Tiyo-ni (千代尼; 1701—1775) — yapon shoirasi. Kaga provintsiyasida tug‘ilgan. 1753 yili Tiyo monaxlikka o‘tib, umrining oxirigacha monastirda xizmat qiladi.
***
To‘lin oyli tun.
Hatto qushlar yopmadi
In eshigini.
* * *
Oh, tanho yorqin oy!
Men yurdim sen tomon, sen tomon,
Ammo sen hamon yiroq.
Vafot etgan go‘dakni eslayman
Deraza qog‘ozini
Endi kim ham teshardi.
Qanday sovuq bu xona.
Rauf Parfi tarjimasi
* * *
Tunda chirmashdi chirmovuq
Qudug‘imning paqiriga…
Suv so‘rayman hamsoyamdan!
* * *
Qo‘limda qarmoq.
Qarmog‘imning ipiga sal ilindi
Yoz hiloli.
* * *
Daryo mavjlari uzra
O‘zining soyasini
Tutar, tutar ninachi.
* * *
Oy to‘lgan kecha!
Hatto qushlar oshyonlarining
Eshiklarin yopmadilar.
* * *
Za’faronning gulida shabnam!
Ular yerga to‘kilganida
Aylanadi oddiy bir suvga…
ShE’R YoZAYoTIB
Men: “Oh kakku, oh kakku”, deya
Qayta-qayta ta’kidlaguncha
Allaqachon tong otib bo‘ldi.
* * *
Oh, to‘lin oy!
Yo‘l yurdim, yo‘l yurdim sen tomon,
Uzoqdasan, biroq sen hamon.
* * *
Eshitilar faqat tovushi…
Ko‘rinmas oq qarg‘alar
Tongda yoqqan qor uzra.
* * *
Uxlayotgan kapalak!
Tushda nimani ko‘rdi?
Qanotlarini qoqdi.
* * *
Lablarimning bo‘yalganin
Ham unutdim…
Toza buloq!
Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi