Inson qalbini ko‘zguga o‘xshatishadi. Agar uni tez-tez artib, poklab tursang yaltirashidan diling quvnaydi. Aksi bo‘lsa, zang bosib, qarovsiz holga keladi. Qalbning poklanishi xuddi yaltiragan ko‘zgu kabi. U g‘uborlardan, yovuz illatlardan, yomon xulqlardan tozalanmasa, zanglaydi…
Tasavvuf ta’limotida nafs tarbiyasi haqida juda ko‘p gapiriladi. Negaki, ko‘ngilni poklash faqat nafs tarbiyasi bilan amalga oshadi.
Janobi Haq Maryam o‘g‘li Isoga: “Ey, Iso! Avvalo o‘z nafsingga o‘git berib ko‘r, agar bu o‘gitning foydasini ko‘rsang, boshqalarga ham o‘git ber, yo‘qsa, Mendan uyalgin” — deb buyurdi (Daylamiy Abu Muso hazratlaridan rivoyat etgan).
Inson avval o‘z qusurini ko‘rib, uni tuzatib, keyin atrofga nazar tashlasa, “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusi” deyilgan hadisning ma’nosiga tushunadi. Demak, birodaringda ko‘ringan qusur uniki bo‘lmay, o‘zingning qusuringdir. Alloh bir birodaring yordamida seni ogohlantiryapti.
Insonning nafsi tarbiyalangani sari uning xulqi go‘zallashaveradi. Tarbiya olganingiz sayin esa, o‘zingizdan nafratlanasiz, xolos. Chunki insonda qusurlar, kamchiliklar shu qadar ko‘pki…
“Islom, Tasavvuf va Axloq” nomli kitobdan iqtibos: “Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: — Oxir zamonda fitnalar bo‘ladi, — deydilar.
— U paytda nima qilamiz? — deb so‘raydilar.
— Uyingizda berkinib, aralashmang! — deydilar. Ya’ni, musulmonlar orasida tortishuv, shovqin-suron bo‘ladi.
—Xo‘p, uyimizga kelsalarchi?…
— Hazrati Odamning yaxshi farzandlari kabi bo‘ling! — dedilar.
Xayrli, yaxshi avlodi qaysisi? Ibodati qabul bo‘lgani… Qo‘l ko‘tarmanglar, bir-birlaringiz bilan to‘qnashmanglar! — deydilar. Islomning tarbiyasi budir. Amalga oshirish ayri masala. Chunki musulmonlik go‘zal, musulmonlar esa juda qusurli, nuqsonlidir…”
Darhaqiqat, Islom juda go‘zaldir. Biz undagi go‘zalliklarni tasavvuf ta’limoti orqali yanada teranroq anglaymiz. Bu ta’limot vakillari Xoja Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshbandiy hazratlari, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Abdulqodir Giloniy kabi aziz insonlardir. Ular xushaxloq, fidoyilik bilan barchaning muhabbatini qozonganlar.
Bugun yon-atrofimizda sodir etilayotgan johilona harakatlar negizida tom ma’noda ma’rifatsizlik yotmaydimi? Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, islomiy haqiqatlar tasavvufiy ta’lim asosida tushuntirilishi lozim. Chunki tasavvufsiz ma’rifat va haqiqat qaror topmaydi. Inson johil emas, Allohni tanigan, ma’rifatullohga erishgan, orif bo‘lgan bir kishi bo‘lishi kerak. Irfon va ma’rifatulloh ham, nafs tarbiyasi ham, taqvo va ixlos ham barchasi tasavvufning asosiy masalalaridandir, deya uqtiradilar tariqat peshvolari.
Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Ichingdagi ichindadir” nomli asarida bir ibratli voqea bor. Ushbuni keltirishdan maqsad, ayni paytda o‘zlarini mo‘min-musulmonman, deya da’vo etayotganlarning ba’zilarida ma’naviy holni ko‘rmaysiz, hattoki ular suhbatidan fayz ham olmaysiz. Nega? Insonda nafs tarbiyasi bo‘lmas ekan, u o‘zini ko‘klarda ko‘radi. To‘g‘ri, ilmi bor, nutqi go‘zal, lekin axloqichi? — Kim ilm o‘rganib, unga amal qilmasa, ilm faqat uning kibrini ziyoda qiladi, — deydilar Ibn Mas’ud roziyallohu anhu. Xullas, voqea bunday bayon etiladi: “Usmon roziyallohu anhu minbarga chiqdi va xalq: “Ajabo, u ne der ekan?”— deya kutdi. Biroq Usmon indamadi. Aqalli bir so‘z ham aytmadi, faqat boqdi va xalqda shunday bir hol paydo qildiki, tashqariga chiqishga ularda mador qolmadi. Shu vaqtgacha qilingan yuzlab zikr, va’z va xutbalardan xalqda bunday hol hosil bo‘lmagan edi. Hamda ular bunday hol soyasida o‘zlari uchun foyda va sirlarni hech qachon bunchalik ko‘p kashf etmagandi. Yig‘in so‘nggiga qadar Usmon gapirmadi. Faqat minbardan inmoqchi bo‘lgandagina: “Siz uchun faol imon mahmadona imondan xayrlidir” (hadis) — deya buyurdi. U haq gapni aytdi. Chunki so‘z aytmoqdan maqsad bir foyda bermoq, qalbga ta’sir etmoq, axloqni o‘zgartirmoq va hokazo yaxshiliklar qilmoqdir. Holbuki, Usmon lom-mim demasdan gapirgan vaqtidagidan ko‘proq foyda keltirdi. Shuning uchun uning aytgani tamoman savobdir.
Usmon o‘zini faol dedi. Holbuki, minbarda ekan, ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan biron ish qilmadi. Namoz qilmadi, hajga bormadi, sadaqa bermadi, zikr etmadi va, hatto, xutba o‘qimadi. Demak, amal va fe’l faqatgina bu ko‘ringan harakat va faoliyatdan iborat emas. Bular, balki u amalning suratidir va u (amal) jondir. Mustafo: “Mening ashobim yulduzlarga o‘xshaydi, ularning qaysi biriga ergashsangiz ham hidoyatga erishasiz” (hadis) deya buyuradilar. Inson yulduzga qarab yo‘lini topadi. Lekin yulduz unga biron narsa deydimi? Yo‘q, aslo! Kishi yulduzga boqib, to‘g‘ri yo‘lni xatolardan ajratib olganidek, valiylarga qarab ham maqsadiga yetishadi. Valiylar uni vuslat manziliga olib borurlar”.
Alloh taolo bizlarga mustaqillikni ne’mat qilib berdi. Bu ne’matdan o‘zini musulmon sanagan har qanday inson esa hamisha shukrda bo‘ladi, Allohdan qo‘rqadi. Payg‘ambarimiz bunday duo qilar ekanlar: “Yo Rabbim, menga haqni haq o‘laroq ko‘rsat va unda yashashni nasib et. Botilni botil o‘laroq ko‘rsat va undan qochmoqni nasib et”.
Hayot murakkab va o‘ta nozik. Bu dunyoda yashashni ham go‘yoki qiyomatdagi sirot ko‘prigiga o‘xshatgim keladi. Chunki haq bilan botilni bilmaslik oqibatida inson nimalar qilib qo‘yayotganini bilmaydi. Bularni bir-biridan ajratib olish uchun har tomonlama ilm-ma’rifatli bo‘lish, bu kun talabi.
Lola NASRULLOH
“Hurriyat” gazetasidan olindi.