Osikoti-no Mitsune (凡河内 躬恒) — Xeyan davri yapon shoiri va saroy xizmatchisi. U “36 o‘lmas shoir”lardan biridir.
* * *
O, “bokira gullar”!
Shamol tog‘ yaylovlaridan
Kuz iforlarini olib kelur –
Garchi nigohlar-la sizni ko‘rib bo‘lmas,
Ammo, xush atriy bo‘ylaringizdan ilg‘ab olish mumkin.
* * *
Sen, qo‘l siltab,
Kimsasiz tog‘lar sari ketding!
Qayerdan boshpana va panoh topasan,
Agar xilvatdagi ibodatxona ichra ham
Qayg‘ular asiriga aylanadigan bo‘lsang!
* * *
Shunday bir yurak sohibasin topsamki
Toki u ham meni
Men sevganchalik sevolsa,
Shundagina anglaymiz
Bu dunyo faqat iztirobu anduhlardan iborat emasligin.
Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi