Sosyun Fukagava

KO‘KKA ChO‘ZILGAN QO‘LLAR

Xirosima shahrini shartta
Qoq ikkiga bo‘lib, ayqirib,
Qirg‘oqlarga boshini urib
Oqar daryo — moviy va katta.
Suyak ko‘rdim tubida nogoh,
U dahshatli kundan bir guvoh…

Kimniki bu qordek oq suyak,
Mana bu qo‘l, mana bu iyak?
Ko‘z oldimga keldi nogahon
Tundek qora sochli jononlar,
Shu sochlarni o‘polmay, armon —
Girdobida qolgan o‘g‘lonlar…

Ayting, qachon bo‘ladi unut
Bu sharpalar dahshati, qachon?
Hamon ajal ufuradi dud:
Yosh jonlarning otashi hamon
Suv ichra ham yonib turibdi,
Yillar osha kezib yuribdi!

Ko‘kka cho‘zgan qo‘llariga boq,
Boq ularga, do‘stim, yaxshiroq!
Shularmasmi mehri bir jahon
Tundek qora sochli jononlar,
Yo shu sochni o‘polmay, armon —
Girdobida qolgan o‘g‘lonlar?

Quloq sol-chi, shivir-shivirga,
Bu na suvning qalqib oqishi,
Na o‘t, yaproq bolqib oqishi.
Bu bemahal qum, tuproq, yerga —
Aylanganlar qalbi sadosi!
…Ko‘zni bosar dahshat pardasi…

Kimniki bu qordek oq suyak,
Mana bu qo‘l, mana bu iyak?
Suvdan kelar inson tovushi:
Onti, nafrat, faryod, qarg‘ishi…
«Endi majruh bo‘lmasin aslo
Sizning yorqin, beqiyos dunyo!»

Shuhrat tarjimasi