Kakinomoto Xitomaro (VII-VIII asrlar)

Kakinomoto Xitomaro (柿本人麻呂, VII asr o‘rtasi – VIII asr boshida yashagan) — Yaponiyaning buyuk shoirlaridan biri. U — o‘rta asrlarning 36 nafar o‘lmas shoirlari orasida birinchi o‘rinda turadi.

* * *

Yashil liboslarning tovushi tindi.
O, nechun aytmadim shirin so‘zlarim
Uydan chiqaturib
Suyukli yorga –
G‘amga to‘ldi birdan ko‘zlarim.

* * *

Kamo tog‘larining toshlari
Bolish bo‘lgan men bechorani
Kutarmikan umidlar bilan
Ahvolimdan bexabar yorim,
Suyukligim, dildorim?

* * *

Qadim zamonlarda ham
Nahotki, qayg‘urganlar,
Nahotki, suyuk yorni
Sog‘inib eslaganlar,
Uzun tunlar uxlamay, mendayin bo‘zlaganlar?

* * *

Tunday qora tulporim
Shiddat-la uchib o‘tdi –
Suygan yorim yashagan qishloq ortimda qoldi.
Ko‘kdagi bulutlarday
U joylar endi uzoq!

* * *

Kuz tog‘lari bag‘rida
Xazonlar sochar qayin.
O, xazonlar, xazonlar,
To‘kilmay turing birpas,
Oxirgi bor ko‘rayin dildorimning uyini!

* * *

Bir paytlar bizga hamroh bo‘lgan kuzgi to‘lin oy
Borliqni yoritgancha shuurini to‘kadi.
Ay,sevikli azizam,
Sen axir qayerdasan, munchalar uzoqdasan,
Oramizda oylar bor, oramizda yillar bor!

* * *

Xikite tog‘lari yuksalgan yoqda,
Fusumiga eltar yo‘llar tomonda
Suygan yorim tark etib ketdim.
Mana, endi tog‘larda, qor bosgan so‘qmoqlarda
Xuddi o‘lgan kishiday hissiz, g‘amsiz yuribman.

* * *

Qanchalar tikilmay, sira to‘ymayman!
Qanchalar go‘zalsan, Yosina tomon
Mavjlanib oqqan daryo…
Yana bir bor ko‘ray deb,
Qaytajakman qoshingga.

* * *

Olisdagi ovloq tog‘larda
Uzun dumli tustovuq mudrar.
Oh, uning dumi uzun.
Xuddi shunday uzun tunlarda
Qachongacha yolg‘iz uxlayman?

Xurshid Davron tarjimalari