Men har doim, hamma joyda, hatto o‘zimdan ham shoir ekanligimni yashirishga harakat qilaman. Chunki shoirlik insonning qadr-qimmatini oshiradigan kasb yoki hunar emas, balki u ba’zan-ba’zan xuruj qilib turadigan yomon odat, g‘alati bir darddir. Odamlar “Men – zargarman!” deb maqtanadi. Lekin, “Men – shoirman!” deb dangal aytishga iymanadi odam.
Chunki, birinchidan, ilhom kelgan payti bir kechada yuzlab misra yozgan shoir, agar ilhom uni tark etsa, yillar davomida ham to‘rt qator she’r yozolmasligi tayin. Ikkinchidan esa, shoirman deyishlik dardmandman, ichim to‘la iztirob degan gapga o‘xashb ketadi. Shu bois men shoirman degan so‘zni tilimga chiqarishdan ehtiyot bo‘laman.
O‘z paytida dunyoning eng aqlli odami deb hisoblangan Suqrot she’r san’ati qonun-qoidalarini mukammal o‘rganib ham bir misra she’r yozolmaydi. Lekin yaxshi she’r yozish uchun she’r san’ati nazariyasini bilish unchalik ham shart emas. Mashhur shoirlarimizning aksari she’r nazariyasi degan gapni eshitgunlaricha eng go‘zal she’rlarini bitib ulgirishgan. Aksincha, she’r to‘qish texnikasini mukammal bilib olgan shoir ruhsiz she’rlarni ko‘p yozib yuboradi.
Nazarimda she’r yozish ruhning himoya mexanizmidir. Masalan, tananing himoya mexanizmini olib ko‘raylik. Jonlanib qolgan kasallikka qarshi vujud haroratni oshirib, patogen mikroflorani o‘tinday yoqa boshlaydi. Shu tariqa u o‘zini o‘zi zarardan asrab qoladi. Aslida ilhom ham kishi immun tizimning ruhiyatdagi faollashidir. Alloh tomonidan sog‘ligimizni saqlash uchun dasturlangan immun tizimi ko‘ngilda jonlanib qolgan dard “mikroblari”ga qarshi ilhom ko‘rinishida kurash boshlaydi. Harorat tanani, ilhom esa qalbni zararlardan tozalaydi.
Ilhom – ruhning isitmasidir.
Ilhom parisini itdek bo‘ynidan bog‘lab bo‘lmaydi, u osmonda erkin uchib yurgan qush, kutilmaganda ko‘ngil bog‘ingizdagi daraxt shohiga qo‘nib, ajabtovur xonish qilib qoldi, keyin esa to‘satdan bir yoqlarga uchib ketadi. Siz esa qushcha qachon qaytib kelishini kutishdan boshqa ilojingiz yo‘q. Shu bois shoirlikni zinhor hunar deb bo‘lmaydi. Hunarim shoirlik degan kimsaga aslo ishona ko‘rmang.
O‘ttiz yil davomida she’riy ijod bilan band bo‘ldim degan shoirni tushunolmayman.
Shoirlardan bir: “Men ilhomni kutib o‘tirmayman. Har kuni she’r yozaman” degan edi. Albatta, shoir har kecha she’r yoza oladi. Lekin bu kabi she’rlar qog‘oz guldan farq qilmasligi mumkin.
Odatda shoirlik iste’dodi insonda umrining oxirigacha saqlanib qolmaydi. Go‘zal she’riy iste’dod ham kutilmaganda sevgi kabi kelib, ich olamingizni to‘s-to‘polon qilib, so‘ng sizni tark etadi. Aytmoqchimanki, shoirlik iste’dodi tug‘ma bo‘lishi bilan birga, o‘tkinchi hamdir, ya’ni odam vaqtinchalik shoirga aylanadi. Lekin, sizni tark etgan iste’dod oradan o‘n yil o‘tib to‘satdan qaytib qolishi ham ehtimoldan holi emas.
Mirtemirni olaylik. Shoir ijodining dastlabki paytlari go‘zal lirik she’rlar bitadi, keyin esa uzoq vaqt ilhomsiz ijod qiladi, ya’ni kommunistik g‘oya, sotsialistik qurilishlar haqida gazeta maqolasida yoziladigan gaplarni she’rga aylantiradi. Umrining oxirrog‘ida esa unga kutilmaganda shoirlik ite’dodi qaytib keladi va “Men seni injitmayman…” kabi samimiy satrlar yoza boshlaydi. Shoirning anchayin keksaygan yoshda yozgan ishqiy she’rlarida yosh oshiq yigitning qalbida bo‘ladigan kuchli, bahor toshqinlariga monand sevgi tuyg‘ularini payqash mumkin. Sevgi tuyg‘usining kuchi va tafti fizeologik yosh bilan bog‘liq baribir… Nega Mirtemir keksayganda fizeologik yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan ishqiy satrlar bita boshladi. Buning sababi shuki, shoir o‘sha davr adabiy muhitda hokim bo‘lgan aqidalar ta’sirida samimiy ko‘ngil kechinalarini satrlarda izhor qilish o‘rniga, kommunistik buyurtmani bajarish bilan ovora bo‘lgan. U shunday qilishga majbur edi. Yo‘q edi boshqa yo‘l. Shunday bo‘ldiki, shoir yigit yoshida ko‘nglidan kechgan ishqiy kechinmalarini keksayganida qog‘ozga tushirish imkoniga ega bo‘ldi.
Ochiq derazadan ichkariga kirgan musichani cho‘chitib yuborsangiz, boyoqish tashqariga uchib chiqaman deb o‘zini deraza oynasiga uradi va ozgina karaxt bo‘lib yerga qulaydi. Keyin, bir oz o‘nglanib, ochiq derazani topolmay, yana boshi bilan oynaga uriladi. Yordam berishingiz kerak unga: asta tutib, tashqariga uchirib yuborasiz. Ko‘ngilda paydo bo‘lgan she’riy to‘yg‘u ham shu musichaning derazaga urilishiga o‘xshaydi: uni tashqariga chiqarib yubormaslikning sira iloji yo‘q, yordam berib, erkinlikka qo‘yib yubormasangiz, boyoqish qush o‘zini o‘zi halok qiladi. Demak, ko‘ngilda paydo bo‘lgan she’r emin-erkin qog‘ozga tushmasa, ichingizda ketmas g‘ashlik paydo bo‘ladi. Odatda ko‘ngildagi fikr tilimizga ko‘chgunicha mingta chig‘iriqdan o‘tadi. Freyd aytmoqchi, insonning xatti-harakati va gap-so‘zini “super Ya “ qattiq nazorat qilib turadi. Ya’ni, aytmoqchi bo‘lgan gapingiz so‘zga aylanib odamlarning qulog‘iga yetib borgunicha “Fikrim keyin o‘zimga ziyon qilmaydimi, yaqin do‘stimning dilini og‘ritmaydimi, allakimning g‘azabini qo‘zg‘amaydimi” kabi ko‘plab chig‘iriqlardan majbur o‘tadi. She’r yozishda esa “super Ya” misralarni nazorat qila olmaydi. Ko‘ngildagi o‘y-fikr, his-to‘yg‘u butunicha she’rga ko‘chadi. Ilhom kelgan payti bir muddat hushyor va ehtiyotkor aql junbushga kelgan ko‘ngilni nazorat qilolmaydi. Haqiqiy she’r tug‘ila boshlaydi.
Ba’zan o‘ylab qolaman: balki shoirlik yoshlikka xos bir sifatdir. Yosh ulg‘aygach, shoirlik qobiliyati ham pasayib boraveradi. Har qanday shoirning ko‘pincha ilk to‘plamiga kiritilgan, ijodining boshlang‘ich pallasida yozgan she’rlarini o‘quvchi sevib yod oladi. Uning yosh jihatdan ulg‘ayganda to‘qigan she’rlarini esa oddiygina o‘qib qo‘ya qolamiz, yod olmaymiz. Shoirning yoshi ulg‘ayib, hayot tajribasi ko‘payib, mahorati oshib borgani sayin iste’dodining o‘tkir qirralari yemirilib boraveradi. O‘zi go‘zal she’r yozish uchun hayot tajribasi, ilm o‘rganib kuchga to‘lgan aql va yuksak she’riy mahorat halaqit beradi.
Insoniyatning injigan ko‘nglini yupatish uchun Xudo ayrimlarimizga she’r yozish qobiliyatini ato etgan.
Rostdan ham she’r xuddi tush kabi amalga oshmagan istagimizdan paydo bo‘ladi. Sevaman deb she’r yozgan shoirning sevgisi she’r bilan birga chiqib ketgan bo‘ladi…
She’riyat kishilar rad qilgan balchiq tuyg‘ularni “qayta ishlab“ tillo va kumushga aylantira oladi. She’riyat allaqachon temir va toshni tilloga aylantirish formulasini topib bo‘lgan.
Xullas, yozuvchi bo‘lish uchun hayot qozonida qaynashingiz shart. Shoirlik uchun esa hayot xalaqit beradi. Shoir aynan hayot qozonida qaynashdan mahrum bo‘lgani uchun she’r yozadi. Baliqni suvdan olib quruqlikka otib yuboring, qarabsizki, u besh-o‘n daqiqada Mashrabga teng shoirga aylanadi. Poloponni cho‘p bilan turtkilab inidan pastga tushirib yuboring, boyoqish balog‘at yoshiga yetmasdanoq she’r osmondan juda yuksak parvoz qila olgan Rembo kabi “do‘zax azobi” haqida o‘xshatib she’r yoza oladi. Janubga uchib ketayotgan qushlardan biri yarador edi, uchishga madori qolmay to‘dadan ajralib, pastga qo‘ndi. Yolg‘iz edi u. Ship-shiydon va sovuq bog‘da yakka o‘zi qolib ketdi. Yaqin orada boshlanajak qora sovuqlarda muzlab o‘lib qoladi. Xo‘sh, achchiq taqdirga qarshi u nima qila oladi. Qush shoirga aylanadi.
Junun vodisig‘a moyil ko‘rarmen jonu zorimni, Tilarmen bir yo‘li buzmoq buzulg‘on ro‘zg‘orimni, –degan dohiyona baytni yozishni hammamiz orzu qilamiz. Lekin shu baytlar zamirida aks etgan ruhiy iztirob, ilojsizlik va baloga teng mashaqqatga yo‘liqishdan qo‘rqamiz, ey Xudo, bunday yomon kunga tushishdan o‘zing asra deb ichimizda duo o‘qib yuramiz. Chinakam ilhom do‘zaxda kuyishga teng azob ekaligini birov biladi, birov esa, xususan, “har kuni she’r yoza olaman” degan shoir esa bir umr bilmay o‘tadi. Shoir bo‘lib chinakam ilhom nima ekanligini bilmay bu dunyodan o‘tayotgan shoirlar ham bordir ehtimol…. Ba’zi shoirlarimizning ko‘p yillik ijodiy mehnati jamlangan yaltiroq kitobidan bir misra ham she’r topolmay xafsalam pir bo‘ladi. Bular nima uchun shuncha yil davomida she’r yozmay she’riy ijod bilan shug‘illanganliklarini o‘zlari sezmadimikan deb xayronlar qolaman. Faylasuf Kirkegor shoirikka nisbatan shunday o‘xshatish ishlatadi.
Qadimgi Gretsiyada jinoyatchilarni jazolash uchun ichi g‘ovak ulkan mis xo‘kiz yasashgan. Jinoyatchini mis xo‘kiz ichga qamab tagidan o‘t yoqishgan. Mis qizib, ichidagi jinoyachi jon holatda baqirishni boshlaydi. Mis xo‘kizning burni shunday mohirlik bilan moslashtirishganki, ichkarida azob chekib baqirayotgan jinoyatchining ovozi tashqaridagilarga mayin, diltortar kuy bo‘lib eshitilgan. Shoirlik ham shunga o‘xshash-da: ko‘nglingizdan do‘zax azobi o‘tadi, siz esa azobingizni misralarga aylantirasiz va yozganlaringiz o‘quvi ko‘ngliga ko‘y kabi orom beradi.
Iztirob ruhning zararli xilti (toksin)dir. Bu kabi xiltlar chiqarib tashlanmasa, kishini betob qilib qo‘yadi. Xudo insonga ato etgan eng noyob qobiliyat she’r yozishlikdir. Insoniyat she’r yozish va o‘qish vositasida ruhini pokizalab yuradi.
She’r yozish hayotni sog‘inishdir asli.
She’r yozish – o‘z fojiangizga o‘zingiz tomondan berilgan zarba.
Insoniyat eng mushkil va umidsiz vaziyatlardan she’r yozish va o‘qish orqali chiqib ketadi.
Nima uchun yoridan ayrilgan oshiq dardiga malham sifatida she’rga yopishadi. Xuddi yarador kiyik baland tog‘lar orasidan mo‘miyo izlagan kabi, yuragini ayriliq tig‘i tig‘lagan oshiq she’r tomon yuzlanadi.
Nima uchun umrida she’r yozmagan va she’r o‘qishga qiziqmagan ayol, 35 yoshida umr yo‘ldoshidan ayrilib qolgach, yarim kechasi uyqusi buzilib oshxonasiga chiqib she’r yozmoqchi bo‘ladi.
She’r insonning ruhiy dardiga malhamdir.
Xudo shoirlarni ko‘nglidan motam ketmaydigan insonlarning dardiga taskin berish uchun yaratgan. Hatto she’riyatni tabobatning bir bo‘limi sifatida taqdim etgim keladi.
Qadimdan shoirlarni payg‘ambarlarga yaqin kishilar deb ta’rif qilishadi. Nega? Shoirda payg‘ambarlarga xos qanday xislat bor. Ma’lumki, Allohning rasullari insoniyatni qiyomati kutib turganligini ochiq dalillar bilan oshkor qilishgan. Shoirlarda ham kelajakni bashorat qilish uquvi bor. Deylik, bugun ijod qilayotgan shoirlarning misralarida aks etgan kechinmalari zamirida 30 yoki 50 yildan so‘ng jamiyatda, xususan, kishilar ruhida sodir bo‘lajak alohida bir o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot topish mumkin. Masalan, o‘tgan asrning 60-yillar shoirlari, xususan, Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlar ijodida vatanimiz O‘zbekiston Ittifoq tarkibidagi bir o‘lka o‘laroq emas, balki alohida, mustaqil tushuncha sifatida madh etildi. Ular ijodida Vatan mustaqilligi tuyg‘usi bo‘y ko‘rsatgan edi. Siyosiy mafkura “rus xalqi – ulug‘ og‘amiz” deb turgan bir paytda Erkin Vohidovning
Tarixingdir ming asrlar Ichra pinhon o‘zbegim, –deyishi o‘sha davr rasmiy tushunchalariga muholif tushunchadir.
“ O‘zbegim “ she’rida poetik ifodasini topgan shonli tariximiz muzey eksponatlari emas edi. Aytmoqchimizki, 60-yillardayoq o‘zbek xalqi vatan mustaqilligini real psixik voqialik sifatida mavud edi. Avval his, ortidan fikr, keyin esa harakat yuzaga keladi.
70–80-yillar shoirlari ijodida esa indivudializm bo‘y ko‘rsatdi. Mustaqillikka erishib, bozor munosabatlariga o‘tishmiz bilan jamiyatimizda jamoviy fikrlash barham topib, har sohada indivdualizm ko‘rindi; shaxs erki, haq-huquqlari masalasi oldingi planga chiqdi; fikrlashda har xillik paydo bo‘ldi, kishilar dunyoqarashini asoratga soladigan siyosiy mafkura hokimligi tugadi.
Odam bukilgan mix yoki sopi singan pichoqni ham axlatga tashlab yubormay, kerak bo‘lib qolar deb bir chetga yashirib qo‘yadi. Lekin shoirlikni kasb qilib olgan shoirning sust, mazasiz va hissiz she’rlari jamlangan kitobini qo‘lga olish tugul, hatto kitob javonida turishiga ham sabringiz chidamaydi: ko‘zdan yo‘qotasiz. Shoirlik rostdan ham odamlarning g‘ashiga tegadigan yomon odat deb o‘ylaysiz.
Ko‘pchilik shoirlarning she’rlariga ularning kitobini qo‘lga olganingizda duch kelasiz. Kamchilik shoirlarning she’rlari esa o‘z hayotingizda bo‘lib o‘tgan muhim xodisa kabi deyarli har kuni xotirangizda jonlanib turadi.
Yigirma yoshingizda yod olingan she’rning tub ma’nosini o‘ttiz yoki qirq yoshda anglashingiz mumkin. Rauf Parfining ushbu misralari:
Ehtimol umrimning yarmi o‘tgandir, Ehtimol yarmiga qolganman botib.Yigirma yoshimda yod olgan edim bu misralarni. Qirq yoshimda esa kunlardan bir kun ular xotiramda qayta jonlanib, ko‘nglimni junbushga soldi. Buning sababi shuki, she’rda aks etgan ma’no shaxsiy hayotimda sodir bo‘lgandir balki. Masalan, sevgan yoridan ayrilgan oshiq anchaga dovur real hayotga ko‘shilishib, aralashib ketolmay, achchiq xotiralar bilan yashashga majbur bo‘ladi. Shoir aytmoqchi, umrining “yarmiga“ botib qoladi.
Oybekning satrlari:
Tushimda ko‘rdim seni, Birga olib ket meni…Ushbu misralarda yigirma yoshli oshiqning samimiy va bir oz shikasta ko‘ngil kechinmalari ifodalangan. Oshiq tushida sevganini ko‘rib, “Birga olib ket meni…” deyapti. Shu ikki misra she’rning ma’nosi ellik yoshdan oshganingizdan so‘ng butunlay o‘zgacha yo‘sinda o‘zgarib ketadi. O‘zi ellik yoshga yetganingizda ko‘ngilga g‘ashlik, zerikish va charchoq hislari o‘rnashadi, ko‘plab yaqin insonlaringizni tuproqqa berib ulgirasiz:
Mening yer ostida do‘stlarim ko‘proq… (Abdulla Oripov)Kunlardan bir kun tushingizga marhum do‘stingiz kiradi, qorong‘ulikdan chiqib, yuzingizga bir qaraydi-yu, yana ortiga qaytib ketadi, uyg‘onib ketasiz va kutilmaganda xotirangizda yonayotgan olovdek ikki misra she’r uyg‘onadi:
Tushimda ko‘rdim seni, Birga olib ket meni… …Tushimda ko‘rdim seni, Birga olib ket meni…