Sharqning qadimiy madaniy markazlaridan biri Hirot uzoq yillar temuriylar davlatining poytaxti bo‘libgina qolmay, ko‘plab buyuk zotlar beshigi hamdir. Temuriylar saroyining e’tiborli mulozimlaridan birining xonadonida dunyoga kelgan hazrat Alisher Navoiy umrining ko‘p qismini ana shu shaharda o‘tkazdi va shu shaharda dunyodan o‘tdi. Shu bilan birga, taqdir taqozosiga ko‘ra, Xuroson va Movarounnahrning ko‘plab shahar va qishloqlarida bo‘lishiga to‘g‘ri kelganligi ma’lum. Zotan, “Mahbub ul-qulub”da Navoiy yoshligining dastlabki davridan qarilikning boshlanishiga qadar davron voqealaridan, aylanuvchi osmon hodisalaridan, fitnachi dunyo o‘zgaruvchanligidan ko‘p muddat va uzoq payt har xil holat, turli yo‘sinda, turli tarzda yugurganligini qayd etadi. Bir o‘rinda esa, goho tog‘lar cho‘qqisi turarjoyi bo‘lganligi va goho sahro etagidan panoh topganligini, goho esa, bu qiyinchilik va qattiq kunlardan qutulib, yana vatanga qaytganligini yozadi: “Va goh jibol qullasi oromgohim bo‘ldi va goh sahro etagi panohim bo‘ldi. Goh bu shiddarlardan azmi vatan qildim”. “Azmi vatan qildim”, deganda Navoiy ona shahri Hirotga qaytganligini nazarda tutgan, albatta.
Navoiyning turli viloyat va shaharlarda bo‘lgani haqida shoirning boshqa asarlarida, zamondoshlarining kitoblarida ham ma’lumotlar uchraydi. Ana shu ma’lumotlar asosida olimlarimiz tomonidan shoirning hayot yo‘li sxematik xaritasi tuzilgan. Dastlab A.A.Semyonov tomonidan tuzilib, keyinchalik Izzat Sultonov to‘ldirgan bu xarita Izzat Otaxonovichning 1969 yili nashr etilgan “Navoiyning qalb daftari” nomli kitobida ilova tariqasida berilgan.
Navoiyshunosligimizda keyingi yillari maydonga kelgan ishlar, tarixchi olim Bo‘riboy Ahmedov tomonidan Mirxond va Xondamir qalamiga mansub tarix kitoblarining Sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davriga oid qismlari tarjima qilinib nashr etilganidan keyin mazkur sxematik xaritaga yana to‘ldirishlar kiritish imkoniyati yuzaga keldi.
Zotan, Alisher Navoiy hayot yo‘li sxematik xaritasini yangi dalillar bilan takomillashtirish, unga aniqliklar kiritish shoirning ijodiy hamda ijtimoiy-siyosiy faoliyati haqida tasavvurimizni boyitadi.
Navoiyning “Munshaot” asari ustida tadqiqot olib borganimizda ushbu asar hamda boshqa adabiy-tarixiy manbalardan buyuk mutafakkirning tarjimai holiga doir yangi lavhalar va sanalarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgandik. Bu esa, Navoiy hayot yo‘lining yangi nuqtalarini belgilashimizga asos bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Shunga ko‘ra, olimlar tomonidan tuzilgan sxematik xaritaga qo‘shimcha va to‘ldirishlar kiritishni maqsadga muvofiq topdik.
Shoir maktublaridan birida uning davlat ishlari bilan Nishopurda turgani ma’lum bo‘ladi: “Qulluq arzadosht ulkim, safar oyining g‘urrasida, shanba sabohi Nishopurdin bir manzil Sabzavor sari Abushujo’ Ansoriy mazori boshida yuqoridan kelgan piyodarav muborak nishonnikim, bu bandaning mujibi sarafrozlig‘i erdi – yetkurdi”.
Shohdan kelgan maktub o‘zi uchun qanchalar qadrli va ardoqli ekanligini shoir go‘zal bir bayt bilan ifodalaydi:
Jonda qo‘ydum chirmag‘on maktubini hijron aro,
Bilmon, ul maktub erur yoxud “alif”dur jon aro.
Maktubda qayd etilayotgan “safar oyining g‘urrasi”, ya’ni safar oyining boshi shanba kuniga to‘g‘ri kelishi faktidan ushbu voqeaning qaysi yili sodir bo‘lganligini sinxron jadval orqali osongina aniqlash mumkindek tuyuladi. Biroq, bu jadvalga ko‘ra, Navoiyning o‘ttiz yillik ijtimoiy faoliyati davrida (1470-1500 yillar orasida) safar oyining boshi shanba kuniga to‘g‘ri kelishi besh marta takrorlanadi: 1471 yil, 20 avgust; 1479 yil, 24 aprel; 1487 yil, 27 yanvar;, 1494 yil, 1 oktyabr va 1499 yil, 7 sentyabr. Shunday bo‘lsa-da, biz mazkur voqea ana shu yillarning qaysi biriga to‘g‘ri kelishini belgilay olish imkoniga egamiz.
Navoiyning o‘zi tomonidan tuzilgan ikkinchi devoni “Navodir un-nihoya” shoirning 1476-1486 yillar orasida yaratilgan she’rlaridan iborat ekanligi va u 1486 yili tartib berilganligini navoiyshunos olim Hamid Sulaymon ishonchli dalillar asosida aniqlagan edi. Ana shu devonda yuqoridagi bayt bilan boshlanuvchi g‘azal mavjud. Bundan ma’lum bo‘ladiki, shoh (Husayn Boyqaro)dan kelgan nomaga javob maktubi yozish asnosida yuzaga kelgan matla’ baytga yana baytlar ulab Navoiy tugal g‘azal yaratgan va uni navbatdagi ikkinchi devoniga kiritgan. Modomiki, mazkur g‘azal birinchi devon “Badoye’ ul-bidoya”ning emas, “Navodir un-nihoya” devoni sahifasidan o‘rin olgan ekan, u 1476-1486 yillar orasida yaratilgan bo‘lib chiqadi va, bunga ko‘ra, g‘azalning matla’i o‘rin olgan javob maktubining yozilish sanasi yuqorida biz keltirgan beshta yilning ikkinchisi – 1479 yilga to‘g‘ri kelishi o‘z-o‘zidan ayonlashadi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, davlat ishlari bilan Nishopurda turgan Navoiy 1479 yilning 24 apreli, shanba kuni Husayn Boyqaro maktubini olgan va ertasi – 25 aprel kuni javob maktubini yozib sultonga yo‘llagan. Shunga ko‘ra, endi biz shoirning hayot yo‘li sxemasini to‘g‘ri qayd eta olamiz. Holbuki, bu xaritada Nishopur shahri ostida faqat 1496 yil ko‘rsatilgan edi.
Navoiyning Hirotdan tashqari eng uzoq vaqt yashagan va ko‘p bor bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan shahar Mashhaddir. Podshoh Abulqosim Bobur davrida borgan va hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan yosh Alisher bu shaharda sakkiz yil faqirona hayot kechiradi. Uning dunyoqarashi, ijtimoiy hayotga munosabati, shoirlik iqtidori asosan ana shu shaharda shakllanish pallasiga kirgan. Sxematik xaritada Mashhad shahri ostida ana shu davr, ya’ni 1456-1464 yillar va yana 1498 yil qayd etilgan. Bizning aniqlashimizcha, keyinchalik ham, ya’ni Husayn Boqaro saroyida ijtimoiy-siyosiy faoliyatini boshlaganidan to umrining so‘ngi kunlarigacha Navoiyning yana bir necha bor bu shaharda bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan.
Xondamirning “Makorim ul-axloq” asaridan ma’lum bo‘lishicha, hijriy 874 yilning boshlarida Mirzo Yodgor Muhammad Xurosonni qo‘lga kiritish payiga tushadi. Shunga ko‘ra, endigina Xuroson taxtini egallagan Husayn Boyqaro bir to‘da amirlar boshliq qo‘shinni dushmanga qarshi yuborib, ular orqasidan o‘zi ham jo‘naydi. Uning qo‘shini Mashhadda bir muddat turgach, yana yurishni davom ettirib, bir necha masofani bosib o‘tganida dushmanning yaqinlashgani haqida xabarlar keladi. Bu paytda Husayn Boyqaro yonida bo‘lgan Navoiy vaqtni o‘tkazmay, zudlik bilan dushmanga zarba berishni maslahat ko‘radi. Pirovardida, Chinoron degan joyda Husayn Boyqaroning qo‘li baland keladi.
Demak, hijriy 874, milodiy 1469 yilning kuz oylarida Navoiy Husayn Boyqaro bilan birgalikda Mashhad shahri hamda uning atroflaridagi mavze’ va kentlarda, xususan, Chinoronda bo‘lgan.
Mazkur voqea Mirxondning “Ravzat us-safo” asarida kengroq va batafsilroq hikoya qilinadi va shuning davomidan voqelar bayoniga ko‘ra, zafar bilan Hirotga qaytgan Husayn Boyqaro qishni “Bog‘i safid”da xurramlik bilan o‘tkazadi. Mag‘lublarcha chekingan Mirzo Yodgor Muhammad amir Hasanbek tomonidan yordam tariqasida yuborilgan 4000 kishilik qo‘shin bilan yana Xurosonda paydo bo‘ladi va Sabzavorni ishg‘ol qiladi. Bu xabarni eshitgan Husayn Boyqaro ramazon oyining birinchi kuni, ya’ni 1470 yilning 4 martida Hirotdan Sabzavorga qarab yuradi. Uning kelayotganini eshitgan Mirzo Yodgor Muhammad bu shahardan Bistomga qarab jo‘naydi. Sabzavorda g‘oliblik bayrog‘ini o‘rnatgan Husayn Boyqaro g‘animini ta’qib etib, Jojirm yaqinida uning lashkarlarini mahv etadi. Jojirmdan qaytib Mashhad orqali Puli xotin degan joyga kelganida poytaxtda g‘avg‘o boshlaganligi xabarini eshitadi — devonni boshqaruvchi amaldorlarning zulmkorliklariga chidolmagan shahar xalqi g‘alayon ko‘targan edi. Husayn Boyqaro yonida bo‘lgan Navoiyni odillik bilan ish ko‘rgan holda xalqni tinchitish uchun Hirotga yuboradi…
Demak, Navoiy Husayn Boyqaroning bu galgi yurishida ham u bilan birga 1470 yil bahorida Jojirm, Sabzavor va Mashhad shaharlarida bo‘lgan. Shunga ko‘ra, sxematik xaritada bu sanani ushbu shaharlar ostida qayd etish o‘rinlidir.
Darvoqe, Jojirm shahri nomi yuqoridagi mualliflar tuzgan sxematik xaritada ko‘rsatilmagan. Unda Faryob va Maymana shaharlarining nomlarini ham ko‘rmaysiz. Holbuki, “Makorim ul-axloq”dagi bir hikoyada shunday deyiladi:
“Mirzo Yodgor Muhammad Hirot poytaxtini egallagan paytda Sultoni Sohibqiron zamon taqozosiga ko‘ra Maymana va Faryob tomonga yo‘llandi. U bir kuni shu viloyatda tadbirli va yo‘l ko‘rsatuvchi Amirni (ya’ni Navoiyni) yashirin bir joyga chaqirib, maslahat yo‘li bilan unga shunday dedi…”.
“Ravzat us-safo”da Yodgor Muhammad poytaxt Hirotni hijriy 875 yil muharram oyining oltinchisida (milodiy 1470 yil, 6 iyul) ammasi Poyanda Sultonbegim yordami bilan egallaganligi aytiladi.
Demak, Navoiy bu safar ham sulton Husayn Boyqaro bilan birgalikda 1470 yilning yozida Balx viloyatining Maymana hamda Faryob kentlarida va yana Murg‘obda ham bo‘lgan. Shunga ko‘ra, xaritada bu nomlarga ham chiziq chiqarilib, mazkur sanani qayd etib qo‘yish kerak.
“Xamsat ul-mutahayyirin” asarining “Uchinchi maqolat”ida yozishicha, Navoiy ustozi Jomiy vafotidan bir necha kun avval Imom Ali Muso ar-Rizo ziyoratidan qaytadi:
“Bu faqir Imom Ali Muso ar-Rizo (Alayhit-tahiyya va vas-sano) ziyoratidan hamul yilkim naql qildilar, shahr (Hirot — Yu.T.) keldim. Ma’hud tariq bila avval alar xizmatig‘a tushtum…”.
IX asrga oid bu ziyoratgoh maqbara Mashhad shahridadir. Shunday ekan, Navoiy Jomiy vafot etgan yili, ya’ni 1492 yili ham Mashhadda bo‘lgan.
“Ravzat us-safo”da yozilishicha, Mo‘min mirzoning qatl qilinishidek mudhish voqea sodir etilganida Navoiy Mashhadda edi:
“Ushbu musibatdan uch kun o‘tgach, Imom Muso ar-Rizo hazratlarining mazori ziyorati uchun Mashhadga ketgan amir Alisher shaharga qaytdi va bu og‘ir xabarni eshitib iztirob dengiziga cho‘mdi, ko‘zi jo‘yboridan qon selobini oshirdi…”.
Bu yozilganlarga ko‘ra, ushbu voqea yuz bergan 1497 yilni ham Mashhad shahri ostida qayd etish joiz.
Yana Xondamirning “Makorim ul-axloq” asariga murojaat qilaylik. Uning “Oltinchi maqsad” bo‘limida hikoya qilinishicha, hijriy 904 yili, ya’ni milodiy 1499 yili Husayn Boyqaro mamlakatning ba’zi-bir manfaatini ko‘zlab Marvda turib qolgan edi.
Bu kezlari uzoq vaqtlardan beri ko‘nglida orzu bo‘lib kelgan muborak haj amalini ado etish taraddudiga tushib qolgan Navoiy ana shu safarga ijozat so‘rab Husayn Boyqaro huzuriga Mavlono Nizomiddin Abdulhay tabibni yuboradi. Bunga ham qanoat qilmasdan uning ketidan o‘zi ham bir qancha mulozimlari bilan o‘sha tomonga jo‘naydi. U Mashhadga yetib borishi barobarida sulton huzuriga yuborgan kishisi – Nizomiddin Abdulhay tabib ham Husayn Boyqaro tomonidan yozilgan javob maktubi bilan ana shu shaharga yetib keladi. Bu Navoiyning Mashhadda so‘nggi bor bo‘lishi edi.
Hikoya davomida Navoiyning Marvga, Husayn Boyqaro huzuriga yo‘l olgani, ammo Saraxs tevaragiga yetib kelgan paytida u tomondan podsho ham yetib kelganligi aytiladi. Ana shu ma’lumotga ko‘ra, sxematik xaritani tuzuvchilar Saraxs va Marv shaharlari nomlari ostida 1499 sanasini ko‘rsatishgan. Biroq boshqa manbalardagi ma’lumotlardan Navoiyning bundan avval ham Marvda bir necha bor bo‘lganligi ayon.
“Xamsat ul-mutahayyirin” asarida Navoiy “Tuhfat ul-afkor” qasidasining yuzaga kelishi tarixini hikoya qiladi. Hikoyada aytilishicha, Husayn Boyqaro Marvda qishlashga taraddud ko‘ra boshlaydi. Bir necha kundan keyin bu shaharga jo‘nashga kirishiladi. Podshoh bilan birga ketayotgan Navoiy xayrlashmoq uchun Jomiy huzuriga boradi. Ustozi unga Amir Xusrav Dehlaviyning “Dar’yoi abror” (Yaxshilar daryosi) qasidasiga javob tariqasida yozgan “Lujjat ul-asror” (Sirlar teranligi) asarini ko‘rsatadi. Marv tomon yo‘lga tushgan shoir ot ustida borarkan, unda ustozining ana shu asariga javob tariqasida bir qasida yozish fikri tug‘iladi va o‘sha ondayoq xayoliga yozilajak qasidasining matla’si keladi. Uni o‘zining beklaridan biri orqali Jomiyga yuboradi. Niyati – matla’ ustoziga maqbul bo‘lsa va bu maqsadini ma’qullasa, asarni yozishga kirishish edi. Jomiy o‘sha bek orqali “albatta, yozib tugatsin” degan mazmunda maktub yuboradi. Navoiy Marvga yetib borguncha o‘zining “Tuhfat ul-afkor” qasidasini yozib tugatadi. Asarda uning yozilib tugallangan vaqtini ko‘rsatuvchi ta’rix mavjud. Arabcha imlodagi “yavmi jome’ shahri rajab” jumlasidagi harflarni abjad hisobiga ko‘ra sonlarga aylantirib hisoblab chiqilsa, 880 sanasi chiqadi. Ayni chog‘da ushbu jumladagi rajab oyining juma kuni ta’kidlanishiga ko‘ra, asar rajab oyida yozib tugallanganligi ham anglashiladi. Hijriy 880 yilning rajab oyi milodiy 1475 yilning noyabr oyiga to‘g‘ri keladi.
Demak, 1475 yilning noyabr, dekabr oylari va 1476 yilning yanvar, fevral oylarida Navoiy Marvda, podshoh Husayn Boyqaro yonida bo‘lgan.
Ularning bu maskandan bahorning boshlarida Hirotga qaytganliklarini “Makarim ul-axloq”dagi bir hikoyadan bilib olish qiyin emas. Unda aytilishicha, qishlash paytida Navoiy yashab turgan chodirga bir foxta (g‘urrak) kirib yuradi va, hech kim unga xalal bermaganligi bois, shu yerga uya qurib, tuxum ham qo‘yadi. Hut oyi tugab, hamal boshlangach, podshoh poytaxtga qaytish taraddudiga tushadi. G‘urrak hali tuxumini ochmagan edi. Shunga ko‘ra, Navoiy g‘urrak tuxum ochib, bolalari uchirma bo‘lmagunicha chodirni buzmaslikka qaror qiladi va bir mulozimini (Xoja Hasan Baxtiyorni) shu yerda qoldiradi, toki foxta bolalarini uchirma qilib, uyani tark etganidan keyingina chodirni yig‘ishtirib, poytaxtga qaytsin.
Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, Husayn Boyqaro 1487 yilning qishini ham Marvda o‘tkazgan. Chunonchi, Xondamir “Ravzat us-safo”da “hijriy 892 yilning qishida oliymakon xoqon Marvi shohijahonda qishlab turgan edi… ”, deb yozadi. Bu safar ham Navoiy xoqon yonida edi va Husayn Boyqaroda Jurjon (viloyati) hokimi bo‘lib turgan amir Mo‘g‘ulni yoniga chaqirib olib, saltanat ustuni va mamlakat tayanchi bo‘lmish do‘stini esa, Astrobodga hokim etib tayinlash ra’yi tug‘ildi. Navoiy avvaliga bu taklifni qabul qilmaydi. Xoqonning ko‘p qistov va iltimoslaridan keyingina majburan bunga rozi bo‘ladi. Bu haqda uning o‘zi Astrobodga jo‘nash oldida shahzoda Badiuzzamonga yo‘llagan maktubida yozgan edi:
“Bu uchurda yuqoridin bu faqir xizmatig‘a raqame tortildi va xitobi sidqdin o‘zga bililmadi… Hosil, shavvol oyining yigirmi oltisida, dushanba kuni ijozat bo‘lub, Marvdin Astrobodga azimat ittifoqi tushdi”. Hijriy 892 yil “shavvol oyining yigirmi oltisi, dushanba kuni” milodiy 1487 yilning 15 oktyabriga to‘g‘ri keladi.
Demak, ana shu ikki ma’lumotga ko‘ra, sxematik xaritada Marv shahri ostidagi 1499 sanasi oldiga 1475-1476 va 1487 yillarni ham yozib qo‘yish o‘rinli bo‘ladi.
Darvoqe, “Marvdin Astrobodg‘a azimat ittifoqi tushgan” ekan, o‘z-o‘zidan xayolga bir mulohaza keladi. Ya’ni Marvdan Astrobodga yo‘l, asosan, Saraxs, Mashhad (va ehtimolki, Tus), Nishopur, Sabzavor kabi tarixiy shaharlardan o‘tgan. Bu yo‘ldan yurish, tabiiyki, qisqa, biroq ovloq yerlardan yurishga qaraganda xavfsiz va qulay bo‘lgan. Shunday ekan, Navoiy Mozandaron o‘lkasiga ana shu shaharlar orqali borganligi haqiqatga yaqin. Qolaversa, Abulqosim Firdavsiy, Imom Ali Muso ar-Rizo, Fariduddin Attor, Muhammad G‘azzoliy, Shayx Ahmad Jomiy kabi buyuk zotlarning qabrlari ana shu shaharlardadir. Navoiyning go‘zal va ibratli fazilatlaridan biri o‘tgan azizlar turbatini ziyorat qilish, tavof etishni kanda qilmasligi edi. Binobarin, uning yo‘li shu tomonga tushgan ekan, bu azizlar qabrlarini ziyorat qilmay o‘tish o‘z odatiga qarshi borish bo‘lur edi. Zotan, shoirning:
Avliyoulloh mazori Tus vayroni aro
Ko‘pdurur, yo‘q bok agar tavfida ko‘rsa kimsa ranj.
Munchakim vayrona kezdim, ganj bir ham yo‘q edi,
Bo‘yla vayron kim ko‘rubdur onda madfun muncha ganj —
kabi ehtirosli misralari o‘shanday ulug‘ zotlarga bo‘lgan ixlosu ehtiromlarining ifodasi sifatida yuzaga kelganligi, shubhasiz.
Biz asosan Navoiyning turli sabablarga ko‘ra Marv, Mashhad va Nishopur shaharlarida bo‘lishiga doir yangi aniqlangan sanalar xususidagina so‘z yuritish bilan kifoyalandik. O‘ylaymizki, shuning o‘zi ham buyuk davlat arbobining “murakkab siyosiy voqea va qaynoq madaniy hayotning markazida bo‘lgan”ligidan (S.G‘aniyeva) yetarlicha guvohlik bera oladi.
Yusuf Tursunov,
filologiya fanlari nomzodi, O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi
Davlat adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 5-sonidan olindi.