Abulg‘oziyxon “Shajarayi turk” asarida o‘zining Eronda kechgan o‘n yillik hayoti haqida juda kam ma’lumot beradi. Akasi Asfandiyor buxorolik o‘zbeklarni Orol bo‘yiga ko‘chirib olib borib, turkmanlarni yersiz qoldirgani aybi bilan uni ushlatib, eronliklarga topshirish uchun avval Obivardga, keyin Hamadonga shoh Safiy (1629 yil, mart — 1643 yil, fevral) oldiga eltgani va Isfahon shahrida o‘n yil tutqunlikda turib, so‘ng zo‘r hiyla va tadbirlar bilan Erondan qochgani haqida qisqagina hikoya qiladi, xolos. Hatto bu voqealar sanasi ham qayd etilmagan. Keyingi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Abulg‘oziyxon davrida yozilgan boshqa bir yozma manbada Abulg‘oziyxonning safaviylar qo‘liga garov sifatida topshirilishining boshqa bir sababi ham borligi aytilgan: uning Hamadonda shoh Safiy bilan uchrashishi tasvirlangan va Isfahondagi hayotiga doir kichik bir lavha havola qilingan ekan. Aniqrog‘i, bu ma’lumotlar bizgacha 1629 yil mart oyida o‘sha yili vafot etgan bobosi Shoh Abbos Birinchi (Moziy) o‘rniga taxtga o‘tirgan asli nomi Som Mirzo, lekin marhum otasi Safi Mirzo hurmati uchun o‘zini “Shoh Safiy” deb atagan safaviy hukmdor hayotiga bag‘ishlab bitilgan Muhammad Ma’sum bin Xojagiy Isfahoniyning “Xulosat us-siyyar” kitobida yetib kelgan. Asarning “1038 yil (1629 yil)” bobidagi “Marv, Niso, Obivard va Xuroson mulklarida ro‘y bergan voqealar va Urganj hokimi Asfandiyorning Marv ustiga bostirib kelgani va uning ukasi Abulg‘oziyning Niso va Obivardda mag‘lub bo‘lgani zikri” maqolasida Abulg‘oziyning akasi Asfandiyor tomonidan ushlab, safaviylar qo‘liga topshirilganining boshqacha talqini, aniqrog‘i, Abulg‘oziyxon biografiyasi to‘g‘risidagi tasavvurimizni boyitadigan qo‘shimcha faktlar havola etilgan. “Shajarayi turk” va boshqa tarixga oid manbalar orqali bilamizki, Abdullaxon Ikkinchining 1593-, 1594- va 1596-yillari Xorazmga bosqini payti Abulg‘oziyxonning bobosi Hojimxon o‘g‘illari hamda bir necha nevarasi bilan Shoh Abbos yoniga qochib boradilar. Abdullaxon va o‘g‘li Abdulmo‘minxon o‘lgach (1598 yil), Shoh Abbos yordamida yana Xorazmni egallaydilar. Mazkur kitobda keltirilishicha, safaviylarning shuncha yaxshiligiga qaramay, Asfandiyor bin Arabmuhammad bin Hojimxon 1629 yil iyun — iyulida safaviylarga qarashli Marv viloyati va qal’asini qo‘lga kiritish uchun yurish qiladi. Ammo yengilib, zo‘rg‘a qochib qutuladi. O‘sha chog‘da ukasi Abulg‘ozi sulton ham Niso, Obivard va Durun viloyatlarining sunniy mazhabidagi aholisi iltimosiga ko‘ra, Niso va Durun qal’asini o‘z tasarrufiga kiritadi. Lekin Mashhad hokimi Manuchehrxon zudlik bilan unga qarshi jangga otlanib, Abulg‘oziyxon ustiga bostirib keladi va ular o‘rtasida Niso yonida katta urush bo‘ladi. Safaviylar qo‘shiniga tob berolmagan Abulg‘oziyxon yarim tunda jang maydonini tashlab, orqaga chekinadi. Muallif so‘ziga qaraganda, shu urushda mag‘rur va o‘z kuchiga ishongan Abulg‘oziy sulton o‘zining 3-4 ming askaridan judo bo‘ladi: ularning bir qismi asir olinadi, bir qismi jangda o‘ldiriladi va yarador qilinadi. G‘olib chiqqan Mashhad hokimi asirlarni va o‘ljani shoh oldiga olib ketadi. Sal o‘tmay o‘z ishidan pushaymon bo‘lgan Asfandiyorxon “Bu ishlarni ukam Abulg‘oziy sulton gapiga uchib qildim, aqlsiz va nodon bu ukamni uning aybi uchun jazolashingiz va mening uzrimni qabul etib, bundan keyin bizga ibrat darsi bo‘lishi uchun bandi qilib oldingizga yubordim” deya, shoh oldiga qimmatbaho sovg‘alar bilan Abulg‘oziy sultonni jo‘natadi. Abulg‘ozi sulton 1629 yil mart oyining boshida Hamadon shahrida Shoh Safiy qarorgohiga keladi. Shoh uni juda mehribonlik va siylovlar bilan qarshi oladi, ayblarini kechirib, bir necha kundan so‘ng mehmondorlik tugagach, Abulg‘oziy sultonga hech narsadan kamchilik sezdirmay xizmatida turishi uchun maxsus odam tayinlab, hurmat bilan Isfahonga kuzatadi. O‘zi ko‘ngilochar ov sari otlanadi.
Abulg‘oziy sulton haqidagi yana bir kichik xabar esa kitobning 1637 yil 21 martidagi voqelar bayonidagi qismda keladi: ”Hijriy 1046 yil 23 shavvolida poytaxt Isfahonda Navro‘z bayramini nishonlash uchun bu baxt tantanasi chog‘i bazmni bezasinlar, deya muhtasham saroyga Hindistondan kelgan elchi Safdarxon, Odilshoh elchisi va Urganj hokimi Abulg‘oziy sultonni chorladilar. Navro‘z bayrami juda chiroyli bir tarzda o‘tdi”.
Undan tashqari, yana ikkita xabar Asfandiyorxon tomonidan Shoh Safiy huzuriga kelgan elchilar haqida. Ulardan birinchisi hijriy 1040 yil 25 muharrami(1631 yil 18 oktyabri)da sodir bo‘lgani to‘g‘risidadir. O‘sha kuni shoh oldiga Rusdan va Xorazmdan Asfandiyorxon elchilari keladi. Ular Isfahonda shohga 17 dona shunqor (lochin), olmaxon terisidan bir necha po‘stin va o‘ymakorlik bilan ishlangan oltin piyolalar, baliq tishlari hamda o‘z viloyatlarida ishlangan boshqa turdagi amaliy san’at namunalari, tabiat ne’matlarini tortiq qiladilar.
Asfandiyor (1643 yil) elchisining kelgani ikkinchi marta hijriy 1050 (1640 — 41) yil voqealari ichida tilga olinadi. Aytilishicha, Urganj voliysi Asfandiyorxonning elchisi xonning nomasi va sovg‘alarini olib kelgan. Bu paytda ham Abulg‘oziyxon Isfahonda surgunda edi.
Ko‘rganimizdek, Abulg‘oziyning safaviylar qo‘liga tushib qolishining sabablari ikki xil bo‘lgan. Ammo, ma’lumki, maqsad bitta — Asfandiyor ukasini ko‘zdan yiroqqa uzoq muddatga badarg‘a qilib, toju taxt uchun bo‘lajak xavf ehtimolidan qutulish. Shoh ham Abulg‘oziyni “Sulton suyagini xo‘rlamas” deganlaridek, yaxshi qabul qilgan va uning ayblarini kechirgan. Ammo Asfandiyor nega safaviylar oldida bunchalik “xijolat”ga tushdi, odatda yer-mulk maqsadidagi kurashda hukmdorlar bir-biriga yon bosmaydilar-ku. Asfandiyor o‘lguniga qadar safaviylarga qarshi chiqmaydi, yuqoridagi elchi jo‘natishlardan ham shu fakt ayon bo‘lmoqda. Bu masalada Asfandiyorning, baribir, safaviylarga nisbatan qilgan “ko‘rnamakligi” uchun chin ko‘ngildan o‘zr so‘rab, pushaymon bo‘lgani bizga noma’lum bo‘lib qolaveradi. Biroq shu o‘rinda, tarixda kechgan ayrim voqealarni eslab o‘tish joiz ko‘rinadi. Asfandiyor ota bir, ona boshqa ukalari Habash va Elbars sultonlardan yengilib, 1622 yili Eronga qochib, safaviylardan boshpana topadi; Abulg‘oziy sulton Buxoroga Imomqulixon huzuriga boradi. Zero, Habash va Elbars o‘z otasi Arabmuhammad bin Hojimxonning ko‘zini o‘ydirib, taxtni egallash uchun boshqa aka-ukalariga qarshi kurash olib bormoqda edilar. 1624 yili Asfandiyor qaytib kelib, jangda Elbars va Habash sultonlarni yengadi. Elbars halok bo‘ladi, Habash qochadi; Buxoroga ketib qolgan Abulg‘oziy va Sharif Muhammad sultonlar ham Xorazmga qaytib keladilar. So‘ng esa, Xorazmdagi ko‘chmanchi o‘zbeklar sultonlar va turkmanlar o‘rtasidagi tinimsiz nizolardan bezib, parokandalikka yuz tutadilar va Buxoro, Turkiston tomonlarga ketadilar. Shunda Sharif Muhammad Buxoroga Imomqulixon yoniga ketadi. Abulg‘oziy esa, dastlab Turkistonda, keyin Toshkent va Buxoroda yashaydi. Biroq u yerlarda tura olmay, yurtiga qaytadi. Ukasi ham kelib, keyin bu og‘a-inilar o‘rtasida kurash boshlanadi (bu voqealarning bir qismini yuqorida hikoya qildik). Asfandiyorning safaviylardan katta minnatdorligi esa, 1593-, 1594-, 1596 yil hodisalari bilan bog‘liq. Abulg‘oziyxon xabariga qaraganda, xorazmlik ayrim sultonlar o‘zboshimchalik bilan bir gal Abdullaxon oldiga elchi bo‘lib kelib, Xorazm orqali o‘z yurtiga qaytib ketayotgan Turkiya sultoni elchisini, yana bir gal buxorolik savdogarlarni talaydilar. Savdogarlar qasos olishni so‘raganlarida, avvaliga Abdullaxon: “Hojimxon men kabi mustaqil bir podshoh, bunga haqqim yo‘q, qolaversa, qarindoshlik hurmati bor, darrov urushaversak bo‘lmas”, deya ig‘voga uchmaydi. Lekin Marvni qo‘lga kiritishdek jiddiy masalada 1593 yili Xorazm ustiga yurish qilishga qaror qiladi. Bu yurishda Abdullaxonga Xojamquli qushbegi, Hasanxoja naqib xo‘rd, Sarxunbiy va Muhammad Boqiybiy devonbegi, Samarqand hokimi Hojibiy Otoliq Do‘rmon, Do‘stimbiy Arg‘un, Sog‘arj hokimi Eshimbiy kabi taniqli sarkardalar hamrohlik qilib kelgan edilar. Hojimxon Nisoni buxoroliklardan qaytarib olish uchun Durunga ketgani sababli xorazmlik o‘zbek sultonlari “Abdullaxon o‘z qarindoshimiz, gunohkorlar ham Hojimxon oldiga qochib ketishdi, xon yurtning bir-ikki tumanida o‘z odamini qo‘ygani bilan o‘zi qaytib ketadi”, degan fikrda urushishni lozim topmaydilar. Abdullaxon esa, butun o‘zbek eliga og‘ir jarima solig‘ini soldiradi, to‘ra va sultonlardan anchasini, jumladan, Arab Muhammad va uning o‘g‘li Asfandiyor sultonni o‘zi bilan Buxoroga olib ketadi. Hojimxon inisi va bir necha o‘g‘li, nabiralari bilan Shoh Abbos huzuriga ketib u bilan Qazvinda uchrashadi. Shoh Hojimxonni zo‘r hurmat bilan kutib oladi. Ulardan ayrimlari Turkiyadan boshpana topadilar. Abdulloxon esa o‘zi bilan olib kelgan Hojimxon avlodidan 30 nafarini bir kunda Sog‘arjda qatl ettiradi.
Mutribiy Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” va “Nusxayi zeboiy Jahongir” tazkiralarida ma’lumot berishicha, ular ichida Hojimxonning Rahimiy taxallusi bilan she’rlar yozgan o‘g‘li Muhammad Rahim sulton ham bo‘lgan. Badriddin Kashmiriyning jo‘ybor shayxlari hayotiga doir “Ravzat ur-rizvon” manoqibida Rahimiyning 1582 yili Sa’d Akbar Jo‘yboriyga bag‘ishlab yozib yuborgan g‘azali va unga ergashib tatabbu’ yozgan 500 nafar shoir, jumladan, Hasanxoja Nisoriy she’rlaridan namunalar berilgan. (1990 yili “O‘zAS”da bu haqda ushbu satrlar muallifining maqolasi e’lon qilingan edi.)
Mutribiy “Tazkirat ushshuaro”da shunday yozadi: “Shahidlik baxtini topgan shahzoda — xudo uni rahmat qilsin — Muhammad Rahim sulton bin Hojimxon Xorazmiyning chiroyli vasfi va go‘zal zikri. Latiftab’, pokizamizoj podshohzoda edi. Barakatli vaqtini hamisha ilmu fazilatlar kasb etishga sarflardi. Nasta’liq…, tazhib va tasvir…, naqqoshlik sohasini egallagan edi. She’r fanida ham mahoratini namoyish etib, hazrat maxdumiy Hasanxoja Nisoriyga mehr-muhabbatini g‘oyibona tarzda pok dili dalasiga ekkan va doimo xat, sovg‘a-salomlar almashib turish eshigini ochib qo‘yib, o‘zining yaxshi she’rlari va dilkash nazmlarini xat yo‘llash yo‘sini bilan ustozga yuborib turardi. 998 (1590) yili kamina Buxoroda paytim “Layli va Majnun” otlig‘ bir kitobni turkiy tilda tasnif etib hamda uni sharif qo‘li bilan chiroyli yozuvda bitib, tazhib va tasvirini undan ortig‘ini tasavvur qilib bo‘lmaydigan san’at darajasiga yetkazib maxdumiy Nisoriyning muborak majlisiga yuborgan va bu kitobni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan edim…”.
“Nusxayi zeboiy Jahongir”dan: “…Abdullaxon Hazorasp qal’asini qamal qilganda, bu podshohzodani loyiq in’omlar bilan aldab, qal’adan tashqari chiqarib olibdi va ko‘p navozishlar qilib, yana qal’a ichiga yuboribdi, u esa boshqa o‘n uch nafar shohzodani ham Abdullaxonning ko‘runishiga olib chiqibdi. Abdullaxon hammasini kishanlab, qal’ani olibdi. Fathdan so‘ng barchasini Samarqandga olib keldi va ul mazlum bechora podshohzodalarni Sog‘arj qasabasining tashqarisida qatlg‘a yetkardi. Hozirgi kunlarimizda ham Sog‘arjning tashqarisida o‘n to‘rtta qabr nishonasi bor, xalq ularni ziyorat etgach, fotiha o‘qiydilar. Bu dahshatli voqeani eshitib, maxdumiy Hasanxoja Nisoriy hazinlik izhor qilib, yuzlariga yosh tomchilarini oqizib,fotiha o‘qib shunday degandilar:
Har neku bady ki dar shumor ast,
Chun dar nigary, salohi kor ast.
(Mazmuni: Qazovu qadardan yetsa gar yaxshi, gar yomon, Har qayg‘adir bir hikmat, bilgil, begumon.)”.
“Shajarayi turk”da yozilishicha, bu voqealardan so‘ng Hojimxon shoh yordamida 1594 yili yana bir marta yurtini qaytarib olishga urinadi, ammo Xorazmga yetib kelgan Abdullaxonga qarshi turolmay, yana Shoh Abbos huzuriga boradi va faqat, yuqorida aytganimizdek, 1598 yili Xorazmga ega chiqadilar. Demak, o‘zi va otasi o‘sha qonli voqeada tirik qolgan Asfandiyor culton bobosi va yaqin qarindoshlarining safaviylar yoniga qochib borib, buning natijasida Hojimxon sulolasining omon qolganini katta ne’mat deb bilgan va uni unutmaslikni qiyomat qarz o‘rnida tushunishga majbur bo‘lgan.
Xullas, ko‘rganimizdek, “Xulosat us-siyyar” asari bizga yurtimiz o‘tmishi va xalqimizning Abulg‘oziyxondek mashhur siymolari taqdiri haqida noyob ma’lumotlar beruvchi manbalardandir. Undagi Turon hukmdori Imomqulixon davrida O‘rta Osiyoda ro‘y bergan voqealar, Imomqulixonning taxtdan voz kechib, yonida tog‘asi Nadr devonbegi va oilasi bilan hajga ketish payti Shoh Safiy vafot etib, endigina uning o‘rniga chiqqan Shoh Abbos Ikkinchi tomonidan juda tantanali ravishda kutib olinishi to‘g‘risidagi materiallar ham mutaxassislar e’tiborini jalb etishi aniq.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 32-sonidan olindi.