Mamlakatimizda Internet yildan-yilga ommalashayotganligini inobatga oladigan bo‘lsak, yuqoridagi va ularga o‘xshash ko‘plab savollarga javob topish muhimligi o‘z-o‘zidan ravshandir.Butun bir Internetni to‘lasincha OAV qatoriga kiritish to‘g‘ri emas. Chunki Internet markazlashgan yagona axborot vositasi bo‘lmasdan, turli xildagi, shu jumladan, ommaviy axborot vositasi vazifasiga ega tuzilmalarni ham o‘z ichiga oluvchi muhitdir.Internetda maqsadi faqat axborot, aniqrog‘i ijtimoiy ahamiyatga molik axborot tarqatish bo‘lmagan saytlar ham mavjud. Bular — turli mahsulot va xizmatlar taklif qiluvchi tijorat yo‘nalishidagi saytlar, tarmoqda axborot izlashga yordamlashuvchi qidiruv tizimlari, elektron kutubxonalar va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunida «gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, axborot agentliklari, televideniye (kabelli, efir-kabelli televideniye) va radio eshittirishlar, hujjatli kino, elektron axborot tizimi, shuningdek, doimiy nomga ega bo‘lgan, davlat tasarrufidagi, mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar ommaviy axborot vositalaridir», deb belgilangan. Ko‘rinib turganidek, nomi tilga olingan axborot vositalaridan boshqalari uchun Qonunda asosiy mezonlar doimiy nomga ega bo‘lmoqlik, davriylik va ommaviylikdir. Internetda esa ushbu tushunchalar o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Gazetaning bir haftada necha marta chiqishiga qarab, uning davriyligini bilish mumkin. Lekin veb-saytda bunday davriylik bo‘lmaydi, chunki ma’lum muddat orasida veb-sayt to‘lasincha yangilanmaydi. Faqat uning materiallaridan bir qismi yangilanib turiladi. Shu sababli bu yerda davriylik o‘rniga boshqa tushuncha — axborotni yangilash muddatini kiritish mumkin. Bunda albatta, qanday qo‘lamda va qaysi muddat ichida materiallarni yangilash masalasiga aniqlik kiritish zarur. Chunki oylar davomida yangilanmaydigan saytni OAV qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi. Ommaviylik tushunchasiga kelsak, u biroz mavhumroq ekanligini tan olish kerak.
Ommaviy deb hisoblash uchun gazeta tiraji qancha bo‘lmog‘i lozim? Bizda 200 mingta chiqayotgan gazeta ham, 2 mingta chop etilayotgani ham bor. Ayrim viloyat yo tuman gazetalarining adadini gapirmasa ham bo‘ladi. Ularga qaraganda ba’zi veb-saytlarning muxlisi ancha ko‘proq. OAV texnologiyalari sohasi mutaxassislarining ayrimlari Internetning keng tarqalishi an’anaviy OAVning mavqeini susaytirdi, degan fikr bildirishmoqda. Aksariyat mualliflar esa bu fikrga qo‘shilmasdan, Internet gazeta radio, TVni siqib chiqarmasdan o‘z o‘rnini topib olmoqda, deyishmoqda.Bu borada boshqacha fikr ham mavjud. Unga ko‘ra matbuot va Internet bir-biriga raqobatchi bo‘lmasdan, o‘zaro hamkorlik yo‘llarini axtarishi kerak. Masalaning muhim tomoni shundaki, Internet-gazeta egalari 3-4 yildan so‘ng ularning nashrlari qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini tasavvur ham qilisholmaydi. Chunki internet-gazeta OAVning boshqa turlariga qaraganda ko‘proq yuqori texnologiyalar taraqqiyoti bilan bog‘liq.
Shu kunlardagi internet-gazeta o‘zining qog‘ozda chop etilayotgan «akasi»ga o‘xshagan, erta-indin esa yuqori texnologiyalar veb-materiallarni ovoz bilan hamda mitti veb-kameralar orqali videotasvirlarni ham qo‘shib uzatish imkoniyatini kengaytiradi. To‘g‘ri, ovoz va tasvir Internet orqali hozir ham uzatilmoqda. Lekin hozircha ular tom ma’nodagi internet-OAVga asos bo‘la olgani yo‘q. Internet-OAV faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasdan, kommunikatsiya o‘rnatishga, ya’ni axborot oluvchining fikrini o‘sha zahotiyoq bilishga va shunga qarab material mazmuniga o‘zgartirish kiritishga imkon yaratdi.Internet-jurnalistika matbuot , radio va TV bilan birgalikda jamiyatning informatsion siyosatini belgilaydi. Uning rivojlanishi OAVning boshqa turlari bilan o‘zaro aloqadorlikda amalga oshiriladi. Internetning paydo bo‘lishi bilan ommaviy axborotni tayyorlash va yetkazish sharoitlari o‘zgardi. Birinchidan, ommaviy axborotni tayyorlash faqat professional jurnalistlar jamoasiga xoslik xususiyatini yo‘qotdi. Ikkinchidan, ommaviy axborot bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ikkita qismga ajraldi. Ulardan biri axborot uzatish, ikkinchisi uni qabul qilib olib, o‘sha zahoti javob bera oladigan qismidir.
Shunday qilib, ommaviy axborot ommaviy kommunikatsiyaga aylandi. Uchinchidan, axborot gipermatn tuzilishini oldi. Ya’ni bir matnni o‘qib turib, uning mavzusiga yaqin bo‘lgan boshqa matnlarga o‘tish imkoniyati tug‘ildi. Ma’lum bir mavzu bo‘yicha material izlagan odam Internetdan ko‘plab boshqa materiallar bilan tanishishi mumkin.Shu o‘rinda yana ta’kidlash joizki, Internet an’anaviy OAVga nisbatan qator ustunliklarga ega. Internet: — bir yo‘la matn, tasvir va ovozni birlashtirib yetkazish imkoniyatiga ega;— har qanday kerakli axborotni alohida shaxs yoki bir guruh shaxslarga bevosita yetkazishi mumkin. Natijada o‘quvchilarning ehtiyoji va xohishini inobatga olish imkoniyati tug‘iladi;— interaktivlik xususiyatiga ega. Ya’ni u an’anaviy OAV singari monolog emas, balki diolog tarzida ishlaydi.
Xohlagan kishi Internet xabariga o‘sha zahotiyoq o‘z munosabatini bildirishi mumkin;— axborotni tezlik bilan yetkazish imkoniyatini yaratdi.G‘arb tadqiqotchilaridan Marshal Maklyuyen «Vositaning o‘zi xabardir» nomli kitobida zamonamiz vositasi (yoki texnologik jarayoni) bo‘lgan elektron texnika ijtimoiy o‘zaro bog‘liqlikka yangi shakl berishini hamda u va shaxsiy hayotimizning har bir jabhasini o‘zgartirishini ta’kidlagan edi. U elektr bilan «o‘rab olingan» yer kurrasi qishloqdan katta emas, degan edi. Uning bu so‘zlariga asoslanib, mutaxassislar Maklyuyen global qishloq g‘oyasini bildirgan edi, deb ta’kidlashmoqda. Internet aniq bir huquqiy makonda faoliyat yurgizmaydi. Unga xizmat qiluvchilar, ya’ni uni texnik jihatdan ta’minlovchilardan tortib mualliflaru foydalanuvchilargacha turli mamlakatlardagi tegishli qonunlar sub’ektlari hisoblanishadi. Internetda berilayotgan materiallarni noqonuniy yoki zararli mazmuni turli davlatlarda turlicha talqin etiladi.
Mazmunning zararliligi har bir mamlakat an’analaridan kelib chiqqan holda baholansa, noqonuniyligi mavjud qonunchilik asosida belgilanadi. Ayrim mamlakatlarda provayderlar o‘zini-o‘zi cheklovchi vositalar joriy qilishgan edi. Masalan, Buyuk Britaniyada sanoatchilar tashabbusi bilan Axloq kodeksi qabul qilindi. Bir qator davlatlar qonunchiligi agar provayder berilayotgan materialning noqonuniyligidan xabar topsa, tegishli chora ko‘rishi zarurligini belgilab qo‘ygan. Kanada provayderlari uyushmasi Kodeksida uyushma a’zolariga huquqiy mezonlarga amal qilishni o‘rgatish, ular tomonidan noqonuniy mazmundagi materiallarni tarqatmaslik, foydalanuvchilarning materiallar mazmuni haqida bildirgan har qanday fikrini inobatga olish belgilangan. Frantsiyada o‘sha vaqtlardayoq rasmiy Internet Xartiyasi sayti tashkil etilgan edi. Unda Internetda axborot joylashtiruvchilar va ulardan foydalanuvchilarning ixtiyoriy majburiyatlari tamoyillari belgilab qo‘yilgan.
Rossiya Federatsiyasining «OAV to‘g‘risida»gi qonunida Internet haqida alohida so‘z yuritilmagan. Ammo Qonun moddalarini tahlil qilgan mutaxassislar Internet nashrlarining qaysi holatda OAVga kiritish belgilab qo‘yilganligini uqtirishmoqda. Qonunning 2-moddasi bo‘yicha ommaviy axborot vositasi deganda, davriy matbuot nashri, radio va tele- hamda video dasturlar, kinoxronika dasturi, ommaviy axborotning davriy tarqatiladigan o‘zgacha shakli tushuniladi. Ommaviy axborot deganda cheklanmagan shaxslar doirasiga atalgan bosma, audio, audio-vizual hamda o‘zgacha xabar va materiallar anglaniladi. Qonunda ommaviy axborotga berilgan ta’rif veb-saytlardagi xabarlarga to‘la taalluqlidir. Chunki ularning materiallari cheklanmagan shaxslar doirasiga mo‘ljallangan. Veb-saytning o‘zi esa ommaviy axborot vositasi sifatida tan olinishi lozim, chunki u ommaviy axborotni davriy tarqatadi. Lekin, shu bilan birga, sayt na bosma, na teleradio uzatish tarmog‘iga kiradi. U «OAV to‘g‘risida»gi Qonunning 24-moddasida belgilangan o‘zgacha ommaviy axborot vositasi degan guruhga taalluqli. Qonun bo‘yicha veb-saytni tashkil etib, unga xizmat qilayotgalarni OAV tahririyati sifatida, serverning mazmuniga mas’ul bo‘lgan shaxsni bosh muharrir sifatida tan olish mumkin. Ammo sayt xodimlarini jurnalistlar qatoriga kiritib bo‘lmaydi. Chunki Rossiya qonuni bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan OAVda faoliyat yurgizayotgan shaxs jurnalist sanaladi. Rossiya saytlarining sanoqlisigina OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Ommaviy axborot vositasi to‘g‘risidagi Rossiya qonunchiligi OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tgan saytlargagina tegishli. Ro‘yxatdan o‘tgan saytning jurnalisti qonunlarda belgilangan barcha huquqlardan foydalanish imkoniyatiga ega. Veb-saytga mamlakatdan tashqarida asos solish mumkinligi yangi bir huquqiy muammoni keltirib chiqarmoqda. Bu xalqaro huquq normalarini ham inobatga olishni talab etadi. «OAV to‘g‘risida»gi qonun nafaqat mamlakat ichidagi saytlarga, balki Rossiya fuqarolari kirib o‘qishi mumkin bo‘lgan saytlarga ham daxldor. Rossiya fuqarolariga xorijiy saytlarga kirish kafolatlanganligi sababli, barcha saytlarga Rossiya Federatsiyasi qonunchiligini qo‘llash mumkinligini mutaxassislar uqtirishmoqda. Rossiyada Internet tarmog‘idagi ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatiga olish hakidagi Nizom mavjud. Ro‘yxatdan o‘tgan OAVga tegishli guvohnoma beriladi.Qozog‘iston Respublikasi «OAV to‘g‘risida»gi Qonunning 1-moddasida Internet ommaviy axborot vositasi qatoriga kiritilgan, saytlarda joylashtirilgan axborot esa ommaviy axborot vositasi mahsuloti deb tan olingan.
Qonunning «Ommaviy axborot vositalari hisobga olish» deb atalgan 10-moddasida veb-saytlardan tashqari barcha OAV ro‘yxatga olinishi zarurligi uqtirilgan. Ozarboyjon Respublikasining «OAV to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasida Internet ommaviy axborot vositasi ekanligi qayd etilgan. Qonunning «Ommaviy axborot vositasini ta’sis etish» degan 14-moddasi bo‘yicha bosma nashrlarni ta’sis etish uchun davlat organlarining ruxsati talab etilmaydi. Hamdo‘stlikning boshqa davlatlari va Boltiqbo‘yi mamlakatlarining ommaviy axborot vositalariga oid qonunlarida Internet haqida alohida so‘z yuritilmagan. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda qabul qilinishi ko‘zda tutilayotgan OAVga oid qonun hujjatlarida tegishli o‘zgarishlar, qo‘shimchalar kiritish zarurligi ayon bo‘lib turibdi.Hozirgi kunda O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 855 ming kishini tashkil etadi. Keyingi bir yil davomida foydalanuvchilar sonining uchdan bir hissaga oshganligi, yuqoridagi ko‘rsatkich yaqin yillar ichida bir necha marotabaga ko‘payishidan dalolat berib turibdi. Bunga hukumatimizning kompyuter va boshqa texnika vositalari va butlovchi qismlarning importi uchun o‘rnatgan imtiyozi ijobiy ta’sir etganligini ta’kidlash joiz. Ana shunday sharoitda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning qonuniyligini ta’minlash uchun qator masalalarni hal etish talab etiladi.
Toshpo‘lat RAHMATULLAEV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.