Xirosi Nuyama

Xirosi Nuyama (taxallusi Ryudzi Nisidzava) 1903 yili tug‘ilgan. Yapon shoiri va yozuvchisi.

QOR YoNADI LOVULLAB…

Derazada o‘tiraman
Asta egib bosh.
Derazada dam oladi
Sovqotgan quyosh.
Sovuq nurin oynasiga
Sochib, uyalib.
Men turaman chap yelkam-la
Unga suyalib…

Derazaning chap yonidan
Qilsam tomosha,
Ziraklardek tizilishib
Chap yelkam osha,
Sovuq kamoq bo‘g‘otida
Qator sumalak.
Mash’um qishning shum in’omi
Shu bo‘lsa kerak.
O‘ng tomondan qarar bo‘lsam:
Kech kirmish darrov.
O‘ng qo‘limning kaftlariga
Yig‘ilar qirov.

Tor deraza. Derazada
Temir panjara
Qor yonadi oynasida
Lovullab, qara!

Shuhrat tarjimasi