Du Fu (712-770)

Du Fu (杜甫) – Tan sulolasi davridagi Xitoy mumtoz shoiri. Ikkinchi ismi Szimey.
Xitoy adabiyotida unga “shishen” unvoni berilgan. Uning ijodida yaqqol ko‘zga tashlanib turgan hassoslik katta ta’sir kuchiga ega bo‘lib, shoirning fuqarolik pafosi uni Xitoy lirikasining yirik vakili sifatida elga tanitdi.

* * *

Mana, mashhur arg‘umoq,
Farg‘ona unga vatan!

Qulog‘i naq bambukning
Yaprog‘idek tikkaygan.

Qara, qanday ko‘rkam u,
Qanday uzun oyog‘i!

Bo‘ronlarni uyg‘otar
Ko‘tarilsa tuyog‘i.

Senga yo‘ldosh bo‘lsa u,
Qo‘rqmay yo‘lga ketarsan.

Qancha uzoq bo‘lmasin,
Manzilingga yetarsan.

Shunday oting bor bo‘lsa,
Hamisha ko‘ngling to‘qdir:

Sen uchun bu dunyoda
Uzoq-yaqin yo‘l yo‘qdir!

TUNDA

Daryo oqar to‘lqinli,
Borliq tuman qo‘ynida.

Tun qo‘ynida pirpirar
Xirarang shamchirog‘im.

Maymunlar qichqirishar
Daryoning zax bo‘yida.

Shom aro uchib o‘tar
Daryoning qushlari jim.

Istayman: sovuq qilich
Mening sirdoshim bo‘lsin.

O‘y surib o‘tiribman
Choponimga o‘ranib.

Poytaxtni chulg‘ab olgan
Chang-tutun misli to‘sin.

Umrimning shomi yetdi –
Tugadi shamdek yonib…

OQ TULPOR

Garbi-sharq tomonlardan
Elib keldi oq tulpor.

Egarida besanoq
Novaklarning izi bor.

Egasi halok bo‘lgan
Jang-jadalda beomon –

Endi u sira qaytmas,
Qadrdon uyi tomon.

Balki,o‘sha maydonda
Yotar unga yonma-yon

Bahodir sarkardamiz –
Usti-boshi qora qon?

Ajal kezib yuribdi
Har bir yo‘lda,so‘qmoqda –

Hali qancha ko‘zyoshi
To‘kiladi so‘qmoqda…

OYDIN TUN

Fuchjouda bu qora tun
Ko‘kdan oy nuri oqar.

Huv,yiroqda yolg‘iz,dilxun
Xotinim oyga boqar.

Bolalarim sog‘inganman,
G‘am bo‘gizimni paypaslar.

Ular hali Chan’an haqda
O‘y surmoqni bilmaslar.

Xotinimning qora sochi
Engildir bulutlardek,

Oy nurida tovlanadi
Qo‘llari oq marmardek,

Qachon oyga boqarmiz jim,
Bizlar birga tunlari

Va oy nuri quritadi
Ko‘zdan oqqan munglarni?

Xurshid Davron tarjimalari

YoLG‘IZLIKDA

Moviy osmon bag‘rida yirtqich
Qush uchadi charx urib tanho.

Suv yuzida ikki chag‘alay
Suzib borar beg‘am, beparvo.

Yirtqichda bor qulay, zo‘r imkon,
Bir urinsa, o‘ljasin yutar.

Chag‘alaylar o‘zin behadik,
Daryoday tinch, osuda tutar.

Oqshom tushar, dala bag‘riga
To‘shaladi g‘ubordan gilam.

Novdalarga nozik to‘rlarin
To‘qib osar o‘rgimchak shu dam.

Tabiatning qonunlaridan
Farq etmaydi insoniy kadar.

Mingta tashvish, yumush ichida
Qoldim yana yolg‘iz, darbadar.

TAFAKKURGA BERILIB…

Ivib ketgan daraxt shoxida
Chug‘urlaydi zarg‘aldoq chunon.
Orolchaga yaqin sohilda
Chag‘alay qush aylanar giryon.
Gullar chehrasida ma’yuslik
Bosh egishar mung‘ayib, behol.
To‘lg‘anadi daryoi azim
Notinch oshiq yuragi misol.
Men – sochiga oq ingan keksa,
Gulbarglardan bo‘za qaynatgum.
Derazamning ortida yomg‘ir,
Yomg‘ir bilan dil gardin artgum.
Sira boqmam taqdirga g‘ayri,
Har on shukur deyman bariga.
Nega kerak shon-shavkat mendek
Yolg‘izlikni sevgan qariga.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimalari