Iste’dodli shoira Ozoda Bekmurodova «So‘z — eng yorug‘ qismatimdir!» degan sobit aqida bilan qalam tebratayotgan ijodkorlar sirasiga kiradi.
Ozodaning she’rlarida ko‘ngil kishisining eng ichkin va sohir tuygulari rangin bo‘yoqlarda jilva qiladi. Bu she’rlarni o‘qir ekansiz, ularning she’r ekanligini unutasiz, zero ular qaysidir ma’noda muallifning iqrornomalari tarzida jarang sochadi. Bu she’rlar ko‘nglingizga mungli bir ohang tarzida quyiladi, sizni maftun etib, o‘z asiriga aylantiradi. Boisi — ularda har qanday makon va zamonda ham sirli jumboq bo‘lib qolguvchi ayol qalbining teran mushohadalari ba’zan mahzun, ba’zan masrur, ba’zan esa karashmali satrlar aro jo bo‘lgandir.
Ayni shu jihatlari bilan Ozoda Bekmurodovaning so‘ngi yillardagi ijod namunalaridan tarkib topgan «Yurak zarblari» deya atalmish ushbu to‘plam she’r sog‘inchi bilan yashayotgan ko‘ngillaringizga benazir tuhfa bo‘ladi, degan umiddamiz.