytdim. Brigadir himmat qilib, besh so‘tix yer ajratib berdi. Bu — o‘zingniki, ul-bul narsa ekib olasan, dedi. Bog‘ qildim. O‘rtasidan hovuz qazib, atrofini gir aylantirib tol, terak ekdim… O‘sha paytlarda dehqonchilik hov pastlikda, ota-bobolarimiz to‘qayzordan ochib olgan yerlarda qilinardi. Bu atrof esa bahorda bir ko‘karib, keyin yil bo‘yi sarg‘ayib yotardi. Suv yo‘q edi-da. Bir kuni shu baland-pastliklarda aylanib yurib, kallamga bir fikr kelib qoldi. Xo‘p, suvni G‘ovasoydan chiqarib bo‘lmaydi. Lekin, bu yoqdan, yuqoridan tushirib kelinsa-chi?.. Izlab-izlab anovi tog‘larning orqasiga o‘tdim. Suv sharqirab oqib yotibdi. Mo‘ljalladim. Qadamlab chiqdim. Uch yuz qadam chiqdi. Qoyani kesib tushirsak bas. Qishloqqa qaytib, brigadirga uchradim. Yo‘q, kechirasiz, avval otamga aytdim. Otam bunday ko‘zimga qarab turdi-da: “Niyating yaxshi, faqat juda og‘ir-da, bolam, — dedi bosh irg‘ab. — Og‘ir-u, qilsa bo‘ladi. Brigadirga uchrab ko‘r-chi…” Brigadir eshitgisiyam kelmadi. “E, jiyan, cho‘pchagingni qo‘y. Vaqtingam, kuchingam bekor ketadi. Zo‘ri behuda miyon meshikanad, degan tojikning gapi bor”, — dedi…
Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi bilan ikki yilni o‘tkazdim. Menam o‘jarman, o‘zimga o‘xshagan o‘nta “qirchang‘i” bolani gapga oldim. Cho‘pchagimga ishontirdim. O‘n bitta bo‘z bola belni mahkam bog‘lab turganimizni ko‘rib, brigadir oxiri rozi bo‘ldi. Otam “oq yo‘l” tilab, duo qildi.
Chustga tushib, yaxshi temirchi ustalarni ishga soldik. Og‘ir-og‘ir cho‘kichlar, temir ponalar, bolg‘a, ketmon, belkuraklar yasatdik. Keyin “Bismillo…” deya tog‘dan oshdik.
Birinchi hafta ish yaxshi ketdi. Mashaqqat sakkizinchi kundan boshlandi. O‘ylab ko‘ring, to‘rt, besh, olti metr qalinlikdagi qoyani ikki metr kenglikda kesib tushirishimiz kerak. Ariq chuqurlashib borgani sari cho‘kichlab maydalangan shag‘alni belkurak bilan chiqarib tashlash qiyin bo‘ladi. Chelakka solib, arqon bilan tepaga tortib olishimiz kerak. Bir kunda g‘ayrat qilsak uch-to‘rt qadam siljiymiz. Bunisiyam mayli, ajabtovur ishlar bo‘la boshladi. Ertalab ariq boshiga kelib qarasak, kecha kun bo‘yi chelaklab qirg‘oqqa chiqarilgan shag‘allar pastga surib tushirilgan, ariq to‘lib turgan bo‘ladi. E, kim qilgan bo‘lsayam, falon-pismadon… deb, yig‘lashdan beri bo‘lib, ariqni qaytadan tozalashga tushamiz. Biz o‘lib-tirilib tosh maydalab yotamiz-da, boshimizga bekorchilar yig‘iladi. Bittasi achinsa, to‘rttasi mazax qilib kuladi. Biriga indasak, biriga chidaymiz. Tishni tishga bosamiz. Achinganiyam, kulganiyam yonimizga tushay demaydi. Ish qurg‘ur ham ha deganda ilgari bosmaydi. Kishi bilmas ichimdan zil ketaman. Sheriklarimga sir bermayman-u, kechqurun dadamga yorilaman. “Bo‘lmayapti, qiynalib ketdik”, — deb yig‘lamsirayman. Otam rahmatli vazmin odam, ortiqcha gap qilmaydi. “Bo‘ladi, o‘g‘lim, g‘am yema”, — deya kulimsiraydi.
O‘ttiz bir kun ishladik. Ikki yuz yetmish metrlik ariq qazildi. Suvni ochdik, jildirab o‘tdi. Ana endi dunyo topgan tentakday irg‘ishlaganimizni ko‘rsangiz edi!.. Aytmoqchi, bitta gap qop ketibdi-ku! Ish boshlaganimizning yigirmanchi kuni qishloq sho‘rosi kattalari dag‘dag‘a bilan kep qolishdi. Hozirgi yoshlar shunaqa ish boshlab qolishsa, boshlariga ko‘tarishadi rahbarlar, lekin bizni yer bilan bitta qilishdi o‘shanda. O‘zboshimchalar, buzuqilar, avantyuristlar… yana allambalolar deb bulg‘alab tashlashdi. Keyin nima bo‘ldi, deng. To‘qqizta sherigimiz ishni to‘xtatib, qishloqqa qaytdi. Yonimda bir oyog‘i nogironroq og‘aynim qoldi. Ikki kun shunday o‘tdi. Uchinchi kun haligi to‘qqiz yigit ko‘zlarida yosh bilan qaytib kelishdi. Biz ham indamadik, ular ham bir so‘z demasdan ariqqa tushishdi. Shundan keyin ishimiz jadal ketdi. Haligi zug‘um qilib kelganlar o‘zlari bilib-bilmasdan bizni qo‘llab yuborishgandi. Buyam Xudoyimning hikmati-da!.. Qolgan kunlari charchoq nima bilmadik. Qoyalar ham endi sariyog‘dek kesilaverdi. Katta-katta xarsanglar novvot bo‘laklaridek ushalib tushaverdi. Ishning hadisini oldik shekilli-da. Zavqimiz oshgandan oshib, baqir-chaqir qilib, ashulani vang qo‘yib ishladik. Yoshlik — mastlik ekan-da, birodar. Odam qo‘msaydi o‘sha yillarni. O‘ttiz bir kun deganda suvni ochdik.
O‘sha kuni umrimda birinchi marta otamning ko‘zida yosh ko‘rdim. O‘ttiz bir kun… Nima demoqchi edim-a… Ha, yetmishdan ham o‘tib qo‘ydim. Mana shu yetmish yil umrim bir bo‘ldi-yu, o‘sha ariq qazigan kunlarim bir bo‘ldi. Tarozining ikki pallasiga qo‘ysam, bu tomon bosib ketadi. Yaratganning imtihoni shunday bo‘lgan ekan-da, qisqasi.
1979 yilning ko‘klami edi.
Ko‘chat ekdik. Tok qalamchalari o‘tqazdik. Aytmoqchi, suv o‘tganini ko‘rib, brigadir ham, xo‘jalik kattalari ham yordamga kelishdi. Baraka topkurlar betondan nov-ariq yotqizishdi. Texnika berishdi. Bayram bo‘lib ketdi ishonsangiz.
Endi bitta aqlli gap aytsam… Men kattalardan, rahbarlardan o‘pka qilmoqchi emasman. Hammasiga sababchi o‘rtadagi badniyat kimsalar edi. Hamma zamonlarda topiladi unaqalar. Hozir yo‘q deysizmi?.. Ishonsangiz, hozirgacha ustimdan chaquv uyushtirib turadiganlar bor. Parvo qilmay qo‘yganman. Qolaversa, ular fitna qilgani sari Xudoyim meni quvvatlaydi…
Yonimizga odamlar qo‘shildi. Ko‘plashib, mana shu ko‘rib turganingiz olmazor, o‘rikzorlarni yaratdik. Naryog‘ini uzumzor qildik. Meni brigadir qilib ko‘tarishdi… Brigada yeridan tashqari 20 sotixdan ellik sotixgacha yer berdik odamlarga. Suv kelib, yerlar birdan kengayib ketgandi-da. Hatto bizga g‘ayirlik qilgan kimsalar ham quruq qolishmadi. Menga qolsa, ularga berdirmas edim. Otam koyib berdilar. “Bolam, o‘sha bechoralarga ham yer beringlar”, — dedilar. “Ota, ular bechora emas”, — dedim. “Yo‘q, ular bechora, avval o‘shalar olsin, o‘shalar to‘ysin”, — dedilar.
Xullas, ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir, degandek o‘sha dastlabki bir-ikki yil ichida olamjahon ish qilib qo‘ydik. Hammamiz yoshmiz, g‘ayratimiz ichimizga sig‘maydi. Yildan yil o‘tib, suv ko‘paydi. Bog‘dorchilik brigadamiz ham kengayib bordi. Yigirma besh yil brigadirlik qildim. Keyin mana endi bu yog‘iga fermermiz. Mendan boshqayam yana besh-oltita fermer tashkil qildik. Baribir hammasiga boshman. Haliyam “brigad bobo” deb, hurmatimni joyiga qo‘yishadi.
Dunyoda gap ko‘p-da. Ota-onamning duolarini olib, kam bo‘lmadim. Shikast yemadim. Besh o‘g‘lim bor, bittasi do‘xtir bo‘ldi, qolgani yonimda. Bolalikdan mehnatga ko‘niktirganman. Mana endi hammasi ishini bilib qiladi. Bola-chaqasiga bosh-qosh, uy-joyi badastir.
O‘zimga kelsak, xudoga shukr, kuch-quvvatdan qolgan emasman. Uyda o‘tirolmayman. Qolaversa, hozir ayni ishlaydigan payt keldi. Birov halaqit bermaydi. Aqling, farosating ko‘targancha ishla, yangilik qil. Odamzotga aql nimaga berilgan. O‘yla, fikrla, deb berilgan. Hadeb zarang tuproqqa ketmon urgan bilan kosang oqarmaydi. Hamma narsaning ilmi bor, hadisi bor. Masalan, qanday qilib toklarning hosilini oshirish kerak? Yetti yilcha muqaddam Andijondan donasini qirq so‘mdan to‘rt mingtacha tok qalamchalarini keltirib o‘tqazdim. O‘tgan yil hosil shunaqa bo‘lib berdiki, eski tokzorim bir bo‘ldiyu, to‘rt gektarlik yangi tokzor bir bo‘ldi. Endi ana shu navni ko‘paytirib yotibmiz. Boshqa fermerlargayam beryapman. Hali pastga tushganda ko‘rasiz: ikkita omborxona qurganmiz. Har biriga o‘n tonnadan uzum osamiz. Ostidan suv aylanib oqib turadi. Oltiariqlik oshnamizdan o‘rganib kelganman buning ilmini. Qish chillasida kirsangizam uzum boshlari bir xilda yaltirab, karsillab turganini ko‘rasiz…
Dagarboy aka tin olib, o‘yga beriladi. Gap qotmayman. Fikrini bo‘lgim kelmaydi.
— O‘n yildan oshib ketdi, nafaqa olaman. Lekin, bir kunam ishdan qolgim kelmaydi, — deya davom etadi suhbatdoshim. — Biror sabab bo‘lib dalaga chiqmagan kunim yeganim ichimga tushmaydi. Xuddi uzumzorga mol-pol oralab, toklarni payxon qilib tashlaydiganday, yoki ariqdan suv urib ketib, ekinzorlarni yuvib ketadiganday bo‘laveradi. Bu odamlarimga ishonmaganimdan emas, to‘g‘ri tushuning, menga bu odat bo‘lib qolgan. Xo‘jaligimda o‘ttizdan ortiq oila bor. Ana shu oilalarga o‘zimni mas’ul deb bilaman. Rizqni xudo beradi, to‘g‘ri. Lekin men shunga sababchiman-da. Agar hosil bo‘lmay qolsa, shuncha oila — uch yuzdan ortiq jonning yeyish-ichishi nima bo‘ladi. Ko‘p bolalilar bor. Samarqandda, Toshkentda, Namanganning o‘zida o‘qib yurgan talabalar bor. Ularning o‘qishi, kontrakti nima bo‘ladi, deyman…
Dagarboy akaning so‘zlariga quloq tutib, beixtiyor xayolga berilaman. Yuz yil yashasang, yuz yil sabr qilishing kerak, deganlar Navoiy hazratlari. Yashash — kurash degani, chidam degani… Mana shu odam mehnat, mehnat deb yetmishdan o‘tib qo‘ydi. Aytishlaricha, umrida sanatoriy nima, boshqasi nima — bilmagan.
Karomat yuz berdi. Xayolimdan kechganlarni uqqan kabi Dagarboy aka mavzuni o‘zgartirdi.
— Har qancha g‘ayratli bo‘lma, qarilik ta’sir o‘tkazar ekan. Hozir avvalgiday yelib-yugurishlar yo‘q. Talashib-tortishish, jiqqa-musht bo‘lishlar yo‘q. Keyin aql ham quyularkan odam-da. Baqir-chaqir o‘rniga murosayu-madoraga o‘tib qolarkansan. Aslida shuyam yomon emas ekan, yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, degan-ku qadimgilar.
E, biz tengilar chekiga ancha og‘ir ishlar tushdi. Taqir yerlarni bog‘ qildik. Yoshlikdi kuch-quvvati shunga ketdi. Nuqul mehnatning orqasidan quvib, yetmishdan o‘tib qo‘yganimni sezmabman ham. Lekin ko‘ngil qurg‘ur qarimas ekan. Shu desangiz, sportga qiziqaman. Bolalarga futbol stadioni qurib berganman. O‘ynatib qo‘yib tomosha qilaman. Brigadamiz bolalari (yana brigada deyapman-a) komanda tuzib, boshqa joylarga borib o‘ynab kelishadi. Sovringa qo‘y, echki yutishadi, mayli-da. Endi bitta gapni aytay, agar to‘g‘ri kelsa berarsizlar. Gapim shuki, bokschilarimiz zo‘r, kurashga gap yo‘q. Shaxmatam yomonmas. Shu o‘zbekdi futboli qovushmayapti-da, o‘zgarish boru, ko‘ngildagiday emas-da. Gollandiya, Xorvatiyaga qoyil qolaman. Quvaytgayam. Xorvatlar bir milliongayam yetmaydi. Futbolchilarini ko‘ring, tap tortishmaydi-ya! O‘sha yoqlarda yosh bolalarni qumloqda oyoqyalang o‘ynatisharkan. Boldiriga tosh bog‘lab qo‘yisharkan. Qumda tiyg‘onib, oyog‘idagi toshni ko‘tarib to‘p tepgan bolani keng maydonga qo‘yvoring, ko‘rasiz qanaqa o‘ynashini!.. O‘ylashimcha, futbolchilarimizda bitta qusur bor, g‘urur yetishmaydi chamasi. Agar g‘urur kuchli bo‘lsa, mashq ham, mahorat ham bo‘ladigan narsa… Yigitlarimiz meni kechirsin, malomat emas, achinganimdan aytamanda, axir stadiondan bosh egib chiqib ketish ulargayam oson bo‘lmasa kerak…
Dagarboy aka yoshlar tarbiyasidagi qusurlar, ayniqsa, kitobga qiziqishning kamayib ketganidan tashvishlanib gapiradi.
— Yurtboshimiz azal-avvaldan yoshlar tarbiyasi uchun qayg‘urib kelyaptilar. Mana bu yilgi yilimizni “Barkamol avlod yili” deb atadilar. Shunday ekan, nega biz ota-onalar befarqmiz. Bolalarimiz kitob o‘qimay qo‘ygan. Kitob o‘qimasa, xudo bergan aql qotib qoladi. Miyani ishlatish kerak. Dalada ketmon chopib kelib, uyda televizor oldida yonboshlab yotaverish yaxshi emas. Ilm yo‘rgakdan, degan gap bor-ku. Bizda, xudoga shukur, yo‘qku-ya, televizorda ko‘raman, eshitib yuraman, narkomaniya degan narsa urchib boryapti. Men o‘zim yigirma besh yoshimdan buyog‘iga sigareta degan narsani og‘zimga olmayman. Otam bir og‘izgina aytdilar, “Bolam, shu ishingni qo‘y, foydasi yo‘q”, — dedilar. “Xo‘p, otajon, chekmaganim bo‘lsin”, — deganman. Uning o‘rniga yaxshi topib, yaxshi yedim. Vaqt borida sport bilan shug‘ullandim, hozir ham uch yuz, besh yuz metrlik poygalarga yaraymanu, soqolimdan iymanaman. Lekin, har erta turib, hov o‘sha toqqacha yayov borib kelaman. Ko‘rinib turgan hov o‘sha sada — marra. Uch ming yetti yuz metr. O‘sha sada tagida nafas rostlayman, bir pas yonboshlab, atrofni tomosha qilaman. Keyin yana tushib kelaman. Ham badantarbiya, ham bog‘dan xabar olaman. Keta ketguncha daraxt oralatib atirgul ektirganman, ko‘klamni oxirlatib shunday gulga kiradiki, bahri dilingiz ochiladi.
Suhbat yana ancha davom etdi. Keyin birgalashib bog‘ oraladik. Dagarboy aka sayrimiz so‘ngida meni suvboshiga olib bordi. Hammasi xuddi tasavvur qilganimdek. Mana o‘sha mashhur ariq. Ulkan qoyalarni qoq ikkiga bo‘lib, shaffof tog‘ suvi ko‘piklanib oqib yotibdi. Tik qirg‘oqlardagi bujur xarsangtoshlarda cho‘kich izlari…
Beixtiyor Dagarboy akaga qarayman. Yo‘l bo‘yi tinmasdan gurung berib kelgan suhbatdoshim o‘ychan tortib qolgan. Qadoq qo‘llarini manglayiga tiragancha, qoyatosh ustida o‘tiribdi. Nazarimda ko‘zlari yoshlanganday…
Mana, o‘sha voqealardan bu yog‘iga ham sal kam qirq yil o‘tdi. Elga el, yerga yer qo‘shildi. Demak, bu sharqiragan obi hayot qadri qimmati ham ortdi. Dagarboy Soatov aytmoqchi, umrga tatigulik o‘sha o‘ttiz bir kunda amalga oshirilgan ishning ko‘lami, salobati yanada oydinroq ko‘rinmoqda. Beixtiyor o‘yga tolaman: Dagarboy akani ushbu mashaqqatli ishga undagan kuch nima edi?.. Menimcha, avvalo undagi betizgin ruhiy quvvat, g‘urur va oriyat, qolaversa, yoshligidan shuuriga singib ketgan ota-ona o‘gitlariyu ibratlari albatta. Shulardan kelib chiqib, men bu otaxonni kelajak odami ekan, degim keldi. Buni u kishining hamon tinib-tinchimasligi, rejalari, fikrlari, ertani o‘ylab, bugungi amalu tadbirlar ketidan yurganligi isbotlab turibdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 11-sonidan olindi.