Qalandar (XVIII asr)

* * *

Ilitdi ko‘nglumni Xo‘tanda bir ajoyib dilbari,
Ul parivash nozanin bir boqmadi oshiq sari.

Kim ko‘ribdur bu jahon ichinda mendek zorni,
Yurak-bag‘ri kabobu ko‘zlari xunborni.

To sanga berdim ko‘ngilni, ey mahi nomehribon,
Ko‘rmadi hech kim bu olam ichra mendek xorni.

Ne bo‘lur qatl aylasang sen Haydari karrordek,
Shum raqibu zolimu xunxorai badkorni.

Ne iloj aylay, musulmonlar, men ul sayyodga,
Jon qushumg‘a dom etibdur turrai tarrorni.

Ne bo‘lurkim manga ham bir iltifote aylasa,
Lutfung ila qul qilibsen mo‘minu kufforni.

Qilmadi Jamshidu Iskandarga bu dunyo vafo,
Cholg‘il, ey mutrib, rubobu, qonunu setorni.

Davr agar sursang Sulaymonday, ey oliy guhar,
Qildurur oxir sani, bu charxi nohamvorni.

Topmadim izlab, Qalandar, dahr aro boshdan ayoq,
Degali rozi dilim bir sohibi asrorni.

Uyg‘ur tilidan Omonbek Jalilov tabdili