Tarjimashunoslik faqat tilshunoslik yoki adabiyoshunoslikning tanho mulki emas. U adabiyot nazariyasi, adabiy tanqid, matnshunoslik, manbashunoslik va boshqa sohalarni ham qamrab oluvchi umumfilologik fan. Ustoz G‘aybulloh as-Salom tarjimashunoslik faniga shunday munosabatda bo‘lgan. Biz ham shu an’anaga sodiq qolib, “Zarqalam” nashriyotida chop etilgan iste’dodli ijodkor Ulug‘bek Hamdamning “Isyon va itoat” romanining rus tiliga tarjimasi haqida so‘z yuritmoqchimiz. Romanni bevosita o‘zbek tilidan rus tiliga N.Vladimirova ag‘dargan.
Bu tarjimani mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida voqea, deb baholash mumkin. Chunki biz taglamasiz bajarilgan tarjimaga ega bo‘lib turibmiz. Tarjima bo‘lib ham u shunchaki, nomigagina emas, a’lo darajada va tarjimashunos olima, asliyat tilining yetuk bilimdoni, professor, filologiya fanlari doktori Ninel Vasilevna Vladimirova tomonidan o‘girilgan. Fanda ekvilinear tarjima degan tushuncha bor. Bu asarni boshqa tilda ham mazmun, ham shakl jihatidan tengma-teng, so‘zma-so‘z, qo‘shib-chatmay, ammo mukammal qaytarishni nazarda tutadi. Birgina misol keltiramiz:
“Axir, uning hayotiga ma’no kirgan edi! Ha-ha, aynan ma’no, aynan mazmun. Va bu mazmunning ismi Muhabbat edi, Ishq edi… To‘g‘ri, Akbar muhabbat qidirgan yo‘q edi, biroq ko‘pdan beri izlagani Katta bir Ma’no edi. Mana o‘sha Ma’no! — Ishq nomli Mazmun!” (78-bet).
Ushbu parchani rus tilida(“Bunt i smireniye”. Roman. “Zarqalam”) o‘qiymiz:
“V yego jizn voshel smыsl. Da, tochno, istinnыy smыsl, istinnoye soderjaniye. I imya etomu — lyubov… strast… Verno, Akbar ne iskal lyubvi, odnako to, chto on davnыm-davno iskal, — eto bolshoy glubokiy smыsl. I vot on etot Smыsl. Smыsl, kotorыy nazыvayetsya lyubovyu”(70-bet).
Tarjima san’ati sirlaridan bexabar kitobxon ham rus tilidagi matnning qanchalik asliyatga mos ekanligini darrov fahmlaydi. Unda birorta ortiqcha ishora yo‘q. Hatto jumlalarning tuzilishi, uzun-qisqaligi, talaffuz tarzi, qo‘yingki, tinish belgilarigacha bir-biriga monand. O‘zbek tilidagi gaplar qanchalik sodda, lo‘nda, ifodali bo‘lsa, rus tilida ham ana shu fazilatlari mavjud. Yana, eng muhimi, ulardagi axborot ham bir-biriga muqobil.
Beayb Parvardigor. Kitobxon tirnoq ostidan kir qidiradigan, injiq bo‘lsa bormi(shundaylarning ham bo‘lgani yaxshi: yozuvchi ziyrak tortib turadi), u matndagi imlo xatodan boshlab — u musahhihning e’tiborsizligi oqibati bo‘lsa ham — noto‘g‘ri bo‘g‘in ko‘chirishu tinish belgilarigacha noo‘rin qo‘llanilganligini qayd etib turadi. Ammo ko‘pchilik kitobxon asar mazmuni ichiga kirib ketib, bor nuqsonni ham sezmay qolaveradi. Lekin tarjimon o‘ta sezgir. Muallif ba’zan e’tiborsizlik tufayli bilmasdan qoldirgan nuqsonni tarjimon ko‘rib, bilib, sezib turishi kerak. Masalan, romanning ikkinchi qismi 16-bobida “shayton malaklari” iborasi qo‘llanilgan. Rostdan ham bu matnni tergan kompyuterchining xatosi bo‘lishi mumkin, chunki malak so‘zi ijobiy ma’nodagi farishta, go‘zal mahbubani bildiradi, u “shayton”ga nisbatan qo‘llanilmaydi. Buni tarjimon sezib “slugi dyavola”, ya’ni “shayton malaylari” deb tuzatib o‘girgan.
“Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ deganlari shu-da” (57-bet) gapida mashhur o‘zbek xalq maqoli bor. Uni Ninel Vasilevna “Govoryat je, esli pyatnadtsat dney v mesyatse temnыe, to pyatnadtsat — nepremenno svetlыe”(54-bet), deb tarjima qilgan. To‘g‘ri, ma’noviy muqobillik saqlangan, lekin shakl jihatidan tarjima biroz yutqazgan ko‘rinadi, chunki bu yerda asliyatdagi lo‘ndalik, paremiologik ekspressiv ta’sirchanlik muayyan darajada boy berilgan. Bu gapning maqolligiga ishora qiluvchi “govoryat”(deganlari) so‘zi bo‘lmasa, luqma oddiy, jaydari gapga o‘xshab qoladi. Maqol so‘zma-so‘z o‘girilmay, uning o‘rniga rus xalq paremiologiyasi bisotidan “Serenkoye utro — krasnenkiy denek”, degan qisqa iborani qo‘llash ham mumkin edi (bunday vaziyatda inglizlar “A foul morn may turn to a fair day”, ya’ni ertalabki yomon havo kunduzi ochiq bo‘lishi mumkin, deyishsa; nemislar ham shu ma’noda “Nach trubem Morgen kommt ein heller Nachmittag” deyishadi). Bu yerda tarjimon balki rus xalq maqolidagi ozmi-ko‘pmi sezilib turgan(masalan, kichraytirish-erkalatish affikslaridagi) ruscha milliy ruhdan cho‘chigan ko‘rinadi.
Yozuvchining asarida yanglish fikr, adashuvchanlik, g‘aliz ma’no uchragudep bo‘lsa ham, odatda, biz uni kechirishga harakat qilamiz, hatto uning nuqsonlarini yozuvchining o‘ziga xos mahorati belgisi sifatida ham talqin etamiz. Xolislik yetishmay qoladi. Asliyatda nuqson uchraydigan bo‘lsa, tarjimon o‘sha matn muallifining “qiyofasi”ga kirib, muallif muayyan so‘z va ibora bilan qanday ma’noni ifodalamoqchi, nima demoqchi ekanligini tahlil qiladi, masalani muallif tomonida turib hal etadi. Ba’zida esa, birovning “qiyofasi”ga kirish unchalik ham shart emas — masalaning asl mohiyatini mantiqqa ko‘ra asoslab bilib olishi va yozuvchi yo‘l qo‘ygan xatoni tuzatishi mumkin. Masalan, Diana Akbarni “ko‘rish” ishtiyoqida nayrang ishlatadi: qo‘shnisidan televizorning o‘rnini o‘zgartirib berishni so‘raydi: “— Televizorni joyiga qo‘yish kerak, — jilmaygancha boshini sarak-sarak qildi qiz”(52-bet). “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da sarak-sarak qilmoq “boshini u yon, bu yonga chayqatmoq, irg‘itmoq”, deb ta’riflanadi. Endi gapdagi vaziyatga ko‘ra, tasavvur qilaylik: xo‘p, jilmayibdi, lekin “sarak-sarak” qilishi nimani ifodalaydi. Ma’lumki, bulg‘orlarda bu ishora “ha” tasdig‘ini bildiradi, biz esa inkorni ifodalamoqchi bo‘lsak, boshimizni sarak-sarak qilamiz. Bundan tashqari, bu juft so‘zning lug‘atda belgilanmagan ekspressiv ma’nosi ham bor. Biz biror narsadan ajablansak, hayron qolsak, taajjublansak ham shu ishoradan foydalanmiz. O‘zbekcha matnda mantiqiy nuqsonga yo‘l qo‘yilgan. Buni N.Vladimirova, asar ruhiga shikast yetkazmagan holda, “— Ne mogli bы vы postavit televizor na prejnee mesto? — ulыbnulas devushka”, deb tuzatib tarjima qilgan. O‘zbek tilidagi talab-ehtiyoj shakldagi gapning rus tiliga shart maylidagi ritorik so‘roq bilan o‘girilishi tarjima amaliyoti qonuniyatlariga to‘la mos. Boshqa bir o‘rinda ham tarjimon muallifni qo‘llab-quvvatlaydi. Romanda o‘qiymiz: “Tabib gapirmadi, biroq boshini sarak-sarak qilib tasdiq ma’nosini berdi”(94-bet). Ishora bilan uning ma’nosi o‘rtasida mantiqiy ziddiyat mavjud. Lekin N.Vladimirova bu gapni to‘g‘rilab: “Tabib ne otvetil, on lish kivnul golovoy “ (83-bet), deb tarjima qiladi.
Sen ham bir og‘izdan chiqadi, siz ham. Bu yozilmagan qoida, asosan, o‘zbek millatiga xos. Xalqimizda hatto yosh bolalarga ham sizlab gapirish urf. Yurtboshimiz I.A.Karimov “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobida bu insoniy fazilatni “ota-bobolarimizning oila ma’naviyatiga qanchalik katta e’tibor berganligi” bilan bog‘laydilar. Uni hozirgi tilda mentalitet belgisi, deyishadi. Shu qoida buzilgan joyda mentalitetga ham darz ketadi. O‘zbek ayolning eriga sensirab murojaat qilganini eshitmaganmiz. Romanda tabibning xotini eriga sensirab: “— Nima qilyapsan, to‘xta!.. Men senga hammasini tushuntiraman. Oldingda aybdorman, buni bilaman, inkor etmayman, lekin sen o‘ylaganchalik emas. To‘xta, to‘xtasang-chi!..”(19-bet), deganini o‘qib, tabibning xotini rusmi, deb o‘zimizni savolga tutdik. Shuning uchun ham ruscha tarjimada(23-bet) bu gap tabiiydek ko‘rinsa ham, baribir, kitobxonga (agar u o‘zbek bo‘lsa) bunday murojaat erish tuyuladi.
“…Akbar divan ustida kitob o‘qib yotarkan, tag‘in uni kutmoqda” (62-bet) gapini o‘qib, nega endi “ustida” deymiz va bu yordamchi so‘z o‘rnida qo‘llanilishi “mumkin” bo‘lgan yonida, tepasida, tagida, orqasida so‘zlarining ma’nolari xayolimizga keladi. Bu gap ham tarjimonimiz tomonidan “Akbar lejit na divane, chitayet i snova jdet yee” (58-bet), deb to‘g‘ri o‘girilgan.
Diana uyida intizorlik bilan Akbarni kutayapti. “Nihoyat, bir mahal eshik qulfi shaqillab ochildi. Diana chopib o‘z eshigi qo‘ng‘irog‘idan qaradi, biroq Akbarning eshigi bu orada yopilib bo‘lgandi” (90-bet).
Asliyat matnidagi xato ayon. Tarjimon jumlani so‘zma-so‘z o‘girganida noxush vaziyat yuzaga kelardi. Shuning uchun tarjimon o‘zicha yo‘l tutib: “No vdrug щelknul zamok. Diana podbejala k dveri i vыglyanula v glazok — dver Akbara zaxlopnulas”(80-bet), deb asliyat muallifining xatosini tuzatishga erishgan. Haqiqatan ham, qanday qilib eshik qo‘ng‘irog‘idan qarash mumkin?
Tursunboy o‘lim to‘shagida yotibdi. Joni uzilay deb turibdi. Alahsirayapti. Gapida ma’no yo‘q. Oqlash, bo‘yash kabi pardoz ishlarigina qolgan imoratga qarab, u tabibga aytadi: “Qarang, yuzga tushgan dog‘day bo‘p imorat husnini buzib turibdi”(94-bet). Tasavvur qilaylik-chi, vaziyatni. Umrining sanoqli daqiqalari kechayotgan odamning emotsional-ekspressiv tasviriy ibora bilan so‘zlashi haqiqatdan uzoqroq. O‘zbek va rus tillaridagi matnlarda bu tashbih ham yuzga tushgan dog‘day bo‘lib turibdi. Yozuvchi ham, uning tarjimoni ham matnlarga kichkina pardoz berganlarida yaxshi bo‘lardi.
Badiiy asarda hikoya qilinayotgan voqea-hodisa qanchalik to‘g‘ri va aniq bo‘lsa, u shunchalik ishonarli chiqadi, kitobxon uni real voqelik tarzida qabul qilib, o‘zini xuddi shu voqealar rivojining faol ishtirokchisidek sezadi. Mabodo, ko‘rayotganimizdek, tasvirda mantiqsizlik holatlari uchrab qolsa, unda asarga nisbatan ayricha munosabat hosil bo‘lishi mumkin. Tursunboyning tamaddisi: durraga o‘ralgan kattakon(!) non, termosdagi choy, kattakon temir (!) krujka, ikki bo‘lak qand(24-bet). Bir necha sahifadan keyin yozuvchi xuddi shunday vaziyatda tunuka krujka ishlatadi(79-bet). Tarjimon asliyatga zid bo‘lsa-da, hamma yerda bir xil — “temir krujka”da choy ichkazadi. Faqat tarjimachilikda durrani golovnoy platok, yaktakni — xalat deb o‘girish noto‘g‘ri odat tusiga kirib qolgan an’anaviy usul. Badiiy ijodda bitta so‘zni hadeb ishlataverish uslub, aniqrog‘i, talaffuz jihatidan nojoiz — quloqqa erish tuyuladi. Boshqa so‘z, sinonimi yo‘qmi, qabilida savol tug‘ilish mumkin. Darvoqe, Gi de Mopassan aytgan: bir marta ishlatgan so‘zingni endi 200-250 so‘zdan keyin qaytarsang quloqqa yoqadi. Biz ta’kidlayotgan kattakon so‘zi nonga ham, durraga ham, xonaga ham, krujkaga ham ishlatilaveradi. Me’yor(adabiy, leksik, morfologik, orfografik, orfoepik, stilistik) bo‘lgani ma’qul.
Agar kitobxon asliyat muallifining(u yosh ijodkormi yoki mashhur adibmi, bundan qat’i nazar)nuqsonnni sezmasa yoki kechirsa ham, tarjimonga nisbatan unday qila olmaydi, kechirimli bo‘la olmaydi. Aksincha, tarjimon muallifga sadoqat ramzi sifatida uning yanglishlarini o‘zgartirmay (qo‘ng‘iroq — zvonok tarzida) o‘girganligi uchun o‘sha nuqsonlarni tarjimonga yuklab qo‘yadi o‘quvchi, uni asossiz ravishda tanqid tig‘iga oladi. Bunday kitobxonning nazarida hamma yaxshi narsa muallifdan, barcha illatlar esa — tarjimondan, uning tajribasizligidan bo‘lib chiqadi. Tarjimon Tursunboyning “zanjirli traktori”ni tsepnoy(71-bet) demasdan, gusenichnыy traktor, deb o‘girganida a’lo bo‘lardi.
Tarjima amaliyotining ham o‘ziga xos sir-asrorlari bor. Unga ko‘ra, aytaylik, asliyatda muallifning e’tiborsizligi tufayli nuqson yuz beradigan bo‘lsa, tarjimon o‘sha yozuvchinning “Qiyofasi”ga kirib, muallif muayyan so‘z va ibora bilan qanday ma’noni ifodalamoqchi, nima demoqchi bo‘lganligini tahlil qiladi, masalani muallif tomonida turib hal etadi. Ba’zida esa, birovning “qiyofasi”ga kirish unchalik ham shart emas — masalaning asl mohiyatini mantiqqa ko‘ra asoslab bilib olishi mumkin, xolos. Maqsad tarjimada tilimiz boyligi, rang-barangligi namoyon bo‘lsin. Buyuk bobomizning: “Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz”, degan dono o‘gitini unutmasligimiz lozim.
Komiljon Jo‘rayev,
filologiya fanlari doktori, professor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 8-sonidan olindi.