Midzuxara Syuosi (1892-1981)

Midzuxara Syuosi (水原豊) – yapon shoiri. Haqiqiy ismi – Midzuxara Yutaka. Tokioda tug‘ilgan. Tokio universiteteini tamomlagan va bir necha yil vrach bo‘lib ishlagan.

* * *

Tokchadagi yog‘och qo‘g‘irchoq –
Qotib qolgan ko‘zlari bilan
Asrlar ortidan boqib turadi.

* * *

Ming yillik qorlar uzra
Yuksalgan oq cho‘qqida
Sakura gullaydi sukunat aro.

Xurshid Davron tarjimasi

***

Ko‘l uzra porlayotgan oyni ,
Tomosha qilmas hech kim
Barcha sholi o‘rimida…

***

Binafshalar gulladi yana
Toptaldi so‘qmoqlar
Bahorgi o‘rmonlarda

***

Olmalar gullagan.
Boyagina yoqqan bahor selida ,
Oppoq gul qopladi soxil suvlarin.

***

Oy porlar.
Qayinlar soyasi sezilmas ,
Tumanlarga cho‘mgan qayinzor

***

Bahorni kuzatayapman
Yomg‘irlarda shalobbo ivib
Bulutlar bilan yuzma – yuz , tog‘da

***

Yomg‘irli kun.
Oqin bo‘ylab oqar xrizantemalar
Ko‘rinmaydi bironta qayiq

***

Choy gullaydi baland qoyada ,
Shom zulmati qoplagan tog‘lar.
Olislardan ko‘tarilar oy

***

Naxotki binafsha
Yolg‘iz gulladi
Tutzorda yana…

***

Qaldirg‘ochlar chiyillab uchar ,
Tog‘lar orasidagi uyimning ,
Tomi ustidan.

***

Xagi gullayotir
Asama tog‘iga chiqaman
Bulutlarni qayrib…

***

Jarlar aro , to‘lqinlar uzra ,
Chaykalarning ini yonida
Olxo‘ri gullar…

***

Berkinadi o‘t – o‘lan ichra
Tunash uchun o‘tloq kakkusi ,
Yaqinlashar tun…

Xoldor Vulqon tarjimalari

«Odaremidzu dovonida navbahor» turkumidan

* * *
Bulbul kuylayotir
yomg‘irning ostida tikka qoyada –
bo‘zlab-bo‘zlab chiqar faryodi…

* * *
Ipakqurt g‘umbagi.
Qorli qoya yuksakdan qaraydi
daralarning tubiga…

«Qish qo‘shiqlari» turkumidan

* * *
Qanday go‘zal Arslonning raqsi!
Fudzi etagida shu’lalarga g‘arq
Qo‘llar, qo‘llar…

«Xrizantemalar va turnalar» turkumidan

* * *
Xrizantema ifori!
Bir juft turna unsizgina
qo‘nadilar o‘tloqqa.

* * *
Xrizantemalar aro
turnalar kezar juft-juft,
gullar kabi pokiza, oppoq…

* * *
Ochiq «xrizantema kuni».
Oqshom soviy boshladi –
turnalar tovushi achchiq.

«Nakoso chegarasi» turkumidan

* * *
Mening umrim!
Xrizantema bilan yakka
tek qotgan sukutda…

* * *
Oshyonlarini tashlab,
Kulbalarning qoshiga
Qo‘nadilar qushchalar…

«Yamato ko‘chasi» turkumidan

* * *
Gullayotgan novdalar.
Ko‘klam, o‘tloqzor sokin –
uning o‘xshashi yo‘qdir!..
«Norinura tog‘i yonbag‘irlarida» turkumidan

* * *
Tog‘ning cho‘qqilaridan
tuman to‘lqini tushdi,
mavjlandi dengiz kabi…

* * *
Yulduzlar miltiraydi,
Qor bosgan vodiyga boqaman xushhol,
Nedandir qayg‘uraman…

Ruschadan Tursun Ali tarjimalari