Simaki Akixiko

***

Gullayotgan o‘tloqlar aro
O‘t – o‘lanli so‘qmoqdan yurib
Keldim olis bug‘doyzorga
Va dedim o‘zimga o‘zim ” Jim – jitlik ! ”
O‘rdak g‘aqilladi menga javoban…

***

Yarim kecha
Quyuqlashgan tumanlar aro
Sizar yog‘dular –
Va sirg‘algan oy shu’lasida
G’ira – shira jilvalanar suv…

***

O‘rmon sayxonligidagi
Sichqonli o‘tloqlarda
O‘ltirdim uzoq
Tog‘li o‘lka bilan xayirlashyapman .
Qayg‘uli va og‘ir bu yurak uchun

***

Xira yorishmoqda tong ,
Iliq ko‘l suvlarin bug‘latib .
Va tumanlar navbat ba navbat
Suzib kelar
Ko‘l ustin qoplab…

***

Chiroq shu’lasiga talpinganicha
Tungi parvonalar aylanar uchib ,
Uyda , men bilan yonma – yon ,
Bolalarim uxlar
Eski – tuskilarga o‘ranib , qotib…

***

Yomg‘ir tindi .
Shundan bo‘lsa kerak ,
Xavo muzdek ,
Guruch qog‘ozining qirg‘oqlarida ,
Yonib tugayotir botish shu’lasi…

***

Tungi ko‘chalar ,
So‘ngan kullar qurumi bosgan
O‘choq mo‘risining qirg‘oqlarini
Qirov bilan bezaydi
Izg‘irin ayoz…

***

Uzoqlardan ,
Tun qa’ridan eshitilar
To‘lqinlarning bo‘g‘iq shovqini .
Daraxtlar soyasi cho‘zilib yotgan
Oydinda raqs tushar dexqonlar

***

Yozayapman , yozayapman ,
Qorong‘i tushsada
Xatto chiroqni yoqish uchun ham
O‘rnimdan turgim kelmas
Yolg‘iz qarshilayman oqshomni shunday…

***

Dalalarda erib ketdi qor,
Qo‘ng‘ir tuproq yalong‘ochlandi .
Va osilib turar yer uzra
Botayotgan quyosh lappagi
Ko‘rinishi kichik va sovuq…

Xoldor Vulqon tarjimasi.