Ono-no Komati (小野 小町, taxminan 825-900) — yapon shoirasi, Xeyan davrining mashhur ijodkorlaridan biri. 36 o‘lmas shoirlardan biri.
* * *
Tushlarimda
Har kun ko‘raman.
Ammo hali biron marta
Uchratmadim
Uni o‘ngimda…
* * *
So‘ldi chechaklarning
Alvon ranglari…
Umrim ham shundayin qisqa bo‘lajak!
Ko‘zim yummay boqaman uzoq,
Nigohim ham yomg‘irday uzun.
* * *
Bariga aybdor dilim,
Menga qolsa suzarmidim
Bu almisoq qayiqda.
Har kuni sovuq mavjlar
Qayig‘imni to‘ldirar.
* * *
O‘zgartirar rangin birpasda,
O‘zgartirar kutilmaganda,
Bu shundayin befarmo chechak,
Bu shunday o‘zgaruvchan
Ko‘ksimdagi gul – yurak.
* * *
Muhabbatim, xayollarim had nima bilmas, –
Hatto tunlari sen tomon boraman:
Axir tushlarimni birovlar ko‘rmas,
Hech kim menga “Uyatsiz” deb
Ola qaramas!
Xurshid Davron tarjimalari
* * *
Nigohlardan yashirin, chetda
so‘limoqda qorong‘ulikda
cho‘kayotib g‘amgin dunyoga
bir lahzalik sevgi gullari
beqaror qalbingda…
Oy chiqmagan kechalar
seni kutdim behuda,
ko‘zlarimni yummadim –
ko‘ksimda orzular gulxani
gurillaydi, yonar yuragim…
Oygul Suyundiqova tarjimasi
* * *
Bu dunyoning shodliklari
Va g‘am-anduxlari ifoda etilgan,
O‘sha so‘zlar
Hayotga qo‘l siltagan mendek g‘arib kimsani ham
Bu olamga bog‘lab qo‘ydi-ku…
Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi
* * *
Nigohlardan panada
Sarg‘ayib, so‘lar tayin
Muhabbating havvoyi
Guli sening betayin,
Beqaror yuragingda.
* * *
Oy chiqmagan o‘sha tun
Behuda kutdim seni
Kiprigimni qoqmay jim.
Ko‘ksimda istak yondi
Olovlandi yuragim…
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi.