Hakim Nazir. Ustozga yoqmagan bir so‘z… (2007)

O‘smirlar bilan kitobxonlik haqida suhbatlashib qolsam, ular ko‘proq: “O‘zingiz qanday qilib yozuvchi bo‘lgansiz?”, deb so‘rashadi. Men javobni ustozim Abdulla Qahhorni ta’riflashdan boshlayman. Axir, meni yoshlik chog‘imda qo‘limdan yetaklab adabiyot maydoniga olib kirgan ulug‘ og‘amiz Abdulla Qahhor edi-da, deyman faxr bilan. Ustozni tilga olganda ikki noyob xislati ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi: birinchisi, qalamining o‘tkirligi, ikkinchisi, sinchkov, o‘tkir didga egaligi, bag‘rikengligi.
Menda kichkintoylik paytimdan yozuv-chizuvga havas tug‘ilgan. Ota-onam o‘qimishli kishilar bo‘lishib, bizning xonadonda kitobxonlik juda avj olgan edi. Onam Malika otin uyda maktab ochib, mahalla bolalarini o‘qitardilar. Shular qatorida men ham o‘qib, xat taniydigan bo‘lib qoldim. Kechki soatlarda esa qo‘shni ayollar biznikiga yig‘ilishib onam boshchiligida kitoblar o‘qishardi: Navoiy, Bobur, Fuzuliy kabi ulug‘larning g‘azallarini jonu dildan berilib tinglashardi. Men ham berilib quloq solardim. Ayrim so‘zlarni, chiroyli iboralarni qulog‘imda saqlab yurishimni ko‘rganlar: “Tuzuksan!”, deb kulib qo‘yishardi…
Xullas, Abdulla Qahhorning hikoyalarini qayta-qayta o‘qigan sari ijodkorlik sirini bilib olishga qiziqishim ortdi. Qani endi ustoz bilan bir uchrashsam-u, suhbatlarini olsam, degan orzu menga tinchlik bermasdi. Biroq uchrashuvni o‘ylasam yuragim orqamga tortib ketar, bu katta adibning salobatidan cho‘chirdim. Ochig‘i, ilk hikoyalarim bolalar matbuotida e’lon qilingan bo‘lsa-da, ular hali havaskorlik mashqlari edi.
1947 yili hikoyalarimga Abdulla akaning nazariga tushibdi, “Salim otaning chinasi” nomli hikoyam gazetada e’lon qilinib, tanlovda mukofotlandi. So‘ng mukofotlangan hikoya va ocherklarim “Tortiq” nomi ostida kitob bo‘lib chiqdi. Kitob Yozuvchilar uyushmasida muhokama etilib, Abdulla aka ma’ruza qildilar.
Shundan keyin, meni oldilariga chaqirib, o‘qigan kitoblarim, yozgan narsalarimni surishtirdilar. Mening tortinib, chala-yarim javob berishim u kishini qanoatlantirmadi shekilli:
— Ochiq, lo‘nda qilib aytaver, tortinma! — deb qo‘ydilar.
Abulla aka o‘zbek bolalar adabiyotiga qiziqib qarardi. Biron yozuvchining bolalar hayotidan olib yozilgan qiziqarli asari chiqsa, darrov o‘qib, muallifga fikr-mulohazalarini bildirardi. Ustozning Zafar Diyor, Quddus Muhammadiy, Shukur Sa’dulla, Qudrat Hikmat kabi bolalar yozuvchilariga muttasil yordam va maslahatlarini berganini ko‘rganmiz. Jumladan, kamina ham u kishining yaxshi maslahatlaridan ko‘p bahramand bo‘lganimni haqlariga duo qilib faxr va g‘urur bilan eslab turaman.
Bolalar yozuvchisini ikkinchi muallim, deb hisoblagan adib: “Bolalar uchun kitob yozadigan kishi g‘oyat usta san’atkor, katta tajribali pedagog, tilning zarshunosi bo‘lmog‘i kerak!”, deb uqtirar, haqiqiy talant egalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlab turardi. Bu xususiyatlari biz yoshlarga kuch-quvvat bag‘ishlardi.
Yuqorida aytganimday, men ustozga uzoq vaqt yaqinlasholmay yurgandim. Bir kuni u radiokomitetga men ishlaydigan bo‘limga kirib qoldilar. Adib yozgan asarlarini dastlab radioga uzatar, bu safar ham yangi hikoyalarini olib kelgan ekan. Bu hikoyalarni kimga o‘qitishimni so‘raganida, men Qodir Maxsumov nomini tilga oluvdim, uni chaqirtirib, o‘qitib ko‘rdilar. O‘qishi, umuman, ma’qul bo‘lsa-da, ayrim so‘zlarini ifodalashidan kamchilik topib, tuzatib turdilar. Shunda Abdulla akaning o‘ta sinchkov, noziktabiatligini yana bir marta yaqqol ko‘rdim. U kishi meni gapga solib, ijodiy ishga qanday kirishayotganimni sinchiklab so‘radilar. “Salim ota” nomli hikoyamni durust topib, faqat unda ishlatilgan “zararkunanda”, degan bir so‘zni o‘rinsiz hisobladilar. Abdulla akaning ortiqcha maqtov aytishdan tiyilishini bilardik. Ijodga g‘oyat mas’uliyat bilan qarashlarini, u kishidan “durust”, degan baho eshitishni biz o‘zimizga mukofotday qabul qilardik.
Ustoz mening nashriyotga, uyushmadagi yig‘inlarga bormay tortinib yurganimni tanqid qildilar. So‘ng papkamdagi boshqa hikoyalarimga nazar soldilar-da, ba’zi bir so‘z, iboralarning tagiga chizib, bu ishlarni tuzatgach, nashriyotga topshirishim mumkinligini aytdilar. Gaplaridan qanchalik quvongan bo‘lmay, baribir nashriyotning bu ishimga qanday qarashini o‘ylab, ikkilanib yurdim. Keyin tavakkal qilib qo‘lyozmani topshirdim-da, natijasini sabrsizlik bilan kutdim. Xayriyat, hikoyalarim nashriyot tomonidan ma’qullandi, bu ishda ustozimning qo‘li borligini sezdim.
Abdulla Qahhorning ijodimga ishonch bildirib Yozuvchilar uyushmasi plenumidagi ma’ruzalarida, yig‘inlarda qo‘llab-quvvatlaganini payqab yuruvdim. Ko‘p jildli asarlarining V jildida mening ijodimga to‘xtalib: “Hakim Nazir hikoyachilikda juda tez sur’at bilan ilgarilayapti”, deb umidli fikr bildirganlarki, bular meni quvontirmasligi, kuchimga kuch qo‘shmasligi mumkin emasdi. Yig‘inlardan birida esa, meni maqtab aytgan quyidagi qiziq gaplarini do‘stlar kulib eslashadi: “Hakimjonning ijodi haqida shuni aytishim kerakki, uning asarlari tarasha yoki payraxaning o‘tiga o‘xshab lovillab yonib, bir zumda o‘chmaydi, balki saksovulning cho‘g‘iga o‘xshab tutab-tutab yonadi-ku, lekin harorati zo‘r bo‘ladi, ancha fursat o‘chmay turadi”.
Birinchi hikoyalar to‘plamim “Qishloqdagi jiyanlarim” nomi bilan chop etildi. Men kitobimning bir nusxasini olib, ustozning uyiga yugurdim. U kishi, odatdagicha, vazminlik bilan “durust”, deb kitobimni oldilar-da, keyingi ishlarimni surishtira ketdilar. Men yangi hikoyalar yozayotganimni aytgandim, yelkamga qoqib qo‘ydilar va shu yerning o‘zidayoq menga bir xat yozib berdilar. Bu meni Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilish uchun tavsiyanoma edi.
Mana mehribon ustozimning shu choqqacha asli qo‘limda saqlanib qolgan unutilmas qo‘lyozmalari:

TAVSIYaNOMA
O‘rtoq Hakim Nazir hozirgi yosh yozuvchi-hikoyanavislar orasida eng ko‘zga ko‘ringan talant, o‘z bilim va tajribasini oshirishga harakat qilayotgan yozuvchidir.
U adabiyot sohasiga yaqindagina (birinchi hikoyasi 1946 yilda chiqqan) kirganiga qaramasdan tez ko‘zga ko‘rindi, kichik, maroq bilan o‘qiladigan hikoyalari bilan adabiyot ahllarining diqqatini o‘ziga tortdi. Uning gazeta, jurnallarda, turli to‘plamlarda chiqqan, 1948 yilda alohida to‘plam holida bosilgan hikoyalarining ko‘pchiligi hozirgi hikoyachiligimizda ma’lum o‘rin tutadi.
O‘rtoq Hakim Nazirni Yozuvchilar soyuziga haqiqiy a’zo qilib olinishini tavsiya qilaman.

9.02.48 y.                            /A.Qahhor/

Tavsiyanomada aytilgan bu so‘zlar ustozning bag‘rikengligi, yoshlarga mehr-muruvvati, himmati g‘oyat balandligidan darak berib turadi. Shunday ulug‘ zotga shogird bo‘lganimdan hamon faxrlanib yuraman.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 5-sonidan olindi.