Vafo Fayzulloh. Elning ko‘nglin ko‘tarar shoir (2006)

Ming to‘qqiz yuz saksoninchi yilning birinchi avgusti. ToshDU (hozirgi Milliy universitet) ning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirar edik. Soat o‘n birlardan o‘tgan, inshomni qoralab ham bo‘lmagandimki, peshonasi do‘ng, ko‘zlari katta-katta bir yigit o‘rnidan shahd turib, shitob bilan kuzatuvchilar o‘tirgan stolga yaqinlashdi va yozib bo‘lgan inshosini birinchi topshirib, tashqariga chiqib ketdi. Ko‘pchilik qatori men ham unga havas va hayrat bilan qaradim. Dadil harakati, o‘ktam qiyofasi esimda qoldi.

Omadim chopmay, qishloqqa qaytganimdan keyin ham Toshkent esimga tushsa, inshosini birinchi bo‘lib topshirgan tengdoshimning holati ham xotiramda jonlanar, “U o‘qishga qattiq tayyorlangan ekan, iqtidori ham shunga yarashadir. O‘ziga ishonchi shundoq chehrasida balqib turardi. Albatta, o‘qishga kirgan bo‘lishi kerak. Yo shoshqaloqlik qilib yoxud adolatsizlikka uchrab, u ham sinovlardan o‘tolmay qoldimi? Yo‘q! Bunday bo‘lishi mumkin emas”, deya o‘ylanib qolardim…

Bugun talabalikning barakali, serzavq va orzularga limmo-lim damlari Sirdaryo dalalarida kechgan kuzlar — paxta mavsumisiz kemtikday tuyuladi. Ammo o‘shanda…

Ming to‘qqiz yuz sakson ikkinchi yilning oktyabri. Tahsil bir oyga yetar-etmas bizni ham paxta terimiga haydashdi. Qishloq bolasi emasmanmi, o‘quvchilikda zada qilgan mavsum talabalikning oltin onlariga ham chang solgan yalmog‘izday ko‘rinib xunobim oshgan. Nihoyat, terimning birinchi og‘ir kunini “quyosh orqalab” ketgach, shom qoralaganida sudralganday bo‘lib “barak” deb ataluvchi yotog‘imizga yetdik. Kechkilikdan keyin aksariyatimiz, ayniqsa, biz birinchi kurslar “Kunlik charchoqdan keyin hali zamon tarrakdek qotib qolsak kerak”, degan xayolda uyquga  hozirlanardik. Barakda bizdan tashqari ikkinchi va beshinchi kurs talabalari ham joylashganini eshitgan esak-da, universitet yotoqxonasidan joy tegmay, shaharning har turli ijara uylarida bazo‘r joylashgan men singarilar yuqori bosqichdagilarni deyarli tanimasdi. Birdan tevaragi bo‘z bilan o‘ralgan qibla tomondagi joyning “devori” tushirilib — xuddi teatr sahnasida parda chetga suriladi-ku — dabdurust bir yigit she’r o‘qib ketdi. Bu holatni ko‘rmaganlar og‘zi ochilib, angrayib qoldi. U she’r ketidan she’r o‘qir, o‘qigan sari mardona ovozida hech kimnikiga o‘xshamaydigan bir shiddat, to‘g‘ridan to‘g‘ri qalb­ga kirib boradigan yorug‘ nimadir tevarakda lol aylanardi. Men uni darrov tanidim, u bultur sinov xonasidan birinchi bo‘lib chiqib ketgan o‘sha do‘ng peshonali, ko‘zlari katta-katta yigit edi. U she’r o‘qirkan, yaqinda ekranlarga chiqqan “Olovli yo‘llar” ko‘p qismli badiiy filmi bosh qahramonini hayotda uchratgandek bo‘ldim. “Hamzaning xuddi o‘zi-ya». Men bunaqa jo‘shqin qalbli odamlar hayotda uchramasa kerak, kinoda bo‘rtirilgan deb o‘ylagan, mana endi bunday kishilar yon-atrofda ham bo‘lishini birinchi ko‘rib turishim edi. Shunda bir oy davomida universitet saboqlari berolmagan ilhom-ijod muhitini hech kimdan so‘ralmay o‘qilgan she’r olib keldi. Hamma o‘zicha nimadir yozsam-u, keyin mana shu shiyponda o‘z tengdoshlarimga o‘qib bersam deb qolgan, terimdagi horg‘inlik ham allaqayga g‘oyib bo‘lgandi. Va shundan boshlab talabalikdagi paxtaga olib chiqishlar saboqlardan qolish emas, balki yoshligimizning ajib kunlarida taqdirning bizga hadya etgan ijod bog‘i, she’riyat anjumani bo‘ldi. To‘lqinlanib, orziqib she’r eshitgimiz, she’r o‘qigimiz kelsa, alohida tadorik yo taklif kerak emas: goh barakning o‘zida “sahna ochilib”, goh shiypon yonida gulxanni o‘t oldirib, o‘z-o‘zidan she’rxonlik boshlanardi. Bu she’rxonliklarni esa ko‘pincha birinchi bo‘lib “bizning Hamzamiz” — A’zamjon Xudoyberdiyev boshlab berar va boshqarar edi.

O‘yimga to‘r solmang — hurlar ichra hur,
Gulyuz sevgilimni o‘ylayotganda.
Keting, halal bermang, o‘zbek bulbuli
Sherali Jo‘rayev kuylayotganda.

Ammo A’zam O‘ktamning qismati haqiqiysi yashirilib, to‘qib bichilgan soxtasi oshirib-toshirilgan Hamza hayoti va ijodiga sira ham o‘xshamadi…

Shoir qalbni yorug‘likka to‘ldirishi kerak. Shoir ko‘ngilning qo‘rg‘oni — dilni osmono‘par etishi joiz. Xalqning, elning ko‘nglini ko‘tarishga keladi shoirlar! Buni eplolmagan shoir ham shoirmi? Hech qachon! Shoirning she’rini o‘qib, tinglab, el, inson tushkunlikdan qutulsin, dili xastalar sog‘aysin. Tirilgan ko‘nglida yaxshilikka jur’at, yomonlikka jillaqursa naf­rat uyg‘onsin, naf­rat ulg‘aysin. Oydin armondan yig‘lab, qurum bosgan, g‘ashlik hukmron allaqayerlari tiniqlashsin.

A’zam O‘ktam biz paxta dalalarida, gulxan tevaragida eshitib kuch olgan, she’rlari O‘zbek otaning qalbidan otilgan buloqday beg‘ubor va tanti edi. Bir jigarday, bir eldoshday uni sevish, cho‘pon va deh­qonning soddaday ko‘ringan, ammo ma’nosi teran to‘pori fe’li kabi undan zavqlanib ketardik.

Farg‘onadan kelaman
Kelasanmi yor-o, kelasanmi yor.
Senga oshiqligimni
Bilasanmi yor-o, bilasanmi yor.
Bir boshga bir o‘limni
Bo‘yinga oldik-a, bo‘yinga oldik.
Kim bevafo bo‘lsa, uni
Xudoga soldik-a, Xudoga soldik.

Shu sakkiz qatorning o‘zida to‘rtta juda katta mezonlar — uning hayotiy e’tiqodi — VATAN, YOR, O‘LIM — hammasini birlashtiruvchi: YAratganga boruvchi samimiy izhor yarqirab ko‘rinadi. Mo‘min-musulmon o‘zbekning bundan zalvorli hikmati bo‘lishi mumkinmi?! Yurt mustamlaka, el qul holida esa-da, bu hikmat A’zam O‘ktamning qon-qoniga singigan, oila muhiti shu mezon asosida shakllanganidan xabar beradi. Har bir satridan almisoqdagi iymon nuri ufuradi. Uni yigirma ikki yoshli yigitchaning qulog‘iga bir hur shivirlagan bo‘lsa ishonavering.

A’zamning armonli, bulbul chah-chahiday g‘ami ko‘tarinki, tongotarda mo‘ysafidning hikmatiday ziyo ulashadigan talay she’rlari borki, ularni o‘qigan o‘quvchi shoir yashagan davrnigina emas, Qiyomat qadar davom etar insoniyat hayotining ma’sum, yoniq, mas’ul chog‘larini xotirlaydi.

Balki umr o‘tdi bekor,
Oldda qandoq kunlar bor?
Bolaligim beg‘ubor
Olamga duo denglar.
Oshiqni otdim tikka,
Tushar chekkami-pukka?
Etkazmoqchiman ko‘kka,
Nolamga duo denglar.

Manmanlik, xudbinlik bilan nimaga erishib bo‘lardi? Neki nek niyat bo‘lsa, Yaratgandan astoydil so‘rab, jon-jahdi bilan intilish evaziga ro‘yobga chiqadi. Intilish sababchi, O‘zi qabul qilib, ijobat etadi. Ammo o‘sha yillarda buning uchun fitriy farosatgina yordamga kelishi mumkin edi. Ana shunday tug‘ma farosat bilan yo‘lga chiqqan, tilga tushgan shoir A’zam O‘ktamning kelajagi nima bo‘ldi?

O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxiri, to‘qsoninchi yillar boshida yozganlarini e’lon qila boshlagan avlod ba’zan nolib qolishadi: Iqtisodiy qiyinchiliklar, bozor iqtisodi ijodimizga kuchli zarba berdi. Faqat yozish emas, uni kitob qilib chiqarish, buning uchun pul topish tashvishi ham o‘zimizning chekimizga tushdi. Yozaylikmi yoki uni chiqarish uchun pul topaylikmi? Balki… Lekin ayni shu saksoninchi yillarning ikkinchi yarmi va to‘qsoninchi yillarning boshida yurtimiz, xal­qimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida shunday keskin ijobiy o‘zgarishlar yuz berdiki… asrlar davomida xalqimiz orzu qilgan armon bilan bobolarimiz kuta-kuta o‘tgan milliy qadriyatlarimizning tiklanishiga, e’tiqod erkinligiga yetdik. Mayli, yozganlarimiz kitob holida chiqishini biroz kutsak-kutarmiz, ammo aslo nolishga haqqimiz yo‘q.

Na Toshkent, na Qo‘qon biladi meni,
Axir o‘z-o‘zimni aldab netaman?

deb ochig‘ini yozgan A’zam O‘ktamning o‘sha yillarda qoralagan eng sara she’rlari keskir, achchiq haqiqatlarning xushbuy guldastasidir. Kimdir “She’rning eng go‘zal chiqqani — shirin yolg‘oni”, degan ekan. Lekin hech bir tashbeh, mubolag‘a, chiroyli yolg‘on achchiq haqiqatning, teran hikmatning o‘rnini bosa olmaydi.

Shoir kamolga yetganda, ijodkor sifatida ulg‘ayganda u faqat haqiqatni aytishga qasd qilgani, bu borada borgan sari hech ham tap-tortmagani, dovyuraklik bilan elning, yurtning ruhiy hayotidan roviylik qilganini his qilasan.

O‘gayga o‘xshayman ona Vatanda.
Tun. Bo‘ron. Tahlika…
Yashashdan bezdim.
Bor ovozda kuylash taqiqlanganda
Ovozim ochilib ketganin sezdim.

“Balog‘at”

Hali-hamon milliy-diniy qadriyatlarimizga nopisand, yurish-turish, kiyinishimizda shu narsani ko‘rsa “qishloqi” deb kuladigan hamrohlarimiz bor. Bu millatni sevgan kishiga juda ham alam qiladi. Masalan, do‘ppi va to‘n yaqin-yaqin yillargacha o‘lim xabari, azadorlik belgisi bo‘lib qolayozgan edi. Ayrimlar hali-hamon shu g‘aflatda.

Kimdir o‘lar, nimadir bo‘lar,
O‘zbek qaytsa asl holiga.

Shoir achchiq kinoya qilar ekan, kinoyasi piching doirasini yorib chiqadi. Agar millatimiz asl holiga qaytsa, yovlari mahv etiladi, yaxshilik yuz ochadi, deganni ma’no tag ostiga berib, jasur orzu qiladi. Ruhi sindirilgan elni asl holiga qaytarish uchun moziydan dalillar izlanadi. Shoir uni istaganidan topadi:

Qul bo‘lgan emasmiz, hech birodarlar,
Garchi ko‘p bosqinlar, talovlar o‘tdi.
O‘qtalgan musht kabi turar minorlar,
Maqbara qubbasi dubulg‘a xuddi.

U haqiqatni san’atkorona aytishda mustamlaka zulmi boshidan kechgan, ozodlikka umrini tikkan Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Asqar Qosimlarning tolibi bo‘lgani juda seziladi. Ammo tolibligicha qolib ketmasdan milliy qarashlarimiz xazinasini boyitdi. Bu yo‘ldagi uning eng muvaffaqiyatli izlanishlari, keskin, yangroq, topilma, kashfiyot satrlarining umri uzoq: millat, yurt haqidagi qo‘rqmas giryalar kabi qayg‘umizni eslash, ruhiyatimizni ko‘tarish uchun ularga murojaat qilaveramiz.

A’zam O‘ktamning yigirmaga ham kirmagan shoirligi, qirq birning ustida xazon bo‘lgan gul umriga murakkab va o‘zgarayotgan davrning to‘laqonli va zerikarsiz bir talay manzaralari ko‘chganki, yillar o‘tgan sari ularning qadri oshadi. Uning shunday ko‘lamdor va yorqin she’rlaridan biri “Yakshanba” rus shoiri Sergey Yeseninning 20-yillarda inqilob bois ona Vatani boshiga solingan kulfatlar — yangi davr iztiroblari haqidagi she’rlari, dostonlarini eslatadi. Ammo Yeseninda yangi fitna va yolg‘on zamoniga moslasha olmaslik qayg‘usi ustivorlik qilsa, A’zam O‘ktamning “Yakshanba”sida millatimiz boshiga solingan so‘nggi qatag‘on — o‘tgan asr saksoninchi yillari o‘rtasida “O‘zbek ishi” deya jar solingan musibat, adolatsizlik va xo‘rlashlar, ozodlik ehtiyoji bor ovozda kuylanganki, men she’riyatimizda ushbu qatag‘on bir nafasda, dostonday qamrov bilan fosh etilgan boshqa she’rni bilmayman. O‘zligini unutayozgan, ajnabiyparast bo‘lib borayotgan ancha-muncha yoshlarimiz bu asar bilan tanishishsa ko‘p foydali bo‘ladi. “Yakshanba” maktab darsligiga kiritishga arziydi.

Shoirni bir-birining uzviy va mantiqiy davomi bo‘lgan “Bir kun” va “Bir tun” she’rlarida ham shaxs-shoir to‘laqonli namoyon bo‘ladi. Qolaversa, u loyqalar tinib, qarashlar shakllangan zamonning shaxs-shoiri emas, ayni eski zamon bilan yangisi ayovsiz kurashga kirgan, kim haqu nima to‘g‘riligi borasida adoqsiz bahslar kechayotgan bir davrdagi shaxs-shoirning munojotidir. Hayratlanarlisi, u yangi bir davrga kirgan o‘zbek ziyolilarining ichki olami, javobgarligi-yu haqdorligini o‘z-o‘zini fosh etish bilan ayovsiz taftish etadiki, she’r chaqmog‘ining yorug‘ida dahriy bir tuzumdan chiqqan ezg‘in va umidvor, yo‘lsiz va hayron avlodning ruhiyati porlab jilolanadi. Uch yil o‘tib 1993 yili yozilgan “Bir tun”da nainki ijodkorning, oddiy insonning-da haqiqiy hayoti — iymonga kelish, hidoyatni topish saodati, oxir oqibat Yaratganga yuzlanish hodisasi borki, yetmish yil nari berisidagi shoirlarimiz so‘zida bu ma’rifat shu’lasi g‘o­yib bo‘lgan edi…

Ko‘p nodon ekanman: axir sen bor-ku,
Bo‘lmasmi o‘zingga hasratim aytsam.
G‘amxo‘rim bir o‘zing — Parvardigor-ku,
Har ne bo‘lay emdi, Haq yo‘ldan qaytsam.

“Bir tun” 1993

A’zam O‘ktam mardona, shiddat bilan yashayotganini bilardik, ammo shitob bilan o‘tib ketganini bilmay qolibmiz. 2002 yili fevrali boshida ertalab bekatda avtobus kutib tursam, jo‘ramiz Yusuf Abdulloh yetib kelib, musibatdan ezilib dediki… Mana to‘rt yarim yil o‘tibdi hamki, bu shum xabardan karaxtman. Nahotki “Qirqinchi bahor”ini kechagina taqdim etgan (kitobining nomi) A’zam shoir qirq ikkinchi bahorga yetolmagan bo‘lsa? Nachora. Shukrki, men boshqa narsani aytmoqchiman. Bul tong A’zam O‘tkam she’rlarini qo‘limga olib, miriqib o‘qir ekanman, u bilan uchrashdim, suhbatlashdim. Shoirni shundan qo‘ymasin!

Vafo FAYZULLOH

“Hurriyat” gazetasidan olindi.