Uning kitoblarini o‘qiy turib, bir fikrga kelasiz: u mayda hissiyotlar kuychisi emas; u katta tuyg‘ular shoiri! Har qanday shovqin-suron va g‘ala-g‘ovur ichidan ham uning sokin ovozini tanisa bo‘ladi. Chunki uning har bir she’rida yurt qayg‘usi, vatan dardi, erk tuyg‘usi bor. “She’rda ba’zan havodek zurur, “Erk” so‘ziga qofiya “qasos”, “Qo‘rqoq bo‘lsang, qo‘rqoq bo‘lar she’r”. Bu satrlarni u bundan o‘ttiz yil avval yozgan. Bu paytlarda ozodlik va yurt haqidagi gaplarni nafasingni ichingga yutib gapirarding. Yo gapirmay qo‘ya qolarding…
70-yillari nasr va nazmda ob-havo yangilanadi. Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam, Xayriddin Sulton, Usmon Azim, Muhammad Rahmon, Sadriddin Salim, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron… Ular 60-yillardagi katta adabiy ko‘tarilishning davomi sifatida maydonga kelib, adabiyot — millat ovozi ekanligini yana bir karra isbotlab berdilar. Bu ijodkorlar orasida Xurshid Davronning ham o‘ziga xos ovozi bor edi.
— Muncha qo‘rqoq bo‘lmasang, do‘stim,
— Netay, axir, men erksiz o‘sdim.
Rost gap! Erksiz o‘sgan odamlar qo‘rqoq va jur’atsiz bo‘ladilar. Chunki, ularning ruhidagi ustun sindirilgan bo‘ladi. Qo‘rqoq va jur’atsiz ruh sotqinlik va xoinlikka moyil bo‘ladi. “Nomardni qo‘rquv yaratadi”, “Qo‘rqmasdan qadam tashla, yer juda qattiq”, “Mening o‘g‘lim qo‘rqar fashistdan”, “Bu odam kitobning o‘zidan emas, Kitobda bitilgan So‘zdan qo‘rqadi”. “Duch kelishdan qo‘rqadi balki Qodiriyga yoki Cho‘lponga”, “Qul boshini tutganidek xam, qo‘rquv yutib o‘tiraverdim”. Bu satrlar Xurshid Davronning turli yillarda yozilgan turli she’rlaridan keltirildi. Ularda qo‘rquvga qarshi isyon bo‘lib jaranglagan satrlarga ko‘p duch kelasiz. Holbuki, qo‘rquv butun boshli tuzum edi. O‘sha saltanat ham Qo‘rquv saltanati edi. Zero, shoirning qo‘rquv ichida jonini hovuchlab o‘tirgan millatiga murojaati edi bu satrlar.
Uning “Bahordan bir kun oldin” kitobiga kiritilgan 240 ta she’rning aksariyati vatan va ozodlik haqidagi she’rlar. Ko‘nglingda shu dard bo‘lmasa, bu mavzuda muncha ko‘p va xo‘b yozolmaysan. Bu katta va og‘ir mavzu. Kitobdagi lirik she’rlarda ham, moziy mavzusidagi she’rlarda ham, asosan, shu ruh yetakchilik qiladi. Nega shunday? Chunki, bu avlod shoirlarining o‘zlari tirik g‘oyalarga aylangan edilar. Shuning uchun ham ularning she’rlari shu g‘oyalarning ovozi bo‘lib yangradi. So‘z bilan hazillashib bo‘lmaydi. Uning ilohiy yuki bor. Shuning uchun ham Suyima opa G‘aniyeva doim: “Hozirgi shoirlarimiz asar yozish madaniyatini unutib qo‘yyaptilar. Navoiy zamonida bu madaniyat mukammal shakllangan va o‘zining qat’iy qonun-qoidalariga ega bo‘lgan”, deb kuyinib yuradilar. Chunki haqiqiy she’r hech qachon mayda-chuyda narsalarning xizmatkoriga aylanmaydi.
Mahmud Koshg‘ariydan Navoiygacha, Boburdan Cho‘lpongacha, Oybekdan Mirkarim Osimgacha ne-ne ulug‘larga bag‘ishlangan she’rlar bor “Bahordan bir kun oldin” kitobida. Ular faqat ehtirom va bag‘ishlovlargina emas, bu she’rlar biz o‘z ulug‘larimizga qalbning qaysi nuqtasidan turib qarashimiz kerakligini o‘rgatadi. Shoir ularga ijodining ilk davridan katta mehr-muhabbat bilan qaragan. O‘z xalqining timsollarini ularda ko‘rgan va shu nuqtai nazar bilan tasvirlagan. Zero, millat ulug‘larini qadrlamagan odam millatini qadrlashni bilmaydi. Navoiyga muhabbati bo‘lmagan odamning o‘zbek tilini sevishiga shubha bor. Qodiriyni anglamagan odam o‘zbek ruhini anglamaydi. “Tarixni shaxslar yaratadi” deydilar, millat qaddini ham shaxslar ko‘taradi, ma’naviy qiyofasini ham ular belgilaydi.
Xurshid Davronning kitoblarini o‘qiy turib, uning buyuk bobolarimizga nisbatan mehriga, muhabbatiga, samimiy ehtiromiga havasing keladi. Deylik, birgina “Ey, tilim, ey, elim, ey ona tuproq” deb nomlangan sonetlar tukumida Mahmud Koshg‘ariydan Maqsud Shayxzodagacha 14 nafar shoirga bag‘ishlangan she’r bor. Darhaqiqat, ona tilimiz taraqqiyotini ularning ijodisiz tasavvur qilib bo‘maydi. Uning 1970 yilda yozgan “Qodiriyning so‘nggi surati” she’rida: “Yo‘llarimda uchrasa xato, Qiynab qo‘ysa elim hasrati, Kelib sendan tilayman panoh, Qodiriyning so‘nggi surati”, degan satrlar bor. Bu misralardan ko‘rinib turibdiki, endigina yigirma yoshga kirgan shoir adabiyotga va haqiqatga sadoqat yo‘lini tanlagan edi. Bo‘lmasa, u yuqoridagi she’rida panohni partiyadan tilab, Qodiriyning emas-da, Leninning suratiga tavallo qilardi. O‘sha paytlarda buning uchun uni hech kim aybsitmagan, aksincha, olqishlagan bo‘lardi.
O‘tgan shoirlar bilan (hatto ular o‘n asr oldin o‘tib ketgan bo‘lsalar-da, zamon shoirlari o‘rtasida aniq ruhiy bog‘liqlik bor, ularning bog‘lab turadigan ko‘zga ko‘rinmas rishtalar mavjud. Ehtimol, ayni shu bog‘liqlik ularni xiyonatdan saqlar, sadoqatga undar, har lahzada ruhiy hisob-kitob talab qilar, adabiy vijdon, degan atmosferani yaratar.
“She’rda eng buyuk ustoz vijdondir”, degan gapni ham ilk bor Xurshid Davron aytdi. Rost-da, axir shoirga eng avval vijdoni ustozlik qilmas ekan, unga hazrat Navoiyning o‘zlari kelib ta’lim bersalar ham biror natija chiqmaydi. Zero, she’riyatning oltin qoidalarining asosida vijdon yotadi. She’r vijdondan tashqari holatda tug‘ilmaydi.
“Shoir degan so‘zda mangu shuhrat bor”, degan edi Belinskiy. Nega shunday? Nima uchun shoirga talab boshqacha qo‘yiladi? Nega ba’zida hammaga mumkin bo‘lgan narsa shoirga mumkin emas, yoxud shoirga mumkin bo‘lgan narsa boshqalarga mumkin emas? Chunki, “shoir jasorat va ishq Farzandidir, o‘xshar daryoga — Qullargamas, hurlarga qo‘shiq aytmoq uchun kelar dunyoga”.
Xurshid Davronning “Vatan haqidagi yetti rivoyat”iga yetti mo‘jaz asar kiritilgan. Ikkilanmasdan ularning har birini bir asar deb atash kerak. “Bobolar mozori”, “Bir parcha yer”, “Vatan tuprog‘i”, “Lola gulli piyola”, “Vatan mehri”, “Tuz haqi”, “Ota qabri”… Ularni o‘qiy turib, odam shunchaki bir jonzot emasligini, faqat suyak va suvdan iboratmasligini, besarhad koinotda kichikdan-kichik zarra emasligini his etasiz. Ko‘rimsizgina bir mozorga munosabat nomus va orga munosabat ekanini (“Bobolar mozori”), vatan bir parcha yerdan boshlanishini, ya’ni bir parcha yer hikmatini bilmagan odam vatanini taniy olmasligini (“Bir parcha yer”), inson qalbi faqat o‘z tuprog‘ida gullashini (“Bir tuprog‘i”), eng og‘ir sog‘inch vatan sog‘inchi ekanligini (“Lola gulli piyola”), yurtga xiyonat — e’tiqodga xiyonatligini (“Vatan mehri”), bir chimdim tuzda qanchadan-qancha haq borligini (“Tuz haqi”), ota qabri — nomus qadri ekanligini ravon va go‘zal ifodalarda so‘ylaydi bu rivoyatlar. Bu mavzularning yuki og‘ir, ularni roviyning tili emas, dardi-hasrati, orzu va armonlari rivoyat qiladi. Rahmatli Shukur aka aytardi: “Endi bildim, yozish — hasratingni aytish degani ekan.”
O‘g‘lim, bobong yonida
Yotsam, saqla tinchimni.
Sen meni qo‘riqlagin
Dast tutib qilichingni.
Vatanni, yurtni asrash aslida shundan boshlanadi. Chunki, millat tarixini himoya qilish uning kelajagini himoya qilish bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu yaxlit bir narsa, uning nariyog‘i birovniki, buyog‘i bizniki, deb ajratib bo‘lmaydi.
* * *
Tuni bilan devor yoqalab
Yurib chiqdi shoshqaloq bahor —
Tuni bilan erib, yupqalab
Tarnovlardan yerga tomdi qor.
Qanday go‘zal tasvir. “She’r kafanda ham, gulshanda ham go‘zal bo‘lmog‘i kerak”. Modomiki, she’r tuyg‘u tasviri ekan, tuyg‘uni tabiatdan ayro holda ifodalash uni yalang‘och holda ko‘rsatishday gap. Inson tuyg‘ulari uning tabiat bilan uyg‘unlashuvi onlarida hosil bo‘ladi. Qalb ilohiy tutashuvlarni aqldan ham avval tuyg‘u orqali o‘zida kechiradi. “Bizning qalblarimiz koinotdan tuhfalar olib turadi” (Tagor). Bunday lahzalarda inson tabiat ichidagi tabiatga aylanadi. O‘z tiynatida qirlar-adirlar, tog‘lar, daryolar, o‘rmonlar — hamma-hammasi borligini his etadi.
Tuni bilan bog‘dagi tolning
Vosil bo‘ldi qishki tushlari.
Ko‘kragini tilib shamolning
Novdalarning chiqdi tishlari.
Shoir shuning uchun ham shoirki, bunday go‘zal hodisalar tashqi tabiatdan ham oldin, avvalo, uning ichki tabiatida sodir bo‘ladi. “Agar yer shariga ketar bo‘lsa darz, shoir yuragidan o‘tar chizig‘i” (A.Blok). Shoir shuning uchun ham shoirki, uning tabiatida “tungi bog‘lar tush ko‘radilar, shamol ko‘ksini tilib, novdalar tish chiqaradilar, giyohlarga suv tutib daryolar oqadilar, bahorlarida oltin yomg‘irlar yog‘adi”. Shoir shuning uchun ham shoirki, u hamma narsaning ruhini sezadi, tirikligini ilg‘aydi, hatto xazonlar ila xayrlashuvga ham o‘z ichidan otashin hissiyotlar topa oladi.
Tuni bilan daradagi qor
Ko‘chdi qora jarliklar tomon —
Tuni bilan yulduzlar changin
Qorlar uzra sepdi yosh osmon.
Bu manzara ichidagi osmonning yoshligini faqat she’r orqali his etish mumkin. “Yosh osmon” — g‘aroyib topilma. Milliard-milliard yillardan buyon sobit turgan osmon shu to‘rt satrda mahorat bilan ifodalangan manzara ichida haqiqatan navqiron ko‘rinadi. Go‘zallik va ko‘rkamlik ko‘proq yoshlikka xos. Shoir favqulodda sezgi ila “yosh osmon”ni ko‘rib qolgan. Bu kinodagi 25-kadrni ilg‘ab qolish kabi nozik jarayon, ya’ni videotasvirdagi bir sekundlik voqelik 24 ta kadrda ifodalanadi. Biroq 25-kadr ham bor, uni hech kim ko‘z bilan ilg‘ay olmaydi.
Tuni bilan boqib intizor
Kutib oldim bahor oftobin.
Ammo olib kelmadi bahor
Men unutgan so‘zlar kitobin.
“Men unutgan so‘zlar kitobi”da shoirning hayot yo‘llari bilan vatani va xalqining tarixi, kechmish-kechirmishlari tutashib ketadi. Ushbu mo‘jazgina she’r nihoyatda nozik kechinmalar ila boshlanib, butun bir millat dardini ifodalagan tuyg‘ular bilan yakunlanadi. “Roman to‘rt sart she’rdan iborat bo‘lishi kerak” (Tagor). Aytib o‘tganimiz kabi, bu avlod shoirlari tirik g‘oyalarga aylangan shoirlar edi. Shuning uchun ham ularning har bir she’ridan, har bir so‘zidan millat qayg‘usining ta’mini, ozodlik tuyg‘usining bo‘yini sezsa bo‘lardi.
Xurshid Davronning asosiy ijod qoidalaridan biri — she’rda Vatan bo‘lishi kerak! U bir maysa timsolida aks etadimi, tuproq misolida namoyon bo‘ladimi, bir daraxt tasvirida ko‘rinadimi, daryo kabi shovullab ovoz beradimi, qanday bo‘lmasin, she’rda vatan bo‘lishi kerak! Biroq bu ramz uning she’rlariga sira zo‘rma-zo‘raki kiritilmagan, balki shamol kabi erkin, muhabbat kabi samimiy, vijdon kabi halol kirib borgan.
Usmon Nosir, Oybek va Bobur,
Men sizdan ko‘p o‘rgandim, bu rost.
Lekin she’rda ustoz yo‘q… Bordir
Faqat vijdon —
Eng buyuk ustoz.
Sulaymon payg‘ambar: “Bor kuching bilan qalbingni himoya qil!”, degan. Ehtimol, she’riyat aynan qalb muhofazasi uchun hayot maydoniga kelgandir. Aytganlariday, she’r, avvalo, tuyg‘u tarbiyasi bilan shug‘ullanar ekan, shuning o‘zi inson qalbini himoyalashning muhim asosidir. Odamning tuyg‘ulari qancha yuksalsa, qancha kamol topsa, keyin uni yengib bo‘lmaydi. Chunki uning ichida muhabbat voyaga yetgan bo‘ladi.
Hey, ko‘ksim asiri, qushcha, aldanma,
Bu olov o‘zgadir,
Bu sas o‘zgadir.
Sen uni tinglama, unga tilanma,
Sen qora dunyoni chiqib o‘zgartir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 42-sonidan olindi.