Pirmat Shermuhamedov. Ezgulik yashayveradi (2007)

Bir voqeani aniq eslayman. 1968 yilning 6 aprel kuni. Kafedrada ishlab o‘tiribman. Kibriyo opa qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
— Pirmuhammad, imkon topsangiz, shu bugun kechqurun biznikiga kirib ketsangiz?
— Tinchlikmi, Kibriyo opa?!
— Tinchlik… tinchlik… Abdulla akangiz Sizni yo‘qlayaptilar…
Kibriyo opaning ovozlarida tashvishmi, notinchlikmi, harqalay, g‘amgin ohang bor edi.
Kechqurun Abdulla akaning Щelkovichnaya ko‘chasidagi uyiga kirib bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xonalar turli xil qo‘lyozmalar, papkalar bilan to‘lib ketgan, qog‘ozlar sochilib yotibdi.
— Hayron bo‘lmang, — dedi taajjublanganimni sezgan Kibriyo opa, — ertaga davolanish uchun Moskvaga uchib ketayotirmiz. Safar oldidan qog‘ozlarni tartibga keltirib qo‘ymoqchi edik. Keling, menga yordam berib yuboring.
Kibriyo opa ikkovimiz ikki soat ichida arab, lotin, kirill harflarida qoralangan qo‘lyozmalarni taxlab, maxsus papkalarga joyladik. Ma’lum bo‘lishicha, bular “Zilzila” qissasi, “Qo‘shchinor chiroqlari”, “Sarob” romanlarining xomaki nusxalari ekan.
— Darvoqe, — dedi anchadan buyon jim va xafaqon o‘tirgan Abdulla aka, — endi bu qoralamalarni ortiqcha saqlashning hojati bormikan?!
— Hojati bor, — dedi g‘urur bilan Kibriyo opa, — yosh ijodkorlar sizning ijodiy “laboratoriya”ngiz bilan tanishishlari kerak.
Men ham suhbatga aralashib: “Shu papkalarni menga bering, vaqt-soati kelib ilmiy ish qilardim”, dedim.
Kibriyo opa Abdulla aka nima derkin, degan ma’noda g‘alati qarash qildi.
— Mayli, olaqolsin, — dedi Abdulla aka.
Shu payt bizlar o‘tirgan xonaga adabiyotshunos Homil Yoqubov kirib keldi. Adib bilan olim hol-ahvol so‘rashishdi. Gap orasida Abdulla aka davolanish uchun Moskvaga ketayotganini tilga oldi.
— Toshkentda davolansangiz bo‘lmaydimi? — so‘radi Homil aka.
— Bizning do‘xtirlar oyog‘ingizni kesamiz, deyishdi. Eshitishimcha, Moskvalik shifokorlar gangrenani dori-darmonlar bilan ham davolar emish…
Oraga jimlik cho‘kdi.
Noqulay vaziyatni sezgan Homil aka ortiqcha so‘z qilmay, xayr-xo‘shlashib chiqib ketdi.
Kibriyo opa Moskvaga qo‘ng‘iroq qilib, Kreml shifoxonasi xususida allakimlar bilan gaplashib, ancha talashib-tortishdi.
— Kreml shifoxonasida o‘rin yo‘q emish, — xafa bo‘lib gapirdi Kibriyo opa.
— Shunaqa bo‘lishini bilar edim, — dedi qovog‘i uyilib Abdulla aka.
Soat o‘n birdan oshganda, men uchta papkani olib, uyimga jo‘nadim.
Tong saharda, ya’ni 7 aprel kuni yana Abdulla akaning uyiga yetib keldim. Uy oldida “Tez yordam” mashinasi turgan ekan. Roppa-rosa soat yettida adibni nosilkada olib chiqishdi.
Kibriyo opa ustozning o‘ng yonida, men chap yonida o‘tirib oldim. Hamshira esa haydovchining qavatidan joy oldi. Mashina aeroport binosiga yaqinlashganda Kibriyo opa: “Abdulla aka, tuflingizni olishni esdan chiqaribmiz”, desa bo‘ladimi! Yuzlari dokadek oqarib, kuchli og‘riqdan tishini-tishiga qo‘yib kelayotgan Abdulla aka zaif ovoz bilan: “Endi tuflining keragi bo‘lmaydi”, dedi.
“Tez yordam” mashinasi samolyotning trapi oldiga kelib to‘xtadi. Biz trapning oldida ancha kutib qoldik. Bir payt qora rangli “GAZ-24” mashinasi oldimizga kelib to‘xtadi. Mashinadan tushib kelgan ikki yigit Abdulla akani nosilkada samolyotning ichiga olib kirib ketishdi, hujjatlarimizni obdon tekshirishdi. So‘ng Kibriyo opaning ortidan men ham samolyotga chiqdim. Abdulla akaning ko‘zlari yoshlangan, oqarib ketgan lablari nimalarnidir pichirlar edi.
Men xayr-xo‘shlashib ketishga chog‘lanayotgan edim, Abdulla aka chaqirib qoldi.
— Pirmat, Kibriyo opangdan xabar olib tur.
Men o‘zimni tuta olmay yig‘lab yubordim…
Abdulla aka va Kibriyo opa bilan tanishuvimizning o‘ziga xos tarixi bor. Oltmishinchi yillarning o‘rtalari. Men Moskva Davlat universitetining aspiranturasida tahsil olayotgandim. Har yili ta’tilga Toshkentga kelganimda gazetalarda biron taqriz, maqola bilan qatnashardim.
Bir kelganimda “Sovet O‘zbekistoni” gazetasida havaskor yoshlar ijodi tahlil etilgan “Izlanishlar” sarlavhali maqolam e’lon qilindi. Gazeta tahririyatiga borgan edim, meni Abdulla Qahhor yo‘qlayotganini aytib qolishdi. Darrov adibni izlab topdim. U kishi maqolani o‘qigani, unda bir qancha qiziqarli kuzatishlar borligini aytib, shunday dedi:
— Ko‘p o‘qing, dadil bo‘ling.
Shu voqea sabab bo‘lib, bir necha marta adibning xonadonida bo‘ldim, uning suhbatlarini tingladim, yozgan maqolalarimni ko‘rsatib, maslahatlarini oldim.
1966 yilning avgust oyida Abdulla Qahhor bilan Kibriyo opa Yaltada dam olishdi. Qaytishlarida men adib bilan uning rafiqasini Domodedovo aeroportida kutib oldim. Ular adabiyot institutining mehmonxonasiga kelib o‘rnashishdi. Birga tamaddi qildik. Suhbat asnosida Abdulla Qahhor mening ilmiy ishim bilan qiziqdi. Gurung qizib, gap “Sarob” romani atrofida aylanib qoldi.
— Bir kuni, — deya hikoyasini boshladi Abdulla aka, — poyezdda Farg‘onadan Toshkentga kelayotirman. Qo‘shni kupeda ikki yigit bir-biri bilan bahslashar edi. Biri “millatni o‘ylash kerak” desa, ikkinchisi “to‘g‘ri, millatni o‘ylash kerak, ammo pul topishni ham unutmaslik lozim”, deydi. Shu xilda fikr yurituvchilarni juda ko‘p uchratganman. Dastlab bu haqda “Adashganlar” nomli hikoya yozmoqchi bo‘ldim. Lekin keyin bu fikrimdan qaytdim. Men o‘ylagan fikrlar hikoya doirasiga sig‘madi. So‘ngra “Adashganlar” romanini yoza boshladim. Asarning xomaki nusxalaridan birida Saidiy tush ko‘radi. Tushida unga hayotdagi barcha orzu-umidlari sarob bo‘lib ko‘rinadi. Bu voqea romanni “Sarob” deb nomlashga olib keldi. Men har bir asarimga nom qo‘yish uchun juda ko‘p izlanaman. “Zilzila” qissasining dastlabki nomi “Dovdirash” edi. “Iblis” nomi bilan boshlangan drama yozish jarayonida “Tobutdan tovush”ga aylandi.
Kibriyo opa Konstantin Simonovning uyiga qo‘ng‘iroq qildi. Abdulla aka “O‘tmishdan ertaklar” tarjimasi ustida ishlayotgan adib bilan uchrashmoqchi ekan. Ammo Konstantin Simonov chet el safaridan qaytib kelmabdi.
Abdulla aka Toshkentga qaytish oldidan menga “tarjimaning taqdiri bilan qiziqib ko‘rsangiz”, deb qoldi. 1966 yilning 13 sentyabr kuni Konstantin Simonovning xonadonida bo‘ldim. Adib bilan suhbat asnosida tarjimaning tugaganiga bir oycha bo‘lgani, ammo ayrim so‘zlar va iboralarning ma’nolarini aniqlash qolgani ma’lum bo‘ldi.
Konstantin Simonov tarjima haqida Abdulla Qahhorga xat yozgani, uni jo‘natishga ulgurmaganini aytib, maktubni o‘qish uchun menga berdi.
“Qimmatli Abdulla Qahhor, — deb yozadi taniqli rus adibi, — “O‘tmishdan ertaklar”ni zo‘r ishtiyoq bilan o‘qib chiqdim. Qisqasi, asar menga yoqdi. Asarning birdan-bir nuqsoni mening nazarimda, uning xulosasidir. Ehtimol, “O‘tmishdan ertaklar”ning so‘nggi qismini qaytadan ko‘rib chiqish kerakdir.
Sizga hurmat bilan Konstantin Simonov (2 sentyabr 1966 yil)”.
Suhbat so‘nggida Konstantin Simonov “O‘tmishdan ertaklar”dan olingan bir parchani so‘zboshi bilan “Pravda” gazetasiga berganini aytib, adabiyotshunos sifatida tahririyatga borib, qiziqishimni maslahat berdi. Men bir emas, bir necha marta redaktsiyaga borib, berilgan parchaning taqdiri bilan qiziqdim. Har gal borganimda: “Hali e’lon qilishning mavridi kelgani yo‘q”, deyishardi. Xullas, tarjima gazetada e’lon qilinmadi.
Oradan ma’lum muddat o‘tib, Abdulla akaning iltimosiga ko‘ra yana Konstantin Simonov bilan uchrashdim. Ma’lum bo‘lishicha, adib “Tobutdan tovush” piyesasining tarjimasini tugatgan, uning bir nusxasini MXATga eltib bergan ekan. Lekin MXAT piyesani qabul qilmagan. Simonovning aytishicha, Vaxtangov va Mayakovskiy nomidagi teatrlar ham piyesa bilan tanishgan. Har ikkala teatr jamoasiga asar ma’qul bo‘lgan, lekin noma’lum sabablarga ko‘ra, sahna yuzini ko‘rmagan.
— Endi, — dedi Simonov so‘zini davom ettirib, — mening xatim bilan piyesani Sovet armiyasi teatriga olib borib berasiz. Zora, ishimiz yurishib ketsa.
Men har hafta teatrdan xabar olib turdim. Oradan olti oy o‘tib, teatr jamoasi piyesani qabul qildi. Repetitsiyalar ham boshlanib ketdi. Afsuski, tsenzura xodimlari piyesani sahnalashtirishga ijozat berishmadi.
Shu voqeadan biroz vaqt o‘tib “Tobutdan tovush” sobiq SSSR madaniyat vazirligi komissiyasida muhokama qilinib, ijobiy baho oldi va kitob holida nashr qilindi.
Men navbatdagi ta’tilga kelganimda ushbu bo‘lib o‘tgan voqealar haqida Abdulla akaga batafsil aytib berdim.
Adib umrining so‘nggi kunlarida og‘ir kasal bo‘lishiga qaramay, “Muhabbat” qissasi ustida qizg‘in ishlayotgan edi. Qissa uch bosma taboqdan oshmaydi. Lekin adib bu mo‘jaz qissani yigirma to‘rt marta qayta yozgan. Hozir asarning bu nusxalari mening qo‘limda saqlanmoqda.
Esimda, bir kuni Abdulla aka:
— Qissani o‘zim hurmat qilgan bir munaqqidga bergan edim, u kishi: “Anvarning sevgisi ishonarli chiqmagan”, deb qoldi. “Nega ishonarli chiqmagan?”, desam, tanqidchi: “Uylanmagan yigit erga tegib chiqqan ayolni bir ko‘rishdayoq sevib qolgan. Yigit o‘sha ayolni sevmasin demayman, sevsin, har holda yigitning iztiroblari ham tasvirlanishi zarur”, deydi. Shu bois Anvar bilan Muhayyoning munosabatlariga bag‘ishlab yana bir sahna yozdim.
— Bu qissaning nechanchi nusxasi? — so‘rayman adibdan.
— Yigirma to‘rtinchi nusxasi. Yigirma to‘rt marta qayta ko‘chirdim.
O‘sha kuni men adibning ijozati bilan “Zilzila”, “O‘tmishdan ertaklar”, “Muhabbat” qissalari, “Tobutdan tovush”, “Ayajonlarim” komediyalarining qog‘ozga tushirilgan, ammo asarlariga kirmay qolgan nusxalarini oldim. Ma’lum bo‘lishicha, “Zilzila” olti marta, “O‘tmishdan ertaklar” yigirma uch marta, “Tobutdan tovush” olti marta, “Ayajonlarim” o‘ttiz marta, “Muhabbat” yigirma to‘rt marta qayta ishlangan ekan. Bir so‘zni topish uchun o‘nlab sahifalar yozilgan, ayrim jumlalar, syujet chiziqlari qayta-qayta ishlanib, sayqal berilgan.
Bir kuni Abdulla akadan xat oldim. Bu yerda o‘sha xatning mazmunini aynan keltiraman:
“So‘nggi paytlarda kasallik men bilan tez-tez o‘ynashadigan bo‘lib qoldi. Goh kasallik meni yengadi, goh men uni yengishga harakat qilaman. Himoya nima bo‘ldi? Himoya qachon va qayerda bo‘ladi?”.
Oradan bir oy vaqt o‘tib Toshkentga keldim. Abdulla aka yubiley tadbirlari bilan qattiq band bo‘lishiga qaramay, mening ishga o‘rnashishim, qayerda ishlashim masalasi bilan qiziqdi. Men ustozga Nizomiy nomli pedagogika institutida ishlash xohishim borligi, ammo bu o‘quv dargohida bo‘sh o‘rin yo‘qligini aytib berdim.
Shu orada, ya’ni 1967 yilning 17 sentyabr kuni Abdulla Qahhorning oltmish yillik to‘yi keng nishonlandi. O‘sha nufuzli yig‘in so‘nggida adib: “Ba’zi do‘stlarim sen xushmuomalalikni bilmaysan, qo‘polsan, gapni eplab gapira olmaysan, deyishadi. Nima qilay fe’lim o‘zi shunaqa. Men partiyaning “est” deb, chest berib turadigan soldati emasman. Men partiyaning ongli a’zosiman”, degan edi.
Keyin bilsam, dovrug‘i butun sobiq ittifoqni larzaga solgan o‘sha shov-shuvdan keyin, ertasi, ya’ni 18 sentyabr kuni Abdulla aka Kibriyo opani ergashtirib, pedinstitut rektori Shopo‘lat Abdullayev huzuriga yo‘l olishibdi. Rektorni topolmagach, o‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi Sharifa Abdullayevani izlabdi. Aksiga olib o‘sha kuni Sharifa opa ham ishga kelmagan ekan. Abdulla aka nihoyat xat yozib qoldirgan: “Sharifaxon! Bugun institutingizga ikki marta kelib, sizni topa olmadim. Sizga bir iltimosim bor edi. Moskvada o‘qib kelgan Pirmat degan yigitni o‘z qanotingiz ostiga olsangiz, demoqchi edim.
Pirmat xulqan ko‘p yaxshi, mag‘zi to‘q, g‘oyat tirishqoq bola, yordam qilsangiz, bir men emas, keyinchalik o‘zingiz ham xursand bo‘lasiz.
Hurmat bilan Abdulla Qahhor (imzo)
18.X.1967”.

Buyuk nemis adibi Gyote munaqqid Ekkerman bilan qilgan suhbatlaridan birida shunday deydi: “Vaqt beshafqat narsa. U hech nimani ayamaydi. O‘zini ko‘z-ko‘z qilgan shohlar ham, qasrlar-u saroylar ham, tilla-yu javohirlar ham vaqtning oldida ojiz. Lekin dunyoda shunday tushuncha borki, ular insoniyat bor ekan, hamisha yashab qolaveradi. Bu muqaddas tushunchaning nomi — ezgulik. Ezgulik bor joyda e’tiqod va adolat qaror topadi”.
Ha, yillar ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketaveradi, bir avlod o‘rnini yangi avlod egallaydi. Lekin ezgulik urug‘ini ekuvchilarning nomlari tillardan tillarga ko‘chib, avlodlar xotirasida abadiy yashab qolaveradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 22-sonidan olindi.