Yoki g‘olib Sherg‘ozixon va mag‘lub rus armiyasi
Sho‘rolar davrida chiqqan O‘zbek Sovet Entsiklopediyasida ham Sherg‘ozixon haqida hech gap yo‘q. 13-jildida “Sherg‘ozixon madrasasi”ga oid maqolada, mazkur bino 1717 yili Xiva xoni Sherg‘ozixonning Mashhadga muvaffaqiyatli yurishi sharafiga qurilganligi aytiladi, xolos.
Bekovich-Cherkasskiy haqida esa juda ehtiyotkor maqola berilgan. Unda: «Petr I o‘zbek xonliklarida rus davlati ta’sirini o‘rnatish, Amudaryo o‘zanidagi oltin sochmalarini aniqlash, Amudaryoning bir vaqtlar Kaspiyga quygan o‘zani haqida ma’lumot to‘plash maqsadida maxsus farmon chiqargan va Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida, avvaliga 1744 askar, 19 to‘p, yuzdan ko‘proq zobit va mutaxassislarni yuborgan».
1716 yilgi ikkinchi ekspeditsiya Xiva yaqinidagi Karag‘och daryosi qirg‘og‘ida to‘xtagan, baliq ovlash uchun yuborgan 60 askari xivaliklar tomonidan asirga olingani, rus otryadiga qo‘qqisdan qilingan hujum oqibatida ekspeditsiya tor-mor etilgani ma’lum qilinadi. Mag‘lub istilochi Bekovich-Cherkasskiy ism sharifi bir necha bor takrorlanadi. G‘olib Sherg‘ozixon haqida hech nima deyilmagan.
Va nihoyat, yangi chiqqan O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasida Bekovich-Cherkasskiy yurishi haqida shunday satrlar bor:
«Rus podshosi Petr I Bekovich-Cherkasskiyga quyidagi topshiriqni beradi: Amudaryoning eski o‘zanini tekshirib, uning qumida oltin bor-yo‘qligini aniqlash, Amudaryoning Orolga quyilish joyida, ya’ni Xorazmda istehkom qurish, Xiva va Buxoro xonliklarini rus tobeligiga o‘tkazish, Hindistonga boradigan savdo yo‘llarini o‘rganish.
Ekspeditsiya tarkibida 4000 muntazam askar, 2000 yoyiq kazaklari, o‘nlab zobitlar, injenerlar bor edi. Xivada 120 kilometr masofada, Qayrag‘och daryosi qirg‘og‘ida Sherg‘ozixon 24 ming kishilik qo‘shini bilan rus kelgindilariga qarshi chiqadi. Uch kunlik jangda katta talofat ko‘rgan Xiva xoni harbiy-strategik hiyla ishlatib, Bekovich-Cherkasskiy harbiy otryadini qirib tashlaydi».
30 jildlik ruscha katta Sovet Entsiklopediyasida bu harbiy hiylani “muzokara olib borish uchun kelgan otryad xiyonatkorona tor-mor etilgan”, deb izohlanadi.
Olti ming kishilik qurollangan qo‘shin darvozang tagiga zambaraklar bilan kirib kelarmish-da, “xiyonatkorona” mag‘lub bo‘larmish. Sezyapsizki, bu ma’lumotdan oqni qora deb yurgan davr ruhi anqib turibdi.
Xolis bo‘lishi kerak bo‘lgan entsiklopediyalar Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan bosqinchilik siyosati va xatti-harakatini siypalab o‘tishgan.
O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasining 10-jildida, nihoyat, bizga ma’qul va yangi ma’lumotlarni ko‘ramiz. Sherg‘ozixon haqida shunday deyilgan:
“Sherg‘ozixon — Xiva xoni (1715-27)
Sherg‘ozixon davrida Petr I tomonidan yuborilgan Bekovich-Cherkasskiyning josuslik ekspeditsiyasi qirib tashlangan (1717). Rossiya Xiva xonligini o‘z ta’sir doirasiga kirita olmagach, har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Vaziyatni yumshatish uchun 1720 yili Xiva elchilari Rossiyaga jo‘natilgan, lekin elchilik a’zolari qamoqqa olingach, ulardan atigi bir kishigina Xivaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya hukumati Xiva xonligi orqali O‘rta Osiyoga kirib kelish fikridan voz kechmagan…”
Endi matbuotda e’lon qilingan yangi ma’lumotlarga murojaat etamiz.
“Trud” gazetasining 2002 yil 9 may kungi sonida chiqqan bir maqola “Petr I qanday qilib Osiyoga darcha ochdi” (“Ikki boshli burgut doimo ham G‘arbga, ham Sharqqa qarar edi”) deb nomlangan.
1713 yili taniqli turkman zodagoni Xo‘ja Nafas Astraxanga kelib, Bekovich-Cherkasskiyga Xiva xonliklaridagi daryolarda oltinni belkurak yordamida yuvib olish mumkinligini va zarur bo‘lsa, ruslarning harbiy yurishida yo‘l boshlovchilik qilishini bildiradi. Ruslar qadimdan Sharqda oltinni oddiy belkurak bilan qoplarga solishlari haqida afsonani ko‘p eshitgan edilar. Xo‘ja Nafasni Petr I ning o‘zi qabul qiladi va bu uchrashuv natijasida 1714 yil
29 martda Bekovich-Cherkasskiyni Xiva, Buxoro va Hindistonga boradigan yo‘llarni razvedka qilish uchun otryad boshlig‘i etib tayinlaydi. Senat bu yurish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani berish haqida hukm chiqaradi. Yurish 1717 yili boshlandi. Bekovich-Cherkasskiy va boshqa bosqinchilarni Sharq oltini shu qadar maftun etgan ediki, hatto, yurish boshlangan kuni xotini va ikki farzandi suvga cho‘kib halok bo‘lsa ham yo‘ldan qolmagan, safarga jo‘nagan! Otryadda 3000 piyoda, 600 shved suvoriysi, 2000 kazak dvoryan ko‘ngillilar, artilleriya batareyasi va boshqa qismlar bor edi. O‘sha davr uchun rosmana harbiy qo‘shin, ayniqsa, Sharqning kichik-kichik xonliklari uchun dahshatli kuch edi. Otryad 45 kunda qariyb bir yarim ming chaqirim (!) yo‘l bosib, Xiva yaqinida, Amudaryo atrofidagi ko‘l bo‘yida to‘xtadi va bu yerda harbiy istehkom barpo qildi.
Sherg‘ozixon 24 ming kishilik lashkar bilan otryadga hujum qiladi. Ruslar hujumni artilleriya yordamida daf etishga muyassar bo‘lishadi. Xon xazinachisi Kozimbek hiyla ishlatishni taklif etadi. Sherg‘ozixon Cherkasskiy bilan sulh tuzish uchun vakillar yuboradi. Bunga ishongan Cherkasskiy 500 otliq bilan Xon huzuriga Petr I takliflarini olib keladi. Paytdan foydalanib pistirmadagi Xiva askarlari hujumga o‘tadi va otryad tor-mor etilib, Cherkasskiy asr olinadi. Keyin esa otryadning qolgan qismi ham hiyla bilan mayda guruhlarga bo‘lib tashlanadi va yo‘q qilinadi.
Petr I nafaqat Boltiq dengizi qirg‘og‘ini qo‘lga kiritib, Yevropaga darcha ochgan, ayni vaqtda yana bir ko‘zini Sharqqa — Markaziy Osiyoga, Hindistonga qaratgandi. Uning uchun Qizilqum va Qoraqum sahrolari ichida yashiringan Xiva xonligi dastlabki bekat edi. Kichik Xiva davlati ruslarning Sharqqa yurishida birinchi to‘siq bo‘ldi va rus imperiyasining Markaziy Osiyoga hujumini bir yarim asr orqaga surib tashladi. Bu ishlarga Sherg‘ozixon boshchilik qildi. Tariximizning hali yaxshi o‘rganilmagan sahifalaridan biri ham shu bo‘lsa kerak. Yevropani larzaga solgan Petr I Xiva xonidan yengildi, desak ham yanglishmagan bo‘lamiz.
Bir yarim asr keyin, 1865 yili General Chernyayev Oqmachit, Turkiston, Taroz (Avliyo ota), Chimkent, Toshkent shaharlarini 6 ming kishilik qo‘shin bilan zabt etdi. 1716 yili knyaz Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida Xiva bosqinida qatnashgan qo‘shin tarkibida esa 6000 dan ortiq muntazam askar bo‘lgan.
?ulosa shuki, qanchalik xaspo‘shlanmasin, rus imperiyasining Sharqqa tomon birinchi hujumi Xiva ostonasida yakson qilinganini tarix oldida yashirib bo‘lmaydi. Muzaffar lashkarboshi Sherg‘ozixon nomi qanaqadir entsiklopediyalarga kiritilmasa-da, avlodlar tomonidan g‘urur bilan eslanadi. Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdilar qatorida tilga olinadi.
Anvar TOJIEV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.