Dzyakuren, Dzyakuren-xosi, Monax Dzyakuren (寂蓮, haqiqiy ismi 藤原定長 Fudzivara-no Sadanaga, 1139 — 1202) — Fudzivara sulolasidan bo‘lgan yapon aristokrati, XII asr ikkinchi yarminining atoqli shoirlaridan.
* * *
Yana dalalar uzra
Bir-birini chorlagan
Yovvoyi g‘ozlar sasi
Yangrar cho‘zg‘in va hazin.
Xira tong ustida nuri yo‘q hilol.
* * *
Yana ko‘kka chiqdi oy.
Ammo uning shu’lasin
Qalin novdalar to‘sar.
Sumiyosi bog‘ida qayinlarni oralab
Kuzak shamoli esar…
* * *
Seni juda sog‘indim…
Engimdan etagimga
To‘kilgan shabnammi, yo..?
Kuz shamoli esganda
O‘ylar yoprilib kelar…
* * *
Qavat-qavat yengimda
Bekinibdi yonarqurt –
Xuddi shunday qalbimda
Biron marhamat kutmay
Berkingan muhabbatim.
* * *
Qalin o‘tlar ostida qolmish
Qadim qishloq so‘qmog‘i.
Ko‘nikibman uxlashga
Sovuq to‘shakda tanho
Sen bilan, ey kuzak shamoli!
* * *
O‘tin terib kelay deb
Kulbamdan chiqib qora
O‘rmon aro adashdim.
Oh, yolg‘iz so‘qmoqni ham
O‘tlar ko‘mib tashlabdi!
* * *
Qora tun zulmatiga chulg‘anmish manim ruhim.
Kulbam tomin qamishlarida
Yomg‘irning qayg‘uli tovushi oqar.
G‘amlarim dunyodan yashirmoq uchun
Hassam boshlab kelmish bu uzoqlarga.
Xurshid Davron tarjimalari