Xadzime Sato

HAYoT YO‘LI

Tik ketgan uzun yo‘lak,
Chiroqlar bedor.
Ko‘rimsiz eshiklar tizilmish qator.
Yigirma ikkinchi kameradir bu,
O‘g‘rining ko‘nglidek eshigi qora.
Men bunga tashlangan bir jinoyatkor.
Bir sotqin sudyaning hatto hukmi bor!
Ajalim eshikda,
Kutib turadi.
Ertalab jallodim olib kiradi.
U meni do‘stlardan judo qiladi.
Bahorim yulduzin ko‘kdan yuladi.
Alvido, qoyadan oqqan irmoqlar,
Alvido, sof havo,
Shifoli tog‘lar!
Og‘irdir sizlardan mangu ayrilmoq!
Qanchalik bu og‘ir bo‘lmasin, biroq
Men taslim bo‘lmayman,
Kutmayman shafqat.
Hayotim yo‘lidir kurashmoq faqat.
Tinchlik va erk uchun bo‘lsa gar kerak,
Hamisha fidodir
Bu jon, bu yurak!

Shuhrat tarjimasi