Sirojiddin Ahmad. Fitrat va Murodiy (2009)

Do‘stim Abduvahob Murodiy!
Sizdan ikki, uch maktub oldim. Javoblarini ham yozib turaman. Bo xatim olasizmi, yo‘qmi? Sizning tomoningiz uchun ondorg‘i hay’atga qat’iy amrlar yuborilg‘ondur.
Menga yuboraturg‘on kitoblaringiz hali hanuz kelmadi. Lekin men “Ovrupo hayoti” degan do‘kto‘r Gustav Lubanning asarini topib mutolaa etdim. Bu ijtimoiy muharrirni ko‘pdan beri toniyman. Yana Abdulla Javdat tarafindan tarjima etilgan “Ruhul avom”nida hamda Ko‘priluzoda qalami bilan tarjima etilgan “Ruhul jamiat”ini ko‘rganim bor. Bu odam juda katta olimdir. Ijtimoiyotda nufuzi nazar sohibidir. Faqat safolatkor bir mantiqi bor, bir asar yozmakdan taqlidi o‘quvchilarg‘a ilmiy bir haqiqat ochib bermak emas. Unlarning ruhlarini taqlidlariga rom etmakdir. Ilmni Fransa jahongirligi, Fransa mazolimining kengayishiga ko‘prak iste’mol etadir. Buning asarlarindan chiqaturgon natija Fransa jahongirligiga “qut bermak”dir. Ilmiy tadbirlarga oldanaturg‘on kishilarni qanoatlantirmak uchun buyuk bir iqtidori bordir.
Bilhossa shulki, “harbi umuma” degan o‘runda ilmiy haqiqatlar yo‘q emas. Ko‘pdur. Lekin yolg‘onlar, mug‘olatlar, mabolag‘alar ham ko‘pdir. Muharrir asl olmoq istagani natijalarni shul so‘ng qismdan oladir.
Kitobni o‘qug‘onimda hoshiyasinda e’tirozlarimni yozib borg‘on edim. Bir musoada vaqt topsam, albatta, e’tirozlarimni to‘plab, sizga yuborurman. Bu muharrir doim xatolumlar, oynuqsa, Sharq dushmani-da, shuning uchun hech sevmadim, har asarini o‘qig‘onda nafrat etdim.
“Hind ixtilolchilari”ni bostirmoq uchun aqcha ko‘p kerak bo‘lg‘on ekan, u qadar ko‘p aqcha bilan bosturturg‘onda, qimmat tushodur. Hech kim olmaydur. Shuning uchun kitobni bosturmoq lozim emas. Asl nusxasini Azizxong‘a taslim etsak, menga ish qilib yuboradur. “Harf teruvchi” moshinaning narxi, keluv masorifi, ishlash sharoiti haqinda mufassal yozsangiz. Ehtimol, bir-ikkita oldirarman. Zotan, bu haqda ilmiy ko‘missiyaga ham yozg‘on edim, siz ham, albatta, yozing.
Saidali bilan Ahmad Shakuriy afandilarga.
Sizga ko‘p uzun san-sanalashib bir maktub yozg‘on va orqadoshlaringiz necha kishini hakama ta’yini qiling‘on edim. Shul yozg‘onimg‘a mufassal javobingiz olmag‘oncha sizga bir narsa yozmadim. Aqchalaringiz yetushmaganligi haqinda ko‘p yaqinda jiddiy choralar ko‘rarman.
Berlinda yozib, bizga sotmoq istagingiz asarlaringiz aqcha chekib, menga yuboringiz. Qiymatini berib, bunda bostirurman.
Yuqorida istaganimiz javobingiz kelgancha, xo‘sh emdi.
Do‘stingiz FITRAT

Mavlono Fitratning selektsioner olim va istiqlolchi Abduvahob Murodiy bilan munosabatlari shu kungacha o‘rganilmagan, biroq o‘rganishga arzigulik mavzu. Chunki Murodiy XX asr birinchi choragida Munavvar qori Abdurashidxonovning eng kuchli shogirdlaridan va yoshlarning juda faol, nihoyatda yuksak farosat bilan ish olib borgan vatanparvar vakili, muallim sifatida shuhrat qozongan edi. U dastlab Eshonxo‘ja Xoniy va Munavvar qori Abdurashidxonov maktabida ta’lim-tarbiya olgan bo‘lsa, keyincha 1916 — 1917 yillarda ustozining moddiy-ma’naviy yordami bilan Boku pedgogika bilim yurtining ziroat bo‘limida ham o‘qib keladi hamda Toshkentdagi maktablardan birida o‘qituvchilik qiladi. Biroq u yanada chuqurroq bilim olish uchun Turkiyaga borib o‘qishni orzu etardi. Ammo hayot unga Berlinga borishni nasib qiladi.
Xo‘sh, Fitrat bilan Abduvahob Murodiy (1900 — 1931) qachon tanishishgan?
Ma’lumki, Fitrat 1919 yili Toshkentga kelgach, o‘z faoliyatini Munavvar qori Abdurashidxonov yordamida u rahbarlik qilayotgan olti oylik o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qituvchi sifatida boshlaydi. So‘ng Mashrab nomidagi o‘rta maktabda mudir bo‘lib ishlaydi. Ana shu kezlarda til va adabiyot, tarix va boshqa sohalarni o‘rganishni maqsad qilgan “Chig‘atoy gurungi” uyushmasini tuzadi. Murodiy ana shu davrda Fitrat bilan tanishadi va jamiyatga a’zo bo‘ladi. U jamiyatni eslab, “Bu jamiyatning tashkilotchisi uning (ya’ni, Fitratning) o‘zi bo‘lib, faoliyatchan safdoshlari: Shohrasul Zunnun, men, Botu, A’zam Ayyub, Elbek, Qayum Ramazon, Cho‘lpon, Sanjar, Saidalixo‘ja, xullas, hozirgi adabiyotchi va tilshunoslar, mas’ul xodimlardan Nazir To‘raqulov uni quvvatlaydi”, deydi. Shuningdek, Fitratning ko‘pchilik bilmagan “Marseleza” nomli asari bo‘lganini aytib o‘tadi: “Shunisi diqqatga sazovorki, yoshlar jadidlarning mafkurasiga qarshi kurashar ekan, Fitratning ”Temur sag‘anasi“, ”Hind ixtilolchilari“, ”Marseleza“ asari haqida bir so‘z demas edi”. Demak, Fitratning bizga noma’lum yana bir sahna asari bo‘lgan. (Ko‘chirma A.Murodiyning 1930 yil (?) sentyabrda yozilgan “Fitrat va o‘zbekchilik” yodnomasidan oldindi).
Murodiyning Fitrat bilan Toshkentdagi aloqasi uzoqqa bormaydi. Sababi u Turkiyaga borib o‘qish uchun Afg‘onistonga yo‘l oladi. Kobulda noilojlikdan majburiy to‘xtab qolgan bir paytda vatanidan vakillar kelganini eshitadi. Sho‘ro hukumatining topshirig‘iga ko‘ra, Kobulga borgan Jamol posho va Mirzag‘ofir Musaxonov bilan uchrashadi. Musaxonov ko‘magida Jamol posho bilan tanishadi. Murodiyning qanday inson ekanligini sezgan Jamol posho Murodiyga Turkiyaga emas, balki Germaniyaga borib o‘qishni tavsiya etadi va moddiy yordam beradi. Shundan so‘ng u Toshkentga qaytib keladi va Eski shahar o‘qituvchilar uyushmasi boshlig‘i Akmal Ikromov, birinchi galda ustozi Munavvar qori Abdurashidxonov ko‘magida moddiy yordam olib, Germaniyaga o‘qishga borish uchun Maskovga jo‘naydi. U Jamol posho tavsiyasi bilan Maskovda Anvar posho bilan uchrashdi, undan oilasi va tanishlariga yozgan maktublarni oladi. Yosh yigitning bu aloqalarni mustamlaka hukumatidan pinhon tuta bilishi, omonatlarni manzilga omon-eson yetkazib, ega-egalariga topshirishi, maktab, so‘ng ziroatchilik akademiyasiga joylishishi e’tiborga sazovor voqealar bo‘lib, unga nisbatan ustozlarining, xususan, Fitratning hurmatini orttirgan edi. Germaniyaga o‘qishga borganida ham u Fitrat bilan aloqasini uzmagan va xat yozishib turgan.
Murodiy Germaniyada tahsil olayotgan yoshlarning yetakchisiga aylangan. “Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyatining Germaniyadagi maorif vakolatxonasi komissioni raisi Olimjon Idrisiy Buxoro XShJ Maorif noziri Fitratga 1923 yil 28 avgustda Berlindan yozgan xatida shunday deydi: “Abduvahob Murodiy Buxoro tarbiyasina olinmish turkistonli talabadir. A’dodi tahsili “Dorulmuallimot” va “Gimnaziya” maktablaridir. Murodiy afandi 15 iyul 1921nchi sanadan beri Germaniyada, Berlin shahrinda iqomat qiladilar. Haqiqiy g‘ayrati ila tahsil uchun bu yerga kelmishdir. Olmon tilin, dorilfunun darslarin ta’qib eta olajaq qadar o‘rganmish, g‘oyat jiddiy, mudabbir, aqlli va g‘ayratkash bir istudentdir. 1922nchi yil sana yozg‘i semestrdan beri “Berlin oliy ziroat maktabi”n(akademiyasi — S.A.)da asli talaba o‘larli qayd etilmishdir. Dorulfunun mudiri, muallimlari yuzlarcha talabalar orasinda Murodiyni toniyurlar va uni sevayurlar“ (O‘zR MDA).
Murodiy xorijdagi vatandoshlari bilan uchrashuvlarini sho‘ro hukumati voqeanavislaridan pinhon tuta olgan. Uning ortidan qo‘yilgan kishilar yozg‘on tavsiyanomalarda bironta shubha yo‘q. ”Germaniyadagi SSSR talabalar komiteti ittifoqi ijroqo‘mi“ rahbari Stanlenitskiy tomonidan 1927 yil 15 aprelda berilgan ”guvohnoma“da ”Uni sovet hokimiyatiga sadoqatli o‘rtoq va yaxshi ishchi sifatida tavsiya etamiz“, deyilgan. Shu bois ham, u Olimjon Idrisiyning ko‘magisiz Fitrat bilan yozma aloqa qilib turgan. Zero, Murodiy Toshkentda boshlagan o‘zaro ishonch va do‘stlik, sadoqatni xorijda ham namoyon etgan.
Demak, yuqoridagi maktubning yozilishi tabiiy va taxminan 1922 yil oxiri, 1923 yil boshlariga taalluqli, deb o‘ylaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida ”Maorif nozirining xususiy ishi“ yig‘majildida ushbu xatning qora qalamda yozilgan nusxasi saqlanmoqda. (Xatning bayoz nusxasini topa olmadik.)
Xatning mazmunidan anglashiladiki, Fitrat o‘zidan o‘nbesh yosh kichik bo‘lgan shogirdi Abduvahob Murodiyga do‘stim, deb murojaat qilmoqda. Bunda Fitratdek mashhur adibning yosh olimning iste’dodini, bilimini tan olib, ruhini ko‘tarish istagi bor. Shuningdek, ular doimo xat yozishib, o‘zaro kitob almashib turish bilan kifoyalanmay, ijtimoiy, siyosiy, sanoat, ziroat masalalarida hamfikr bo‘lishgani yaqqol seziladi. Fitratning “Bir musoada vaqt topsam, albatta, e’tirozlarimni to‘plab, sizga yuborurman”, degan so‘zlari fikrimizning tasdig‘idir.
Fitratning “yuboraturg‘on kitoblaringiz hanuz kelmadi” degan so‘zlari, Luban (Gustav Lyuben (1804 — 1873) — Germaniyaning Bremen shahridagi o‘qituvchilar tayyorlash bilim yurti direktori, pedagogika va jamiyatshunoslik to‘g‘risidagi talaygina asarlar muallifi — S.A.) asari xususidagi o‘ylari, zamonaviy sanoat-matbaa yutug‘i — harf terish dastgohini Buxoro uchun sotib olish istagi ham yuqoridagi fikrimizni yana bir karra quvvatlaydi. Maktub mazmuniga qaraganda, Murodiy erinmasdan ustozi va do‘sti Fitratni Yevropa yangiliklari, davlat, jamiyat qurilishi muammolari hamda siyosat, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid adabiyotlar bilan tanishtirgan, yangiliklardan xabardor qilib turgan.
Maktubda Abdurauf Fitrat teran ilmiy siyosiy tafakkurga ega arbob va olim sifatida ko‘zga tashlanadi. Uning G. Lyubenning “Ovrupo hayoti” asari haqidagi mulohazalari Ovrupo mustamlakachilik siyosatini teran va izchil o‘rganganini hamda Murodiyni mutafakkir inson sifatida tan olganini ko‘rsatadi. Aks holda G. Lyubenning asari soddadil kishilarni aldash uchun mo‘ljallanganini va muallifning ayrim haqiqatlari to‘g‘ri ekanligini aytmagan bo‘lur edi. Shuningdek, ovrupo tillaridan tarjima qilingan “Ruhul avom” va “Ruhul jamiyat” kabi psixologiya, sotsiologiya va jamiyatshunoslikka oid asarlarni o‘rganmagan va fikrlarini Murodiy bilan o‘rtoqlashmagan bo‘lur edi.
Maktubdan yana bir xulosaga kelish mumkin: Fitrat Hindistonda yurganda inqilobiy voqealarga guvoh bo‘lib, ular haqida Nomiq Kamol dramalariga o‘xshash asar yozishni 1914 — 1915 yillarda ko‘ngliga tugib, 1919 — 1920 yillarda amalga oshirib, o‘sha yili Toshkentda “Turon” truppasi tomonidan sahnalashtirilgan “Hind ixtilolchilari” dramasini Abduvahob Murodiy vositasi bilan Berlinda chop ettirishga uringani seziladi. Binobarin, Murodiy bizgacha yetib kelmagan maktubida piyesani bostirish uchun matbaa sarf-xarajati to‘g‘risida alohida ma’lumot bergan. Zero, Fitrat “u qadar ko‘p aqcha bilan bosturturg‘onda qimmat tushodir”, demas edi.
Xo‘sh, asar matbaa sarf-xarajatining qimmatliligi bois bosilmay qolib ketdimi? Yo‘q, albatta. Berlinda tahsil olayotgan talabalar ustozlariga yordam qiladilar. Asar 1923 yilda Berlinda (ular 1924 yil S.Ayniyning “Qiz bola yoxud Xolida” asarini ham bostiradilar) nashr etiladi va bunda so‘zsiz Murodiyning xizmati bor, deb o‘ylaymiz.
Maktubdan tag‘in Fitratning xorijda tahsil olish bilan cheklanmay, Vatan manfaati uchun ilmiy-adabiy asar yaratish yo‘lida berilib ishlayotgan yosh do‘stlarini qo‘llab-quvvatlagani ham ayon bo‘ladi. U Saidalixo‘ja Usmon va Ahmad Shakuriyga asarlarini yuborish va ularni bostirishni taklif qiladi, shu bilan birga, ularning “aqchalari yetishmagani”ni bilib, ularni iqtisodiy ta’minlashga intiladi. Mazkur taklifda, bir tomondan, vatanparvar insonning orzu istagi namoyon bo‘lsa, ikkinchi tomondan, shogirdlarining sa’y-harakatlari natija berayotganidan chin dildan sevingan buyuk ustoz siymosi gavdalanadi.
So‘ngi tadqiqotlar, xususan, Olimjon Idrisiy bilan yozishmalari Fitratning Germaniyaga yuborilgan 49 talabaning issiq-sovug‘idan doimo xabardor bo‘lib turgani, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashga intilganini ko‘rsatmoqdaki, bu endi yangi mavzudir. Nasib etsa, muhtaram o‘quvchilarni bu yozishmalar bilan tanishtirishga harakat qilamiz.

Xatni nashrga tayyorlovchi va maqola muallifi:
Sirojiddin Ahmad

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 30-sonidan olindi.