Miyao Oxara

“ATOM BOMBASINING GULI”

Suv sapchib qirg‘oqqa
Yassi qumloqda
Ko‘pikdan qoldirdi bir gul chambarak.
Ana shu ko‘pik gul tovlangan choqda
Qinidan chiqqudek bo‘ldi bu yurak,
Eh, qanday yonadi gulxanday lov-lov,
Ko‘zingni oladi boqqaning zamon!
Esimga tushirdi ko‘z yoshim darrov
Baxtimga o‘t ketgan u kunni shu on.
U kunki, tikkadan og‘ganda quyosh,
Tashvishu vahmadan ko‘zlarim giryon
Otamning qoshiga qishloq yo‘lidan
Pildirab borardim.
Baribir yetolmay qon yig‘lab qoldim.
Bir hovuch kulga u aylangan edi.
Dud bo‘lib vayrona uzra kezardi,
Tasalli topolmay faryod solardim,
Bu dahshat qalbimni o‘rtab ezardi.
Shu mahal yosh to‘la ko‘zlarim nogoh
Chetan g‘ov yonida bir gulga tushdi.
Hamma yoq kuyganu bu g‘uncha qandoq
Qolibdi?— savoli ko‘ngilga tushdi.
O‘t to‘fon ichra u menga kulardi,
Qulardi bir o‘zi, hamma yoq vayron,
Bu tahqir kulgisi yurak tilardi,
Qonimda qaynatib nafratu tug‘yon.
Men uni shu lahza shart uzib olib
Ezg‘ilab bir chetga otmoqchi edim,—
«Baribir endigi yili ko‘karib
Yana u g‘ashimga tegadi», dedim.
Endi u har avgust xaroba ichra
G‘am-hasrat ramzidek yonib turadi.
«Bu — atom bombasin guli», deb barcha
Nom berib, o‘zaro so‘zlab yuradi.

Shuhrat tarjimasi