Sao Chji (曹植) (192-232) ko‘hna xitoy shoiri. Shuningdek, u Chen Si-van nomi bilan ham tilga olingan. O‘z davrining eng taniqli shoiri hisoblangan. “Lo daryosining malagi” nomli mashhur qasida muallifi.
Sao Chji tug‘ilgan oila Xitoy tarixida “Uch Sao” nomi bilan o‘chmas iz qoldirgan. Oila boshlig‘i, shoirning otasi Sao Sao – mashhur lashkarboshi, harbiy san’atga oid asarlar muallifi, Xan sulolasining bosh vaziri bo‘lgan. U Vey nomi bilan tarixda qolgan imperatorlik sulolasi asoschisi hamdir. Sao Chjining akasi Sao Pey esa ham buyuk shoir edi. Shuningdek,Sao Pey otasi asos solgan sulola tarixida Vey nomi bilan impreatorlik maqomiga erishgan birinchi shaxs hisoblanadi.
Shohona hayot va yuqori mansablarga qiziqmagan Sao Chji akasining qahriga uchrab, uzoq yillar surgunda yashaydi. Ayni shu sababdan shoirning she’rlarida ona yurt sog‘inchi, mardlik va matonat, muhabbat va sadoqat bosh mavzular bo‘lgan.
QO‘ShIQ
Yuksak minorda turarman tanho,
Yurtimni o‘ylarman chekkancha nola.
Menga tamom yotdir bu sokin daryo,
Bu sukut chulg‘agan cheki yo‘q dala.
Ne qilarin bilmas – qiynalar botir;
Xudbin tuyg‘ularga dil go‘yo asir.
Dushmanlar payt poylab yotar qaydadir,
Jang istab tovlanar qo‘limda shamshir.
Men Tayshan tog‘iga ketarman jadal,
Qo‘rquv yo‘q dilimda, faqat bor g‘ussam.
Chinqirib yuborar torlar – o‘tmishning
Achchiq kunlaridan qo‘shiqlar aytsam.
ShIMOL ShAMOLI
1
Shimoldan betinim shamol esadi –
Vey – poytaxtni eslagan chog‘im.
Menga day tulpori bo‘lsa bas edi,
Quvib yetolmasdi o‘shanda hech kim.
Janub yoqdan shamol esganda kecha,
Yurtim yog‘iylarin esladim bir on.
Yuey tulporlarin quvib o‘tgancha,
Etardimdim yog‘iylar sarhadi tomon.
2
Yilda to‘rt bor o‘zgarar
Tabiatning surati.
Goh quyoshu goho oy
Charaqlaydi osmonda.
Hijron qisqa va lekin
Uzoq hijron hasrati:
Uch kuz kechdi oradan
Uch yil dardi bor jonda.
Szyunga yubordilar
Nomimga bitib farmon.
O‘sha kunlar qizarib
Gullar edi chechaklar.
Mana endi Yuntsyuga
Poyqadamim yetgan on
Qor ostida yotardi
Dalalaru ko‘chalar.
3
Oppoq bulut qo‘ynida
Tog‘ning yuksak cho‘qqisi.
Uchardim osmon sari
Qoyalar toshin ushlab.
Go‘yo men bo‘ron olib
Uchgan yovshangul isi.
Qish ham o‘tdi oxiri,
Yoz ham qoldi oxirlab.
Cho‘qqiga chiqmoq yoki
Vodiyga tushib bormoq –
Qo‘limdan kelar ish, bu
Menga hech qiyin emas.
Yo‘lda hamroh bo‘lganlar
Yodimdan o‘chmas, biroq
Bundaylarni ko‘rmadim,
Ular hech duch kelganmas.
4
Musiqa dilimni olib ketadi,
Musiqa g‘am cheksam artar yoshimni.
Eng yaqin do‘st kabi anglab yetadi,
Shamolga aylanib silar boshimni.
Guvlagan suvlarga boqqanim zamon,
Ko‘zimning o‘ngida yurtim tirilar.
Shunda olisdagi vatanim tomon,
Qayiqqa tushgancha intilgim kelar.
Yo‘qotgan tinchimni topib berolar
Musiqa bormikan bu dunyo aro?
Do‘stim deb atashga biror odam yo‘q,
Yasharman qayg‘urib, yasharman tanho.
Qayiqqa o‘tirib ketayin desam,
Netayki, qayiq yo‘q, yo‘qdir do‘stim ham.
* * *
Chao uchun bu dunyo
Begona va yot edi.
Syuyu esa bu dunyo
O‘tkinchi narsa derdi.
Mana bu savdogarga
Esa chaqa bersang, bas –
Ko‘rsatgan odamingni
Bo‘g‘izlashi hech gapmas.
ETTI HASRAT
Oy shu’lasi mavjlanib oqar,
Yoritgancha tanho minorni.
Minoradan bir ayol boqar,
Sog‘inganmi u olis yorni?
Suzib yurar og‘ir bulutlar…
“Ketganingga o‘n oy oy bo‘ldi, oh,
Yakka o‘zim uxlayman tunlar,
Ko‘zlarimdan mo‘ltirar firoq.
Dala yo‘lin changi – bu sensan,
Suv ostiga cho‘kkan loy menman.
Sen yuksakda, men-chi, tubdaman,
Aytgil, qachon seni ko‘raman?
Bo‘lsam deyman janub shamoli,
Seni ko‘rmoq uchun yelurman.
Agar menga quchoq ochmasang,
Unda kimga nola qilurman?
* * *
Pechakgullar o‘stirdim tog‘ning
Yonboshida – gullab yashnaydi.
Ular ko‘kka tomon yuksalib,
Yo‘lchilarga soya tashlaydi.
Men begimga yor bo‘ldim sodiq,
Dilim tanho uniki edi.
U ham meni jonidan ortiq
Suyar edi, erkalar edi.
O‘sha kunlar bir ko‘rpa ila
Yopinardik oy balqigan dam,
Ajib, turlim gullar chekilgan
Bitta edi yostig‘imiz ham.
“Olu guli haqida qo‘shiq”
Kechalari bizga jo‘r edi,
Chang ham, ud ham chalardik – ular
Go‘yo yolg‘iz bitta tor edi.
Ammo, yillar o‘tdi oradan
Yaqinlashdi oqshom va zulmat
Va yorimning dilin qa’rida
Paydo bo‘ldi sovuq xusumat.
Tuyg‘ular qor kabi eridi,
Erga singdi, yo‘qoldi-yitdi.
Yurakda ham, ayriliq dardi,
Peshonamga g‘am yozuv bitdi.
Uydan chiqib yarim tunlari,
Pinhon chiqib oy balqigan on
Bog‘lar aro tentirayman jim,
Avvalgidek dilda jo‘shmas qon.
Inlarida juft-juft bo‘lishib
Jonivorlar menga boqishar,
Shoxlar aro inlar qurishib,
Juft-juft bo‘lib qushchalar yashar.
Yaproqlarni silayman hazin,
Ko‘kka uchar yuragim mungli.
Ko‘zyoshlarim artavergandan
Ho‘ldir shohi ko‘ylagim yengi.
Hatto otlar mo‘ltirab boqar,
Ular ogoh mening dardimdan,
Kaftlarimga tumshug‘in ishqar,
Kishnab qolar ular ortimdan.
Avvallari bitta hovuzda
Yashagan juft baliq edik biz,
Endi bo‘lsa xuddi yulduzday
Ko‘kda ayri-ayri turibmiz.
Toparmanmi o‘sha baxtimni
Yuragimning qatini titib?
Men yolg‘izlik aro vaqtimni
O‘tkazurman hasratga botib.
Sirlaringni osmonga aytsang,
Diling bo‘shar, deyishar, ishon.
Faqat netay, netay-ki juda
Mendan olis, yiroqda osmon.
Xurshid Davron tarjimalari