Arivara-no Narixira (在原 業平, 825 — 9 iyul 880) — atoqli yapon shoiri, rassom.
* * *
Agar so‘rasa odamlar:
“Nima edi o‘zi bu?
Qimmatbaho durmi, olmosmi?”
Javob bering: “ Shabnam edi,
Tongda uchib ketdi osmonga”.
* * *
Bir paytlar sevgan ayolni ko‘rib qolib yozganim
Nahotki oy boshqa bo‘lsa?
Nahotki, o‘sha men bilgan
Bahor bo‘lmasa bu bahor?
Qayda qoldi ul sarxush kunlar?
Axir, o‘sha-o‘shaman-ku men…
* * *
Miyakodori…
Rostdan ham poytaxtdan uchib keldingmi?
Aytgin, ey, shahar qushchasi,
O‘sha men sog‘ingan dildor
Sog‘mi, omonmi?
* * *
Olbolular gullagan mahal
Kun-tun boqardimu hech to‘ymas edim,
Har gal qayg‘urardim ular ortidan…
Ammo, men hech qachon, biron-bir marta,
Bugungidek iztirob chekmagan edim!
* * *
Tobora ortimda qolayotirsan,
Qancha uzoqlashsam, shunchalar aziz,
Xayr, ona diyorim, xayr, vatanim!
Oldga suzamanu ortga talpingan
To‘lqinlarga hasad bilan boqaman.
* * *
Yomg‘irda qolib ketdim
Chechaklar uzib yurib –
Birdan xayoldan o‘tdi:
Bir necha kundan keyin
Bahor ham o‘tar-ketar…
* * *
O, to‘kiling olbolu
Gullari so‘qmoqlarga,
Toki adashib ketsin
Men yashagan go‘shaga
Yo‘l izlagan qarilik…
Xurshid Davron tarjimalari
* * *
Ivib ketdim yomg‘ir ostida,
Gullagan buta shoxi
Yodgor sifatida sindirib oldim,
Negaki, tez orada tugaydi bahor,
Gullash davri ham abadiy emas…
* * *
Nechun
Har gal samoda suzib yurgan bulutlaru
Go‘zal tog‘ cho‘qqilari uzra shiddat-la esib
Ingragan shamol misol…
Qaytishga shoshilaman.
Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi