tarixiy kashfiyotlar har qanday o‘zgartirishlar kiritishi mumkin
Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlash bo‘yicha davlatimiz rahbarining qarori e’lon qilingandan so‘ng uch kun o‘tib, internet-nashrlardan biri istehzoli xabar e’lon qilgan edi. Xabarda bundan 36 yil oldin Samarqandning 2500 yilligi qayd etilganligi, o‘shanda «kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan sovet olimlari shaharning ana shu mo‘tabar yoshini isbotlashganligi» uqtiriladi. O‘z istehzosini davom ettirib muallif: «Balki o‘n yil o‘tgach, vatanparvarlik kayfiyatidagi tarixchilarning boshqa avlodi UNESCOga Samarqandning 3000 yilligini tasdiqlovchi yangi dalillar taklif etishar», der ekan, shunday xulosa bildiradi: «Albatta, ushbu tantanali sanani ham nishonlashadi, albatta, uni UNESCO qo‘llab-quvvatlaydi».
To‘g‘ri, 1970 yilda Samarqandning 25 asrlik to‘yi nishonlangan edi. Kelgusi yili shaharning 2750 yilligi tantana qilinishi ham ayni haqiqat. Xo‘sh, o‘tgan davr ichida Samarqandning «birdaniga» ikki yuz ellik yilga «qarishi» zamirida qanday hikmat yotibdi? Bu yoshni tasdiqlovchi aniq dalillar bormi yoki UNESCOdek nufuzli xalqaro tashkilot «vatanparvarlik hissi bilan to‘lib toshgan» o‘zbek olimlarining ra’yiga qarab, yubiley sanasi haqidagi qarorini chiqardimi?
Shaharning 2500 yilligini «kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan sovet olimlari» isbotlaganligini ta’kidlayotganlar aslida ilmiy kashfiyot bo‘lgan bu faktni kamsitishga urinishmoqchi. Bu xolislik da’vosida bo‘lganlarga yarashmaydi.
Keling, hissiyotga berilmasdan, aniq dalil va raqamlarga tayangan holda Samarqand tarixining ilk bosqichiga oid masalalarga oydinlik kirituvchi jihatlarini xolisona ko‘rib chiqaylik.
Samarqandning mo‘tabar yoshini tasdiqlovchi dalil-ashyolarni dastlab arxeolog Aleksandr Ivanovich Terenojkin topgan edi. U 1946-1948 yillarda Afrosiyob shahar xarobasida olib borgan qazishmalari davomida miloddan avvalgi VI-IV asrlarga tegishli bo‘lgan topilmalarni qo‘lga kiritgan edi. Ana shu ashyolar ichida Ahamoniylarga tegishli bo‘lgan muhr ham bor edi.
Shundan so‘ng olimlar birdaniga bong urib, 25 asrlik sana xususida gap-so‘z boshlashgan emas. Dalillar puxta o‘rganilib, har tomonlama tahlil qilindi. O‘tgan asrning 60-yillarida arxeologlar Galina Shishkina, akademik Yahyo G‘ulomov va boshqalar o‘z ilmiy maqolalarida Samarqand kamida 2500 yil oldin vujudga kelganligini isbotlovchi dalillar mavjudligini bayon qilishgandi. Olimlarimizning bu mulohazalari jahon ilmiy markazlarida, turli ilmiy anjumanlarda keng muhokama qilindi. Yuqoridagi xulosa xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan tasdiqlangach, kerakli hujjatlar belgilangan tartibda UNESCOga taqdim etildi. U yog‘i sizga ma’lum, aziz o‘quvchi: shahar yubileyi katta tantana bilan qayd etildi.
Samarqandning 2500 yillik yoshi tarix va arxeologiya fanlarining o‘sha davrdagi imkoniyatlari va saviyasi ko‘rsatkichi edi. Ammo ilm-fan doimo rivojlanishda, yangi texnika va texnologiyalar barcha jabhalarda ixtirolarga olib kelmoqda. Qadimiy shahrimizning yoshiga 250 yil «qo‘shilganligi» ana shu izlanishlar oqibati bo‘lib, keyingi yillarning ilmiy darajasini belgilaydi. Shahar 2750 yoshida ekanligi haqidagi dalillarni jahon ilmiy jamoatchiligi ko‘zini shamg‘alat qilgan mahalliy olimlar YuNESKOga yuborishgan, deb o‘ylash o‘ta bema’nilikdir.
Bundan 18 yil oldin O‘zbekiston-Frantsiya qo‘shma arxeologiya ekspeditsiyasi tashkil etilib, o‘shandan beri u Afrosiyobda qazishmalar olib bormoqda. Aynan ana shu tadqiqotlar davomida Samarqand Ahamoniylar davrida emas, undan ancha avval paydo bo‘lganligini tasdiqlovchi yangi ashyoviy dalillar qo‘lga kiritildi. Ular nimalardan iborat?
Ushbu savol bilan qo‘shma arxeologiya ekspeditsiyasining O‘zbekiston tomonidan rahbari tarix fanlari doktori Muhammadjon Isomiddinovga murojaat qildim. Olim savolga batafsil javob qaytarib, kaminani shu kunlarda ilmiy izlanishlarni davom ettirish uchun yurtimizga kelgan ekspeditsiyaning Frantsiya tomonidan rahbari professor Frants Grene bilan tanishtirdi. Ularning fikrini to‘laligicha bu yerda takrorlashga imkon ham, hojat ham yo‘q. Shuni aytish kifoyaki, Afrosiyobda olib borilgan tadqiqotlarning ayrim jihatlarini tahlil qilgan Muhammadjon aka Samarqandda shahar madaniyati shakllanishiga bag‘ishlangan katta monografiya nashr ettirgan. «Vatanparvarlik kayfiyatidagi tarixchilarning boshqa avlodi» ishiga shubha bilan qarayotganlarga ushbu kitobni o‘qib chiqishni tavsiya etgan bo‘lardim. Monografiya ular tushunadigan tilda, ya’ni rus tilida 2002 yili «Istoki gorodskoy kultur? Samarkandskogo Sogda» nomi bilan chop etilgan.
Samarqandning mo‘tabar yoshini tasdiqlovchi ashyoviy dalillar qatoriga kiruvchi sopol idish parchalari, guvalaksimon g‘ishtlar va yaxlit, ya’ni monolit usulida qurilgan devorni misol keltirsh mumkin.
Agar Ahamoniylar davrida shahar devori uzunligi 50-55, eni 28-32, qalinligi 8-10 santimetrli g‘ishtlardan qurilgan bo‘lsa, undan oldingi davrda guvalaksimon g‘ishtlar ishlatilgan. Devorning o‘zi ham davriga qarab o‘zgarib borgan. Miloddan avvalgi VI-IV asrlardagi devorni olimlarimiz «yo‘lak-galereya tizimi» deb atashadi. Bunday devorning kengligi 2-2,5 metr bo‘lgan. Arxeologlar Afrosiyobda shahar mudofaa devori dastlab guvalaksimon g‘ishtlardan yaxlit (monolit) shaklda qalinligi 7-8 metr qilib qurilganligiga guvoh bo‘lishdi. «Devor ostida topilgan sopol parchalari miloddan avvalgi XII-VIII asrlarda tarqalgan madaniyatga xos», — deydi Muhammadjon aka.
Afrosiyob mudofaa devori va unda ishlatilgan g‘ishtning qaysi davrga tegishli ekanligini, umuman, Samarqand yoshini aniqlashda Ko‘ktepa topilmalari muhim o‘rin tutadi. Bu haqda Frants Grene shunday deydi: «Ko‘ktepada madaniy qatlam Afrosiyobga nisbatan yaxshi saqlangan. Chunki Ko‘ktepada hayot nisbatan qisqa vaqt davom etgan. Odamlar uni tashlab ketgandan so‘ng ilk qatlamlari buzilmay qolgan. Shu sababli bu yerdagi topilmalar qiyosiy tahlil etilganda, Samarqandning ilk tarixiga doir ko‘pgina savollarga javob topish imkonini beradi».
Shu sababli bu yilgi mavsumdagi qazishmalar qo‘shma ekspeditsiya tomonidan ham Afrosiyobda, ham Samarqand yaqinida joylashgan Ko‘ktepada olib borildi. Uning natijalari kutilganidan ham ziyoda bo‘ldi. M. Isomiddinovning aytishicha, bu yerdan bundan 3500 yil oldingi davrga tegishli topilmalar qo‘lga kiritildi. Agar kelgusida xuddi shunday ashyolar Afrosiyobda ham topilsa, ajab emaski, Samarqandning yoshi yana uzaysa. Buni ilm-fanning rivojlanishi natijasi deb baholash kerak bo‘ladi. Kashfiyotni qaysi millatga mansub olim amalga oshirganligidan qat’i nazar, u umumjahon mulkiga aylanadi. Shu sababli qalbida kiri bo‘lmagan, xolislikni ilm-fanning yagona mezoni deb hisoblaydiganlar Samarqandga butun insoniyatga tegishli bo‘lgan jahon tamadduni markazi sifatida baho berishadi-da!
Toshpo‘lat RAHMATULLAEV
“Hurriyat” gazetasidan olindi