Ulug‘bek Dolimov. Sir saqlangan jinoyat (2004)

1946 yil. Qishning ayozli kechasi. Marziya buvim: «Yulduzla-a-r, jigargo‘sham Akbarga salom aytingla-a-r!» deya iltijo qilib, hayotdan ko‘z yumganlari hamon ko‘z oldimda. Bundan keyin yana o‘n yillar o‘tdi, lekin undan dom-darak bo‘lmadi.
Akbarbek kim edi? Endi 31 yoshni qoralagan, ammo o‘z sohasida ikki kitob yozib ulgurgan va nashr ettirgan birinchi o‘zbek bibliografi Akbarbek Dolimov kim ekanligini hozirda ko‘plar bilmasligi mumkin. Aka-ukalarning gaplariga qaraganda, Akbarbek o‘rta bo‘yli, ancha ko‘rkam odam bo‘lgan, adabiyot va san’atni jon-dilidan sevgan, tanburni yaxshi chalgan.
Akbarbek Dolimov 1910 yili Toshkentning Sag‘bon mahallasida Dolimbek Norbekov oilasida oltinchi farzand bo‘lib dunyoga keldi. Dastlab shu mahallada ilk bor ochilgan G‘ulom Qodir domlaning «usuli jadid», keyin hamma qatori sho‘ro maktabida o‘qidi. Uning bolalik, o‘smirlik yillari Sag‘bon, Eski Jo‘va, Chorsu, Shayxovand Tahur, Xadra, Chig‘atoy mavzei mahallalari uchun o‘rtaliq bo‘lgan ma’rifat maskani — «Turon» kutubxonasida o‘tdi. U aynan shu yerda millatni istiqlol sari yetaklagan Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, tog‘alari Mirmulla, Mirmuhsin, Mirmuslim Shermuhamedovlar, Elbek, Abdulla Qodiriy kabi jadid mutafakkirlari ta’sirida bo‘lgan, ularning asarlari bilan ilk bor shu maskanda tanishgan. Qolaversa, «Turon» kutubxonasi yoshlarning eng sevimli maskani edi. Yosh Akbarning kelgusida bibliograf bo‘lib yetishuviga Eski Jo‘vada ochilgan xuddi shu «Turon» kutubxonasi va qiroatxonasi sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Shu o‘rinda ikki og‘iz so‘z «Eski Jo‘va» mavzei haqida.
Bu yer Toshkentning eng ko‘hna mavzelaridan biri bo‘lgan. Abdulla Qodiriy, Oybek kabi ulug‘ yozuvchilar ham o‘z asarlarida bu mavzeni ko‘p tilga oladilar. Jadid mutafakkirlarining faoliyati ko‘proq Eski Jo‘vada kechgan. Undagi har bir ko‘cha, har bir bino jadidlar faoliyatini esga solib turadi: «Turon» xayriya jamiyati va uning qoshidagi «Turon» kutubxonasi va qiroatxonasi, «Turon» gazetasi hozirgi Xalq banki hamda «Turon» kutubxonasi binosida, «Turon» teatr truppasi sobiq Vikula Morozov do‘koni (hozirgi Yosh tomoshabinlar teatri) joylashgan binoda faoliyat ko‘rsatgan. «Turon» atamasi jadid mutafakkirlari uchun Vatan timsoli sifatida muqaddas bo‘lgan. Abdurauf Fitrat ona-Vataniga «Turklikning muqaddas o‘chog‘i, Turon!» deb murojaat qilgani bejiz emas.
1918 yil 12 mayda Xalq dorulfununi (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti) ham Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligida, shu «Eski Jo‘va» mavzeidagi sobiq Vikula Morozov do‘koni binosida tantanali ravishda ochilgan edi. Jadid publitsist-olimlari va shoirlari Mirmulla hamda Mirmuhsin Shermuhamedovlar va ularning kuyovi atoqli shoir Mashriq Yunusov — Elbek mana shu mavzeda — «Mahsido‘zlik» mahallasida yashagan, ularning ijodi shu yerda shakllangan. Eski Jo‘vaning yonginasida «Beklar begi» (sho‘rolar davrida buzib tashlangan) va «Ko‘kaldosh» madrasalari yoshlar bilan gavjum bo‘lib, ularning aksariyati jadidchilik harakati ta’sirida edi. Bir tomonida esa Toshkentning eng katta Eski Jo‘va bozori joy olgan. XX asr boshlarida faoliyat ko‘rsatgan ma’rifatparvar bobolarimizning kutubxona uchun joy tanlashdagi aql-zakovatlari kishini hayratga soladi. Hozirda Eski Jo‘va mavzei katta o‘zgarishga yuz tutdi, endi istiqlol fidoyilaridan qolgan binolarni asrab-avaylash, ta’mirlash va ilojini topib Eski Jo‘va mavzeida «Jadidlar xiyoboni» tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Akbarbek Dolimov ham millatning istiqlol sari intilishiga bosh bo‘lgan mana shu muhitda voyaga yetgan. U 1927 yili Toshkent kutubxonachilik kursida o‘qiydi va uni 1929 yili tugatib, o‘zi mehr qo‘ygan «Turon» kutubxonasiga ishga kiradi. 1932 yildan boshlab o‘qishni Toshkent pedagogika institutida davom ettira boshlaydi.
1930 yillardan boshlab oila boshiga turli-tuman tashvishlar tushadi. 1933 yili Dolimbekka ukalari Komilbek hamda Karimbek Norbekovlar qatori «haqsiz» deb tamg‘a bosiladi. Komilbek va Karimbek qamoqqa olinib, Novosibirskka surgun qilinadilar, ularning hovli-joylari tortib olinadi: Dolimbek Norbekov hovlisiga Kalinin rayon partiya komiteti, Komilbek hovlisiga shu rayon ijroiya komiteti, Karimbeknikiga esa rayon sudi ma’muriyati joylashtirilgan. Komilbek va Karimbek Norbekovlar taqdiri alohida maqola mavzui.
Dolimbek o‘n to‘rt farzandi bilan kichik bir hovliga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. Ammo unga bu yerda ham tinchlik berishmadi. Bu voqea endi farzandlar qismatiga ham o‘z soyasini sola boshladi: ular boyning, quloqning bolalari sifatida oliy o‘quv yurtlaridan quvg‘in qilindilar. Mana shunday o‘ta og‘ir, tahlikali yillarda Dolimbek avji yigit yoshidagi o‘g‘illarini oila quchog‘idan, mahalladan uzoqlashtirishga majbur bo‘ldi: Usmonbek (Subutoy Dolimov — qavs ichidagi barcha izohlar maqola muallifiga tegishli) do‘sti Saidmahmud Saidrasulovning Shayxovand Tahur daha Baland masjid mahallasidagi uyida (Saidmahmud atoqli pedagog Saidrasul Saidazizovning o‘g‘li) Ziyodbek va Sultonbek Dolimovlar ToshMI, Akbarbek esa Pedagogika instituti yotoqxonalarida yashaydilar. Eng katta o‘g‘il Nu’monbek Dolimov ukalari va singillarini tarbiyalashda, ularni o‘qitishda ham iqtisodiy, ham ma’naviy tomondan hamma imkoniyatlaridan ayrilgan otasi Dolimbekka yordam beradi, unga g‘amxo‘rlik qiladi. Farzandlar mahalla-ko‘y, hukumat odamlari ko‘rmasin uchun haftada, o‘n kunda bir qorong‘i tushganda ota-ona quchog‘iga kelib, tong yorishmasdan o‘qishlariga ketar edilar. Ular ming mashaqqatlar bilan birin-ketin oliy o‘quv yurtlarini bitirdilar va xalq xizmatiga kirishdilar. Akbarbek o‘sha vaqtda «Oktyabr» («Turon») kutubxonasi (1928-1992 yillarda 64 yil «Oktyabr» nomi bilan atalgan) nomidagi kutubxonada bibliograf sifatidagi ishini davom ettiradi. Tez orada u shu kutubxonaning rahbari darajasiga ko‘tariladi, bir necha yil direktor bo‘lib ishlaydi. Uning boshchiligida oktyabr to‘ntarishigacha va undan keyingi vaqtli matbuot: «Turkiston viloyatining gazeti», «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat», «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Farg‘ona», «Xalq dorulfununi» gazetalarining; «Oyna», «Al-isloh», «Er yuzi», «O‘zgarishchi yoshlar», «Maorif va o‘qitg‘uvchi», «Yangi yo‘l» kabi jurnallarning to‘liq boylamlari vujudga keltirildi. Akbarbek Dolimovning kutubxonani yanada boyitish, bibliografiya fanini rivojlantirish sohasidagi faoliyati uchun 1934 yili «O‘zbekiston mehnat zarbdori» faxrli unvoni berilgan edi.
A.Dolimov 1934 yili Fayzulla Ubaydullayev bilan hamkorlikda «Mukammal ilmiy bibliografiya» kitobini yaratdi. 252 sahifali ushbu asarda 1925-1934 yillarda o‘zbek tilida nashr etilgan uch mingga yaqin kitobning umumiy tasnifi berilgan. Bu asar o‘zbek bibliografiyasi sohasida yaratilgan birinchi kitobdir. Kitob O‘zbekiston Davlat nashriyotida 1934 yili bosmadan chiqarilgan. Akbarbek Dolimov va Sobir Solihov 1937 yili respublika kutubxonachi va bibliograflariga metodik yordam sifatida «Unli klassifikatsiya» asarini nashr ettirdilar. Har ikkala asarda ham birinchi muallif sifatida A.Dolimov qayd etilgan. 1930 yillarda atoqli bibliograf, sharqshunos olim Abdulla Nosirov Akbarbek Dolimov bilan birga «Turon» kutubxonasida faoliyat ko‘rsatgan. U 1972 yili Akbarbek Dolimov ma’rakasi kuni aka-uka Nu’monbek, Subutoy, Ziyodbek va Sultonbek Dolimovlar bilan bo‘lgan suhbatda shunday degan: «Akbar Dolimov kutubxonachilik ishining katta bilimdoni edi. «Turon» kutubxonasining Respublika miqyosida e’tibor qozonishida, ulkan ma’rifat o‘chog‘iga aylanishida uning hissasi salmoqli. 30-yillarda «Oyna», «Sadoyi Farg‘ona», «Turkiston» taxlamlarini tartibga solish ancha og‘ir kechgan. U Samarqandda Hoji Muin Shukrullo, Abduqodir Shakuriy; Qo‘qonda Abduvahob Ibodiy, Po‘latjon domla Qayumov; Toshkentda Muhibqori Orifiylar bilan aloqada bo‘lib, ulardan yetishmayotgan nomerlarni olib, taxlamlarni to‘ldirdi. Bu taxlamlar hozir Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida hamda Sharqshunoslik ilmiy tekshirish instituti kutubxonasida saqlanmoqda. Akbar qamoqqa olinganda yigit yoshida edi, ammo kutubxonachilikka oid bir necha asarlar yozib qoldirdi. Bunday mash’um voqea bo‘lmaganda, u albatta katta bibliograf, manbashunos olim bo‘lib yetishishi mumkin edi. Olloh rahmat qilgan bo‘lsin» (Suhbat 1972 yil 25 oktyabrda yozib olingan).
1930 yillarning ikkinchi yarmida ommaviy qamashlar avjiga chiqdi. Ma’lumotlarga qaraganda, 1938 yilning o‘rtalariga kelib, milliy ziyoli rahbar xodimlarning oltmish foizi qatag‘on qilinadi. Boz ustiga, ikkinchi jahon urushi ham boshlandi. Dolimbekning ikki farzandi — Ziyodbek va Sultonbek Dolimovlar urushning dastlabki kunlariyoq vrach-xirurg sifatida harakatdagi armiya safidan o‘rin oldilar. Millatning boshiga cheksiz fojialar yog‘dirgan mavjud sho‘ro tuzumini emas, xalqini, Vatanini himoya qilayotganliklarini ular yaxshi bilar edilar.
Akbarbek Dolimovning qamoqqa olinishi ommaviy qatag‘onning navbatdagi o‘ramiga — ikkinchi jahon urushining boshlariga to‘g‘ri keladi. Xuddi shu davrda sovet hukumati xalqni «hushyorlik»ka chaqirish bahonasida yana shubha ostiga olingan kishilarni yo‘q qila boshladi. 1941 yilning noyabr oyida NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi) xodimlari «Oktyabr» kutubxonasining bir yo‘la to‘rt xodimini — Akbar Dolimov, Rahimjon Ibrohimov (o‘sha yili direktor bo‘lgan), Asad Ubaydullayev, Ahad Tursunovlarni qamoqqa oldilar. «Katta savdogar oilasidan chiqqan» A.Dolimovni aksilinqilobiy tashviqotlar olib borganlikda ayblaydilar. Dastlabki tergov 19 noyabrdan 26 noyabrgacha uzluksiz davom etgan. Tergov davomida inson ruhiga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi usullardan foydalanilgan. Agar tergov xodimlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortsa, oila a’zolariga tazyiq o‘tkazish bilan qo‘rqitganlar. Tergovda huquqiy me’yorlarga umuman amal qilinmagan, ularning asosiy usuli qo‘rqitish, azob berish bo‘lgan. Bunday tergovlar faqat uning aksilinqilobiy faoliyatini tasdiqlashga qaratilgan edi. Ammo Akbarbek Dolimov: «Men hech qanday aksilinqilobiy faoliyat olib borgan emasman, menga yopishtirilayotgan ayblarning birortasini qabul qilmayman», deb rad etgan. Shunga qaramay, 1941 yil 26 noyabrda tuzilgan ayblov qarorida quyidagilarni o‘qiymiz: «Aksilinqilobiy kayfiyatda bo‘lgan A.Dolimov 1939 yildan sovet hukumatiga qarshi yig‘in (gap)larda qatnashgan va aksilsho‘roviy ruhdagi guruhlar bilan partiya siyosatini tanqid qilgan».
Shunday ayblov bilan ushbu guruh ishi SSSR Ichki ishlar Xalq komissariyatining Maxsus Kengashiga oshirilgan. Kengash Akbar Dolimov va Rahimjon Ibrohimovni otuvga hamda mol-mulkini musodara qilishga; Ahad Tursunov va Asad Ubaydullayevni 10 yil ozodlikdan hamda 5 yil saylash va saylanish huquqidan mahrum etishga hukm chiqargan.
Dahshatli tuzum bunday vahshiylik bilan ham cheklangan emas. Hukm chiqarilgach, mahkumlarning «o‘z ayblariga iqrornoma»si yozdirib olinib, undan keyingina afv etish haqida ariza yozishga ruxsat berar edilar. Akbar Dolimov qismati ham shunday bo‘lgan. Uning shaxsiy ishida afv so‘rab yozgan «iqrornoma»sida shunday so‘zlar bor: «Menga belgilangan otuv jazosini yengillashtirishingizni iltimos qilaman, chunki mening qaramog‘imda yetti jon bor». Albatta, bunday iltijolar inobatga olinmagan. Bunday asossiz va o‘ta fojeiy hukm o‘sha davrda odat tusiga aylangan edi.
Ziyodbek va Sultonbek Dolimovlar jang maydonlarida Vatan uchun jon olib, jon berib, kurash olib bordilar, ular hatto yapon militarizmiga qarshi kurashda ham faol qatnashib, 1946 yili g‘alaba bilan oila quchog‘iga qaytdilar. Ammo Akbar Dolimov qatag‘ondan qaytmadi. Sho‘rolar qirg‘in-qatag‘oni shunchalar dahshatli ediki, uning changalidan omon qolish tegirmondan butun chiqish bilan barobar edi. Ota-ona farzand dog‘ida hayotdan ko‘z yumdilar, aka-ukalarining turli idoralarga yelib-yugurishlari ham natija bermadi…
1972 yil. Iyul tunlaridan birida kechasi soat 1-2 larda Nu’mon Dolimovning eshigi taqillaydi. Eshikni ochadilar, bemavrid kelgan kishi o‘zini Davlat xavfsizligi qo‘mitasining polkovnigi Kazakov deb tanishtiradi. U qizi universitetga o‘qishga kirayotganini aytib, bu ishda Nu’mon Dolimovdan yordam so‘raydi. U yordam berajagini aytib, ukasi Akbarbekning taqdiri nima bilan tugaganini hujjatlar bilan bilib berishni iltimos qiladi. 20 kunlar vaqt o‘tgach, Kazakov A.Dolimovning 1942 yil 26 avgustda «xalq dushmani» sifatida otib tashlanganligi, 1956 yil 14 iyunda uning ishi qayta ko‘rib chiqilib, oqlanganligi haqidagi hujjatni N.Dolimovga topshiradi.
E’tibor bering, Akbar Dolimovning otib o‘ldirilganligini, hatto oqlanganligini xalqdan sir saqlaganlar, oila a’zolariga ham bildirishni lozim deb hisoblamaganlar. Bo‘lmasa, 1945 yili urush tugagach, Qahramon ona Marziya Qozoqboyeva (14 farzandning onasi) so‘nggi bor o‘g‘li Akbarbekning taqdirini aniqlash maqsadida O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissarligiga xat bilan murojaat qilgan. NKVDning xatga bergan javobida aytilishicha, Akbarbek Dolimov Krasnoyarsk o‘lkasiga surgun qilingan. Aslida esa u Toshkentda 1942 yildayoq otib o‘ldirilgan ekan. Onaizor o‘g‘lini kuta-kuta adoyi tamom bo‘ldi. Qarang, inson taqdiriga, butun bir oila qismatiga shunchalar e’tiborsizlik! Shu tariqa Akbarbek Dolimov oilasi butunlay barbod bo‘ldi.
Shundan keyingina Dolimovlar oilasi — Akbarbekning aka-ukalari, opa-singillari aza e’lon qiladi, yurtga ma’raka oshi berib, uning ruhiga Qur’on baxshida qiladilar. Bu qizil saltanatning Dolimovlar oilasi boshiga yog‘dirgan fojialaridan «bir shingil», xolos.
Tabiiyki, bu gaplarni kecha — sho‘rolar zamonida aytib ham, yozib ham bo‘lmas edi. Shuning o‘ziyoq mustaqillikning bizga nima berganini anglatmaydimi?! Axir, inson qadridan yuksak nima bor?! Shu yurtning ozodligi, shu elning saodati yo‘lida qirg‘in-qatog‘onga uchraganlar ruhini yod etar ekanmiz, bugungi kunlarga shukrona aytamiz, shahid ketganlarning pok ruhlari oldida qarzdor ekanimizni yana bir bor his etamiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 32-sonidan olindi.