yoki eski loyihaga yangicha nazar
Nihoyat, oradan yigirma yillar chamasi vaqt o‘tgach, Rossiya ommaviy-axborot vositalari Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish loyihasi haqida andak qimtinib bo‘lsa-da, umidbaxsh dadillarni yozaboshladi. Moskva shahri meri Yuriy Lujkov o‘tgan asrning oxirlarida tanqidga uchragan va noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘yilgan mazkur loyihani eslab, izlanishni davom ettirish zarurligini gapirib qoldi.
Yuriy Lujkov, bunda birinchidan, Rossiya manfaatlaridan kelib chiqib, daryo sohillaridagi shahar-qishloqlarni suv bosishidan saqlashni nazarda tutgan bo‘lsa, ikkinchidan, ana shu suvni Markaziy Osiyo respublikalariga sotib daromad olish mumkinligini ham yashirmadi.
“Argumentы i faktы” haftaligi esa o‘tgan yilgi 42-sonida Qozog‘iston rahbariyati ham mazkur masalani qo‘zg‘aganligini bayon etdi. Bu ham tabiiy hol, albatta: Sibir suvlarini ortga oqizish, eng avvalo, bepoyon qozoq dashtlariga obihayot olib keladi.
Bu o‘rinda, andak orqaga chekinib, qariyb unutilayozgan mazkur loyiha va uning taqdiri haqida so‘z yuritish lozim deb o‘ylayman.
Sibir daryolarini janubga oqizish g‘oyalari, aslida XX asrda kurtak otgan edi. Rus olimlari bu loyihaning bir necha variantlarini ishlashgan. Ammo faqat XX asrning yetmishinchi yillariga kelib, ana shu serko‘lam hujjat ustida davlat miqyosida ish boshlanib ketdi. Loyiha hali oxiriga yetmasdanoq, kanal asr qurilishi, deb nom oldi va uning ustida o‘nlab vazirliklar, ilmiy-tadqoqot institutlari ishni avj oldirib yubordilar. Saksoninchi yillarning o‘rtalariga kelib, loyiha tayyor bo‘ldi va jamoatchilik orasida keng muhokama qilindi.
O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida xizmat qilgan paytlarim, bizning jamoada ham loyiha qayta-qayta ko‘rib chiqilgani yodimda. Muhokama jarayonida mutaxassislar, olimlar va hatto yozuvchi, jurnalistlar ham bu mahobatli qurilishga andak shubha, ikkilanish bilan qaraganlari ko‘pchilikka ayon, va negadir, quvvai hofizasi yetgan-etmagan, aniqrog‘i, tishi o‘tgan-o‘tmagan undan qusur topishga harakat qilardi. Yo‘q, bu faqat o‘zligini namoyon qilish istagi emasdi; loyiha mohiyatini idrok etolmaslik ustiga, sobiq ittifoqda ijtimoiy-iqtisodiy tangliklarning boshlanganligi va bular nima bilan tugashi mavhumligi oqibati ham edi bu.
Mana, oradan yigirma yil o‘tdi: tuzum o‘zgardi, dunyoqarashlarimizda inqilobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Endi mazkur loyihaga o‘zgacha nigoh bilan, aniqrog‘i o‘z manfaatlarimiz va bugungi hamda kelajak avlod nuqtai-nazaridan qarashimiz, baho berishimizga to‘g‘ri keladi.
Loyiha haqida tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun yodimda qolgan fakt-raqamlarni keltirsam. Kanal magistral o‘qining uzunligi 2250 kilometr, chuqurligi o‘rta hisobda 16, eni esa 200 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Ana shu raqamlarning o‘zi ham uning naqadar mahobatli ekanligidan dalolat berib turibdi. Kanalni chamasi besh yil davomida qurib bitkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning xarajatlari o‘sha yillar bahosida bir necha million dollarni tashkil etardi. Loyihaga ko‘ra, kanal Ob daryosining ikki nuqtasidan suv olib, ulkan nasoslar vositasida janubga — Orol bo‘ylari tomon oqizilishi kerak edi. Kanalning suv sig‘imi yil fasllariga qarab, o‘rta hisobda sekundiga 2000 kubometrdan ko‘proq bo‘ladi. Bu miqdor Sirdaryo suviga teng keladi.
Kanal Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyati hududida Sirdaryo bilan kesishishi va bir qism suvini daryoga tashlashi, keyin esa sarhadsiz Qizilqumdan o‘tib, Xorazmga yaqin joyda Amudaryoga quyilishi ko‘zda tutilgandi.
Loyihaning ta’rif-tavsif va sharhlarida inshootni bunyod etishdan muddao sahro qo‘ynida paxta yetishtirish bilan shug‘ullanadigan yangi xo‘jaliklar, tuman va viloyatlar tashkil etishdan iboratligi bayon etilgandiki — bu, ko‘pchilikning diliga o‘tirishmas, chunki o‘zimizda ham paxta yakkahokimligiga qarshi kurash borayotgan va Orolni qutqarish eng muhim muammoga aylangan kunlar edi.
To‘g‘ri, yangi kanaldan asosiy muddao kun sayin sayozlanib va qurib borayotgan Orol dengizini to‘ldirish emasdi. Ammo insof bilan aytganda, qirg‘og‘idan qochayotgan dengizga kuz-qish va bahor oylarida katta miqdorda suv tashlash imkoni yuzaga kelardi, qator muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lardi. Mazkur muammolarning esa mazmun-mohiyati jihatidan global ahamiyatga egaligini tan olmaslik noo‘rin bo‘lardi.
Ulardan ayrimlarini sanab o‘tmoqchiman. Qoraqalpog‘iston respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash imkoni yuzaga kelardi. Bizning avlod, aynan ana shu hududlardagi obi hayot tarkibida tuz va boshqa minerallar miqdorini oshirib yuborishga sababchi bo‘ldi. Ob suvi sharofati bilan u ana shu tuz miqdorini me’yorga, solib kelajak avlod oldidagi gunohlarimizni kamaytirgan bo‘lardik. O‘zbekistonimizda ekologik xavfli xududlar soni bittaga kamayardiki, buning savobi olamga yetgulikdir. Va nihoyat, Orol suvini ma’lum me’yorda tutib turish mumkin bo‘lardi.
So‘nggi yillarda, Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan Orolbo‘yi ekologiyasini, bu hududdagi aholi turmush tarzini, tibbiy va maishiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ammo toza suvning yetarli darajada kelishi ana shu ezguliklar ko‘lamini yuz chandon oshirishini tasavvur qilish qiyin emas.
Kanalning sharofati faqat shular bilan cheklanmasdi, albatta. Keling, tag‘in Qizilqumga qaytaylik. Siz bu sahroda qum barxanlarining muttasil ko‘chib yurishni kuzatganmisiz? Yozda harorat 45 darajadan ham oshib ketishini bilasizmi? Mazkur sahro Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston respublikalarini birlashtirib turadigan hudud bo‘lib, uning bag‘riga Yevropadagi bir necha mamlakatlarni joylashtirish mumkin. Ko‘z ilg‘amas cheksizliklarga faqat suv kerak. Rossiyada esa qishloq va shaharlarni suv bosayapti.
Xo‘sh, insonning sahroga suv chiqazishdek ezgu amali, eng avvalo, tabiat xatosini tuzatish emasmi? Shu qaqroq sahroda olmalar gullasa, rayhon ifor taratsa, bosvoldilar bolga to‘lib yorilsa, paxta xirmonlari qad ko‘tarsa, buning nimasi yomon?
Shoirona ehtiroslarga berilib ketdim, chamasi. Har qanday vaziyatda ham qo‘lda hujjat bilan gapirgan, tarozi posangisi masalasida qalloblik qilmagan ma’qul. Insonning tabiat ishiga nojo‘ya aralashib, uning muvozanatini buzib qo‘ygan va oqibatda noxush ko‘rgiliklar yuz berganligi haqida ham o‘nlab misollar keltirish mumkin.
Keling, tag‘in loyihaga murojaat qilaylik. Kanalning bir necha nuqtalarida nasos stantsiyalari va ularga quvvat beradigan elektr stantsiyalar, ikki tomonda keng asfalt ko‘cha, posyolkalar qurish mo‘ljallangandi. Bu dastlabki bosqichda, albatta. Keyin bu qishloqlar kengayib shaharlarga, tuman va viloyat markazlariga aylanishi karomat qilingandi.
Axir, suv bo‘lsa, quyosh himmatini ayamasa, Markaziy Osiyoda ishchi kuchi yetarlicha bo‘lsa… Tag‘in nima muammo? Biz o‘zbekistonliklar yangi yerlarni bog‘-rog‘ga aylantirishning kiftini keltirishimizga dunyo guvoh.
Xo‘sh, shunday ulug‘vor va ezgu ish nechun amalga oshmay qoldi? Ehtimol, uning biz anglamayotgan biror illati bordir? Bu xususda, yuqorida qisman to‘xtalgan edim. Unga qo‘shimcha qilib shularni ham aytishim kerakki, loyihadan amaliy ishga o‘tish jarayonida bir guruh rus ziyolilari, ayniqsa, tabiatshunoslari mazkur qurilishga ro‘y-rost qarshi chiqdilar va bugun oradan yigirma yillar o‘tib, ularni ham ayblashga asosimiz yo‘q. Rus publitsist-yozuvchisi Sergey Zaliginning matbuotdagi chiqishlari kutilmagan munozaralarga sabab bo‘ldi va oxir-oqibatda asr qurilishiga nuqta qo‘ydi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Bu ulkan inshoot Rossiya o‘rmonlari, o‘tloqlari, qishloqlarini xoku turob qiladi, uning tabiatiga mislsiz zarar yetkazadi, deyishdi ular. Aslini olganda esa, bu da’volar ostida “Daryolarimiz suvini hech kimga bermaymiz”, degan ancha xudbin kayfiyat ham bor ediki, buni eng avvalo, o‘sha notinch kunlarning nuqsi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Shunisi qiziq bo‘ldiki, bunga bizdagi ayrim olimlar, mutaxassislar ham qo‘shildilar. “Markaziy Osiyoga bir Sirdaryo suvi keladigan bo‘lsa, bu yerdagi harorat keskin tushib ketadi, paxta pishmay qoladi”, deb yozishdi ular. “Sahro sahroligicha qolishi kerak. Uni o‘zlashtirish tabiat mutanosibligini buzish bo‘ladi va bu noxush oqibatlarga olib kelmaydimi?”, deyishdi boshqa bir davradagilar.
Aslini olganda esa, loyiha hujjatlarida bu savollarning bariga oldindan javob tayyorlab qo‘yilgandi; oshkoralik jo‘mraklari anchayin keskin ochilgani sabab, ularni chuqurroq o‘rganmay, fikr bildirishga shoshiladiganlar soni ko‘paygandi, xolos. Masalan, yangi kanalning bo‘lajak havzasida harorat hozir boshqa hududlarga nisbatan 3-4 daraja issiqligi sir emas; chunki qum barxanlari haroratning ko‘tarilishiga sabab bo‘layapti. Suv kelgach, harorat andak tushib, respublikamizning o‘rta mintaqalar singari mo‘tadillashishi aniq edi. Yoki cho‘lu sahrolarni o‘zlashtirish masalasini olaylik. Xalqimiz kuchi va irodasi bilan azim Mirzacho‘l o‘zlashtirildi. Bundan insoniyat nima zarar ko‘rdi? Tabiat-chi? Axir, suv kelgan har qanday manzilda, eng avvalo, tabiat yashnaydi-ku. Tuproq shamol eroziyasiga uchramaydi, o‘t-o‘lanlar o‘sadi, jonivorlar ko‘payadi va hokazo.
Ulkan kanal ishga tushgach, undan o‘nlab shoxobchalar chiqarish va qo‘shni tuman, viloyatlarimizni ham suv bilan ta’minlash imkoni yuzaga kelishini nazardan qochirmaslik kerak, albatta. Mayli, do‘stingning xatolarini ham sev, degan ekan bir donishmand. Aqlu idrokdan benasib odamlargina xato qilmaydilar. Shunga ko‘ra e’tirof etish zarurki, loyihaga qarshi jamoatchilik fikrini shakllantirgan adib va ekologlar, birinchidan, kanal suvi Qizilqumga singib ketib, yangidan-yangi botqoqliklar paydo bo‘lishi va manzilga to‘kis yetib bormasligi xavfidan ham ogoh etdilar. Loyihada bu taxminga javob yo‘q edi. Chunki kanalni betonlashtirish ko‘zda tutilmagandi. Mutasaddilar mazkur taxmin qarshisida ikkilanib turganda, Zaligin ikkinchi muhim bir masalani o‘rtaga tashladiki, bu haqda jiddiy bosh qotirishga to‘g‘ri kelardi. Zero, oradan yigirma yillar o‘tib ham bu muammoni hal etish ilinjida qadam qo‘yilmaganligi achinarli hol, albatta.
Muallif Markaziy Osiyoda suv yetarli ekanini, lekin ana shu boylik xo‘jasizlarcha isrof qilinayotganini, agar tejab-tergab foydalanilsa, yangi kanalga hojat yo‘qligini yozib, talay misollar ham keltirdi. Tan olmoq kerak, bu da’voga qarshi biror narsa deyish qiyin. Ko‘pgina mamlakatlarda kishi boshiga bir kecha-kunduzda 200 litr suv sarflanadi. Juda ko‘p-ku, dersiz. Bir kunda odam, boringki, besh litr suv ichsin, yuvinish uchun ham 20 litr sarflasin, kir-chirga ham ko‘pi bilan shuncha ketar, xullas 100 litri yetib ortadiganday. Ammo bizning respublikamizda bu miqdor 300 litrdan oshishidan bexabar bo‘lishingiz mumkin. Bunda biz kuni bilan jo‘mragi ochib qo‘yiladigan kranlarni, ichimlik suvi tomorqalarga oqizilayotganini va boshqa isrofgarchiliklarni aytayotganimiz yo‘q.
Qishloq xo‘jaligidagi suv sarfini, aniqrog‘i isrofgarchiligini aytmay qo‘yaqolay. Bir paytlar Missisipi shtatida yashaydigan paxtakor fermer Fred Ballard tajribasini o‘qigan edim. U chigitni 75 santimetrli qator oralariga qadaydi. Jo‘yaklar ostida esa azbest quvurlar ko‘milgan. Suv ana shu quvurlar orqali beriladi. Nam tagdan sizib chiqqanligi sabab, bu dalalarda jo‘yak olish, o‘g‘itlash, kultivatsiyaga hojat qolmaydi. Mineral o‘g‘itni ham quvurlardagi suv bilan oqizishadi. Shu usul bilan suv sarfini bizdagiga nisbatan 15 baravar kam ishlatadi. Oltinga teng obi hayotning har tomchisini tejaydi. U gektaridan 16-18 tsentner tola oladi: buni paxtaga aylantiradigan bo‘lsak ellik tsentnerni tashkil etadi. Mazkur shtatda ayrim fermerlar yomg‘irlatib sug‘orishga ham o‘tib olishganki, bu alohida suhbatga mavzu. Chunki mazkur tajribalarga hamdu sano o‘qishim, ayni damda, asosiy maqsad-muddaoga zid bo‘lib, kaminani beqaror og‘machiga chiqarib qo‘yishingiz hech gap emas. Zero, hozir buning mavridi ham emas!
Shularning bariga qaramay, men Sibir suvlari bizgacha yetib kelishi tarafdori edim va shu fikrimda qolaman! Buning uchun, eng avvalo, loyiha (garchand, u o‘z vaqtida keragidan ko‘proq muhokama etilgan bo‘lsa hamki) yangi nuqtai nazarlar, zamonaviy standartlar asosida qaytadan ko‘zdan kechirilishi shart. Yevroosiyo miqyosida hujjatlarni muvofiqlashtirish, kanalning qumliklardan o‘tadigan qismini betonlashtirish, parallel tarzda yangi yerlarni o‘zlashtirish, masalaning moliyaviy tomonlarini hal qilish, hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish… Eh-he, bitmas-tuganmas yumushlar. Bu ulkan sun’iy daryo nafaqat bizning yurtimiz, inchunin qo‘shni mamlakatlar chiroyini ham batamom ochib yuborishiga ishonaman.
Kaminani xayolparastlikda ayblamang-u, Qizilqum bag‘ridagi suv havzalari — shovullab yotgan bog‘-rog‘larni biz ko‘rmasak, kelajak avlodlar ko‘rishini tom ma’noda his qilib turibman. Bu boradagi fikrlarim nisbiyligini ham bilaman va muhtaram gazetxonlar o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashishlarini istayman. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” o‘shanda ham har ikkala tomonning fikrlarini dadil e’lon qilgani yodimda. Tahririyat bu an’anani davom ettirishidan umidvor bo‘lib qolaman.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 9-sonidan olindi.