Bu yil Behbudiy tavalludiga 130 yil to‘ladi. Bu nom sho‘rolar zamonida uzoq yillar xalqimiz xotirasidan sitib chiqarildi, tilga olinmadi. Tilga olinganida ham “millatchi”, “xalq dushmani”, “Vatan dushmani” kabi tavqi la’natlar bilan eslandi. Ayrim sovet olimlari esa uni johillikda, ma’rifatsizlikda aybladilar. Holbuki, tarix tamom boshqa edi.
Mana ayrim e’tiroflar:
“Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o‘sha vaqtdagi jadidlaridan unga teng keladigani yo‘q deb o‘ylayman” (Fayzulla Xo‘jayev).
“Mahmudxo‘ja Behbudiy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotida birinchi o‘rinni olurg‘a loyiq zotdur” (Hoji Muin ibn Shukrulla).
“Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi… Turkistondagi yangi adabiyotning markazi, chamasi, Samarqanddir, yosh adiblarning bosh ilhomchisi deb esa Samarqandlik mufti Mahmudxo‘ja Behbudiyni e’tirof etmoq kerak bo‘ladi” (akademik A.N.Samoylovich).
“O‘zbek milliy adabiyotini boshlab bergan, uning negiz toshini qo‘ygan Behbudiy bilan Fitrat edi” (Zarif Bashiriy).
Bu e’tiroflarni uzoq davom ettirish mumkin.
Bu nom siyosat dunyosida Buxoro amiridan Turkiston general-gubernatorigacha, hatto so‘nggi oqpodsho ikkinchi Nikolaygacha ma’lum edi. Uni Rusiya jadidchilik harakatining tan olingan rahnamosi Ismoilbek Gaspralidan mashhur “Sho‘ro” jurnali muharriri Rizoiddin Faxriddingacha, sibirlik o‘zbek Qozi Abdurashiddan Sorbonna universitetida dars bergan Sadri Maqsudiygacha juda yaxshi bilar va yuksak qadrlar edilar. Mashhur Zaki Validiy Behbudiyning 1917 yil aprelda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlarining 1-qurultoyidagi nutqi o‘lka ziyolilarining fikrini milliy istiqlol tomon burib yuborganini mehr va ixlos bilan tilga olgan edi.
U xiyonatkorona qatl qilinganida o‘nlab marsiyalar yozildi. Bu marsiyalar birgina e’tirof emas, e’tizor va e’tiroz ham edi. Vatan va Millatning o‘z ulug‘ farzandini qadrlay olmaganlik, asray olmaganlik e’tizori edi. Vatan va millat farzandlarining xiyonatkor zamonga e’tirozi edi. Ayrimlarini xotirga olaylik. Jumladan, Sadriddin Ayniy yozadi:
Sani mundin buyon Turon ko‘rolurmu, ko‘rolmasmu?
Saning mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu?!
San, ey ustodi oliyshon, eding a’jubai davron,
Otingni tilga har inson, buyuk hurmat-la olmasmu?!
Saning tarixi davroning, saning osori irfoning,
Saning noming, saning shoning jahon qoldiqcha qolmasmu?!
Mana bu parcha uning Behbudiy qatlgohiga xitoban aytgan she’ridan:
Bir dasti riyo, dasti jafo, dasti xiyonat
Mumkinmi sani aylasa, ketdikcha siyosat?!
Yo‘q, yo‘q kelur albat, kelur albat,
Zolimlari tard etmaga, mahv etmaga navbat!
Ey qotila, ey fojira, ey fitnai Turon!
Turon eli fitnang ila bo‘lsunmu parishon?!
Bir kun kelur albat, ojizlara navbat…
Mashhur Fitrat unga bag‘ishlagan she’rini “Behbudiyning sag‘anasini izladim” deb sarlavhalaydi. Istibdodga qarata: “Otamning qabrini qay yerga yoshurdung?! Bot so‘yla!…” deb bong uradi.
“Belgisiz qabringni qaro tunlarda
Amalimning sham’in yoqib izladim”, —
deb boshlanardi Cho‘lponning she’ri.
Behbudiyni xoinona, pinhona o‘ldirdilar. Hayotining har bir soniyasi xalqining nazari, e’tiborida kelgan shunday farzandining o‘limi salkam bir yilin keyin ma’lum bo‘ldi.
Bu 1920 yil edi. Millatning “Millat!” degan farzandlarini qaychilab turishni qoida qilgan sovet hukumati riyokorlikni o‘rniga qo‘ydi. Go‘yo xalq motamiga “sherik” bo‘ldi. Behbudiy nomiga ko‘chalar, maktablar qo‘ydi. Hatto u qatl etilgan Qarshi shahri 11 yil Behbudiy nomi bilan ataldi. Holbuki, Turkiston Behbudiyga motam tutib turgan o‘sha 1920 yili yana bir mashhur jadidimiz, 1909 yili Lev Tolstoy bilan xat yozishgan Ubaydulla Asatillaxo‘jayev Moskvada “chaquv” bilan qo‘lga olinib, “Butirka”ga qamoqqa tashlangan edi. Bir yil o‘tar-o‘tmas, Toshkentda Munavvarqori qamoqda o‘tirib chiqdi. 1921 yili Fitrat va uning bir qator safdoshlari masalasi RKP(b) MK Siyosiy byurosida ko‘rilib, Stalinning bevosita ko‘rsatmasi bilan Buxorodan badarg‘a qilingan edilar. Hatto Qarshiga Behbudiy nomi berilgan o‘sha 1926 yili Abdulla Qodiriy qamalib, Cho‘lpon va Fitratga hujjat tayyorlab qo‘yilgan edi. 1931 yili esa, ilk qatag‘onlar boshlandi. Behbudiy nomi tobora kam tilga olina boshladi. Mash’um 37-yili esa, tamoman xotiradan o‘chirildi.
Biroq uni qalblardan o‘chirib bo‘lmadi. Mustaqillikni qo‘lga olishimiz bilan “esimizga tushgan” birinchi ma’rifatchimiz Behbudiy bo‘ldi. Uning esimizga birinchilardan bo‘lib tushishining sabablaridan biri shuki, u ko‘targan masalalar Vatan va Xalq taqdiri, millatimizning hayot-mamoti bilan bog‘liq masalalar ekan. Insoniyat, umumiy emas, konkret tushuncha ekan. U millatlar qiyofasida namoyon ekan. Har bir millat jahon hamjamiyatining teng va to‘laqonli a’zosi bo‘lmog‘i uchun taraqqiy topmog‘i, haqini ajratib olmog‘i uchun bilim va ma’rifatga ega bo‘lmog‘i lozim ekan.
Behbudiyning butun faoliyati va ijodi shunga qaratilgan edi.
Taqdir unga Turkiston jadidchilik harakatining rahnamosi bo‘lishdek sharaf va mas’uliyatni nasib etdi. Ismoilbek birinchi marotaba Samarqandga kelib, ilk usuli jadid maktabi ochgach, birga olib kelgan shogirdi Majid G‘anizodaning 40 kunlik darsini kuzatgan va ushbu ishga bel bog‘lagan 1893 yilda —fojiona o‘ldirilgan 1919 yilga qadar bo‘lgan 26 yillik faoliyati Vatan va Millatga xizmat qilishning betimsol namunasidir.
Behbudiy, birinchi navbatda, muallim edi. Turkistondagi yangi maktablarning nazariyotchisi va amaliyotchisi edi. U o‘zining qizg‘in ijodiy va amaliy faoliyati bilan millat muallimi, Turkistonning ma’naviy rahnamolaridan biri darajasiga ko‘tarildi.
Behbudiy buyuk ma’rifatchi edi. Ma’rifat shunchaki bir ilm-fan va uni targ‘ib qilish-u, ma’rifatchi shularni bajaruvchi, degani emas. Tarix ilm-fanni qoyilmaqom egallagan, lekin osmondagi chaqinday besamar ketgan yoxud yashin bo‘lib, obod yerni barbod etgan o‘nlab, hatto yuzlab daholarni biladi. Ma’rifat ilm-fanning qalblarga bergan ziyosidir. Bu ziyo yoquvchi emas, yorituvchidir.
Behbudiy chinakam millatparvar edi. U hech qachon o‘z millatini boshqa bir millatga qarshi qo‘ymagan, aksincha, dunyodagi barcha millatlarga, shu jumladan, Rus va Ovro‘po millatlariga mehr va muhabbat bilan qaragan keng fikrli ma’rifatchi edi. U tilni, shu jumladan, Ovro‘po tillarini ilm-fan kaliti deb hisobladi. “Ikki emas, to‘rt til lozim” deb chiqdi. Har bir turkistonlik o‘z ona tilidan tashqari fors, arab, rus, hatto fransuz tilini bilmog‘i kerak, aks holda dunyo bilan barobar yashab bo‘lmaydi, degan fikrda edi.
U millat ravnaqi uchun universitetlar lozimligini dil-dildan his qildi. 1918 yili Toshkentda ochilgan Turkiston musulmon dorulfununini chin yurakdan tabrik etdi. O‘sha yili Samarqandda uning sho‘basini ochib, bugungi Milliy universitetimizning maydonga kelishida o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
Behbudiy tarixni tarbiyaning buyuk vositasi deb bildi. Milliy shuurni tarix shuuridan, o‘zlikni tanishni tarixni tanishdan izladi. Tarix bilan bog‘lovchi qadim an’analarimizni mahkam ushladi. “Qabilasining ismini va yetti otasining otini bilmaydiganlarni “qul” “marquq” derlar”, deb yozdi. U millatning sha’nini har narsadan baland tutdi. Kelgindi to‘ralar Turkiston xalqining qadim jahoniy shuhratini eslatib turuvchi nomini tilga olishni o‘zlariga ep ko‘rmay, “sarti”,”tuzemtsi” deb ataganlarida buni haqorat bildi, matbuotda qizg‘in bahslar uyushtirib, millat sha’nini, nom-nomusini himoya qildi. N.Ostroumovning rasman “fitnachilik”, “siyosiy ig‘vogarlik” kabi ayblovlariga qaramay, boshini garovga qo‘yib, millatni o‘z oti bilan atamoqliklarini talab qilib chiqdi.
Jadidchilikning bosh g‘oyalaridan biri millatni uyg‘otmoq, uni yangi turmushga tayyorlamoq edi. Bu degani jaholat va nodonlikka, xurofot va bid’atga qarshi kurashmoq edi. So‘nggi to‘rt asrlik tanazzul va, ayniqsa, rus istilosi tufayli o‘zining zakiylik, shijoatlilik, tirishqoqlik, topag‘onlik, ahillik, mehnatsevarlik, xushaxloqlik, ayniqsa, erk va bilimga chanqoqlik kabi asliy xususiyatlarini yo‘qotib, o‘z-o‘zini mahv etib borayotgan millatni uyg‘otish, unga o‘zligini anglatish kerak edi. Uni kundan-kun xor va zalil qilayotgan “kim o‘zarga” to‘ylardan, aqidaparstlikdan, “Madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan “vahshiylik”dan saqlamoq kerak edi. U o‘zining butun ongli faoliyatini shunga qaratdi. Shu yo‘lda qurbon bo‘ldi. Lekin jisman mahv etilgan bo‘lsa-da, uning nomi, millatning nurli istiqboli yo‘lidagi beqiyos xizmatlari bugungi va kelajak avlodlar qalbida mangu yashayajakdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 4-sonidan olindi.