Xirosi Sekine (1920)

RASM ChIZISh UChUN SYuJETLAR

-Baliq, kimnikisan? Xo‘jayining kim?
Baliq der: – O‘zimman, suzib suvloqda.
Baliqchi suvga to‘r tashlagan edi,
Mana, baliq turar osiq qarmoqda.

Ana – baliqchini chizing, marhamat,
Baliqni qarmoqqa ilintirgan mard.

-Baliqchi! Sen kimsan, xo‘jayining kim?
-Men o‘zimman! – deya ko‘tardi u bosh.
Bir amaldor keldi: – Baliq sotdingmi?
Ruxsatnomang qani? To‘ladingmi boj?

Ana – chiza qoling, marhamat, do‘stim,
Baliq yeb o‘tirgan amaldor rasmin.

-Amaldor! Ayt, sening xo‘jayining kim?
-Men o‘zimga bekman! – mag‘rur amaldor.
-O‘zingga bek?! – kular rahbari uning
Va ishdan haydaydi, tugar dumini.

Ana – marhamat, do‘st, chizingiz qani
O‘sha rahbarchani, hokim kimsani.

-Ey, rahbar! Sen – kimsan? Xo‘jayining kim?
-Men o‘zim xo‘jayin! – u quvnoq kular.
Xo‘jayin, ahvoling nima bo‘lardi,
Qo‘riqlamasaydi agar soqchilar?!

Ana – chiza qoling, marhamat, qani –
Sohibin qo‘riqlab turgan askarni.

-Ey, askar! Sen – kimsan? Xo‘jayining kim?
-Men o‘zimga ega! – u kular qah-qah.
Axir, sen haq olib ishlaysan, askar,
Aytgin, sen kimlardan oladirsan haq?

Ana – oling rangni va bo‘zni cho‘zing,
Pulga qo‘l cho‘zyotgan askarni chizing.

-Pullar-chi? Ularning sohiblari kim?
-Biz o‘zimizchamiz! – shiqirlar ular.
Ammo, avval soliqlarni yig‘ishar,
Mana, qay yerdan keladi pullar.

Marhamat, chizinglar qani ularni,
Askarlarga to‘lab bergan pullarni.

-Ey, soliq! Sen nesan? Xo‘jayining kim?
-Men o‘zimnikiman! – kuladi soliq.
Yo‘q, soliq, seni biz to‘laymiz, axir,
Mehnatni qiladi asli xaloyiq.

Ana –endi bizni kuldirib chizing,
G‘aznani soliqqa to‘ldirib chizing.

-Mana, biz! Kim bizning asli egamiz?
-Biz – bu biz! Egamiz o‘zimizga biz!
Lek bizniki bo‘lar butun bu olam,
Agar o‘zligini anglasa odam!

Ana – bizni chizing qani, marhamat,
Aslimiz boricha tasvirlang faqat…

Karim Bahriyev tarjimasi